G‘aflat Uyqusi

Muallif: Tohir Malik, «O‘zbekiston ovozi» gazetasi, 1991.

Bu g‘aflat uyqusidan, ey yoronlar,uyg‘onib bo‘lmas.
Boborahim Mashrab

G'aflatIlk asarlarimni mashq qilib yurgan kezlarimda kelajakdagi, ya’ni yuz, ikki yuz yil keyingi o‘zbeklar turish-turmushi haqida munozarali fikrlarga bandi bo‘lar edim. Uzoq sayyoralarga uchuvchi fazo kemalarining baynalminal a’zolari orasida o‘zbekni ham ko‘rishni umid qilardim. Bugungi aniq fan asoslariga ming yillar burun poydevor qo‘ygan o‘zbek nahot kelajakda olis yulduzlarga parvoz etuvchi fazo kemalarini boshqara olmasa?!

Maskovdagi bir bahs yodimdan chiqmaydi. Hamkasb do‘stim, rusning insofli, bilimli yozuvchisi bo‘lgan yigit bilan suhbatimiz moziy xususida kechgan edi. «Sizning (ya’ni, biz, o‘zbeklarning – T.M.) o‘tmishda buyuklaringiz ko‘p edi. Al Xorazmiy, Al Beruniy, Al Farg‘oniy, Al Sino, Al Forobiy, Ulug‘bek, Ali Qushchi,… Dunyo taraqqiyotini bu zotlar zakovatisiz tasavvur qilish mumkin emas. Ammo Ulug‘bekning o‘limidan so‘ng siz uyquga berildingiz, hanuz uyg‘onganingiz yo‘q…»

Boshqa millat vakilidan bunday tanbeh eshitgandan ko‘ra, yer yorilsa-yu, yerga kirib keta qolsam! Ammo nachora, u haq gapni aytdi. To‘g‘ri, buyuk zotlar har yili tug‘ilavermaydi. Xudo qaysi xalqni alqasa, unga alloma farzandlar beradi. Biroq, Xudodan yaxshilik tilovchilar faqat duo bilan kifoyalanmay, harakat ham qilishlari kerak-da! Biz g‘aflat uyqusiga berilib Xudo bergan necha-necha alloma daholarini mensimay, tiriklayin ko‘mgan bo‘lsak-chi?!

 Dastavval o‘tmishga qora loy chapladik. Feodal tuzumining ichak-chavog‘ini ag‘darib tashladik. Endi «yetmish yil»ni qoraga bo‘yash bilan ovoramiz. O‘tgan kunlarni qarg‘ash bilan yorug‘likka chiqish mumkinmi? Balki, uyqudan uyg‘onishning to‘g‘riroq boshqa yo‘li bordir? O‘tmishni qoralash – uyqusirashdan, aljirashdan boshqa narsa emas. Yorug‘likka yetish uchun o‘rindan turish kerak, bet-qo‘lni yuvib, pokizalanib, so‘ng ostona hatlab ko‘chaga chiqish kerak. Chiqqanda ham «kechagi kunimga ming la’nat» demay, «bugungi kunim nurli, barokatli bo‘lsin» degan yaxshi niyat, yaxshi ixlos bilan qadam bosiladi. Meningcha, o‘tmishni quruq qarg‘ash o‘rniga chuqur tahlil qilmoq lozim. Faqat yomon yoki faqat yaxshi o‘tmish bo‘lmaydi. Yaxshimi, yomonmi – kechagi kun bizniki. Erta ham bizniki. Ertaga yaxshiroq yashash uchun kechagi kundan saboq olish zarurroq emasmi?

Bugungi O‘zbekistonimiz mustaqilligi haqida so‘z yurityapmiz. Siyosiy mustaqillik, iqtisodiy mustaqillik deymiz. Bu – xalq dilidagi umidlar. Ammo, nazarimda, bu muhim masalaga andak yuzakiroq qarayapmiz. Qonun qabul qilgan bilan, deputatlar minbarda ko‘krakka urib nutq irod etganlari bilan , boringki, xorij ko‘mak bergani bilan bu mustaqillikka erishib bo‘lmaydi, xalqqa farovonlik berish ham quruq gapga aylanadi. Xorijliklar ajoyib korxonalar qurib, xom ashyo o‘zimizda qayta ishlansa ham mustaqillik yo‘li to‘la ochilmaydi. Ta’bir joiz bo‘lsa, mustaqillik – bir muazzam bino. Uning poydevori – iqtisodiy mustaqillik, devorlari – siyosiy, tomi esa, ma’naviy mustaqillik. Tom mustahkam bo‘lmasa chakka o‘tadi, devorlar nuraydi, poydevor zax tortib, imorat yengil zilzilaga ham dosh berolmay qoladi.

Shu muazzam imorat poydevoriga hozir tosh qo‘yilmoqchi. Mustaqillik saroyini biz emas, kelajak avlod qurib bitiradi. Necha yilda qurib bitiradi, qay ahvolda quradi – chiroyli, mustahkam bo‘ladimi bu bino yo devorlari qiyshiq, tomlari teshikmi – bu bizning bugun farzandlarimizga bo‘lgan munosabatimizga bog‘liq. Biz «bolajon xalqmiz», deb faxrlanishni yaxshi ko‘ramiz. Serfarzandlik hali «bolajon» degan gap emas. Men bolajon deganda farzandiga beqiyos mehr ko‘rgazishni tushunaman. Har bir inson farzandini suyadi. Lekin yaxshi ko‘rish ham turlicha. Farzandini chinakamiga suygan ota-ona uni zarli liboslarga o‘rashni o‘ylamay, balki, hali pokiza, bulg‘anmagan bolalik ongiga dunyoviy ilmlarni singdirishni birinchi darajali vazifa deb biladi. Eng sara liboslar ham vaqt o‘tib eskiradi, titiladi. Miyaga joylangan ilm esa umr bo‘yi asqotadi, bolani kelajakda kimxob choponga ham o‘raydi, oliy martabaga ham erishtiradi.

1945 yilda Yaponiya urushda mag‘lub bo‘ldi. Ikki shahari butunlay vayron etildi. Odatda mag‘lub xalqlar uzoq yillar mobaynida qad ko‘tarolmaydilar. Yaponiya urushda yengildi, biroq qisqa muddatda qad rostlab, g‘olib mamlakatlarni iqtisodiy, ilmiy ko‘tarilish jihatidan siqib qo‘ydi. Bu nima, Xudoning mo‘’jizasimi? Rostmi, yolg‘onmi, bilmayman: urushdan keyin bir odam Yaponiyaga faqat bir kun rahbar bo‘lgan ekan. Ertalab saylanganida u mamlakatdagi barcha boylarni to‘plab «Bolalarni o‘qitish, yaxshi boqish uchun pul beringlar», debdi. Boylar millionlab pul berishibdi. Kechqurungi majlisda u odam ishdan olinibdi. Shunda boylar «puldan ayrildik», deb tashvishga tushganida sobiq rahbar «Sizlar achinmay turinglar, bugun yaxshi daraxt ekdinglar, mevasini o‘n yillardan keyin terib yeysizlar», degan ekan. Biz havas qilayotgan Yaponiya bu darajaga aynan bolalarga ko‘rsatgan mehri tufayli erishgan, desam, yanglishmayman. Biz yapon magnitofonlariga, avtomobillariga ishqibozmiz. Yaponiyaga borib kelganlardan narx-navoni surishtiramiz, lekin «yaponlar bollariga qanday tarbiya berar ekanlar?» deb zinhor so‘ramaymiz. Yanada achchiq haqiqatni aytsam, u yoqqa borgan birodarlarimiz bu masalaga qiziqib ham ko‘rishmaydi. Bu yurtga bir necha yil muqaddam borgan yozuvchi akalarimiz esa yapon bolalarining «achchiq qismatlari»dan hikoya qildilar. Ajabki, «bolalarga sharoit yaratib bermagan» Yaponiya gullab-yashnasayu «baxtli bolalik uchun partiyaga ming rahmat!» deb qo‘shiq kuylovchi yurt tobora qashshoqlashsa?! Bu tushunarsiz va mantiqsiz bir hol emasmi?

Siz mazkur maqolani o‘qiganingizdan so‘ng xoh meni qarg‘ang, xoh nafratlaning, ammo men o‘zim uchun haqiqat bo‘lib tuyulayotgan gapni aytishga majburman: bolalarimizga bo‘lgan munosabatimiz yaxshi emas. Biz bu munosabatni tubdan o‘zgartirmas ekanmiz, hech qachon yorug‘likka chiqolmaymiz. Katta majlislardagi gaplar, qarorlar, deklaratsiyalar osmonda dirillayotgan chiroyli varrakdek ko‘zni quvontirishdan boshqa narsaga yaramay qoladi. Kichik davralarda shu fikrni aytsam, do‘stlarimdan biri «nimaga o‘zbeklarni tanqid qilaverasiz, o‘zbekmisiz o‘zi?» deb tanbeh berdi. Shu paytgacha «o‘zbekmiz!» deb faxrlanib, o‘zimizni o‘zimiz maqtab keldik. Endi kamchiligimizni ham bir-birimizga aytaylik, tuzatishga kirishaylik. O‘zbekning shuhratini alloma bobolarimiz olamga yoydilar. Biz-chi, o‘zbekning shoni-shuhrati uchun nima qildik? Qozoqning buyuk yozuvchisi Abayning nasihatlar asari bor. Unda qozoqlarning aybi ayamay aytilgan. Abay xalqim ko‘ksiga oftob tegsin, deb bu nsihatlarni bag‘ri kuyib yozgan. Abdulhamid Cho‘lpon esa:

 Hasratim ko‘p, elga ayta olmayman.
Armonim ko‘p, dilga joylay olmayman,  -deganda nimani nazarda tutdilar ekan?

G‘aflat uyqusi – tun belgisi. Buni savod deydilar. Savod qorong‘ulik demak. Savodni, ya’ni qorong‘ulikni yorug‘lik, ya’ni ziyo quvib chiqaradi. (Biz so‘z ma’nosini anglamay, «Savodxon bo‘lamiz!» deb yurib, chindan savod bag‘riga – zulmat va jaholat saltanatiga singib bordik). Harf tanish – hali ziyo degan gap emas. Biz – yoppasiga harf tanishga berildik. Harf tanish – ziyoning ibtidosi. Intihosi – ilm egasi, orif bo‘lmoqlik. Aksar odamlar ibtidoda to‘xtaydilar. Ular gazit o‘qiy olishsa bas, karra jadvalini bilishsa bas. Ular anglamaydilarki, bu bilan inson vujudidagi, dilidagi, ongidagi zulmatni quvib chiqarish mumkin emas. Xalqimizning oz qismi ibtido dovonidan o‘tib intiho – ziyo sari yuradi. Sizga qanday tuyuladi, bilmadim, biroq ittifoq miqyosidagi akademiklar orasida bir-ikki millionli arman yoki gurji odamlarining ko‘pligi, yigirma millionli o‘zbekdan esa Ittifoq akademiyasida bitta ham yo‘qligi meni ruhan ezadi. Bilaman, siz bunga boshqa sabab axtarasiz. O‘zbek bolasining kuni dalada o‘tadi, deysiz, o‘zbek olimlarini chiqishtirishmaydi, deysiz. Bu da’voda ham jon bordir. Ammo asosiy sabab boshqa, bunga ko‘proq o‘zimiz ayblimiz.

Asrimiz avvalida Turkiston o‘lkasida jadidlar yaxshi niyat bilan harakat boshlagan edilar. Ular xalqni g‘aflat uyqusidan uyg‘otish – bolalarga bilim berish orqaligina amalga oshirilishi mumkin, deb ishondilar. Jadidlar maktablarga isloh kirita bordilar. Bolalarni Ovrupo maktablariga yuborishga da’vat etdilar. Bu harakatni o‘sha damlarda ahli din orasidagi ayrim johil kimsalar anglab yetmadilar. Chor hukumati, Buxoro amiri ularni ta’qib ostiga oldi, quvdi, o‘ldirdi. Inqilobdan so‘ng esa jadidlar burjua harakati sifatida butunlay botqoqqa botirildi. Qarangki, xalqni g‘aflat uyqusidan uyg‘otish fikri u tomonga ham, bu tomonga ham maqbul kelmadi. Shu zaylda ma’rifatparvar ildizi quriy boshladi. Hozir O‘zbekistonda muallimlar ko‘p, pedagogika nomzodlari, do‘kto‘rlari ko‘p, ammo Avloniy, Hamza singari ma’rifatparvarlar yo‘q darajada. Shu sababli ham maktab islohoti noma’lum yo‘nalishda gangib yuribdi.

Biz nurli kelajakka borish uchun avvalo maktablarimiz qaddini ko‘tarishimiz zarur. Maktablar binosining xarobligi, zamonaviy texnika, kompyuterlardan bebahraligi alohida masala. Mustaqillikni o‘ylayotgan yurtning avvalo maktabi mustaqil bo‘lmog‘i shart. O‘quv qo‘llanmalari o‘ziniki bo‘lishi lozim. Muallimlari mustaqil fikrlay oladigan bo‘lmog‘i zarur. Muallim – faqat harf o‘rgatuvchi emas, balki, bolani fikrlashga o‘rgatuvchi tabarruk zot. Muallim mustaqil fikrlay olmasa, bolada qanday qilib bu xususiyatni tarbiyalaydi? Fizika, kimyo, aljabr… o‘quv qo‘llanmalari Maskovda, Kiyevda, Sankt-Peterburgda yoziladi. Uni Ittifoqdagi barcha bola o‘qiydi. Ukrainadagi maktab bilan O‘zbekistondagi maktabning farqi yo‘q. Holbuki, o‘zbeklarning maktabi boshqalardan ajralib turishi kerak. Falakiyotni bizning farzandlarimiz kengroq va chuqurroq o‘rganishlari lozim. Xorazmiy, Beruniy, Rumiy, Ulug‘bek, Ali Qushchi.. kabi ulug‘larimizning ilmiy meroslaridan bahramand bo‘lishlari shart. Holbuki, ukrain ham, eston, qozoq… ham Kopernik va Galileyni suv qilib ichadi. Beruniyning globus yasaganini, o‘zbek allomalari Kopernikdan ming yil avvalroq Yerning tuxum shaklida ekanligini aytganlarini ukrain u yoqda tursin, o‘zbek bolasi ham bilmaydi. Yoki tarixda malika Tamarani, Bogdan Xmelnitskiyni, Dolgorukiyni bilishlari shart. Petr I qachon tug‘ilganini aniq aytib berolmasa bahosi pastlaydi, «Temur Malik bilan Amir Temur bir odam», desa tanbeh eshitmaydi. Jug‘rofiyadan Boburnoma yoki Mahmud ibn Vali, tarixdan «Abdullanoma», «Zafarnoma», «Shayboniynoma», «Humoyunnoma»lar o‘qitish mumkinligi ma’rifatparvarlarimiz xayoliga hanuz kelmaydi. Hozir yangi o‘quv qo‘llanmalari ustida ish olib borilyapti. Balki bu xatolar barham topar. Biroq qo‘llanmani o‘zgartirish bilan olam gulistonga aylana qolmaydi.

Eng avval o‘zbek maktabining qiyofasini belgilab olish shart. Buning uchun yaqin o‘tmishdagi adashishlarni eslamoq joiz. Ya’ni, biz eski maktabni butkul rad etib to‘g‘ri qildikmi? Eski maktabga go‘r qaziyotganda ulug‘ allomalarimiz aynan shu eski usul maktablarida, shu eski madrasalarda tahsil olganlarini nechun unutdik? Eski maktablar xorazmiylarni beribdi ekan, yangi maktab kimlarni berdi? Jadidlar, agar yanglishmasam, ilm berishning sharqona usuli bilan Ovruponing ma’qul usulini olib, chog‘ishtirishga urinishgan edi. Biz hozir balki shu masalani o‘ylab ko‘rarmiz. Eshitishimizcha, eski maktabda «tutal aytish» darsi bo‘lgan. Buni hozir «tez aytish» deymiz. Bu darsda bola tili «charxlangan». So‘zlarni aniq talaffuz qilishga, nutqni rivojlantirishga, tez fikrlashga o‘rgatilgan. Navoiy, Fuzuliy, Bedil… maxsus o‘qitilgan. Tahsilning ma’lum bosqichidan, aytaylik, haftiyakdan Chahor kitobiga o‘tish bola uchun bayram bo‘lgan. Butun mahalla ahli «Falonchining o‘g‘li (yoki qizi) haftiyakdan o‘tibdi», deb sovg‘alar bergan. Bu bilan bola yanada yaxshi o‘qishga rag‘batlantirilgan. Endi biz qo‘shnimiz farzandi qanday o‘qishi u yoqda tursin, nechanchi sinfga borayotganini ham bilmaymiz. Bolalarimiz dars tayyorlashda yordam so‘rab murojaat qilishmasa, ularning qaysi fandan nimani o‘qiyotganini ham bilmay o‘tamiz. To‘g‘ri, eski maktabning yaramas jihatlari ham bor. O‘sha damlarda ham bilimsiz, johil maktabdorlar, muallimlar bo‘lishgan. Ular o‘zlarining aybini yopish uchun turli usullar, hikoyatlar o‘ylab topib Xudoning nomi bilan bog‘lashgan. Misol uchun non yopishga uquvi yo‘q otinoyi aybini eridan yashirish uchun kuygan nonlarni tolibalarga majbur qilib yegizar ekan, «Bu kuygan nonlar Xudoning yuzini ko‘rgan», deb fatvo berar ekan. Bunga o‘xshash hollar eski maktabning yaxshi tomonlaridan butkul yuz o‘girishga asos bermaydi. Eski maktabni ko‘rgan keksa olimlarimiz, yozuvchilarimiz, muallimlarimiz yaxshi tomonlar haqida fikr yuritsalar nur ustiga a’lo nur bo‘lar edi

Men qadimning yaxshi odatlaridan biri – o‘g‘il va qiz bolalarni alohida-alohida o‘qitishni tiklashni istar edim. Elliginchi yillarning boshlarida ham shu usul hukmron edi. O‘zbekistonda erlar maktabi, qizlar maktabi mavjud edi. Kimningdir istagi bilan bu yaxshi usul barham topdi. Ayniqsa, yuqori sinflarda birga o‘qish faqat salbiy natija beradi. Bolalarning fikrlari darsda emas, bir-birlarida bo‘ladi. Buni zinhor diniy aqidaga bog‘lamagan holda inson tabiatidan kelib chiqib tahlil etish kerak. Bolaning ovozi rasta bo‘lganidan boshlab, xayoli buziladi. Yonginasida go‘zal qiz (yoki qiz yonida xushro‘y o‘spirin) o‘tirsa, kallaga logarifmlar kirarmidi? Jismoniy tarbiya darslari-chi? Nomi jismoniy TARBIYa, aslida fikrni buzishga xizmat qiladigan noma’qul dars. O‘zbek qizlariga husn bermaydigan bir qiliq. (Agar bu gapim malol kelsa, marhamat, shunday darslarni zimdan kuzating). Xullas, o‘g‘il va qiz bolalarni alohida-alohida o‘qitish bolalarning ilm olishlarida faqat ijobiy samara berishi aniq.

Ilmni bolaga ilmli odam bera oladi. Xo‘sh, muallimlarimiz ilmi, saviyasi, fikrlash qobiliyati qay darajada? Har xolda bir xil emas. Nazarimda past saviyali muallimlar ko‘proqqa o‘xshaydi. Ular bolalarga yaxshi bilim berolmaganlari yetmaganidek, ilg‘or fikrli muallimlarni chalishadi, ularning erkin yurishlariga halaqit berishadi. Non yopishni bilmaydigan otin oyi kabi aybini berkitishga harakat qiluvchi muallimlar hozir yo‘q deysizmi? Men aniq fanlar muallimlariga baho bera olmayman. Biroq, tarix, ona tili, adabiyot muallimalari orasida bilimsizlarini ko‘p uchratganman. Meni dahshatga solguchi narsa shuki, bu muallimalarda ilm bilan birga rag‘bat, g‘ayrat ham yo‘q. Maqola bilan she’rning farqiga bormaydigan adabiyot muallimlari yillar mobaynida farzandlarimizga dars berib tirikchilik o‘tkazadilar. Bir misol aytay: shu yil avvalida xalq ta’limi vazirligi xayrli ish qildi. Jumhuriyatdagi adabiyot muallimlarini poytaxtiga chorlab, taniqli navoiyshunos olimlar ishtirokida ilmiy anjuman o‘tkazdi. Olimlar darsliklardan o‘rin olmagan Navoiy hayoti va ijodiga oid muhim mavzularda ma’ruzalar boshlashdi. Ikkinchi ma’ruzadan so‘ng uzoq yo‘l bosib kelgan muallimlar asta-asta chiqib ketaverdilar. Bu qiliqlari bilan ular, avvalo, madaniyatsiz ekanliklarini namoyish etdilar. Bu holni faqat olimlarga, hazratga emas, balki o‘z kasblariga nisbatan bo‘lgan behurmatlik deb baho berish mumkin. Qissadan hissa shuki, barcha muallimlar yirik olimlar, yozuvchilar, jamoatchilik ishtirokida sinovdan o‘tishlari shart. Muallimlar zimmasidagi mas’uliyatni chuqurroq his etaylik, axir kelajagimiz taqdiri ko‘p hollarda ularga bog‘liq-ku? Kelajakni kimlarga ishonish mumkin emas, bilib olishimiz shart emasmi?

Maktab, aytganimizdek, jiddiy islohlarga muhtoj ekan. Oliy o‘quv dargohlari-chi? U yerda ahvol qanday? Men bu yerda ham nekbin ruh uyg‘ota oluvchi hol ko‘rmayman. Oliy bilim berishi lozim bo‘lgan qutlug‘ dargohlardan kimlar qay darajada mutaxassis bo‘lib chiqyapti? Pora bilan o‘qishga kiritish, pora bilan imtihonlar topshirish aslida sir emas, biroq, biz buni sezmaganday yuramiz. Men aynan shu nuqtada millat fojiasini ko‘raman. Biz norozi bo‘layotgan maktabda oz bo‘lsa-da, ilmli bolalar yetishib chiqadi. Lekin ularning yanada oz qismi oliy o‘quv dargohlaridagi to‘siqlarni yengib o‘ta oladimi? Shuning uchun ham bugun bizda oliy ma’lumotlilar ko‘p, ammo dunyo bilan so‘zlasha oluvchi oliy darajali iqtisodchilar, huquqchilar, muhandislar… kam, juda kam.

Har bir ota-ona (jumladan o‘zim ham) farzandning oliy dargohlarda ilm olishini istaydi. Katta mansablar, marhamatlar egasi bo‘lishni orzu qiladi. Bu xudbin orzular hech qachon ulug‘ orzu – yurt ravnaqi evaziga yashamasligi zarur. Biz buni anglamagan, o‘ylamagan holda xalq kelajagini o‘z nafsimiz yo‘lida qurbon qilyapmiz. Men bu satrlarni o‘qigan odamlarda vatanparvarlik hissi uyg‘ondi, ilmsiz farzandini pora evaziga o‘qishga kiritish fikridan qaytadi, deyolmayman. Endi ming oh uraylik, foydasiz. Yara madda bog‘lagan. Nafs ajdahosining boshi mingta, birini kessangiz ikkinchisi bilan o‘t purkayveradi. Bizni xatardan faqat isloh qutqaradi.

Hamonki pora berib o‘qishga kiritishga qurbimiz yetar ekan, oliy o‘qishxonalarni pullik qilaylik. O‘rtada turadigan dallol, imtihon oladigan domla qidirib ovora bo‘lib yurmay istagan o‘qishxonaga borib pul to‘laylik. Tamom, vassalom! Pul bir odamning cho‘ntagiga tushmay, o‘qishxonalar ahvolini yaxshilashga xizmat qilsin. Maktabda durust ilm olgan, ilmga rag‘bati bor bolalar esa, imtihon bilan o‘tsin, davlat ularni bepul o‘qitsin. Balki islohning boshqa ma’qul yo‘llari bordir. Buni jamoatchilik kengashib hal etar. Har xolda hozirgi ahvolga boshqa chidash mumkin emas. Ilmsiz bola besh yil pulga o‘qib yoki domlalar xizmatini qilib «oliy ma’lumotli mutaxassis» bo‘ladi. Baholarini qarasangiz «uch»dan yuqorisini ko‘rmaysiz. Ilm darajasi uch bahoga loyiq «oliy ma’lumotli mutaxassis» qanday qilib yuqori malakali ishchiga aql o‘rgatsin? Bunday mutaxassis soya-salqinda kunini ko‘rib yuraveradi. Ishlab chiqarishda texnikaning o‘smasligi, almisoqdan qolgan mashinalarga qanoat qilishimiz o‘shanday «mutaxassislar»ning ilmsizligi tufaylidir. Odatda bular savodsizliklarini yashirish uchun ko‘p gapiradilar, majlislarda va’zxonliklar qiladilar, amalga intiladilar. Hatto katta mansablarga erishadilar ham. Mansabdorda ilm bo‘lsa u texnikani taraqqiy ettirishni o‘ylaydi. Biz tilga olgan uch bahoga arzir-arzimas «mutaxassislar» esa ilg‘or texnikaning nima ekanini bilisharmikin?

Jarroh yoki tabib yanglishsa bir yoki bir necha odam jabr ko‘radi. Bu xato uchun ular jazolanadilar. Ilmsiz mutaxassislar chiqishiga yo‘l ochib bergan oliy o‘quv dargohlarining ayrim domlalari kelajagimiz ko‘ksiga xanjar sanchishayotganini bilisharmikin? Ularning bu gunohlari qanday jazoga loyiq ekan? Pora olayotib qo‘lga tushgani bir necha yilga qamalar. Pixini yorganlari-chi? Axir ularni Xudo urmasa, bandasining qo‘li kaltalik qilar deymanov…

Maktabning ham, oliy o‘quv dargohlarining ham ahvolini yaxshilash uchun ko‘p mablag‘ kerak. Ayniqsa, maktablarning ahvoli nochor, zamon talablariga mutlaqo javob bermaydi. Fizika fanining bugungi darajasi bilan maktabdagi fizika xonasi va u yerda o‘tilayotgan dars saviyasini taqqoslasangiz xo‘rligingiz keladi. Maktabni shu nochorlik botqog‘idan tortib chiqarishga davlat ajratayotgan mablag‘ yetarli emas. Hozirgi ahvolni ko‘rib, bilib turibmiz, davlatni ayblash ham noo‘rin. Ammo, yaxshi kunlar kelib qoladi, deb kutib turolmaymiz. Men bu ishga bolalar jamg‘armasi (vaqfi) degan tashkilotni jalb etishni istar edim. Bu vaqf asosiy e’tiborni bolalar uylariga, yetimxonalarga qaratadi. Yetimlarga mehribonlik qilish ulug‘ savob. Biroq, bu yetimlar kimlar, buni ham o‘ylab ko‘raylik. Biz yetim deyayotgan bolalarning ota-onalari hayot. Ular – nafs bandalari. Xo‘sh, nafs bandalari yallo qilib yurib, jamiyat yetimlar boshini silashi kerakmi? Nazarimda, farzandidan voz kechgan ota-ona bolasi 18 yoshga yetguncha jarima to‘lab turishi shart. Yetimxonalar shu jarimalar hisobiga kun ko‘rishi mumkin. Undan tashqari jarima to‘lashini bilgan odam nafsini sal tiysa ham kerak? Shu bilan balki yetimlar sonining kundan-kun o‘sishi pasayar? Bundan tashqari men yetimxonalarni diniy idoralar otalig‘iga topshirishni taklif qilardim. Birinchidan, yetimxonadagi bolalar qalbida alam bor. Ular shu alam bilan ulg‘ayishadi. Ikkinchidan, sakkizinchi sinfni tugatgach, bu bolalar ora yo‘lda qolishadi. Ulg‘aygan yetimda na uy bor, na yaqin odami, na bir homiy. Din idoralari – masjidlar, butxonalar, sinegoglar yetimlarni bag‘riga olsa, avvalo ular dilini alamdan forig‘ qiladilar, diniy ilm o‘rgatadilar, oqibatda, ulg‘ayishgach, uy-joy bilan ta’minlashlari ham mumkin.

Shu yo‘sinda bolalar jamg‘armasi to‘laligicha maktab ravnaqiga ishlatilishi mumkin va buning ijobiy samara berishi tayin.

Maktab, kelajak haqida so‘z yuritganda din masalalarini chetlab o‘tib bo‘lmaydi. Maktab va din muammolarini bugungi kunda diqqat markazidan qochirish yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin. Sho‘ro maktabi din bilan kelisha olmaydi, degan eski ashulani aytib yurib berk ko‘chaga kirib qolmadikmi, ta’lim va tarbiyada qoqilmadikmi? Qarang, maktab va din yonma-yon yashasa-yu, kelisha olmasa? To‘g‘ri, davlat, xususan, maktab dindan ajratilgan. Lekin bu maktab bolasi dahriy bo‘lishi shart, degan gap emas. Ayni choqda Allohga sig‘ingan bola ilm olishi mumkin emas, degan aqidaga ham o‘rin yo‘q. Islom dini hech mahal ilm olishni inkor etmagan. Allohning kalomlarida ham ilm olishga undash mavjudligi ma’lum. Dunyo ilmining ravnaqi ko‘p jihatlardan islom dini bilan ham bog‘liq. Bag‘dodda tashkil etilgan Baytul Hikma Fanlar akademiyasini olaylik. Agar islom dini ilmga qarshi desak, bu allomalar taqdiri nima bo‘lishi aniq-ku? Ammo biz buni bilmaganga olib, din ilmga qarshi degan gapni isbot qilishga urinib, bunga Ulug‘bek o‘limini misolga keltiraverdik. Holbuki, Ulug‘bekning o‘ldirilishiga dinning, ayniqsa, Xo‘ja Ahrorning mutlaqo aloqasizligi tarixdan ma’lum. To‘g‘ri, qadimgi asrlarda nasroniylar ilm ahlini ta’qib etganlar. Buni «inkvizitsiya» deymiz. Bu din nomidan ish ko‘rgan johillar ishi edi. Biz din bilan din nomidan ish ko‘ruvchi ayrim johillarni farqlashimiz kerak. Chunki bu johillar hozir ham uchrab turadi. Ularni pesh qilib, dinga qarshi kurashish bizni ham jaholat jariga boshlaydi. Hozir dinga erkinliklar berilishi munosabati bilan tushunmovchiliklar yuzaga kelyapti. Kasallikning kelishi oson, ketishi qiyin, degan naql bor. Agar har mahallaga o‘ntadan masjid qurib berilsa ham barcha islomga qayta qolmaydi. Buning uchun fursat kerak.

So‘nggi paytlarda masjidlarda imomlarimiz maktabga, hatto ayrim o‘qituvchilarga nisbatan qattiq gaplar aytayaptilar. Bunga bolalarning shikoyatlari sabab bo‘lyapti. Ba’zi maktablarda ba’zi o‘qituvchilar o‘g‘il bolalar do‘ppi kiyib, qizlar ro‘mol o‘rab kelsalar darsdan chiqarib yuborar ekanlar. Hatto Toshkentdagi bir maktabda soqol qo‘ygan o‘qituvchini darsga qo‘yishmagan. Juma yoki tarovix namoziga borgan bolalar ham qattiq tanbeh eshitar ekan. Masjid imomlaridan ko‘mak so‘rab yozilgan, o‘nlab imzolar qo‘yilgan xatlarni o‘zim ham o‘qidim. Maktablarda bo‘ldim, muallimlar bilan suhbatlashdim. Ular bolalar namoz bahonasida darsdan qochyaptilar, ilm olishga rag‘batlari susayib ketyapti, deb nolidilar. Men xalq ta’limi vazirligidagi rahbar o‘rtoqlar bilan ham suhbat qurdim. Ular ham aynan shu tashvishdalar. Ammo do‘ppi, ro‘mol haqida buyruq bo‘lmaganini ham aytishdi. Demak, bu tashabbus kichik rahbarlardan chiqqan. Bir necha yil burun Navro‘zni diniy bayram deb taqiqlashgani yodimizdan ko‘tarilgani yo‘q. Xuddi shunga o‘xshab ayrim kichik rahbarlar do‘ppi, ro‘molni dinga bog‘lashlari bema’ni bir hol. Arabistondagi yoki Pokistondagi musulmonlar do‘ppi kiyishmaydi. Do‘ppi – milliy kiyim. Kremldagi majlislarda ham do‘ppi kiyib o‘tirishadi. Stalin davrida ham, hozir ham birov «do‘ppingni yechib o‘tir» demagan. Soqol ham musulmonlik belgisi emas. Boshqa din vakillari ham soqol qo‘yishadi. Kremldagi oliy majlislarda ishtirok etuvchi muftiyga birov soqolingni oldirib kel, demagandir? Xullas, kaltabinlik oqibatida yuzaga kelayotgan keskinlikning oldini olishimiz kerak. Maktab va din, maktab va ota-ona munosabatiga adovat urug‘i sepilishiga yo‘l qo‘ymasligimiz shart. Hozir maktabda masjidga borma, deb buyurilgani bilan bola quloq solmaydi. Ko‘nglida ibodat qilish istagi tug‘ilsa boraveradi. Men bir narsaga hayronman. Muallimlar bolani «nima uchun videosalonga bording!» deb urishmaydilar. Bola ko‘ngliga yomonlik urug‘i qayerda sepiladi – masjiddami yo videosalonlardami?

Shaxsan menga bu masalada bir ish noto‘g‘ri bo‘lib tuyulyapti. Bolalarning noroziliklari, muallimlarga qarshi gaplar katta izdihomlarda, bolalar ishtirokida aytilyapti. Bu bilan bola tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatilyapti. Juma namozidan avval imom muallimlar sha’niga qattiq gaplar aytganlaridan so‘ng bolalar o‘qituvchilarini mensimay qo‘yishadi-ku? Ba’zan adashayotgan bo‘lishsa-da, bolalarimizga ilm o‘rgatayotgan muallimlarimizni bu darajada behurmat qilmaslik kerak. Buning o‘rniga imom hazratlari maktablarga borsalar, yonlarida besh-o‘n oqsoqol, ota-ona bo‘lsa, o‘sha muallimu, direktorlar temirdan emasdir, tushunar, xatosini anglar?

Yuqorida muallimlarning tashvishini aytdim. Ayrim davralarda «sho‘ro maktabiga bormanglar» degan gaplarning aylanib qolishi meni ham tashvishga solyapti. Hozir maorif isloh yo‘lida. Yangi yo‘llar, usullar izlanyapti. Lekin avval isloh nihoyasiga yetsin, keyin bolalarni o‘qitamiz deyolmaymiz-ku! Hozir – masjid ahli bilan maktab ahli birlashadigan vaqt. Agar ular hamjihat ish olib borishsa, kelishmovchiliklar yuz bermaydi. Istagan bola din ilmini o‘rgansin, ammo dunyoviy ilmlardan uzoqlashmasin. Qorilik qilib tirikchilik o‘tqazaman, degan xato tushuncha miyasiga o‘rnashmasin. Ramazon kunlari Saudiya Arabistonidan kelgan Solmon qori ismli yigit ko‘pni hayratga soldilar. Solmon qori o‘n bir yoshlarida qori bo‘lgan ekanlar, hozir dorilfununda matematika bo‘limida o‘qirkanlar. Men shu janobning barchaga o‘rnak bo‘lishlarini istardim. Islom dinini mukammal bilgan fozillar, arboblar, imomlar ilm olish ahamiyatini yaxshi bilganlar. Men bolalarga islom ilmidan saboq berayotgan ko‘pgina zakiylarni bilaman. Ular bolaning maktabdagi o‘qishlaridan doimo xabardor bo‘ladilar. Dunyoviy ilmlardan chekinishlariga yo‘l qo‘ymaydilar. Shu o‘rinda mahallaning ham vazifasini ta’kidlab, Toshkentdagi «Qizil sharq» mahallasining yaxshi bir ishini aytib o‘tay. Bu mahalla Yassaviy nomidagi maktab bilan kelishib, ham dunyoviy, ham islomiy ilmni yaxshi o‘rganayotgan bolalar uchun stipendiya joriy etibdi. Meningcha, bu quvvatlashga arzirli tashabbus.

Sirtdan qaralsa, mulohazalarim balki mayda gaplardir. Lekin jiddiy kasalliklar arzimas shamollashdan boshlangani kabi bu mayda gaplar keyin jiddiy muammoga aylanib qolishi mumkinligini nazardan chetda qoldirmaylik. Bir dunyoda, bir osmon ostida yashayapmiz. Bir tilda so‘zlashamiz. Bir-birimizni tushunishga, anglashga, aql bilan ish yuritishga harakat qilmasak, bir yoqadan bosh chiqarmasak, Boborahim Mashrab aytgan kuyga tushib qolishimiz tayin.

«O‘zbekiston ovozi» gazetasi, 1991, dekabr.

About Darvesh

Javob berish

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan