MAHMUDXON AHMADXONOV
(1896-1943)
Bolaligi. 1896-yilda Qo‘qon shahrida tug‘ilgan. Otasi Ahmadxon Xasanov asli Afg‘onistondan bo‘lib, Qo‘qonda u ulgurji choy savdosi bilan shug‘ullangan yirik savdogar va paxta tozalash zavodi egasi edi. U 1973-yilda 110 yoshda vafot etgan. Singlisi Robiya Ikromova edi. Ular Qo‘qon shahridagi sobiq Dinamo ko‘chasi 43-uyda istiqomat qilishgan.
Ma’lumoti. Mahmudxon 1910-yilgacha Qo‘qondagi mashhur jadid muallimi Salohiddin Majidovning yangi usul maktabida ta’lim olgan. U 1911-1915-yillar davomida madrasada ilm olib, mustaqil fors, rus tillarini o‘rganadi.
Mehnat faoliyatini Qo‘qondagi paxta zavodi egasi Sulaymon Shayx Nurxonov idorasida ishlagan. Fors, arab, rus, fransuz va nemis tillarini mustaqil o‘rgandi. Mashhur mudarris Oxunjon domlaning maktabida tabib-hakim Ibn Yamin o‘g‘li Hamza bilan tanishib qoldi va ular abadiylikka o‘rtoq tutinishdi. Keyinchalik Mahmudxon Toshkent va Bokuda o‘qib kelgach Farg‘ona o‘lkasining barcha ijtimoiy-siyosiy faoliyatida goh inqilobiy-harbiy kengashi raisi, goh maktab-maorif ishlari bo‘yicha sho‘ba mudiri lavozimlarida ishlagan paytlarida ham Hamza Hakimzoda Niyoziy ana shu inqilobiy kengashning a’zosi va o‘lka xalq maorifi sho‘basining inspektori sifatida Qo‘qon shahrida hamda uning atrofidagi qishloqlarida maktablar tashkil qilish, mehnatkash xalq bolalarini ilm-ma’rifatga tortish ishlarida har tomonlama yordamlashib turdi. Shuning uchun ham o‘lka xalq maorifi sho‘basiga 1918-1927-yillarda mudirlik qilib turgan qaldirg‘och maorifchi va jo‘shqin ma’rifatparvar Mahmudxon Ahmadxonov do‘sti Hamzani xalq maorifining ravnaqi yo‘lidagi barcha tadbirga chorlar, u bilan bamaslahat ish qilishni ma’qul ko‘rar edi.
Mahmudxon 1915-1917-yillarda Qo‘qonda taraqqiyparvarlik harakatida faol qatnashgan. 1917-yil fevral inqilobidan so‘ng u Qo‘qon ma’rifatparvarlarining «Tamim maorif» tashkilotida «Sho‘roi Islom»ning vakili sifatida ish olib borgan. 1917-1918-yillarda «Sho‘roi Islom» jamiyati mas’ul kotibi sifatida Turkiston Muxtoriyatining faol a’zosi bo‘lgan. M. Ahmadxonov aholi o‘rtasida tinimsiz yig‘inlar o‘tkazar, xalqni Muxtoriyatni qurolli kurash yo‘li bilan bo‘lsada himoya etishga tashviq qilgan. Biroq Turkiston Muxtoriyati shafqatsiz bostirilgach, 1918-yil bir necha oy davomida Qo‘qon mehnatkash musulmonlar ittifoqida kotib, so‘ng Qo‘qonning eski shahar qismida kutubxona boshlig‘i bo‘lib xizmat qilgan. 1919-yilda Qo‘qon uezdida milliy ishlar bo‘yicha vakil, 1919-1920-yillar Qo‘qon shahar va uezdida inqilobiy qo‘mita raisi bo‘lgan. 1920-yilda «o‘zining ijtimoiy kelib chiqishini yashirgan» degan bahona bilan partyadan o‘chirilgan. M. Ahmadxonov 1921-1922-yillar davomida Farg‘ona viloyati xalq xo‘jaligi soveti raisi o‘rinbosari va Farg‘ona viloyati madaniy ishlar boshqarmasi bo‘limi mudiri lavozimida ish olib borgan. 1922-1923-yillarda inqilobiy qo‘mita raisi, 1923 yildan Qo‘qonda olti oy davomida viloyat militsiya boshlig‘ining o‘rinbosari bo‘lib xizmat qilgan. U 1924-1927-yillarda Farg‘ona viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i va 1927-1929-yillarda Qo‘qon shahrida o‘zdavnashr tashkilotida bo‘lim boshlig‘i vazifalarida xizmat qilgan.
Oilasi. Mahmudxon Ahmadxonovning xotini Qo‘qon xoni Xudoyorxonning qizi Tufa Ahmadxonova 1900 yilda Qo‘qonda tug‘ilgan.
O‘limi. Mahmudxon Ahmadxonov 1929-yilda «Milliy Ittihod» tashkilotining a’zosi degan tuhmat bilan 11 oy qamoqda o‘tirgan va so‘ngra ozodlikka qo‘yib yuborilgan. Ammo u ko‘p o‘tmasdan yana qamoqqa olingan bo‘lib, 1931-yil may oyida O‘zSSR Jinoyat Kodeksining 63-moddasi bilan 10 yilga surgunga hukm qilingan. U jazoni Rossiyaning Yevrey muxtor viloyatida o‘tab, 1939-yil Qo‘qonga qaytib kelgan. 1942-yil 19-aprel kuni Farg‘ona viloyati ichki ishlar boshqarmasi tomonidan Mahmudxon Ahmadxonovni qamoqqa olish uchun yana order berilgan. 1942-yil 20-aprel kuni uning Qo‘qon shahri, Bog‘ibo‘ston ko‘chasi 32-uyda tintuv o‘tkaziladi va undan pasporti, 19 ta arab shriftidagi kitobi, fotoalbomi, rus-fors lug‘ati, 3 ta arabiy qo‘lyozma kitob hamda 32 ta turli yozishmalari va boshqa narsalari xatlanib olib ketilgan. 1942-yil 20 aprel kuni ilk so‘roqda u o‘ziga qo‘yigan ayblovlarini to‘liq rad etgan. 1942-yil 22-aprel kuni esa so‘roq tungi soat 1:00 dan 3:00 gacha o‘tkazilgan. Unda M.Ahmadxonovdan xorijdagi qarindoshlari haqida surishtirishadilar. 1942-yil 24-aprel kuni so‘roqda uning «Milliy ittihod» tashkilotiga kirishi jarayoni so‘ralgan. Uning tashkilotga a’zo bo‘lishi voqeasi quyidagicha tasvirlanadi: “1919-yil Mirzohid Miroqilov meni Mahmudxo‘ja Ahmadxodjaevning oldiga olib bordi.
Adashmasam, «Milliy Ittihod»ga Qo‘qonda Obidjon Mahmudov va Abbosxo‘ja Kalonxo‘jayevlar rahbarlik qilishardi. Bu yashirin tashkilotning yagona maqsadi Turkistonning mustaqilligi uchun kurash edi.
Meni bir jadid maktabiga chaqirishdi. Maktabning bir xonasida pardalar tortilgan ekan. O‘rtada bir ustiga oq mato yopilgan stol va unda Qur’on kitobi, revolver va odamning bosh chanog‘i bor edi. Bir oq kiyingan kishi kelib, menga tashkilot haqida aytdi va uning sirlarini sotmaslikka qasam ichirdi. U kishi menimcha Miyon Qudrat Hazrat Eshonxo‘jaev edi. Ichkaridan chiqqanimdan so‘ng meni O.Mahmudov kutib oldi va menga tashkilotning programmasini tutqazdi. Tashkilot Rahmanquli qo‘rboshining 400 yigiti va Hamdamxo‘jaga qarashli 100 yigitga tayanar ekan. Tashkilot a’zolarining bir qismi sovet idoralarining yuqori mansablarida ishlashar va aholi o‘rtasida «Milliy Ittihod» haqida tashviqot etishar edi. Ayblanuvchi tashkilot a’zolaridan qo‘qonliklardan O. Mahmudov (1933-yil vaf.et.), Turkiston MIK a’zosi Abbosxo‘ja Kalonxo‘jaev (1934-1935-yil vaf. et), Abbosxo‘ja Mahmudxo‘jaev (MTLda), Farg‘ona viloyati diniy boshqarmasi sobiq boshlig‘i Miyon Qudrat hazrat (1930-1932-yillar Afg‘onistonga ketgan), Hamdamxo‘ja Qalandarov (Beshariqdan, bosmachi to‘da boshlig‘i), Muhammadxo‘jaev (Toshkentda sobiq ChK a’zosi), Rahmonquli qo‘rboshining maslahatchisi Sadriddinxon Maxsum (1925-1926-yillar Afg‘onistonga ketgan), boylardan Nosirjon hoji Ziyoev (1935-yil vaf. et.), Ashurali Zohiriy (jadid, MTLda), Miroqilov Mirzohid (1928-yil vaf.et.) kabi jami 23 kishini sanab o‘tgan.
Albatta bu tashkilot, ayniqsa, unga qabul qilish marosimi bizningcha, sovet jazo organlari tomonidan o‘ylab topilgan edi. Aks holda, «Katta qirg‘in» davridagi jinoiy ishlar mazkur marosim haqidagi to‘qimalar bilan to‘lib ketishi kerak edi. M. Ahmadxonov O‘zSSR JKning 66/2, 67-moddalari bilan yana 10 yilga MTLga hukm etlgan. 1943-yil 3-mart kuni jazoni ijro etish uchun M. Ahmadxonov Utoijemlagga yuborilgan.