QORI YO‘LDOSH PO‘LATOV
(1890–1965)
Bolaligi. Qori Yо‘ldosh Pо‘latov 1890 yili Buxoro amirligi hududidagi Karki shahrida ziyoli oilasida tug‘ilgan.
Ma’lumoti. Yoshligida eski maktabda о‘qigan, qorixonada ta’lim olgan. Shundan sо‘ng Buxorodagi mashhur Mir arab madrasasiga о‘qishga kirgan. Talabalik yillarida jadidchilik g‘oyalari bilan tanishib, Yosh buxoroliklar harakatiga a’zo bо‘lgan. Qori Yо‘ldosh Pо‘latov madrasa tahsilini yakunlagach, Karkiga qaytgan.
Faoliyati. Karki shahrida jadid maktabi ochib, bolalarga yangi usulda ta’lim bergan, xalqqa jadidchilik g‘oyalarini targ‘ib qilgan. Jadidlar tomonidan chop etilgan gazeta va jurnallarni tarqatgan. Teatr tomoshalari tashkil qilib, undan tushgan mablag‘ hisobidan qiroatxona va kutubxona ochgan. 1912 yildan Yosh buxoroliklar firqasining Karki shо‘basi boshlig‘i sifatida tanilgan.
1918 yil martdagi Kolesov voqealaridan sо‘ng amirlikda Yosh buxoroliklar a’zolariga nisbatan ta’qib kuchaytirilgach, Qori Yо‘ldosh Pо‘latov ham boshqa safdoshlari qatorida amirlik sarhadlaridan qochib, Samarqand shahrida muhojirlikda yashay boshlaydi. 1919 – 1920 yillarda Samarqand viloyati xalq ta’limi mudiri vazifasida ish olib borgan.
1920 yilning yanvarida Qori Yо‘ldosh Pо‘latov Fayzulla Xо‘jayevning taklifi bilan “Yosh buxoroliklar” partiyasining Turkiston byurosi tarkibiga kirtilgan. Qizil armiya hujumi ortida amir saltanati ag‘darilib, Buxoro amirligi о‘rnida Buxoro Xalq Respublikasi bunyod etilgan. Qori Yо‘ldosh Pо‘latov BXSR hukumatida avval respublikani muhofaza qilish qо‘shini qо‘mondoni, 1920 – 1922 yillarda Xalq maorif noziri lavozimida faoliyat kо‘rsatgan. 1920 yilning oktabr oyi oxirlaridayoq mamlakatda halq maorifi istiqboli yо‘lida “Maktablar haqidagi umumiy qoidalar”ni ishlab chiqqan. Qori Yо‘ldosh yangi maktablar ochish, iqtidorli yoshlarni chet elga о‘qish uchun yuborish kabi xayrli ishlarni boshida turgan. Uning imzosi bilan Buxoro me’morchilik obidalari, osori-atiqa va madaniy merosni asrash tо‘g‘risida bir qator buyruq va farmonlar imzolangan. Buxorodan yuzlab yoshlar Germaniya, Turkiya, Ozarboyjon, ichki Rossiyaning Peterburg, Moskva shaharlari ilm olish uchun yuborilgan. Buxkino uyi tomonidan О‘rta Osiyoda ilk kino mahsulotlar lentalarga yozilgan.
Qori Yо‘ldosh Pо‘latov 1922 – 1923 yillarda Buxoro respublikasining nashri afkori bо‘lgan “Buxoro axbori” gazetasining bosh muharriri ham edi. Gazeta sahifalarida iqtisodiy, siyosiy hayot bilan bir vaqtda mamlakatda amalga oshirilgan madaniy о‘zgarishlarga ham keng о‘rin berilgan.
Qori Yо‘ldosh Pо‘latov boshchiligida buxorolik bir guruh maorifchilar 1922 yil dekabridan 1923 yilning yanvar oyi oxirlarigacha Rossiyaning Moskva va Sankt-Peturburg shaharlarida salkam bir yarim oy bо‘ldi. Ular Rossiya о‘quv yurtlariga yoshlarni о‘qishga yuborish tо‘g‘risida kо‘plab shartnomalar tuzganlar, о‘zi bilan sintografiya, kо‘pgina kitoblar va о‘quv qurollari olib qaytganilar. Qori Yо‘ldosh Pо‘latov о‘zining safar taassurotlarini “Buxoro axbori” gazetasida “Yо‘l xotiralari” rukni ostida muntazam berib borgan. Jumladan, Oqmachitda, Kozolinskda, tatar о‘lkalariga qadimdan tijorat va boshqa maqsadlarda kо‘chib borib yerlashgan minglab о‘zbeklar, buxoroliklar hayoti va ularning turmush tarzi, urf-odatlari, kiyim-kechaklaridagi о‘zgarishlar haqida gazetxonlarga ma’lumot bergan. Buxoroliklarning qizlari orasidagi muallimalar bilan suhbatlashib, ularni Buxoro maktablari, о‘quv yurtlariga mutaxassis sifatida taklif etgan.
Qori Yо‘ldosh Moskva va Sankt-Peterburg shaharlarida о‘nlab ilmiy, madaniy muassasalarni borib kо‘rgan, “Onalar va bolalarni sog‘lomlashtirish markazi”, “Bolalar bilim yurti”, teatr, muzey, kutubxonalarni kо‘zdan kechirib tegishli tajribalarini о‘zlashtirgan. Sankt-Peterburgda Buxoro amiri Abdulahad tomonidan qurilgan uch qavatli masjid haqida xabar bergan.
Qori Yо‘ldosh Pо‘latovning 1922 yili qisqa muddat Dohiliya (ichki ishlar) noziri, 1922 – 1924 yillarda Moliya noziri va iqtisodiy kengash raisi lavozimlarida ish olib borgan. Darhaqiqat, Qori Yо‘ldosh Pо‘latov moliya sohasining chuqur bilimdoni edi.
Qori Yо‘ldosh Pо‘latov 1924 yil noyabrida Fayzulla Xо‘jayevning tavsiyasi bilan О‘zbekiston SSR Moliya xalq komissari vazifasiga tasdiqlangan. 1927 yil kuzida sovetlarning iqtisodiy siyosatidan norozi bо‘lgan О‘zbekistonning 18 nafar davlat arbobi qatorida Qori Yо‘ldosh Pо‘latov ham hukumat tarkibidan chiqish uchun ariza yozgan. 1929 – 1932 yillar SSSR Davlat banki О‘rta Osiyo bо‘limi boshqaruvchisi muovini, 1929 – 1937 yillar О‘zbekiston SSR Yer ishlari xalq komissarligi Andijon va Xorazm okruglarida buxgalter va boshqa lavozimlarda ish olib borgan.
Ilmiy-adabiy merosi. Uning “Buxoro axbori” va “Ozod Buxoro” gazetalarida Buxoro Respublikasidagi moliyaviy ahvol, iqtisodiy muammolar, soliq siyosati, tartibi va turlariga bag‘ishlangan о‘nlab maqolalari chop etilgan. “Doxiliy qarzga yozilingiz”, “Bugungi vazifamiz”, “Soliq haqinda bir-ikki sо‘z” “Poraxо‘rlik bilan kurash”, “Mustaqil bir mamlakat qanday bо‘lur?” kabilar shular jumlasidandir.
О‘limi. 1937 yil 11 iyulda Qori Yо‘ldosh Pо‘latov aksilinqilobiy unsur sifatida qamoqqa olinib, 10 yilga mehnat tuzatish lageriga hukm qilingan. 1949 yil jazo muddati tugaganiga qaramasdan unga yana muddat qо‘shib berilgan. Faqat 1956 yilga kelibgina ozodlikka chiqib, Toshkentga qaytib kelishga muvaffaq bо‘lgan. 1965 yili vafot etgan.