Abdurauf Fitrat. Musulmon sevgisi (hikoyat)

 

Paygʻambarimiz Muhammad alayhissalomning qilgan gʻazotlaridan biri tugagach, bir musulmon xotin tushib qolgan yaradorlarni izlab topmoqchi boʻldi: oʻliklar orasiga kirdi. U yon-bu yonni izlar chogʻda «Oh… suv!..» degan bir tovush eshitdi. Bir yarador musulmonning suvdonini koʻrdi.

 

Ozroq suv topib shu yaradorning oldiga keldi. Boshini astagina koʻtarib, suvni ichtirmoqchi boʻldi. Yarador musulmon dudogʻini suvga yetkuzar chogʻda boshqa yoqdan «Oh… suv!..» degan oʻzga bir tovush keldi. Yarador suv keltirgan xotinga dediki:

— Bu suvni mendan burun shu tovush egasiga eltib ber. Bir yoʻldoshim yaralanib suvsab yotar ekan, men icholmayman.

 

Xotin suvni ikkinchi yaradorga olib bordi. U ham suvni ichayin deb turgan chogʻida «Oh… suv!..» degan yana bir tovush eshitdi, xotinga dediki:

— Shu yoʻldoshim suvsiz ekan, men icholmayman, ber suvingni shunga. Xotin suvni uchinchi yaradorga yetkazdi. U suvni ichayotganda birinchi yaradorning «Oh… oʻoldim… suvsizlikdan» degan tovushi keldi. Bu ham xotinga:

— Suvingni mendan burun shu tovush egasiga ber! – dedi va oʻzi ichmadi. Xotin yana qaytib birinchi yaradorning oldiga kelsa, bechoraning oʻlib yotganini koʻrdi. Ikkinchi yaradorning oldiga bordi, u ham oʻlib yotgan ekan. Uchinchi yarador ham suvsizlikdan oʻlib qolmasin deya yugurib ketdi:

— Ey, voh!.. Bu ham oʻlib qolibdi! – deb suvni toʻkdi.

 

Musulmonlarning oʻlim chogʻida ham bir-birlarini qanchalik sevishlarini oʻylab koʻz yosh qildi.

About Darvesh

Check Also

Abdurauf Fitrat. Buxoroning holi

 («Hurriyat», 1918 yil, 62-son) Buxoro hukumati va Buxoro amirining uch yuzi bukun oʻrtagʻa chiqqan, «maf’iu-l-zamiri[1]» …

Javob berish

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan