Abdurauf Fitrat. Buxoroning holi

 («Hurriyat», 1918 yil, 62-son)

Buxoro hukumati va Buxoro amirining uch yuzi bukun oʻrtagʻa chiqqan, «maf’iu-l-zamiri[1]» ma’lum boʻlgʻaydir.

Rusiya inqilobi. Imperatorning taxtdan tushgani, rus hukumatining xalq qoʻligʻa qoʻchdigi Buxoro hukumatigʻa inqilobning haqiqati va inqilobchilarning tilaklarini bildurdi. Inqilobchilarning himoyasigʻa sigʻingʻan yoshlardan Buxoro hukumati biroq qoʻrqdi. Koʻb oʻylovlar, tushunchalar va qarorsizliklardan soʻng belguli bir qarorgʻa keldi. Oʻzi uchun ikki yoʻl tayin etdi: vijdon va imonlarini sotaturgʻan «oqcha quli» afandilarni sotib olmoq va oltun tuzoqgʻa tushmas yoxud oltungʻa qaramaslarini turli bahonalar bilan u dunyogʻa yubormak!

Bundan birinchi yoʻlni amirning oʻzi qabul qilib, ikkinchisini qushbegisiga[2] havola etdi.

Amir janoblari yuborgʻan «ehson»ning qobugʻini ochib yaramas, arzimas kimsalarga mehroxoʻrlik[3], toʻxsobaliq[4] rutbalarini bagʻishlamoq, hatto fohisha xotunlarigʻa madrasa mutavalliliklarini bermak yoʻli bilan oʻziga tarafdor toʻplab turubdir. Qushbegisi esa, angiz isiyun[5] mazmunini esga keltirur yoʻllar bilan yoziqsiz, gunohsiz kimsalarni mahv qilmoq ila mashgʻul!

Hukumatdan boʻlmagʻan va koʻnglidagini tilinda olgʻan mazlumlarni oʻgʻrilik tuhmatila tutdirib, qinab[6] iqror qildirmoq bahonasi bilan yalangʻoch qorinlarigʻa yuz-ikki yuz tayoq urgʻandan keyin tarbuz suyi ichiradir. Bechoralar tarbuz suyini ichkandan soʻng shishib oʻlarlar!.. Soʻng bir oy muddatda shu surat bilan oʻlganlarning soni yuz ellikdan ortmishdir.

Yaqinlarda yana qushbegining piloni[7] bilan boʻgʻdirilgʻan ikki yosh buxoriyning shahodatlarini gazitga yozgʻan edik[8], bu kun oldigimiz xabargʻa koʻra, Buxoro amiri amlokiga, ikkinchisining akligʻa buyuk bir muosiylar[9] beribdir. Ya’ni bu jinoyatning oʻz ishi va huquqini harakati bilan isbot qilibdur. Mana shu soʻng hodisalar, zulmlar va insofsizliqlar Buxoro hukumatining «ma’fiu-l-za-miri»ni onglatadir. Ortiq Buxoro islohoti yoʻlinda chin koʻngil va oʻz tilagi bilan bayonnoma chiqargʻan bir «jinoyali»[10] va u bayonnomani yurutmoq uchun tayin boʻlgʻan bir «vazurotpanohi»[11] yoʻqdir. Bunlar yolgʻon va boʻsh soʻzlardir. Bunlar zulm qullari bilan qurulgʻan tuzoqlardir. Bunlargʻa ishonmoq oʻzimizni aldamoqdir.

Endi Buxoro yoshlari uchun lozimdirkim «bayonnoma – hamma bunga koʻmak etmak»[12] shiorini miyalaridan chiqargʻaylar. Buxoro inqilobini istar esalar, inqilobchilargʻa yarashur harakatlar qilgʻaylar. Yaxshi soʻzlar bilan, tavozelar bilan, yolborishlar bilan Buxoro hukumatini yoʻlga keturmak boʻlmas. Zolimning «…» tabiatiga oʻxshash bir tabiati bordir: qochgʻanga quvar, quvgʻanga qochar. Zolimlarning shu tabiatlarini, shu «ahvoli ruhiya»larini koʻzda tutmayin harakat qilaturgʻanlar(ning) xato yoʻldadirlar, zarar koʻrarlar. Qoʻrqmayin, tortinmayin keskinroq harakat qilmoq kerak bu kun: Rusiya xarobalaridan chiqgʻan Qafqos, Turkman, Totor, Turkistonning muxtor hukumatlari Buxoro yoshligʻiga[13] har jihatdan koʻmak qilarlar. Adolat, hurriyat va mashvarat bilan idora boʻlaturgʻan bu muxtoriyatli islom oʻlkalari yoninda Buxorodagʻi zulm himoyaning yiqiluri muqarrardir. Muncha adolat va haqqoniyat quyoshlari bilan yorugʻan, oydinlashgʻan bir qit’aning oʻta soxta, insofsizliq qorongʻusi turolmas, yoʻqolur.

_________________________________________________

1 ↑ maf’iu-l-zamiri – zamiriga (ostiga) yashirilgan narsa.

2↑ qushbegisi – Buxoro amiri Olimxonning qushbegisi Nasrullohbiy parvonachi nazardatutiladi. Hozirgi bosh vazirga yaqin lavozim.

3↑ mehroxoʻr – yigʻilgan soliqlarni qabul qiluvchi.

4↑ toʻxsobaliq – Buxoro amirligidagi oliy harbiy vazifalardan. Negadir lugʻatlarda «toʻqsabo» deb forscha talaffuz bilan berilgan. Bu asl turkcha soʻz «Farhangi zaboni tochiki»da nisbatan toʻgʻri yozilgan: Farhangi zaboni tochiki, 2-jild, Moskva, 1969, 383-bet.

5↑ angiz isiyun – «angiz» qasd, qasos. Qasos olishni tezlatish ma’nosida.

6↑ qinab – qiynoq, azob berish.

7↑ pilon – reja, plan.

8↑ «Hurriyat» gazetasining 57-58-sonlaridagi Buxorodagi ahvolga taalluqli maqolalar nazarda tutiladi.

9↑ muosiy – gunohkorlik.

10↑ jinoyali – jinoyatkorona demoqchi. Buxoro amiri Olimxonning 1918 yil 17 mart Farmoni nazarda tutiladi. Farmonning toʻla matni uchun qarang: F. Xoʻjaev. Tanlangan asarlar, uch tomlik, 1-tom, Toshkent, 1976, 108- 109-betlar.

11↑ vazurotpanoh – vazirlar kengashi.

12↑ «bayonnoma – hamma bunga koʻmak etmak» shiori yosh buxorolilar partiyasining «Kolesov voqealari» deb nomlangan voqealargacha boʻlgan shiori boʻlib, dastlab ular amirdan islohot talab qilgan edilar. Keyinroq mart voqealarida amir garchi islohot va’da qilgan yuqoridagi bayonnomani chiqargan boʻlsa-da, voqealar rus harbiylarining aralashuvi bilan jangovar tus olib ketgandi.

13↑ Buxoro yoshligʻi – yesh buxorolilar partiyasi.

About Darvesh

Check Also

Abdurauf Fitrat. Musulmon sevgisi (hikoyat)

  Paygʻambarimiz Muhammad alayhissalomning qilgan gʻazotlaridan biri tugagach, bir musulmon xotin tushib qolgan yaradorlarni izlab …

Javob berish

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan