Abdurauf Fitrat. Buxoro vaziri Nasrullohbey parvonachiga ochiq maktub

Ochiq maktub[1]

 Fitratning bu maktubi ilk bor 1910 yili Istanbulda chiqadigan «Ta’rufi muslimin» («Musulmonlar ta’riflari») nomli «diniy, siyosiy, tarixiy, falsafiy va ahvoli olam»dan bahs qiluvchi haftalik majalla sahifalarida, (1328/1910 yil, 25-adad, 2-jild; 8 dekabr, payshanba) e’lon qilingan. Maktub Amir Olimxon Buxoro taxtiga oʻtirgandan keyin Nasrulloh Parvonachining bosh vazir lavozimiga tayinlanishi munosabati bilan yozilgan. Fitratning Istanbulda chop etilgan ilk asarlari kabi bu maktub ham fors tilida bitilgan. Garchi majalla turk tilida chiqib turgan boʻlsa ham Fitratning bu maktubini ayni holda, ya’ni fors tilida chop etgan. Asar fors tilidan tarjima qilinib, e’lon qilinyapti. Dastlab, «Oʻzbekiston adabiyoti va san’ati»ning 1996 yil 9 may sonida e’lon qilingan (mutarjim H. Boltaboev).

(Ey Vazoratpanoh[2], biz tartiboti jadidaga muhtojmiz)

 Aniqdirki, hech qaysi millat hech bir zamonda bizda boʻlganidek yurti xaroblik, xalqi falokat, ayonlari pastkashlik, idora ahli fasod, zolimlarning qon soʻrishi, ajnabiylar kalakalari, istiqbolining mushkulligi kabi illatlarga mubtalo boʻlmagan! Butun mamlakat va millatni shu ahvolga keltirib qoʻydikki, dunyodagi eng qiyin va tashvishli kunlarda yashayotgan odamlar ham bizning ahvolimizga ma’yus tortib, qon yigʻlamoqdalar. Har qancha koʻz va quloqlaringizni berkitib olsangiz ham bu qadimgi islom millatining faryodi va bu muqaddas mamlakatimizning xarobligiga achinmay turolmaysiz. Lekin bu jimgina achinishdan ne foyda? Bu ketma-ket kelayotgan musibatlararo Siz kabi komil shaxsning harakatsiz achinishi va sukut holati qachongʻacha davom etadi? Bu kun mazlum islom millatining eng oydin fikrli ziyolilari jaholat va gʻaflatning ikki otiga minib oʻz kamsitilishining payini qirqish uchun chopmoqdalar. Muqaddas va mehribon ona vatanimizning oʻz haqini tanigan farzandlari zulm temir panjasidan tortib uni fano sahrosiga[3] tomon tortmoqda. Bu kun zalolat va gumrohlik zanjirining asiri boʻlgan bizning holimizgʻa Hazrati Rabb’ ul-izzatning[4] rahmi boʻlib yuborilgan Sizsiz va bizning tojdor oliy hazrat padari mehribonimizni[5] hozirgi va kelgusi mushkulliklardan Sizgina xabardor eta olasizki, (amir) bizning ishlarimizni nazoratiga Sizni jalb etgan. Ya’ni Hazrati Xoliqning karami va adolatparvar podshohimizning lutfi Sizni nafaqat bu umri parishon va istibdodpesha boʻrilarga oʻlja boʻlib, qoʻruvchisiz qolgʻan qoʻylargʻa mehribon choʻponlikka emas, balki ularning ishlarini tanzim qilish[6], tartibga solish uchun yuborgʻandir. Biz Sizning ishga tayinlangan kuningizni oʻz hayotimizning muqaddimasi deb bildik va ishga ma’mur boʻlib kirishgan kuningizni oʻz milliy bayramlarimizdek nishonladik. Taassufki, bugunga qadar intizor koʻzlarimizni qanchalar tikmaylik, istiqbolimizning saodati uchun tashabbus boʻladigan biror ishni Sizdan koʻrmadik.

Ey, mehribon ona Vatanning barkamol farzandi!

Ey, Buxoro ezilgan millatining besabot tarafdori! Siz umr boʻyi oʻzining noz va tantanalarga boy ogʻushida Sizni tarbiyalagan aziz va muqaddas vataningizning ishlarini xaroblik va parishonlikning qora kunlariga uloqtirib qoʻyib, uning ostidan oʻt yoqib kelayotgan balolarga mubtalo qilib, nega jim oʻtiribsiz?! Hamisha haq dinimiz va shar’iy Paygʻambarimiz Muhammad (s.a.v.)ning adolatlari soyasida tinchlik oʻrnatib kelingan vatanimiz kimsasizmi yo xarob holdami qoldi! Ming xil xavfu xatarlarga duchor boʻldi! Soatma-soat Sizga umidvor tikilgan koʻzlarimiz yumilmoqda. Sizdan yordam va najot amallarini kutishdan tolmoqda. Siz nega jim oʻtiribsiz? Shu mazlum islom ummatining umidi, hayotimizning barakoti Sizning say’-harakatingiz va himmatingizdir. Bu baxtsiz islom millatining xizmati va muqaddas shar’iy Dinimizning mustahkamlanishi, albatta, Sizdan lozimdir. Bu muqaddas xizmat yoʻlida bir dam boʻlsin sustkashlik qilishga Sizning haqqingiz yoʻq! Soʻzingizning nufuzi va ulugʻvor ta’siri boʻlgani holda bu kufroni ne’mat xabaridan ojizligingizning ma’nosi nima? Nima sababdandirki, siz oʻzingizdan lozim xizmatlarni oshkor, ochiq qilmaysiz? Turli firqalar orasida ulugʻ ishlarning tashabbuskori boʻlayotgan oʻsha himmat arboblarining Sizdan ne ustunligi bor? Ne mone’lik borki, tartiboti jadida vositasi bilan milliy saodatimizning yangi istiqbolli yoʻllarini ochib, qadrimiz va taqdirimizni a’lo darajada sharaflay olmaysiz? Bir zoti komilning haqqi uchun Vatanimiz hamdoʻst va hamdin kishilarga toʻla boʻlsa qanchalar savob?! Bir millatning hayoti uchun qaygʻurub, Allohning fazlu karamiga sabab boʻlmoqdan qaysi shuhrat ortiqroqdir? Raiyat orasida Sizga nisbatan ixlos va muhabbat bor, bu Yaratganning karamidirki, Sizni favqulodda nufuz sohibi qilib boshimizga yubordi. Oliy hazrat tojdor padari buzrukvorimiz, adolatparvar podshohimiz bizni tarbiyat va tanzim[7] etmak amrini Sizga bergan. Ne toʻsiqki, Sizni bu muqaddas xizmatdan qaytarsin?! Magar boshqalar gʻaflatda qolgʻan boʻlsalar, Sizda gʻaflat qilmang. Boshqalar gʻaflatining tashvishi Sizning gʻaflatingizchalik boʻlmaydi. Nauvzibilloh[8], bunday muqaddas vazifani bajarishda sustkashlik qilsangiz ertaga intiqom olgʻuchi Allohning huzurida nima deb javob berasiz?!

Nushiravon[9] namoʻrd ki nomi neku goʻzosht (Nushiravon oʻlmadi, chunki yaxshi nom qoldirdi).

1910

1↑Fitratning boshqa jadidchilik ruhiga hamohang boʻlgan bu maktub ulugʻ adibimiz salohiyatining yangi qirralaridan kitobxonni xabardor etadi deb ishonamiz.

2↑ Vazoratpanoh – vazirlarni panohiga olgan. Bu yerda: bosh vazir lavozimi.

3↑ Fano sahrosi – yoʻqlik girdobi

4↑ Hazrati Rab’u-l-izzat – Allohning sifatlaridan biri bilan uning muborak nomi tilga olinyapti.

5↑ Padari mehribonimiz – Buxoro taxtiga yangigina chiqqan Amir Olimxon nazarda tutiladi.

6↑ Tanzim qilish – nizomga, tartibga solish.

7↑ Tarbiyat va tanzim – tarbiya va tartib.

8↑ Nauzibilloh – Alloxdan panoh soʻramoq.

9↑ Nushiravon yoki Anushirvon – mashhur Eron (sosoniy) hukmdorlaridan boʻlib, istibdodpesha sarkardalar orasida faqat yaxshi nom bidan, ya’ni adolatli podshoh sifatida tarixda qolganiga ishora.

About Darvesh

Check Also

Abdurauf Fitrat. Musulmon sevgisi (hikoyat)

  Paygʻambarimiz Muhammad alayhissalomning qilgan gʻazotlaridan biri tugagach, bir musulmon xotin tushib qolgan yaradorlarni izlab …

Javob berish

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan