MUHYI – MUHAMMAD RIZO OXUND O‘G‘LI

Bolaligi. Muhyi taxallusi bilan ijod qilgan shoirning asl ism-sharifi Muhammad Rizo Oxund o‘g‘li bo‘lib, 1835-yili Afg‘onistonning Xirot shahrida, ziyoli oilada tug‘ilgan. Uning otasi G‘azna, Qandahor, Hirotdagi madrasalarda mudarris bo‘lib xizmat qilgan.
Ma’lumoti. 11-yoshligida u oilasi bilan birga Qandahorga kelgan va o‘sha yerdagi maktabda tahsil olgan.Muhyi Xo‘qandiy otasi istagi bilan Buxoro madrasalaridan birida tahsil olgan.
Mehnat faoliyati. Otasi vafotidan keyin XIX asrning 50-yillarida Hirotga emas, Qo‘qon xonligining poytaxtiga kelib yashay boshlaydi. Chunki bu vaqtda Afg‘onistondan Qo‘qonga Shayx Sulaymon Afg‘oniy, Imom Ali Qunduziy, Tamkin kabi shoirlar ko‘chib kelib istiqomat qilishar edi. Muhyi Ho‘qandiyning Qo‘qonga kelgach, tez orada shoir va ulamo sifatida shuhrat qozonadi. Qo‘qon xoni Mallaxon saroyida xizmat qilgan. Mallaxon uni 1859-1861-yillar orasida xonning maxsus elchisi sifatida Afg‘oniston, Hindistonga yuborgan. Safar chog‘ida Eron va Turkiyada ham bo‘lgan. Mallaxondan keyin Xudoyorxon hukmronligining uchinchi davrida ham Muhyi Ho‘qandiy saroyning e’tiborli kishilaridan biri bo‘lgan. Xonning valiahdi Nasriddinbek (1865-1875) Andijonga hokim etib tayinlangach, yoshlikdan she’riyatga ishqiboz shahzoda o‘zi bilan birga shoirni Andijonga olib kelgan. Nasriddinxon Muhyiga «Toj ush-shuaro» («Shoirlar toji») faxriy unvonini bergan. 1874-yil haj ziyoratidan so‘ng u «Hoji Muhyi» taxallusini olgan. Muhayi Ho‘qandiy keyinchalik o‘z ustozi bo‘lib qolgan olim va shoir xususida “Farg‘ona fozillaridan marhum Muhammad Rahim ohund, jam’i ilmlarda naql va ma’qul, she’r aytishda oliy ta’b egasi bo‘lgan Tamkin taxallusli ul janob faqir Muhayining ustozi edilar. 1292-sanada (milodiy 1875-yilda) vafot topdilar”, deb yozgan.
1876-yilda Rossiya imperiyasi Qo‘qon xonligini bosib olgach, Muhyi Qo‘qondagi Sohibzoda hazrat madrasasida o‘ttiz besh yil yashagan. Turkiy va forsiy tillarda ijod qilgan. Uning she’rlari o‘sha davrning nufuzli gazetalaridan biri “Turkiston viloyati” gazetasida bir necha bor chop etilgan. Kamiy, Shavkat Iskandariy, Abdullajon Nasimiy, Mavlaviy Yo‘ldosh kabi shoirlar bilan do‘st bo‘lgan.
Ilmiy-adabiy merosi. Muhyidan salmoqli ijodiy meros qolgan. Bular jumlasiga shoir devonining turli kotiblar tomonidan ko‘chirilgan 6 qo‘lyozma nusxasini, Muhyining o‘zi tuzgan 1 she’riy to‘plamni kiritish mumkin.
Forsiy va turkiy devonlari 1 muqovada 1912-yilda Toshkentda, Porsev matbaasida chop etilgan. Forsiy devonida 242 g‘azal, 6 qasida, 4 masnaviy, 91 qit’a, 19 fard va 3 ruboiy bor (230 sahifa), turkiy devoni esa 148 g‘azal, 1 musaddas, 1 murabbaʼ, 74 qit’a, 1 qasida va 11 mufradot (130 sahifa)dan tashkil topgan.
Muhyi, asosan, lirik she’rlar yozgan. G‘azaliyotida Navoiy, Lutfiy, So‘fi Olloyor ijodining ta’siri seziladi. Satirik asarlarida, xususan, mashhur Viktor voqeasi haqidagi muxammasida o‘lkaga kirib kelayotgan rus sarmoyadorlarining kirdikorlari, ularga ishonib aldangan mahalliy boylar hajv ostiga olingan.
O‘limi. Muhyi Ho‘qandiy 1911-yil 4-mayda Andijon shahrida vafot etgan. Muhyi vafotiga shogirdi shoir Nasimiy “Bimurd vah shohi shoiron Muhayi” deb tarix tushirgan. Shu shaharning Xoja Sa’diddin Farg‘oniy qabristoniga dafn etilgan. Muhyi Ho‘qandiy vafot etgan davrda ham hali qizg‘in faoliyat ko‘rsatib turgan Shayh Sulaymon Afg‘oniy oradan bir necha oy o‘tishi bilanoq asli toshkentlik bo‘lgan she’riyat ixlosmandi Abduraufboy hamkorligida Muhayining o‘zbek va forscha devonini Toshkentdagi Porsev bosmaxonasida terdirib, G‘ulom Hasan Orifjonov matbaasida muqovalatganligi 1912-yil nashri bo‘lmish “Devoni Muhyi”da maxsus qayd etilgan.