Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


MIYON BUZRUK SOLIHOV

img

(1891 – 1938)

Bolaligi. Miyon Buzruk Solihov 1891 yili Toshkentning “Qashqarcha” mahallasida SHо‘rtepa masjidining imomi Miyon Solih xonadonida tug‘ilgan. Adabiyotshunos, folklorshunos va san’atshunos olim.

Ma’lumoti. Dastlab mahallasidagi eski maktabda о‘qib, savodini chiqargan Miyon Buzruk  1910-1915 yillarda Degrez mahallasidagi madrasada о‘qigan. U Yevropacha yangi adabiyot namunalarini, matbuot va maorif yangiliklarini qiziqish bilan о‘qigan, ayniqsa, turk, ozaboyjon, tatar matbuoti va adabiyoti bilan muntazam tanishib borgan. 1927 yili Istanbul universitetini tugatgan.

Faoliyati. 1917 yil 14 martda Toshkentda Abdulvohidqori Abduraufqori о‘g‘li, Munavvarqori Abdurashidxon о‘g‘li va Ubaydulla Xо‘jayevlar boshchiligida tuzilgan “SHо‘roi islomiya” tashkiloti ishlarida Miyon Buzruk ham faol ishtirok etadi. Shu yilning 6 avgustida Toshkent shahar dumasiga saylovlar bо‘lib о‘tadi. Bu saylovda “SHо‘roi islomiya” tashkiloti kо‘rsatgan nomzodlardan о‘n bittasi g‘olib chiqadi. Ana shular orasida Miyon Buzruk Solihov ham bor edi. U shahar dumasi bolsheviklar tomonidan tarqatib yuborilgunga qadar (1917 yil dekabr) “SHо‘roi islomiya”dan saylangan vakil о‘laroq duma ishlariga qatnashadi. 1917 yil yozida Bokudan “Musovat” partiyasining faol a’zosi Muhammadamin Afandizoda Toshkentga keladi va mahalliy ziyolilar orasida “Ittihod va taraqqiy” tashkilotini tuzishga boshchilik qiladi. Yangi tuzilgan tashkilotga Munavvarqori Abdurashidxonov rais, Ubaydulla Xо‘jayev hamda Miyon Buzruklar muovin etib saylanadilar. Yana shu yilning 12-14 iyul kunlari Farg‘ona shahrida musulmon tashkilotlari qurultoyi bо‘lib о‘tadi. Uning ishida ham Miyon Buzruk “SHо‘roi islomiya” vakili sifatida qatnashadi. Bu qurultoyda “Turk adami markaziyati” (Turkiston federalistlari partiyasi) tuziladi. Partiya hujjatlarini tayyorlashda bir qator musulmon qonunshunoslari bilan birgalikda Miyon Buzruk Solihov ham ishtirok etdi.

Ma’lumki, 1917 yil 26-28 noyabrda Qо‘qonda bо‘lib о‘tgan musulmonlarning tо‘rtinchi о‘lka qurultoyi Turkiston muxtoriyatini e’lon qildi. Aytish mumkinki, bu jadidlar va qolaversa, barcha turkistonliklar kо‘nglidagi orzu-istaklarning ifodasi edi. Biroq bu yangilik hukmron siyosiy kuchga aylanib borayotgan bolsheviklarni quvontirmadi. Ular о‘lkaning turli shaharlarida muxtoriyat tarafdorlariga qarshi fitnalar uyushtirishga kirishdilar. Jumladan, Toshkent shahrida ham shahar dumasini zо‘ravonlik bilan tarqatib yubordilar. 1917 yil 6 dekabrda shahar dumasining tarqatilishi va shaharda rekvizitsiya о‘tkazilishi munosabati bilan bir guruh faollar Kо‘kaldosh madrasasi oldida bolsheviklarga qarshi namoyish uyushtirishdi. Ular hammasi Turkiston muxtoriyati e’lon qilinganligini tabrikladilar. Ushbu namoyishni tashkil etgan va yig‘ilgan omma oldida nutq sо‘zlaganlardan biri Miyon Buzruk Solihov edi.

Oradan kо‘p о‘tmay (1918 yil 19-22 fevral) Muxtoriyat shafqatsizlarcha tugatildi. Uning fojiali taqdiri esa milliy ozodlik harakati faollari uchun og‘ir zarba bо‘ldi.

Muxtoriyat yо‘q etilgan va istiqlol kurashchilari faoliyatiga keskin qarshiliklar kо‘rsatilayotgan bо‘lsa-da, ular о‘z faoliyatlarini mumkin qadar davom ettirishga harakat qildilar. Jumladan, Miyon Buzruk Solihov ham 1918 yilda tashkil etilgan “Izhor ul-haq” jurnalida turkum diniy-ijtimoiy-siyosiy ruhdagi maqolalari bilan ishtirok etdi. Ma’lumki, bu jurnal “Fuqaho” jamiyatining ommaviy nashri bо‘lib, uning mas’ul muharriri mashhur aksilinqilobchi Mulla Sadriddinxо‘ja muftiy ibni Sharifxо‘ja eshon bо‘lgan. “Fuqaho” jamiyati diniy-siyosiy tashkilot bо‘lib, ta’sischilari bо‘lmish musulmon qonunshunoslari bilan Toshkentdagi bolsheviklar hokimiyati о‘rtasida ziddiyat mavjud edi.

Miyon Buzruk Solihovning bu paytda jamiyatni diniy yо‘l bilan isloh qilish kerak, degan fikrda ekanligini “Izhor ul-haq” jurnalidagi turkum maqolalari mazmunidan anglash mumkin. Masalan, u “Iyqoz” deb nomlangan maqolasida islom dini о‘z vaqtida inqirozga yuz tutgan jamiyat hayotini qutqarish uchun yuborilgan din bо‘lib, XX asr boshlarida ham u tanazzulga yuz tutgan Turkiston musulmonlari hayotini yaxshilash uchun birdan-bir vosita ekanligini ta’kidlaydi. Uningcha, bu muqaddas ishni amalga oshirishda ulamolar islohchilik rolini о‘ynashlari kerak. Ular faqat о‘z nafslari ketidan quvmasdan xalq orasida otashin nutqlar (amri ma’ruf, va’z)lar qilishlari va g‘aflatda yotgan mо‘min-musulmonlarni uyg‘otishlari darkor. Bu ulamolarning jamiyat oldidagi sharafli vazifalari hisoblanadi. Muallif Turkiston ulamolari bu mas’uliyatli vazifani ado eta olmayotganligidan kuyunib, tanazzul ildizlarini shundan qidiradi. О‘zga millatlarga qaram bо‘lib qolishning asosiy sabablaridan biri mana shudir, deb ta’kidlaydi u.

Miyon Buzruk xuddi shu fikrini “Ad-dinu an-nasiha” maqolasida ham davom ettirib, mо‘min-musulmonlarni tо‘g‘ri yо‘lga boshlashda va’z va nasihatning roli katta ekanligini aytadi. Bu “Ad-dinu an-nasiha” (“Din nasihatdir”) hadisining maqola sarlavhasiga chiqarilganligidan ham kо‘rinib turadi.

Ma’lumki, XX asr boshlarida Turkiston musulmonlarining ozodlik uchun olib borgan kurashlari tarqoq ahvolda edi. Ular har xil guruhlarga bо‘linib ish kо‘rishar, qolaversa, shu bilan ham cheklanib qolmasdan о‘zaro qattiq nizo va adovatlar iskanjasida edilar. Miyon Buzruk musulmonlarning bunday ayanchli ahvollaridan iztirobga tushib, о‘sha paytdagi ulamolar orasida paydo bо‘lgan “Attafaqal muslimuna alo an-lo yattafiqu” (“Musulmonlar ittifoq bо‘lmaslikka ittifoq bо‘ldilar”) qabilidagi kinoya bilan aytilgan bir iborani olib, shu nomda maqola yozadi.

Bulardan tashqari Miyon Buzrukning ushbu jurnalda “Talon va g‘orat zarari”, “Bahoiylar harakati”, “Asafnok holat” nomli maqolalari ham bosildi. Ulardan birinchisida mо‘min-musulmonlar turmushida bir-birlarining mol-mulklarini talon-toroj etishdek manfur ish qoralansa, ikkinchisida XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Eronda paydo bо‘lgan “Bahoiylar harakati”ning Toshkentga ham yetib kelganligi haqida gapirilib, uning musulmonlar turmushi uchun naqadar zararli ekanligi haqida sо‘zlanadi. Uchinchi maqola “Asafnok holat”da esa inqilob yillari (1917 – 1918)da Turkistonda turli urushlar sababli yuz bergan ocharchilik, qahatchilik kabi kulfatlarning avj olganligi natijasida turli afsuslanarli voqea-hodisalar yuzaga kelayotganligi tilga olinadi. Jumladan, Toshkentda о‘lkaning turli burchaklaridan non izlab kelgan butun-butun oilalar saroy va choyxonalarda bir necha xoin va firibgar odamlar tarafidan xuddi moldek sotilayotganligi, bu esa shariat qonunlariga mutlaqo tо‘g‘ri kelmasligi, bu qabih ish bilan shug‘ullanayotganlarga jazo berish lozimligi uqtiriladi va boshiga kulfat tushgan bechoralarga yordam berish о‘sha paytda ish boshida bо‘lgan turli “jamiyat” vakillarining vazifalari ekanligi aytiladi. Kо‘rinadiki, Miyon Buzruk inqilobgacha va undan keyin о‘tgan bir necha yillar davomida islohchi ulamolar tarafdori bо‘lgan va о‘zi ham bu sohada faoliyat olib borgan.

1925 yilga kelib SSSR va Turkiya о‘rtasida ilmiy aloqalar vujudga keladi. Shu munosabat bilan sovet olimlari ilmiy- tadqiqot olib borish maqsadida Turkiyaga ham borib-kelib turadilar. Ular bu yerdagi kutubxonalarda saqlanayotgan yozma madaniy yodgorliklar bilan tanishib, О‘rta Osiyo tarixiga oid bо‘lgan asarlarni qidirib topar edilar. Xuddi shu yildan e’tiboran sharqshunos A.N.Samoylovich bir necha marotaba Turkiyada bо‘ladi. Mana shunday safarlaridan birida u Miyon Buzruk bilan tanishadi. Tanishish asnosida Miyon Buzrukning ilmiy salohiyatga egaligini payqagan A.N.Samoylovich uni ilmiy hamkorlik qilishga taklif etadi. Natijada, Miyon Buzruk Istanbul shahridagi Nuri Usmoniya kutubxonasida saqlanayotgan qо‘lyozmalarni о‘rganishga kirishadi va О‘rta Osiyo tarixiga oid asarlardan bir nechtasini topishga muvaffaq bо‘ladi. Shulardan eng muhimi “Mehmonnomayi Buxoro” asari Istanbul nusxasining topilishi va bu haqda ilmiy jamoatchilikka ma’lum qilinishi edi. Miyon Buzrukning bu muvaffaqiyati о‘sha davr ilm olamida katta qiziqishlarga sabab bо‘lgan.

Miyon Buzruk Solixov 1927 – 1930 NKVD tarkibidagi Davlat xavfsizlik boshqarmasi (UGB)ning josusi sifatida “Maxoriy” taxallusi ostida ularga xizmat qilgan. 1938 yil 25 mayda О‘zSSR UGB NKVD 3-bо‘lim boshlig‘i Davlat xavfsizligi leytenanti Zaturanskiy tomonidan yorliq qismida о‘ta maxfiyligi qayd etilib, jinoyat ishi materiallari orasiga tirkalgan О‘zSSR UGB NKVD 3-bо‘lim sobiq agenti “Maxoriy” (Solihov Miyon Buzruk) nomiga yozilgan tavsifnomada: “1930 yilda fosh etilgan aksilinqilobiy “Milliy istiqlol” tashkiloti (Munavvarqori guruhi va Botu guruhi) yо‘q etilgandan sо‘ng, 1930 yilda “Maxoriy” agent sifatida о‘zining oldingi ahamiyatini yо‘qotdi”, deb yozilgan.

Miyon Buzruk Turkiyadan qaytib kelgan dastlabki yillardayoq Munavvarqori Abdurashidxonovga xorijdan qaytganidan pushaymonligini bildirgan. Bu haqda Munavvarqori shunday yozadi: “Men afg‘on konsuli G‘ulom Jayloniy oldiga borganim va u bilan о‘zimning Afg‘onistonga ketishim haqida gaplashganimni Miyon Buzruk Solihovga aytgan edim. Miyon О‘zbekistonga qaytib kelganidan afsuslanib gapirdi va imkoniyat bо‘lsa yana Afg‘onistonga о‘tib ketish xohishi borligini aytdi”.

Miyon Buzruk Toshkentga kelganida otasi vafot etgan (1924), oila a’zolari (onasi Hoji Oyim, xotini Karimaxon va о‘g‘li Mazhar Solihov) esa SHо‘rtepadagi hovlida yashayotgan edilar.

1927 yildan Miyon Buzruk SAGUning Sharq fakultetiga ishga kirib, talabalarga о‘zbek tili va adabiyotidan dars bera boshlaydi. Olim 1931 yildan Toshkentda yangi ochilgan Tojikiston Davlat maorif institutida tojik tili va adabiyoti о‘qituvchisi, 1932 yil 1 sentabrdan esa Madaniy qurilish ilmiy-tekshirish instituti (NIIKS)da katta ilmiy xodim bо‘lib ishlash bilan birga Toshkent Davlat pedagogika institutida о‘qituvchilik qila boshlaydi. U о‘zining pedagogik faoliyati davomida turli о‘quv yurtlarida Izzat Sulton, Hamid Sulaymon, Imomxon Husanxо‘jayev, Mumtoz Muhammedov, Shuhrat kabi bо‘lajak ijodkorlarga о‘zbek va sharq adabiyoti tarixidan ma’ruzalar о‘qiydi. Fitrat, O.Hoshimov, YE.D.Polivanov, YE.E.Bertels, A.A.Semyonov, A.N.Samoylovich, V.V.Bartold, G‘ozi Olim Yunusov, Safo Zufariy, Abdulla Avloniy, Sadriddin Ayniy, Qayum Ramazonov, Shorasul Zunnun, L.Sotserdotova kabi olim va yozuvchilar bilan hamkorlikda ishlaydi.

Miyon Buzruk Solihov 1936 – 1937 yillarda avval Samarqand universitetiga, u yerdan Buxoro davlat pedagogika institutiga dars berish uchun yuboriladi.

Ilmiy-adabiy merosi. Uning “О‘zbek tarixiga oid tо‘rt muhim kitob” deb nomlangan maqolasi “Maorif va о‘qitg‘uvchi” jurnalining 1927 yil sentabr-oktabr sonida bosilib chiqadi.

Uning ilmiy faoliyati, asosan, 1927-1937 yillarga tо‘g‘ri keladi. Miyon Buzruk Solihov bu qisqa muddat ichida tinimsiz mehnat qilib, о‘nlab asarlar yaratishga ulgurdi. U adabiyot, teatr san’ati, folklor va о‘zbek tili muammolariga bag‘ishlangan “Bedil” (1928), “О‘zbek” (1928), “Adabiy til va istiloh” (1929), “Mehrobdan chayon” (1929), “О‘rta Osiyo va о‘zbek adabiyotiga umumiy qarash” (1930), “О‘zbek adabiyotida millatchilik kо‘rinishlari” (1933), “Maqbaralar diniy ekspluatatsiya quroli” (1934), “Sо‘fizoda va uning ijodi haqida” (1934), “Ijodiy yо‘limiz haqida” (1934), “Oktabrgacha bо‘lgan о‘zbek folklori” (1935), “О‘zbek teatri tarixi uchun materiallar” (1935) kabi о‘nlab asarlarni e’lon qildi. Bu asarlarning kо‘pchiligi о‘z davrida ham, hozir ham ilmiy qimmatini yо‘qotmagan.

Miyon Buzruk Solihov ijodida о‘zbek mumtoz adabiyotini tadqiq etishga bag‘ishlangan asarlar muhim о‘rin egallaydi. Xususan, olimning “О‘rta Osiyo va о‘zbek adabiyoti tarixiga umumiy qarash” nomli kitobi diqqatga sazovordir. Ta’bir joiz bо‘lsa, bu asarni о‘zbek mumtoz adabiyoti tarixini о‘zida mujassam etgan muxtasar qо‘llanma, deyish mumkin. Unda о‘zbek yozma adabiyotining XII asrdan to XX asrgacha (jadid adabiyoti boshlangunga qadar) bо‘lgan davri muhim muammolar asosida qiziqarli va ilmiy tarzda hikoya qilingan. Masalan, u о‘zbek mumtoz adabiyotini “xavos” (“elita”) va “avom” (“ommaviy”) qismlarga ajratadi va shu nuqtai nazardan о‘ziga xos usulda tahlil qiladi.

Miyon Buzruk Solihov о‘z tadqiqotlarida jadid adabiyoti haqida ham keng tо‘xtaladi. U “О‘zbek teatri tarixi uchun materiallar” kitobida jadid teatri bilan bog‘liq masalalarni chuqur tadqiq etgan. Bu kitob jadidchilik, uning adabiyoti, teatriga qiziqish tobora ortayotgan hozirgi kunda asosiy manbalardan biri bо‘lib xizmat qilmoqda.

Turkiston muxtoriyati yо‘q qilinganidan keyin о‘lkada ijtimoiy-siyosiy ahvol murakkab tus oldi. Bu esa turli mushkulliklar ichida yashayotgan mahalliy ziyolilar sharoitini yanada chigallashtirib yubordi. Ularning kelajak hayot haqidagi orzu-umidlari kun sayin sarobga aylanib, ruhlarida allaqanday tushkun kayfiyat paydo bо‘la boshlagan edi. Mana shunday kayfiyat ularning 20-yillardagi ijodida о‘z aksini topgan. Miyon Buzruk Solihov keyinchalik yozgan “О‘zbek adabiyotida millatchilik kо‘rinishlari” kitobida о‘sha yillarda yaratilgan asarlarni ijtimoiy-psixologik jihatdan tahlil qilishga urinadi. Biroq ushbu tahlil о‘sha davr talabiga kо‘ra vulgar-sotsiologik yо‘nalishda bо‘lib, unda Fitrat va CHо‘lpon singari adiblar ijodi mafkura nuqtai nazaridan tanqid ostiga olingan. Miyon Buzruk ijodidagi bu manfiy jihat boshqa asarlarida ham uchraydi. Lekin bugungi kunda bu kamchilikni “prinsipial” masala deb emas, balki erkin ijod bо‘g‘ilgan sharoitda qо‘llanilgan “taktika” sifatida qarash tо‘g‘ri bо‘ladi.

Miyon Buzruk Solihov badiiy tarjima bilan ham shug‘ullangan. Jumladan, u Sadriddin Ayniyning “Doxunda” romanini tojikchadan о‘zbek tiliga tarjima qilib, 1932 yilda “О‘zdavnashr”da chop ettiradi.

Miyon Buzruk Solihov ilmiy asarlarining aksar qismini Madaniy qurilish ilmiy-tekshirish instituti (1934 yildan esa A.S.Pushkin nomidagi Til va adabiyot instituti)da ishlab turgan vaqtida yaratgan. О‘sha paytda bu institut ilg‘or fikrli о‘zbek ziyolilarining ilmiy maskanlaridan biriga aylangan edi. Bu yerda Fitrat, Otajon Hoshimov, G‘ozi Olim Yunusov, Elbek, Qayum Ramazonov, Hodi Zarif, Safo Zufariy, Olim Sharafiddinov kabi taniqli ijodkorlar til, adabiyot va folklor sohasida tadqiqotlar olib borishar edi. Bu olimlar Sovet hukumatining g‘ayrimilliy siyosati avj olgan bir sharoitda, turli qiyinchiliklarga qaramasdan, о‘zbek tili va adabiyoti ravnaqini kо‘zlab ijod etdilar. Hukumat idoralari ularni bir daqiqa ham о‘z holiga qо‘ygan emas. Ularning yurish-turishi, ijodi doimo nazorat ostida bо‘lgan. Shuningdek, ular о‘rtasida turli ixtiloflarni keltirib chiqarish ham mustabid hukumat vakillarining asosiy vazifasi edi. Shundan bо‘lsa kerak, bu yillar matbuot sahifalarida mahalliy olim va yozuvchilarning bir-birlarini ayblab, maqolalar yozishlari, ayniqsa avj olgan. О‘z vaqtida Miyon Buzruk Solihov ham bunday vulgar tanqidchilik zarbalaridan chetda qolgan emas. Bu yillarda uning ham asarlarini keskin tanqid qilib yozilgan maqolalar matbuot sahifalarida kо‘plab bosilgan. Shunday tanqidiy chiqishlardan biri I.Ahmedov, Y.Sultonov, Z.Tojiyevlar tomonidan yozilgan “Shubhali tortiq” maqolasi bо‘lib, u “Qizil О‘zbekiston” gazetasining 1935 yil 29 iyul sonida bosilgan. Maqolada Miyon Buzruk Solihovning “О‘zbek teatri tarixi uchun materiallar” kitobi jiddiy tanqid qilingan. Unda aytilishicha, Miyon Buzruk Solihov bu asarda, ataylab, jadid dramaturgiyasini tadqiq etgan va bu bilan jadidlarni xalq kо‘ziga о‘lka hayotida inqilobiy rol о‘ynagan yaxshi kishilar qilib kо‘rsatishga uringan.

Ayn (Olim Sharafiddinov) tomonidan yozilgan yana bir maqola ham shu “Qizil О‘zbekiston” gazetasining 1936 yil 6 iyun sonida “Bir reaksion nazariya tо‘g‘risida” sarlavhasi ostida bosilib chiqadi. Bu maqolaning maqsadi ham Miyon Buzruk Solihovni mafkuraviy jihatdan tanqid qilish edi. Maqolada, asosan, Miyon Buzruk Solihovning Samarqand yozuvchilar tashkiloti majlislaridan birida sо‘zlagan nutqi tanqid ostiga olingan. Jumladan, Miyon Buzruk Solihov о‘z nutqida yuqori saviyali ommabop badiiy asarlar yaratilmayotganligining sabablaridan biri shoirlarning о‘zbek milliy musiqasi hisoblanmish “Shashmaqom” ruhini bilmasliklarida ekanligini ta’kidlagan. Ayn esa Miyon Buzruk Solihovning bu fikriga qarshi chiqib, uni proletar adabiyotining ijodiy yо‘li sotsialistik realizm metodini inkor qilib, о‘zbek yozuvchilarini chalg‘itayotganlikda ayblagan.

Bulardan tashqari, Hamid Olimjon ham “Adabiyotimizning tikka kо‘tarilish davrida” (1934), “Jadid adabiyotining sinfiy mohiyati masalasiga doir” (1935), “Fosh qilish emas, xaspо‘shlash” (1934) kabi bir necha maqolalarida Miyon Buzrukni qattiq tanqid qiladi. Xususan, Uyg‘un bilan hammualliflikda yozilgan “Fosh qilish emas, xaspо‘shlash” maqolasida Miyon Buzrukning “О‘zbek adabiyotida millatchilik kо‘rinishlari” kitobi tahlil qilinib, bu kitobda 20-yillarda millatchilik kayfiyati bilan ijod qilgan shoir va yozuvchilarning “qilmishlari” “fosh qilish” emas, “xaspо‘shlash” yо‘lidan borilgan, degan xulosa chiqariladi.

Miyon Buzruk Solihov adabiyot, teatr tarixi, folklor va etnografiya, о‘zbek tili va tarjima muammolariga bag‘ishlangan “О‘zbek”, “Bedil” (1928 yil), “Mehrobdan chayon” haqida” (1929 yil), “О‘rta Osiyo va о‘zbek adabiyoti tarixiga umumiy qarash” (1930 yil), “Oktabrgacha bо‘lgan о‘zbek folklori”, “Sо‘fizoda va uning ijodi haqida” (1934 yil), “О‘zbek teatri tarixi uchun materiallar” (1935 yil) kabi asarlarni yozgan.

О‘zbekiston Fanlar akademiyasi arxivi materiallari ma’lumotlariga kо‘ra, Miyon Buzruk tojik sovet adabiyotining asoschisi Sadriddin Ayniy ijodi bо‘yicha ham tadqiqot olib borgan, “Doxunda” romanini tojik tilidan о‘zbek tiliga tarjima qilgan. Roman 1932 yil Toshkentda nashr etilgan.

Oilasi. Xotini Karima Solihova va Mazhar ismli о‘g‘li, Nuriyaxon ismli qizi bо‘lgan.

О‘limi. 1937 yilning yozida Buxoro pedagogika institutida ishlab turgan Miyon Buzruk Solihov mehnat ta’tilni о‘tkazish uchun Toshkentga qaytadi. Shu yilning 7 avgustida Toshkentda NKVD xodimlari tomonidan hibsga olinadi.

Miyon Buzruk hibsga olingan paytda Toshkent qishloq xо‘jaligini irrigatsiyalashtirish institutining tо‘rtinchi bosqich talabasi bо‘lgan о‘g‘li Mazhar Solihov о‘quv praktikasini о‘tash uchun Urganch shahriga yuborilgan edi. U uch-tо‘rt oydan keyin qaytib kelganida otasi bilan birga onasi Karimaxon va 9 yashar singlisi Nuriyaxonni ham qamoqxonaga olib ketilgan bо‘lgan.

Karima Solihovaning ishi NKVD huzuridagi Maxsus Kengash ixtiyoriga yuboriladi. Maxsus Kengash oradan 15 oy о‘tgandan keyingina uning hech bir aybi yо‘q ekanini tan olib, 1939 yil 5 fevralda ozod etgan. Qamoqxonadan bolalar uyiga jо‘natilgan Nuriyaxonga esa akasi Mazhar Solihovdan “sovet ruhida tarbiyalayman” degan tilxatni yozdirib olishgach, oilasiga qaytishiga ruxsat berilgan. Mazhar Solihovning о‘zi esa “xalq dushmani”ning о‘g‘li sifatida talabalik safidan chiqarilgan.

Miyon Buzruk hibsga olinganidan bir necha kun о‘tib, “Qizil О‘zbekiston” gazetasining 1937 yil 18 avgust sonida Ulug‘ Tursun tomonidan yozilgan “Til-adabiyot sohasidagi ziyonchilik” nomli maqola bosilgan. Bu maqolada asosan Otajon Hoshim va u rahbarlik qilgan A.S.Pushkin nomidagi Til va adabiyot institutida ilmiy faoliyat olib borgan bir qator olimlar mafkura tomonidan qoralanib, xalq dushmanlari sifatida tanqid qilingan. Maqolada: “U (Otajon Hoshim – A.B.) adabiyot sohasida marksizm ta’limotiga qarshi о‘zining buzuq fikrlarini ham, millatchi Fitrat, Miyon Buzruk va xalq dushmanlari G‘ozi Olim, Qayum Ramazon, Safo Zufariy kabilarning ham ziyonchiliklarini fosh qilmadi. Aksincha, u sovet til-adabiyotiga qarshi millatchilarning iflos ishlariga keng yо‘l qо‘yib keldi. G‘ozi Olim, Miyon Buzruk va boshqalarning millatchilik, panturkistlik ruhi bilan sug‘orilgan asarlarini bostirib keldi”, deb yozilgan.

Miyon Buzruk Solihovga “Oktabr inqilobidan keyin yashirin milliy aksilinqilobiy “Ittihod va taraqqiy”, “Milliy ittihod” va “Milliy istiqlol” tashkilotlarining rahbarlaridan biri bо‘lganlik, о‘z ishini ushbu tashkilotlarning yо‘lboshchilari Munavvarqori Abdurashidxonov, Zaki Validiy, Sadriddinxon Sharifxо‘jayevlar bilan birgalikda olib borgan”lik ayblari qо‘yilgan.

Miyon Buzruk Solihov 1938 yil 4 oktabrda otib tashlangan.