Abdurauf Fitrat. Buxoroda inqilob

(«Hurriyat», 1918 yil, 69-72, 75-sonlar)

 

Maqola[1]

«Dunyo havodis[2] oʻchogʻidir» demishlar, toʻgʻri bir soʻz.

Yigirma sakkiz(inchi) fevralda Rusiyada hurriyat boʻldi, imperatoʻr Nikolay taxtdan tushurildi. Koʻnsul Miller Kogondan Buxoroga kirub, «Naminor» havlisida oʻturdi.

 Xalq ogʻzinda yangigʻina bir soʻz tushub qoldi: «Buxoroda hurriyat boʻlar ekan. Muni yoshlarning bilagi bilan rus qoʻnsulxonasi qila(r) ekan».

 Koʻnsul Miller Buxoroning ba’zi jamoalarindan ba’zi odamlarni yonigʻa kirguzib gapurdi.

 Shul chogʻlarida qozikalon Burxoniddin bilan rais Abdullohxoʻja Sadur[3] va mufti Asqar Masnaf[4] mahdum qatl etildilar. Bunlarning oʻrninda Muhammad Sharif maxdum qozikalon va Abdulsamad maxdum rais boʻldilar. Bu hodisa Buxoro xalqining qizgʻin bir hayajoiniga sabab boʻldi.

 Aprelning yettisinda amirimiz bir bayonnoma chiqordilar. Aprel sakkizida Buxoro yoshlari boydoq[5] chiqorib muborakbod qildilar. Mullalardan bir jamoa chiqib shul boydoq chiqorgʻanlarni kofir deb oʻldurmoqchi boʻldilar. Hukumat yoshlarning birini[6] tutub yetmish besh tayoq urdi.

 Aprel toʻqquzda qushbegi odamlari yoshlarning uylarini bosdilar. Topgʻanlarini keturub «obxona» degan rutubatli bir mahbusda qamadilar va ikkitasini yana hukumat amri bilan yetmish besh tayoqdan urdilar. Yoshlar qochib Kogonga chiqdilar. Abdulhamidxon raislikdan tushdi. Masnaf maxdum rais boʻlub keldi. Samarqanddan rus soldatlari kelib obxonadagi yoshlarni qutqordi.

 Mana shunlar bir-ikki hafta orasinda boʻlub oʻtgan hodisalar. Har biri – bir ma’no! Men aniq bilamankim, shul ishlarning haqiqat hikmatlarindan ruslar bilan yoshlar va Buxoro beklarindan boshqa kimsa xabardor boʻlmadi. Buxoro xalqi na mullabachchalari, na sahroyilari, na kosiblari bu qorongʻu voqealardan biror narsa onglayolmadilar.

 Toʻgʻridir: har yonga yugurdilar, istamaymiz, «oʻldiramiz, gʻazo[7] qilamiz» dedilar.

 Nimani istamadilar, kimni oʻldurmoqchi boʻldilar, kimning gʻazosigʻa chikdilar? Bunlarni onglagʻanlari yoʻq!.. Mana bul risolani[8] shunlarni onglatmoq uchun qoʻlimgʻa oldim. Negakim, tilagim haqiqatni xalqgʻa onglatmoqdir.

 Haqiqatni butun ochib onglata bilmak uchun bul risolani uch boʻlakka tartib etdim:

Buxoroning holi.

Fitna soatlari.

Yoshlarning tilaklari.

Ilikotimizdagʻi[9] ishlarning buyukrogʻi, albatta, ekinchilik, ya’ni dehqonliqdir. Biz bu yerda hukumatimiz bilan dehqonlar orasindagʻi ishlarni arz qilamiz. Buxoroning dehqonchilik yerlari toʻrt turlidir. Amlok[10], mulki hur[11], vaqf[12]. Buxoro yerlarining toʻrtdan biri mulki hur bilan vaqf boʻlsa, boshqasi amlok bilan mulki hirojiy[13]dir.

Mana Buxoroda shul amlokni nechuk olalar: Buxoro hukumati Buxoro tevarakindagi tumanlarning amlokini olmak uchun amloqdorlar tayin qiladilar. Ammo viloyatlarning amloklarini bekordan oladilar. Har viloyatning begi oʻz viloyatigʻa amloqdorlar qoʻyadir. Har amlokdorning necha oti, sayisi[14] va xizmatkori bordir. Butun shunlarning muharriflari[15] bechora dehqonlarning ustinadir. Amlokdorlar Buxoro yerlarini ikki turli istifo[16] qilalar. Birinchisi «xasbar»[17], ikkinchisi «xirman». Tumanlar, Chahorjoʻy, Karmina, Xatirchi, Miyonkal yerlarini «xasbar» tariqi bilan istifo qilalar. Buxoroning boshqa viloyatlari xirman tariqi bilan istifo qilinadilar. Bu tariqlarning ikkisi daxi yamondir. Ikkisigʻa ham zolim va insofsizlik koʻb boʻladir.

Xasbar tariqi shudir: ekin yetishgandan keyin amlokdor oʻz odamlari bilan balo qoʻshuni kabi istifogʻa chiqadir. Kechalar navbat bilan dehqonlarning uylarigʻa qoʻnub, kunduzlar istifo qiladir. Hanuz xirman qilmagʻan ustiga kelib hech bir narsani bilmagan yoʻldoshlari bilan taxmin qilub bir narsa yozadir.

Xirman qilinmagʻan, bichilmagan ekinlarning qancha chiqorini bilmak albatta kuch: munday taxminlar hech toʻgʻri chiqmaydir. Yo amlokdorlarning va yo dehqonlarning haqi albatta ketadir, lekin bizning amlokdorlar oʻz haqlarini boshqagʻa oʻtkarmaylar, balki dehqonning haqigʻa javr qilargʻa tirishalar. Bechoraning oʻn botmonliq ekinini yigirma botmon taxmin qilub daftarda yozalar.

Xirman istifosi shudirkim, dehqon ekinini bichib, xubbidan[18] chiqorib xirman qiladir va amloqdor janoblarini kutib turadir. Amlokdor kelmaguncha bola-chaqasi ochliqdan oʻlsa ham mehnat qilib yetishtirgan hosilindan ozgʻina ololmaydirlar. Olsachi, boshi baloda qoladir ikki chorak olsa, amlokdor xabar olib keladir va bechorani yogʻochlargʻa osib qamchinlar bilan urub, uch-toʻrt botmonning oqchasini oladir. Istifo zamoni kelgach, amlokdor janoblari odamlari bilan chiqib yuqorida yozgʻanimiz kabi xirmanlar orasinda kezib, taxmin qilib daftarlarda yozadir.

Amlokdorlar taxmin qilib yozdiqlari hosillardan boshliq haqini shul chogʻda olmaylar, yolgʻuz taxmin qilib ketalar. Dehqon xirmanini koʻtaradir, masalan, bugʻdoyni eltib, arzonliq chogʻinda yuz tangadan sotadir. Vaqtlar oʻtub bugʻdoy yuz elli(k) tangaga chiqgʻandan keyin amlokdor boshliq haqini talab qiladir. Ul vaqt bechora dehqonlaridan yuz elli(k) tangadan pul oladir.

Endi bir dehqonni koʻzimiz oldinda keturib shu ishlarni uning ustinda yuritaylik, koʻraylik nima boʻlar. Masalan, Tursun otli bir dehqonning toʻrt tanobgʻina yeri bor, kecha uyqusizliqlari, kun ochliqlari orasinda yugurub, chopib, issiq-sovuq demay, qoʻsh bogʻlar, xirman sovurar, oʻn botmongʻina bugʻdoyni xirman qilib hozirlab qoʻyar, lekin bola-chaqalari ochliqdan oʻlsa ham amlokdor bek kelmaguncha shuncha mehnat bilan hosil boʻlgʻan bugʻdoyindan bir hovuch ololmas.

Olsa, bir hovuch yerinda bir botmon bugʻdoyni yigirma botmon taxmin qilarlar. Kafsan, ot yemi, mirzoyona[19] – nimalar debon bir botmoncha bugʻdoyni olib ketarlar. Bechora Tursun qolgʻan toʻqqiz botmon bugʻdoyni koʻtaradir. Bozorga eltib, yuz tangadan toʻqqiz yuz tangaga sotadir. Hafta, oylar oʻtub bugʻdoy narxi 150 tangaga chiqgʻach, amlokdor bek haqlarini talab qilalar va Tursunboyni yigirma botmon bugʻdoyning uchdan biri boʻlgʻan olti yarim botmon bugʻdoy uchun bozor narxi yuz elli(k) tangadan toʻqquz yuz yetmish besh tanga olarlar. Mana bozorgʻa bechora Tursun bir yillik mehnat qilib chiqardigʻi bugʻdoydan yetmish besh tanga zarar tortib chiqadir.

 Lekin ish shuncha bitdimi? Yoʻq, yana bir buyuk mas’ata qoldi: Tursun-ku oʻz bugʻdoyining pullarini necha oydan yeb bitirgʻan edi. Amlokdorga bu toʻqquz yuz yetmish besh tangani qaerdan topib berdi? Hindilardan, yahudiylardan yo hindi tabiat musulmonlardan foydaga koʻtarib beradir. Bizning dehqonlarimizning uyini kuydirgan qaydadir? (Muni keyinroqda arz qilaman.) Emdi koʻrayluk, qani, bu hukumat bilan shu amlokdor beklar kim, bechora dehqondan imkoni(cha) mehnat qilib, chiqardigʻi hosilni butun olarlar, biror kun, biror yoʻl bilan shu dehqonning biror ishiga koʻmak qilurmi? Albatta, yoʻq.

 Hatto butun qoʻlimizdan tortib oldiqlari ekinlarning suyini ham keturub bermaydir. Shuning uchun ham dehqonning uyini kuydiradilar.

 Yilda bir daf’a arikdarni qazmoq kerakki, bu ishni buxorolilar «hashar» deylar. Arikdan suv ichaturgʻan butun dehqonlar yilning olti oyinda shul hashar uchun kunda bir mardikor (ishchi) bergulidir. Bera olmasalar bir mardikorning kundalik oqchasini hukumatgʻa bergulari lozimdir. Muhorabadan[20] burun bir mardikorning kundaligi 10 tanga edi, ammo shu kunlarda qirqtanga (olti soʻm). Oʻn tanob yeri boʻlgʻan bechora bir dehqon har yilning olti oyinda yo bir mardikor tutib hashargʻa beradir va yo shu mardikorking olti oyliq oqchasini hukumatgʻa beradir, boshqa chorasi yoʻqdir. Bir mardikorning shu kunlarda olti oyligʻi 7200 tangadir. Ammo ilgari 1800 tanga boʻla(r) ediki, bu ham bechoralargʻa oz oqcha emasdir.

 Tuxumgʻa[21], hoʻkuzgʻa, ot arobagʻa pul bergan bechora dehqon har yil hashar uchun muncha oqchani qaerdan topib beradir?

 Oldigʻi hosildanmi? Uni-ku amlokdor olib ketdi, bechora dehqon bu oqchani hindilardan foydagʻa koʻtarib beradir. Bundan boshqa poytaxtning atrofindaki yerlargʻa suvni adolat yuzasindan boʻlib bermak uchun bir mirob (ya’ni suv begi) bor, bu odam suvni taqsim qilib bermak yerinda qoʻnugʻini (navbatini) dehqonlargʻa sotib turadir. Suv begi janoblarigʻa yilda bir necha daf’a oqcha bermagan dehqonlar suv icholmaylar.

 Zakola

Buxoro xonligʻinda ikki turli zakot bor: birinchisi mol zakoti. Shar’iy boʻyincha har musulmon oʻz oqchasigʻa yilda bir daf’a zakot beradir. Lekin Buxoro savdogarlari oʻz oqchalarigʻa yilda besh-olti, hatto oʻn daf’a zakot beralar: masalan, bir savdogar Buxorodan yigirma ming tangalik mol olib, Qarshigʻa eltib sotsa, bir zakot berar. Yana u yerdan shu oqchagʻa mol olib Buxorogʻa kelsa, bir zakot berar. Va yana Buxorodan shu oqchagʻa mol olib Qarshigʻa qaytsa, bir zakot berar. Shundayin oʻn yoʻla ketib, kelsa oʻn yoʻla zakot olarlar. Buning zarari yolgʻuz savdogarning oʻzinda boʻlsa soʻz yoʻq edi. Chunki savdogardir, boydir, ozgʻina koʻbroq oqchasi ketsa ham zarar qilmaydir. Lekin u savdogar bu ortuq yerdagi zakotlarni mol ustigʻa qoʻyib sotadir. Demak, bundan ham qashshoqlar ham dehqonlar zarar tortalar.

 Ikkinchi zakot – kachi zakotidir[22]; qoʻy bilan kachidan olinadir. Qoʻy bilan kachining zakoti haqiqatan qirqdan bir boʻlsa ham, sarrofona, kotibona[23] va, bilmasam, nimalar deb yigirmadan birga tushurib qoʻyalar. Bunlardan boshqa chakana zakoti[24] deb nisobgʻa erishmagan qoʻylardan shariatgʻa maxoliqzakot olalar. Zakoti olingʻan qoʻylar va kachilarning tanindaki yoʻnindan[25] daxi zakot olmokdari koʻb buyuk masxaraliq emasmi?

 Zakotda zulmlarning kattarogʻi shulkim: qoʻy va kachi zakotini daftar yuzindan olarlar. Masalan, oʻtgan yili manim qirq qoʻyim bor edi. Kelib daftarda yozib zakotini olib ketdilar. Soʻngra manim qoʻylarim oʻldi yoinki sotib bitirdim. Bu yil birta ham qoʻyim yoʻkdir. Lekin zakotchi bek kelgach, daftarni ochib koʻralar, kim, manim otimda qirq qoʻy yozilgʻan; ishi bitdi, mendan bir zakot olib ketalar. Qoʻyim yoʻqdesam oning daftarida bor deyarlar «bor edi, lekin sotib bitirdim» desam tinglamaylar. «Yoʻq, bermayman» desam urib, osib ola(r)lar[26].

 _________________

1↑ Maqola «Kolesov voqealari» deb nom olgan Mart voqealaridan (1918) avval yozilgan boʻlib, unda yosh buxorolilarning Toshkentga koʻchishi, uning a’zolarining amir tomonidan qamoqqa olinishi va Samarqanddagi soldatlar tomonidan ozod qilinishi kabi voqealar aks etgan. Maqola mazmunidan va Fitratning oʻz soʻzlaridan ma’lum boʻladiki, bu asar alohida risola shaklida tartib berilgan edi, bu yerda keltirilayotgan qismlar uning boshlangich boblari, xolos. Keyingi Mart voqealari, «Hurriyat» gazetining yopib qoʻyilishi risolaning tugallanishiga xalaqit bergan koʻrinadi. Risola keyinchalik ham na alohida shaklda, na boshqa vaqtli nashrlarda e’lon qilinmagan. Biroq shu tugallanmagan parcha ham Fitratning Buxoro ekinchisi (dehqon)ning ahvolidan naqadar chuqur boxabarligi, uni oʻzgartirish uchun dildan urinayotganiga guvoh boʻla olishi mumkin.

2↑ havodis – hodisalar.

3↑ rais Abdullohxoʻja Sadur – vaqf va din ishlari bilan shugʻullanuvchi amaldor Buxoro xonligida rais deb yuritilgan, u koʻpincha sadrlardan boʻlgani uchun, qolaversa, bu mansab diniy ishlar bilan bogʻliq boʻlgani uchun sadr va eshonlar qoʻyilgan. Abdullohxoʻja esa, Fitrat boshliq jadidchilarning talabi bilan amirning buyrugʻiga koʻra qatl qilingan edi (bu haqda Fitratning avvalgi maqolalarida ham soʻz yuritiladi).

4↑ mufti Askar Masnaf – shariat masalalarini talqin qiluvchi va shul haqda hukm chiqaruvchi Buxoroning yuksak lavozimdagi shaxslaridan. Qozikalon Burhoniddin bilan birga bu lavozimdagi kishilar ham qatl qilingan edi. Bu haqda qarang: Fitrat. Buxoro ulamosi, «Hurriyat», 1917, 48-son.

5↑ Boydoq – namoyish.

6↑ Bu shaxs F. Xoʻjaevning shahodatiga koʻra (F. Xoʻjaev. Asarlar, I jild, Toshkent, 1976, 118-bet) Mirza Nasrulla edi. 17 martda amir chiqargan manifest munosabati bilan namoyish oʻtkazilgan boʻlib, bu namoyish ishtirokchilaridan, ya’ni yosh buxorolilarning faollaridan bir nechasini Amir «obxona»ga qamatgan edi. Kaltaklangan Nasrulla ertasigayoq vafot etadi. Maqolaning quyirogʻida Fitrat yana ikki kishi kaltaklanganini yozadi. Ular S. Ayniy va Mirbobo edilar. Qamoqdan ular bilan birga Otaxoʻjaev va Yusufzodalar ham ozod etiladi.

7↑ «Gʻazo» – musulmonlarning yalpi urushi, mazlumlarnint zolimlarga qarshi urushidir. Bu yerda: kambagʻal musulmonlarning oʻz dushmanlariga qarshi urushi nazarda tutiladi.

8↑ «Risolani… qoʻlimga oldim» – Taassufki, bu risola oxirigacha yetmagan. «Buxoroning holi» deb nomlangan birinchi qismdan ayrim maqolalar chop etildi, xolos. «Fitna soatlari» deb nomlangan ikkinchi, «Yoshlarning tilaklari» deb nomlangan uchinchi qism esa, keyin hech qaerda e’lon etilmagan. Bizningcha, u yozilmay qolib ketgan.

9↑ Ilikot – qoʻlimizdagi; bu yerda: kundalik ma’nosida.

10↑ Amlok – bu yerda: amlok – muluklar, ya’ni davlat tomonidan soliq olinadigan maxsus ruyxatdagi yerlar.

11↑ mulki hur – ozod yerlar, ya’ni soliqolinmaydigan yerlar.

12↑ Vaqf – mulkdorlar tomonidan diniy muassasa, masjid yoki madrasa tasarrufiga berilgan yerlar. Unda ishlab, koʻrgan foydalari ayni muassasalar uchun sarf boʻladi. Vaqf yerlarini sotish yoki birovga xatlab berib yuborish man’ qilinadi.

13↑ Hiroj – yerdan olinadigan soliq, bu yerda: mulki hirojiy – soliq talab etiladigan yerlar.

14↑ Sayis – ish yurituvchi.

15↑ Muharrif – sarf-xarajat.

16↑ istifoda – foydalanmoq.

17↑ Xasbar – xos (maxsus) va bar (samara, natija) soʻzlaridan hosil qilingan bu tushuncha soliq undirishning bir usuli boʻlib, bunda hosil bitmay turib (kechasi yo kunduz toʻsatdan) yerlardan olinadigan hosil taxmin qilinib, yozib ketiladi. Mana shu taxmin boʻyicha Buxoro dehqonlarining yerlaridan soliq undirilgan.

18↑ Xubb – sevish, muhabbat bilan, bu yerda: (xubbidan chiqarib – koʻngildan chiqarib, astoydil, muhabbat bilan ma’nolarida.)

19↑ Kafsan, ot yemi, mirzayona – kafsan mahalliy tuman ma’muriyati uchun (tuman boshliqlarining idoraviy sarfi uchui) olinadigan soliq; ot yemi – amir sarbozlarining otlari uchun degan bahona bilan olinadigan don soligʻi; mahalliy hokimiyatdagi xat, hujjat ishlari deb olinadigan soliq mirzayonadir.

20↑ muhoraba – urush, bu yerda: Birinchi jahon urushi nazarda tutiladi.

21↑ tuxum – urugʻ, bu yerda: urugʻlik ma’nosida.

22↑ kachi zakoti – qoʻy, echki kabi chorva mollaridan keladigan foydaning qirqdan biri miqdorida olinadigan soliq. Bu yerda: «kachi-kichi – echki» ma’nolarida ishlatiladi (shevaga oid soʻz).

23↑ sarfona, kotibona – sarf-xarajatlar uchun, kotiblar uchun degan bahonalar bilan qirqdan bir emas, balki yigirmadan bir miqdoridan olinadigan zakot.

24↑ chakana zakoti – nisobga (hissa, miqdor, bu yerda: hisobga qoʻshilmagan ma’nosida) erishmagan uy hayvonlaridan olinadigan soliq. Masalan, hisoblash paytida bu qoʻy va echkilar yoʻq boʻlib, ular roʻyxatga olishdan keyin tugʻilgan. Ular uchun chakana zakot olingan.

25↑ tanindaki (tanidan) yoʻnindan (yoʻsinindan) – zakot olingan uy hayvonlarining tanidan (hisobidan) yana zakot olish (xuddi savdogarlardan bir necha bor zakot olingani kabi).

26↑ Maqola tugallanmagan ekanini yuqorida aytildi (buni ushbu fikrning tugallanmaganidan ham bilsa boʻladi).

About Darvesh

Check Also

Abdurauf Fitrat. Musulmon sevgisi (hikoyat)

  Paygʻambarimiz Muhammad alayhissalomning qilgan gʻazotlaridan biri tugagach, bir musulmon xotin tushib qolgan yaradorlarni izlab …

Javob berish

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan