Jadidlar Kim Bo’lgan?

Джадидизм – традиция обновления (RUS)
Jadidism – Old Tradition Of Renewal (ENG)

Jad_vs_mullah

XIX asr oxiri- XX asrning boshlarida siyosiy, madaniy, iqtisodiy jixatdan inqiroz xolatiga tushib qolgan muslamlaka tufayli rivojlanish past darajada bo‘lgan o‘lkada Turkiston ziyolilari chor Rossiyasining mustamlakachilik zulmidan qutulish, o‘z milliy davlatchiligini tuzish, iqtisodiy va madaniy taraqqiyotga yo‘l ochish, xalqqa ziyo tarqatish choralarini ko‘rdi. Bu borada jadidchilik harakati katta rol o‘ynadi.

Jadidchilik rus mustamlakachiligiga qarshi milliy demokratik harakat bo‘lib, u o‘sha davr Turkistondagi qoloq iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy sharoitda yashayotgan xalqlarni ma’rifatlashtirish, jamiyat hayotida ijtimoiy va madaniyislohotlar o‘tkazish, pirovardida milliy mustaqillik g‘oyalarini hayotga tadbiq etish maqsadini o‘z oldiga qo‘ygan edi.

Turkistonda jadidchilik g‘oyalari XIX asrning 90-yillaridan yoyila boshladi. Bu harakat XX asrning 30-yillari oxirlarigacha o‘lka ijtimoiy-siyosiy hayotida muxim rol o‘ynadi.

Jadidlar harakati uch bosqichda davom etgan

 XIX asr oxirlaridan 1915 yilgacha-ma’rifatchilik.

Jadidchilik Rossiyaga qaram bo‘lgan musulmon xalqlari orasida dastlab Qrimda XIX asrning 80-yillarida paydo bo‘ldi. Uning asoschisi diniy-dunyoviy ilmlarni chuqur egallagan Ismoilbek Gasprali (1851-1914) bo‘ldi. Ismoilbek 1884 yilda jadid maktabi tashkil etib, 40 kunda 12 bolaning savodini chiqaradi. Uning o‘qitish usuli «usuli savtiya», ya’ni «yangi usul» nomi bilan shuxrat qozondi. «Jadid» arabcha so‘z bo‘lib, «yangi» degan ma’noni bildiradi. Ismoilbek g‘oyalarini qabul qilgan yangilik tarafdorlari «jadidlar», uning g‘oyalari esa «jadidchilik» nomini oldi. Ismoilbek Gasprali darslik yaratadi, o‘zining «Tarjimon» (1883-1914) gazetasini tashkil etib, jadidchilikni turkiy xalqlar orasida keng targ‘ib qiladi. Bu gazeta Toshkent va boshqa shaxarlarga xam tez yoyiladi.

Ismoilbek Gasprali 1893 yilda Toshkent, Samarqand va Buxoroda bo‘ldi. Buxoroda amir Abdulaxadni jadid maktabi ochishga ko‘ndiradi. Bu maktabga «Muzaffariya» nomi beriladi. 1898 yilda To‘qmoqda (Qirg‘iziston) xam shunday maktab ochildi. 1899 yilda Andijonda Shamsuddin domla, 1901 yilda Qo‘qonda Saloxiddin domla, Toshkentda Munavvarqori Abdurashidxonov va Samarqandda Abduqodir Shakuriylar birinchi bo‘lib jadid maktablarini ochadilar. Jadidchilik harakatining yirik namoyandalari jadid maktablari uchun darsliklar xam yaratganlar. Xususan, Saidrasul Aziziyning «Ustozi avval» (1903), Munavvarqorining «Adibi avval» (1907), Abdulla Avloniyning «Birinchi muallim», «Ikkinchi muallim» (1912) darsliklari aloxida e’tiborga molikdir.

Jadidlarning xalq ma’rifati uchun kurash dasturi uch asosiy yo‘nalishdan iborat bo‘lgan:
1. Yangi usul maktablari tarmog‘ini kengaytirish.
2. Umidli, iqtidorli yoshlarni chet elga o‘qishga yuborish.
3. Turli ma’rifiy jamiyatlar tuzish xamda ziyolilarning kuchli firqasini tashkil etishga qaratilgan gazetalarni chop etish.

Shu dasturni amalga oshirish borasida Maxmudxo‘ja Bexbudiy, Abdurauf Fitrat, Munavvarqori Abdurashidxonov, Ubaydullaxo‘ja Asadullaxo‘jayev, Abdulla Avloniy, Abdulxamid Cho‘lpon va boshqa ziyolilar jonbozlik ko‘rsatishdi. Yangicha o‘qitish musulmon bolalariga qisqa vaqt ichida dunyoviy, diniy ta’lim berish dasturi asosida olib borildi. Bu dasturga ko‘ra maktablarda o‘qitish tizimi ikki bosqichdan iborat bo‘lgan. Birinchi bosqich ibtidoiy qism deb atalib, uning taxsil muddati 4 yil bo‘lgan. Birinchi bosqichni tugatgan shogird eski maktabda 10 yil o‘qigandan ko‘ra yaxshiroq savod chiqargan. Ikkinchi bosqichni muvaffaqiyatli tugatgan shogird arabcha, forscha, turkiy tilda bemalol so‘zlashib, ruschada erkin gaplasha olar edilar.

Jadidlarning xalqaro aloqalari juda keng qamrovli bo‘lgan. Ular Rossiya, Turkiya, Misr va boshqa mamlakatlardagi jadidchilik oqimlari dasturlaridan xabardor bo‘lganlar, o‘zaro safarlar, muloqotlar orqali tajriba almashganlar. 1905-1906 yilgi Rossiyadagi inqilobiy harakatlar Turkistonga xam o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Faol kuchlar jipslasha boshladilar va jadidlar ma’rifatchilik faoliyatini jadallashtirdilar. Bu faqatgina maktablarda emas, balki jonli matbuotchilik faoliyati, jumladan, ro‘znomalarning ko‘plab vujudga kelishida xam ko‘rindi. Chunonchi, 1906 yilda Ismoil Obidovning muxarrirligida «Taraqqiy», shu yili Munavvarqori muxarrirligida «Xurshid», 1907-1908 yillarda Abdulla Avloniy muxarrirligida «Shuxrat», Axmadjon Bektemirov muxarrirligida «Osiyo» ro‘znomalari chop etildi. Lekin tez orada chor ma’muriyati ashaddiy shovinist N.P. Ostroumov bildirishnomasiga asoslanib, bu ro‘znomalarni man etdi.

Ma’rifatchilikning yangi to‘lqinida 1913-1915 yillarda «Samarqand», «Sadoi Turkiston», «Sadoi Farg‘ona», «Buxoroi sharif», «Turon», 1917 yilda esa «El bayrog‘i», «Kengash», «Xurriyat», «Ulug‘ Turkiston» gazetalari, «Oyina» jurnali kabi ommaviy axborot vositalari xam paydo bo‘ldi.

1915 yildan – 1918 yil fevraligacha-muxtoriyatchilik

Jadidchilik Stolipin reaksiyasidan so‘ng yashirin tusga o‘tdi. Chunonchi, Toshkent politsiyasi maxkamasiga yetkazishicha, maxfiy guruxlardan birini o‘qituvchi Axmadjonov boshqargan va u, asosan, milliy ziyolilar xamda o‘quvchi yoshlar vakillaridan tarkib topgan. Qo‘qondagi maxfiy gurux 50 kishidan iborat bo‘lgan. Andijondagi jadidlarning yashirin tashkiloti «Taraqqiyparvar» deb atalib, maxfiy ishlar bo‘yicha politsiya bo‘limining ma’lumotlariga qaraganda, uning raxbarlaridan biri Ubaydulla Xo‘jayev bo‘lgan. Shuningdek, podsho ayg‘oqchilari 1909-1916 yillar davomida mudarris va maktab o‘qituvchilarining o‘lkani boshqarishdaislohotlar o‘tkazish kerakligi xaqida targ‘ibotlar olib borayotganliklarini bir necha marotaba xukumatga yetkazganlar.

Rossiya Fevral demokratik inqilobi arafasida Turkiston jadidchiligi yetuk siyosiy harakatga aylandi. Agar Birinchi Jaxon urushidan keyin jadidlar parlamentar monarxiya uchun kurashgan bo‘lsalar, Fevral inqilobidan keyin Turkiston jadidlarining «taraqqiyparvarlar» oqimini tashkil qilgan radikal qismi ancha keng qamrovli, bir qator siyosiy talablarni ilgari surdi. Ular qatoriga maxalliy axoli xuquqlarini kengaytirish tomon o‘lkani boshqarish yuzasidan asosliislohotlar o‘tkazish, o‘lkaga Davlat Dumasidan axoli soniga qarab o‘rin berish, asosiy demokratik erkinliklar, avvalo, milliy matbuot erkinligini ta’minlash, chorizmni konstitutsion tuzum bilan almashtirish kabilar kiradi. Rossiyadagi Fevral demokratik inqilobi Rossiyada yangi davlat tuzumi o‘rnatilgandan so‘ng federativ davlat shaklida muxtoriyat olishga umid bog‘lagan jadidlarni ruxlantirib yubordi. Ayni paytda, milliy siyosiy partiyalar va tashkilotlar, jumladan, jadidlar tomonidan «Sho‘roi Islomiya», «Ittifoqi muslimin», «Turon» kabi bir qator tashkilotlar tuzildi. Bu paytga kelganda jadidlar tub yerli axoli ijtimoiy tarkibining turli qatlamlarini o‘z ortlaridan ergashtira oldilar, ular ongida musulmonlar birligini mustaxkamlash, jipslashtirish xissini uyg‘otdilar. Ammo ular tez kunlarda tushundilarki, Rossiyadagi Muvaqqat xukumat va uning Turkiston Qo‘mitasi xam o‘lkada avvalgidek mustamlakachilik siyosatini davom ettirish yo‘lini tutmoqda.

Chunonchi, bu siyosat Ta’sis majlisini chaqirishga tayyorgarlikda yaqqol namoyon bo‘ldi. Shu vaqtdan jadidlar uchun mustaqillik va muxtoriyat yo hayot, yo mamot muammosiga aylandi va jadal siyosiy janglar boshlandi. Ular xukumatning mustamlakachilik siyosatini qattiq tanqid ostiga oldilar va Turkistonning Rossiya Demokratik Federativ Respublikasi tarkibida milliy-xududiy muxtoriyat olish uchun astoydil harakat qilishga kirishdilar. Jadidlarning dasturiy xujjatlarida diqqat-e’tibor milliy-xududiy muxtoriyatning asosiy tamoyillarini amalga oshirish mexanizmlari-Turkiston Federativ Respublikasi imkoniyatlariga taalluqli bo‘lgan masalalar bo‘yicha, qonunlar chiqarishni amalga oshirish uchun chaqirilgan mustaqil vakolatli o‘lka xokimiyatining oliy organlari, boshqaruvi va sudi mexanizmlarini ishlab chiqish, o‘z davlat tuzilishini barpo etishga qaratildi. Boshqaruvning poydevori sifatida respublika shakli tanlab olindi. Demokratik xuquq va erkinliklar berilgan va konstitutsion jixatdan kafolatlanishi lozim bo‘lgan demokratik jamiyatni shakllantirish-ustuvor maqsad qilib belgilandi. Turkiston jadidlari davlat mustaqilligi xaqidagi o‘z g‘oyalarini hayotga tatbiq etishni mamlakatdagi turli ijtimoiy kuchlar o‘rtasida tinchlik va kelishuvchilik, demokratik asosda shakllantirilgan Rossiya Ta’sis majlisini chaqirish bilan bog‘langanliklari xam diqqatga sazovor. 1917 yil iyulda «Sho‘roi islomiya»dan «Sho‘roi Ulamo» tashkiloti ajralib chiqdi. Ammo Ta’sis majlisida o‘rin olish masalasining muximligini anglash, bu ikki oqimning keyinchalik qo‘shilishiga va «Turk Adami markaziyati» nomi bilan ataluvchi yagona Turkiston Federalistlari partiyasining tashkil etilishiga olib keldi.

1918 yil fevralidan – 20-yillar oxirlarigacha mustabid sovetlar davridagi faoliyati

Biroq Turkistondagi oktyabr voqealari va bolsheviklarning zo‘ravonlik bilan xokimiyatni egallashi ularga o‘z maqsadlarini oxirigacha amalga oshirishlariga imkon bermadi. Shunga qaramay, ular Petrogradda tuzilgan Lenin boshchiligidagi bolsheviklar xokimiyatining «Rossiya xalqlari Deklaratsiyasi» (1917 yil 2 noyabr), «Rossiya va sharqning barcha musulmon mexnatkashlariga» Murojaatnoma (1917 yil 20 noyabr), xujjatlarda ko‘rsatilgan millatlarning o‘z taqdirini o‘zi belgilashi to‘g‘risidagi xuquqlardan foydalanib, Turkiston muxtoriyati xukumatini e’lon qildilar. Uch oygina yashagan bu muxtor respublika tugatilishi oqibatida jadidlar ta’qibga uchradilar. Munavvarqori Abdurashidxonovning guvoxlik berishicha, «Ittixodi taraqqiy» (1917-1920), «Milliy ittixod» (1920-1925), «Milliy istiqlol» (1925-1929) va «Turkiston Milliy Birligi» (1921-1923) (raisi Axmad Zakiy Validiy) maxfiy tashkilotlari o‘lkada xokimiyatni qo‘lga olish maqsadida faoliyat yuritgan.

Sovet davrida jadidlardan chiqqan milliy ziyolilar sovet organlarida faoliyat ko‘rsatdilar va o‘z faoliyatlari bilan xalq ta’limi san’atini rivojlantirishga ma’rifiy ishlarni taraqqiy ettirishga harakat qildilar. Jadidlarning ayrim qismi mustabid tuzumning siyosatiga ko‘nikmay xorijga o‘tib ketdilar, muayyan qismi esa istiqlolchilar harakatiga qo‘shilib ketdilar. Istiqlolchilik harakatiga g‘oyaviy raxnamolik qilish, ayniqsa, sovet organlarida ishlab, milliy mustaqillik g‘oyalarini targ‘ib qilishdagi sa’y-harakatlari jadidlarning sovetlar tomonidan 1929, 1937-1938 yillarda ommaviy qirg‘in qilinishiga olib keldi.

Buxoro amirligi va Xiva xonligida jadidchilik harakati Turkistondagi kabi XIX asr oxiri-XX asr boshlarida shakllangan bo‘lsa xam bu xududlardagi tarixiy sharoit undagi jadidchilik harakatiga xam o‘ziga xos xususiyatlar baxsh etdi. Buxoro va Xiva jadidlari dastlab amir va xon xukmronligini cheklash, mavjud tuzum sharoitidaislohotlar o‘tkazib, jamiyat taraqqiyoti va milliy mustaqillikni qo‘lga kiritishni maqsad qilib qo‘ygan bo‘lsalar, keyinchalik xon va amir yakka xukmronligi xar qanday taraqqiyotga to‘siq ekanligini tushunib yetdilar. Chunki 1917 yilda Xivada Asfandiyorxon ruxsati bilan tuzilgan yosh xivaliklardan iborat majlis va nozirlar kengashi, ularning taqiqlanishi va Junaidxon davridagi yosh xivaliklarning qattiq ta’qib qilinishi; Buxoro amiri Said Olimxonning o‘zi qabul qilganislohotlar o‘tkazish xaqidagi farmonini bekor qilishi va 1918-1920 yillarda yosh buxoroliklarning quvg‘inga uchrashi shunga olib kelgan. Buxoro va Xorazm Xalq Respublikalarida jadidlar xukumat organlarida raxbar lavozimlarida ishlab mamlakatni taraqqiy qildirish va mustaqillikni saqlab qolishga intildilar (1920-1924).

Biroq sovet rejimi avval Buxoro va Xorazm davlatlari mavjudligiga chek quygan bo‘lsa, keyinchalik barcha jadid namoyondalarini jismonan maxv qildi. Umuman olganda, asr boshida yuzaga kelgan jadidchilik harakati Turkiston xalqlarining milliy ozodlik, mustaqillik uchun dastlab chor Rossiyasi, so‘ngra sovet mustamlakachiligiga qarshi kurashda muxim o‘rin tutadi.

About Darvesh

Javob berish

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan