Dushanba , 24 Noyabr 2014

Neo-Jadidlar…

Jamiyatni modernizatsiyalash va isloh qilish zaruryati tobora dolzarb mavzuga aylanmoqda. Vaziyat yakdil harakatni taqozo etmoqda, lekin jamiyatimizda maqsad, qadriyat va dunyoqarashlar bo’yicha murosa yo’q. O’zgarishimiz kerak, lekin bu o’zgarishlar qanday bo’ladi? Ko’p narsa 2014-2015 yillarda bo’lib o’tadigan saylovlarda hukumat tepasiga keladigan rahbarlarga, shu bilan birga, eng avvalo jamiyatni o’ziga bog’liq.

Biz orzu qilgan kelajak

Hayoti ijtimoiyamizda lozim bo‘lg‘on narsalarning barchasi hozirda bizda bormi? Bo‘lsa qaysi holdadir? Bu savollarg‘a qarshi to‘g‘ri javob yozilg‘onda ixtiyorsiz qalam uyolur, kishi istiqboldan ma’yus bo‘lur. Chunki mazkur narsalarning ba’zisi bizda yo‘q va ba’zisi hanuz ibtidoiy holdadirki, bularning mumkin suratda vujudka ijtihod chiqarilishi uchun ko‘b umrlar va ko‘blar sarf qilmoq kerakdir. Lekin lozimai hayotimiz bo‘lg‘on bu narsalarni vujudga chiqarib olg‘uncha bizga zamon musoada etarmi, ya’ni fursat berarmi?

Siyosiy ahvolning hozirgi sur’atli o‘zgarishiga qarag‘anda, zamon fursat bermas kabi ko‘rinadur. Shunday bo‘lsa ham, hozirgi musoidi zamin va zamonni g‘animat bilib vatan, huquq va hayotimizning muhofazasi, istiqbolimizning ta’mini uchun kerak bo‘laturg‘on tadbir va choralarg‘a kirishmagimiz lozimdir. Mana, hozir ushbu savol vorid bo‘ladirki: bizga nima kerak?
Hoji Muin, “Bizga nima kerak”, 1918

Hozirda aytish mumkin-ki, rivojlanishimiz qiyinchilik bilan bo’layapti va ba’zi sohalarda xattoki turg’unlikka uchraganmiz. Qayerga ketayotganimizni, biz “orzu qilgan kelajak” nimadan iborat va “bizga nima kerak” ekanligini aniq kelishib olmasdan harakat qilayapmiz. Bugungi kunga kelib, aniqlab olishimiz kerak: kelajakda o’zimizni, jamiyatimizni qanday va qayerda ko’rayapmiz.

O’zbek jamiyati chorrahada, ushbu chorrahada to’gri yo’l tanlashimiz uchun ongli ravishda muayyan maqsadlarga kelishib olishimiz kerak.

Chorraxada to'gri yo'lni tanlaylik!

Chorrahada to’gri yo’lni tanlaylik!

Yangilanishimiz kerak, lekin bu yangilanish juda ko’p narsa – korruptsiyadan boshlab, xalqning mentalitetigacha – turg’unlik va inertsiyaga moyilligimizni oshirgan bir vaziyatda amalga oshirishilishi kerak. O’zbekiston zamonaviy davlatga aylanishi, yo’ki ohirgi 300 yildan beri kabi tarixiy jarayonlardan chetda va turg’unlikda qolib ketishi bugungi tanlovimizga bog’liq.

Singapur, Janubiy Korea, Turkiya va boshqa sobiq qashshoq, lekin modernizatsya orqali rivojlanib ketgan davlatlarning misoli, haligacha vaziyatimiz umidni uzsa bo’ladigan darajada emasligini ko’rsatadi. Lekin, taraqqiyotimizning dolzarb muammolarini muhokama qilishni bugundan kechiktirmasdan boshlashimiz kerak.

Bunda avvalambor, “orzu qilgan kelajagimiz” – yaqin davrda jamiyatimizni qanday ko’rmoqchi ekanligimizni aks etgan modellar alohida ahamiyatga ega bo’ladi. “Orzu qilgan kelajagimiz” haqida bu o’yllar hom-hayollar emas, balkim aql-idrokka asoslangan holda, turg’unlik va qoloqlik keltirib chiqaradigan chuqur ijtimoiy o’zgarishlarni oldini olish va munosib rivojlanishga erishish yo’llari haqida mulohazalardir.

Neo-jadidlar

Millatni uyg’otish – uyg’onganlarning vazifasi.
Abduhamid Cho’lpon

Loqaydlik, chalasavodlik hukmron surayotgan bir paytda, inqirozni yengib o’ta olamiz mi? Bu, zamonamizning ma’naviy ruhini o’zgartira oladigan “yaratuvchi ozchilik”ga bog’liq. Bunday ozchilikni rus olimi Gumilev “пассионарии”, ingliz tarixchisi Arnold Toynbee “creative minority”, o’zbek adibi Cho’lpon “uyg`onganlar” deb atagan. Rus faylasyfi Gregoriy Pomerantzga asosan, “творческое меньшинство – это часть общества, нашедшее опору в самом себе, нашедшее внутреннее равновесие в потоке перемен и способное уравновесить разрушительные силы развития”. Bunday insonlar har bir jamiyatda va hamma vaqt bo’lgan.

sarbon

Yaratuvchi ozchilik davr talabiga munosib javob bera olgan mamlakatlar hozirda rivojlangan (AQSh, G’arbiy Evropa, Yaponiya) yo’ki ular qatoriga  yaqinda qo’shiladigan, rivojlanayotgan davlatlar (Xitoy, Braziliya, Turkiya, Indonesiya, Rossiya) hisoblanadi. Yaratuvchi ozchilik kuchsiz, ahamiyatsiz yo’ki umuman mavjud bo’lmaganligi uchun, davr qo’ygan talablarga munosib javob bera olmagan jamiyatlar esa hozirda dunyoning qoloq mamlakatlar qatoridan joy olib kelmoqda. Ana shunday taqdirdan qutilishimiz uchun bizda yagona chora, millat taqdiriga befarq bo’lmaganlarni, birinchidan, o’zi uyg’onishi va ozod shaxs sifatida shakllanishi, ikkinchidan, millatni uyg’otishidir. Bu borada, XX asrni boshlarida jamiyatni isloh qilishga uringan jadidlar harakati biz uchun ayniqsa diqqatga sazovordir.

Shunday ekan, bizning vazifamiz – ijodiy yondashgan holda, tariximizdan bugunimiz uchun zarur saboqlarni chiqara bilish va zamonamizning talablarini hisobga olib, asrlar beri davom etib kelayotgan qoloqlikni tugatish, barqaror rivojlanayotgan mamlakatlar qatoriga qo’shilishdir.

About Sardor Salimov

Jadid.Uz asoschisi va muallifi. U bilan quydagi ijtimoyi tarmoqlar orqali do'stlashish mumkin:

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

*

You may use these HTML tags and attributes: <a href="" title=""> <abbr title=""> <acronym title=""> <b> <blockquote cite=""> <cite> <code> <del datetime=""> <em> <i> <q cite=""> <strike> <strong>