G‘OZI OLIM YUNUS
(1893–1938)
Bolaligi. Tilshunos, folklorshunos, tarjimon. U 1893-yilda Vyatsk gubernyasi, Bubi qishlog‘ida tug‘ilgan. Otasi Toshkentdagi Volga-Kamskiy tijorat bankida xizmat qilgan. Uning bolaligi Bubi qishlog‘ida о‘tgan.
Ma’lumoti. G‘ozi Olim dastlab qishlog‘idagi Abdulla Bubi maktabida ta’lim olgan. Keyingi tahsilni 1909-yilda Istanbul shahriga borib dorilfununda davom ettirgan. Ushbu ta’lim muassasini 1913-yilda tamomlab, Qohiradagi “Al-Azhar” madrasasiga о‘qishga kiradi. G‘ozi Olim bir yil davomida ushbu madrasada ta’lim olgan. U 1914-yilda Turkiyaga qaytib о‘sha davrda taraqqiy etgan Germaniyada ta’lim olish uchun harakat qilgan. Ammo birinchi jahon urushining boshlanishi va siyosiy jarayonlar bois, uning bu harakati oxiriga yetmay qoladi. Shundan sо‘ng u Turkistonga qaytadi.
Faoliyati. G‘ozi Olim 1914-yil Turkistonga qaytib “Turon” jamiyatiga a’zo bо‘lib taniqli jadid namoyandalari bilan birga faoliyat yurita boshlaydi. U 1917-yilda Turkistonda tashkil etilgan “Shо‘roi Islom” va “Shо‘roi Ulamo” kabi siyosiy partiyalar ishida faol ishtirok etadi. “Ulamo” jamiyati tarkibida bо‘ladi.
Turkiston yoshlarini milliy va ilmiy ruhda tarbiyalash maqsadida 1918-yil iyul oyida “Turk о‘chog‘i” tashkilotini tuzadi. Toshkentda Abdurauf Fitrat tomonidan 1919-yilda tashkil etilgan “Chig‘atoy gurungi” tashkilotiga a’zo bо‘lib kirib, uning faoliyatida ishtirok etadi.
G‘ozi Olimning XX asrning 20-yillar boshlaridagi faoliyati Xalq Maorif komissarligi qoshidagi “Ilmiy kengash”da davom etadi. Shu komissarlik qoshidagi til va atamashunoslik bо‘limida ilmiy kotib bо‘lib ishlaydi. U shuningdek, Samarqand pedakademiyasida о‘zbek tili kafedrasi professori, Til va adabiyot institutida ilmiy xodim sifatida faoliyat olib borgan.
G‘ozi Olim Yunus 1924-yilda adliya xalq nozirligida huquq masalalari bо‘limini boshqargan. Ushbu davrda u qator qonun hujjatlarini о‘zbek tiliga tarjima qilgan.
Ilmiy-adabiy merosi. G‘ozi Olim 1922-yilda teatr etnografik bilim hay’ati a’zosi sifatida Samarqand, Toshkent, Sirdaryo (Mirzachо‘l) viloyatlarida bо‘lib, xalq qо‘shiqlari, jumboqlari, maqollarini, “Alpomish” dostonining 2-qismini (50 sahifa), kо‘plab hikoyatlarni tо‘plagan. 1922-yilda yirik о‘zbek dostoni –“Alpomish”ni Fozil Yо‘ldosh о‘g‘lidan birinchi bо‘lib yozib olgan. Unga 1930-yilda ilmiy sohada qilgan xizmatlari uchun professor unvoni beriladi. U “О‘zbek urug‘laridan qatag‘onlar va ularning tili” (1930), “Yuridik terminlar lug‘ati” (1926), “О‘zbek tili grammatikasi” (1936) kabi ilmiy asarlar yaratgan.
Oilasi. Uning turmush о‘rtog‘i Valentina Ivanovna Yunusova edi. Ushbu oilaning Erk, Oskar ismli о‘g‘llari va Mira hamda Kamilla ismli qizlari bо‘lgan. Katta qizi Mira Yunusova 1934-1935-yillarda Leningraddagi maktabda о‘qigan.
Qatag‘oni: G‘ozi Olim Yunus 1937-yil 24-aprelda aksilinqilobiy tashkilot a’zosi sifatida ayblanib IIXK xodimlari tomonidan qamoqqa olingan. Unga “panturkist”, “aksilinqilobchi va burjua-millatchi” ayblovlari qо‘yilib bir yil davomida qiynoqqa solingach, 1938-yil 4-oktyabrda otib tashlangan.
Jadidlar.uz saytidan olindi.