Millatni kim isloh etar? (1914)

Ishoqxon Ibrat.   «Oyna», 1914, 12-son, 274 – 275-betlar

 Biz Turkiston musulmonlari orasinda xilofi shariat odatlarini ko‘pligi har kimg‘a ma’lumdir. Muning daf’i va islohini kim etar? Bizni fikrimizcha, muning daf’u islohig‘a ulamo hazaroti kamari himmat bog‘lab, muqaddas mehrobu minbardan va’z so‘ylab, aholig‘a ahkomi shariatni bildurub, baytulloh hukmindagi masjid va jome’larida erta-yu kech amri ba ma’ruf va nahy az munkar etib, xaloyiq anglayturgon bir til ilan pandu nasihat etsalar ham muning hech qo‘ymasdan har kun ba’d az namozi fajr va ba’d az xufton doim muxtalif mavzu’lardan bahs etsalar, albatta, ta’sirsiz qolmas. Xususan, muqaddas masjidg‘a so‘ylagan va’z har bir mo‘‘min qalbina du bolo ta’sir etar.

 Qur’oni karim amri ma’ruf va nahyi munkar etmoq uchun mav’izan pandu nasihat uchun ko‘p oyatlar borligi ulamo hazarotlarig‘a ma’lumdir.

 Olami islomni har tarafidagi masjidlarda xalq tili ilan va’zu pand etmoq joriydir. Yolg‘iz Turkiston va Buxorog‘a, bilmayman, na sababdan joriy emas. Oningchun xalqni axloqu odobi islomiyasi kundan-kun buzilmoqda. Ori, bizni masjidda «saloti Mas’udiy»ni bechora avom anglamaydur. Zotan, oti imomlarni o‘zlari o‘qimoqlari lozim. Loaqal, mazmunini avomg‘a tushundurmoq kerak. Holbuki, xaloyiqg‘a zarurroq, kerakdur. Bugun ko‘paygan buzuklik va fasodlarni islohi uchun va’z qilmoq kerak. Zaruriyoti diniya va axloqi islomiyani alarg‘a ta’lim va tanbeh qilmoq kerakdur. Ba’zan namozi fajrdan so‘ngra masjidg‘a omi gadoylar g‘azal o‘qib, xurofot so‘ylab, va’z aytgan bo‘lub sadaqa jamlar. Besavod bir gadoy og‘zig‘a kelganini imom afandi huzurinda bemuhobo so‘ylar. Hech kim anga bir nima demas. Holbuki, masjid ichinda gadoylik va sadaqa durust yo‘q edi. Imom afandilar masjidda va’z aytsalar, xaloyiqni bilmaganini bildursalar, albatta, izzatu hurmatlarida ziyoda bo‘lur. Xaloyiqda isloh topilur, dunyovu oxiratda ajrlari ham ziyoda bo‘lur. Zotan, ulamo hazrotiki, varasat ul-anbiyodurlar, vazifalari ta’limu hidoyati xalqullohdur. Kuntum xayra ummatin uxrijat lin-nasi ta’muruna bil-ma’rufi va tanhavna anil-munkar, ‘ulamau ummatiy kaanbiyai bani Isroil oyat va hadislarining sha’ni shudur.

 Sobiq «Samarqand» jaridasi va «Oyna»da ham bir necha daf’a mundan bahs bo‘lub edi. Alhamdulillahki, idorag‘a yaqinda xabar olindiki, Samarqandni Xojajon Xoja mahallasining imomi muhtaram domla Hoji Abdug‘affor janoblari bir necha kundan beri xalq tili ilan ba’d az namoz va’zi pandu nasihatg‘a boshlabdurlar. Namozguzorlar nihoyat rozi emishlar va adadlari ham ko‘payibdur. Va’zlari-da ta’sirini oz bir muddatda ko‘rsatibdur. Alloh taolo bu imom amsolini ko‘paytirsun. Domla Abdulg‘affor janoblari bir necha sanalar Harami muhtarami Nabaviy hazratlarining Samarqandda bu amri lozimni boshlaganlari uchun tabrik etarmiz. Ori, ulamo qavmidindurlar. Ulamo g‘ayrat etkanda millat, albatta, isloh topur.

About Darvesh

Javob berish

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan