Abdurauf Fitrat. Buxoro ulamosi (1917)

 («Hurriyat», 1917 yil, 48-son)

 Buxoro ulamosini, asosan, ikki firqagʻa taqsim etish mumkindir. Biri Buxoro va uning tevarakindan toʻplanib tahsil qilaturgʻan buxoriylar, ikkinchisi Buxoro xonligʻining Sharq tarafindagʻi Koʻlob degan togʻliq yerdan kelgan koʻlobilar. Tarixi islomdakisi bani Hoshim[1] bani Umaviya[2] oʻrtasida boʻlgʻani kabi Buxoro ulamosi va koʻlobilar orasinda eski bir dashtlik[3] bordir. Bu dushmanlikning bosh sababi hozirgi Buxoro qozikaloni boʻlgʻan Burhoniddinning bobosi qozi Sadriddin Mulla Toʻxmaq oʻgʻli[4] degan zotdir.

  Qozi Sadriddin(dan) burun boʻlgʻan Buxoro mullalarining barchasiga bir koʻz qarab har birigʻa mustahiq[5]buydigi ilmiy mansablarni bera(r) ekanlar, Mazkur Mulla Sadriddin Mulla Toʻxmaq oʻgʻli Buxoroda qozikalon oʻlgʻach, ishi tezlashib ketgan. Bu odam avval Buxoroning vaqflarigʻa va boshqa ishlarigʻa buyuk xiyonatlar qilgan: xalq ustiga «aminona»[6] degan bir solugʻki yolgʻondan shar’iy deb yuklagʻan, koʻb vaqt yerlarini, vaqf oqchalarini hukumat xazinasiga ogʻdargʻan, shu yoʻllar bilan amirni(ng) oʻziga tobe’ qilib olgʻandan keyin Buxoroning yogʻli mansablari (ki) oʻz koʻlobilariga olib bergan.

  Bu odam diniy ilmlardan (Qur’on va Hadisdan) butun xabarsiz bir odam ekan. Bir kun buyuk bir ilmiy majlisda Qur’onni ochib sahifa boshindagi suradan ibtidosi boʻlgan «hamasi»[7] jumlayi sharifini «ham ishq» oʻqudigi Buxoro ulamosi orasinda mashhurdir. Uning bu hollari buxoroli ulamoning nafratlarigʻa sabab boʻldi. Qozi Sadriddindan necha yil keyin oʻgʻli Badriddin qozikalon boʻldi. Bu odam daxi otasining yoʻli bilan yura boshladi. Oʻzi ilmsiz bir kishi edugi uchun ma’lumotli ulamodan qoʻrqar va unlarni ish boshindan tushura edi.

  Oʻz koʻlobilari orasindan johillarini saylab Buxoroning buyuk ilmiy mansablarini shunlargʻa bera edi.

  «Buxoroli ulamo» ilmiy mansablardan mahrum boʻldilar. Buxoroning tubchaklari[8] bosh koʻtara olmay qoldilar. Badriddinning bu ishlarindan gʻayratli necha ulamolar hayajonga keldilar va unga qarshu bir varaqa chiqardilar. Bu varaqaning boshinda gʻayratli ulamolardan samarqandli marhum Mufti Burhoniddin tura edilar. Qozi Badriddin yolgʻon xabarlar chiqorib, mufti Burhoniddinni Buxoro amirining doimiy gʻazabiga uchratdi. Mufti Burhoniddin shu ilm bilan dunyodan oʻtdi.

 Bu zot oʻrnigʻa firqa boshinda ustodim marhum Oxund Mulla Gʻiyosiddin hazratlari oʻtdilar. Marhum ustodim diniy va shar’iy ilmlardan boshqa ilmi kalom va eski yunon falsafasindin tamoman voqif bir zot boʻlub, soʻzga ham koʻb usta edilar. Shuning uchun qozi Badriddinni bosh koʻtararga qoʻymas edilar. Koʻb vaqtlar qozi Badriddinning ogʻusi bilan amirning gʻazabigʻa uchrasalar ham parvo qilmasdan oʻz niqoblarigʻa davom etib, dunyodan oʻtdilar.

 Bu zotning oʻrunlarigʻa qozi Badriddinga qarshu boʻlgʻan firqaning boshigʻa uch zot keldilar, bunlar marhum shayxulislom Baqoxoʻja hazratlari, marhum ustodimning ukalari Masnaf va Buxoroning olim qozikaloni boʻlgʻan qozi Abdushukurning oʻgʻillari Sharifxon maxdum edilar[9].

___________________

1↑ Bani Hoshim – Quraysh qabilasining Hoshim ibn Abdumannofdan tugʻilgan farzandlari, ya’ni uning avlodlari bani Hoshim nomi bilan yuritiltan. Paygʻambarimiz Muhammad (s.a.v.) ham shu urugʻdan boʻlib, toʻrtinchi boʻgʻinni tashkil qiladi (Muhammad ibn Abdulloh ibn Abdumutallib ibn Hoshim). Hoshim ibn Abdumannof oʻgʻlining farzandi Abdumutallib vafotidan soʻng urugʻ ichida oʻzaro nifoqlar koʻchayib ketadi. Ayniqsa, bani Hoshim avlodlari bilan Abu Sufyon avlodlari oʻrtasida nifoqlar keskin janglarga aylanib ketgan. Buning birgina misoli Badr gʻazotidir.

2↑ Bani Umaviya – Abu Sufyon avlodlaridan boʻlib, Paygʻambarimiz va chahoryorlardan soʻng xalifalikka musharraf boʻlgai Muoviya ibn Sufyondir. U Imom Hasan iste’fosidan soʻng xalifalikka muqarrar boʻlgan boʻlsa, xalifalikda nasliy sulolani rasm qildirdi (bungacha xalifalik Paygʻambarimizdan boshlab bir kishining haqqi emas edi, musulmonlar kimni saylashsa oʻsha xalifa boʻlar edi). Dastlab, uning oʻgʻli Yazid, soʻng Valid binni Abd al-Malik va sulolaning oxirgi boʻgʻini Marvon binni Muhammad boʻlgan.

3↑ dashtlik – dushmanlik, nifoq ma’nosida. Yuqoridagi sulolalar oʻrtasidagi nifoq kabi buxorolilar bilan koʻloblilar oʻrtasida ham nifoq boʻlib, ma’lum ma’noda mana shu nifoq XX asr boshlaridagi Buxoroning tanazzulini keltirgan sabablardan biridir.

4↑ Sadriddin Mulla Toʻxmaq oʻgʻli – Buxoroning amir Muzaffariddin va amir Abdulahadxon davridagi qozikalonlaridan. Shu kishining say’-harakatlari bilan qozikalonlik Buxoroda nasliy shakl olgan. Shundaylardan biri uning nabirasi Burhoniddin edi.

5↑ mustahiq – loyiq, sazovor.

6↑ aminona – Buxoro amirligidagi soliqlardan bir turi; yerdan olinadigan soliq boʻlib, vaqf yerlaridan tashqari shar’iy diniy masalalarda foydalanish uchun amirning haqqi deb belgilangan soliqlardan. Qozikalon Sadriddin davrida urf boʻlgan.

7↑ Qur’oni karimning «Al-Baqara» surasidagi jumla.

8↑ tubchak – tub aholisi, asil buxorolilar nazarda tutiladi.

9↑ Maqola soʻngida «Boqiyasi (ya’ni davomi) bor» iborasi keltirilgan. Biroq ayni shu nomdagi boshqa maqola chop etilmagan.

About Darvesh

Check Also

Abdurauf Fitrat. Musulmon sevgisi (hikoyat)

  Paygʻambarimiz Muhammad alayhissalomning qilgan gʻazotlaridan biri tugagach, bir musulmon xotin tushib qolgan yaradorlarni izlab …

Javob berish

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan