Abdurauf Fitrat. Musulmonlar, gʻofil qolmang!

Yaqinda shahar dumasi[1] ochilur. Shahar dumasi, shaharimizning pokizalik va obodligʻi, maktablarimizning taraqqiy va intizomi, bolalarimizning tarbiyasi va xalqimizning tinchligi uchun kerak boʻlgan ishlarni oʻz qoʻliga olur. Shahrimizdan xazinaga kiraturgan oqchalarni shu yoʻllarda sarf qilmoqchi boʻlur.

 

Bu oldimizdagi shahar dumasi eski hukumat zamonidagi shahar dumalarigʻa oʻxshamas. Yigirmadan oʻtgan butun shahar odamlarining ixtiyorlari bilan saylanurlar. Bu shahar dumasinda juhuddan, rusdan, musulmondan vakil qilib oʻturur[2]. Va shahar ishlari uchun gapurushurlar. Shaharning qaysi qit’asinda kasalxonalar qurmoq kerak, shaharning qaysi qit’asindagʻi yoʻllarni tuzatmoq kerak, shaharning qaysi qit’asinda qancha maktab solmoq kerak deb kengashurlar va shul toʻgʻrilardagʻi ishlarni «vakillar koʻbchiligi» ning qarori bilan qilmoqchi boʻlurlar. Vakillar koʻbchiligi hammadan burunroq eski qit’aning yerlarin tuzaturgʻa qaror bersa, chora yoʻq, shu qilinur. Vakillar koʻbchiligi koʻbroq kasalxonalarni yangi qit’ada solmoqchi boʻlsa, iloji yoʻq, shu boʻlur.

 

Mana shularni onglagan har jamoat, har millat shahar dumasiga oʻzidan koʻbroq vakil oʻtkazmoq uchun tirishadir, dumaning koʻbchiligining oʻziga olmoqchi boʻladir. Oʻtgan haftadagi «tahriri nufus»dan[3] ongʻlashildiki: shahrimizda xalqning toʻrtdan uchi musulmon va toʻrtdan biri rus, armani va juhud ekanlar. Shunga qaragʻanda unlar xazinadan chiqim boʻlaturgʻan oqchaning uch shunchasi biz uchun chiqgʻuchidur. Unlargʻa maktab ochilsa bizga uchta; unlargʻa bir kasalxona ochilsa bizga uchtasi ochgʻuli; unlargʻa bir put bugʻdoy kerak boʻlsa bizga uch put kerakdir.

 

Qisqasi shulkim: bizning haqimiz ularning haqtarindan uch yoʻla berkdir. Mana shularni tilab olmoq uchun shahar dumasining koʻbchiligini olmoq kerak, shahar dumasining koʻbchiligini olmoq uchun musulmonlarning saylov kuni lozimdur. Yoʻq, saylov kuni har kim oʻz uyinda oʻtirsa; boshqalar koʻbchilik boʻlib kelsalar va dumaning koʻbchiligini oʻz taraflarigʻa oʻtkarsalar; u vaqt biz hech bir haqimizgʻa erisholmasmiz, yana eski kabi huquqsiz boʻlib qolurmiz; yana eskisi kabi oʻz shahrimizda oʻz oqchamizning rohatini oʻzimiz koʻrolmasmiz.

 

Shuning uchun bagʻiribroq aytamankim, oʻz xalqlarini yana boshqalarning oyoqlari ostinda qoʻymoqchi boʻlmagʻan musulmonlar! Saylov kuni gʻofil qolmanglar, koʻbchilik boʻlib kelurgʻa tirishinglar.

 

(«Hurriyat», 1917 yil, 25 avgust, 33-son)

 

 

Qayta nashri: «Yoshlik», 1991,10-son, 44-45-betlar (N. Avazov nashrga tayyorlagan). Maqola Samarqand shahri dumasiga saylovlar oldidan yozilgan.

 

_______________________

1↑ Duma – Rusiyadagi saylov tizimiga koʻra mustamlaka oʻlkalardagi xalq vakilligi organlari ham duma deb yuritilgan.

2↑ vakil qilib oʻturur – Samarqand shahri koʻp millatli boʻlgani uchun shahar dumasiga, asosan, turk, rus va yahudiy millatiga mansub kishilargina saylovlarda qatnashish huquqini olganlar.

3↑ tahriri nufus – Samarqandda 1917 yil 18-20 avgustlarda saylov oldidan aholini roʻyxatga olish oʻtkazilgan, oʻsha nazarda tutiladi.

About Darvesh

Check Also

Abdurauf Fitrat. Buxoroning holi

 («Hurriyat», 1918 yil, 62-son) Buxoro hukumati va Buxoro amirining uch yuzi bukun oʻrtagʻa chiqqan, «maf’iu-l-zamiri[1]» …

Javob berish

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan