MIRMUHSIN SHERMUHAMEDOV
(1895–1929)
Bolaligi. Jurnalist, madaniyat xodimi va yozuvchi. U 1895-yilda Toshkentning Eski Jо‘va mavzesida Mahsidо‘zlik mahallasida Shermuhammad ota oilasida tug‘ilgan. Oilada tо‘rt farzand bо‘lib akasi Mirmulla, ukalari Mirmuslim va Muborak. Oddiy о‘zbek oilasidan bо‘lib, otasi hammollik va chorikorlik bilan kun kо‘rgan.
Akasi Mirmulla dо‘kon ochib savdogarplik bilan mashg‘ul bо‘lgan. Ma’rifatparvarlik harakatiga qо‘shilib matbuotda maqolalari bilan ishtirok etgan. Turkiston ASSR Markaziy Ijroiya Komitetida tarjimonlik (1922) qilgan. Shuningdek, Toshkentda nashr etilgan “Qizil bayroq” gazetasida faoliyat olib borgan. 1923-yilda vafot etgan.
Ukasi Mirmuslim yangi usul va rus-tuzem maktabida о‘qigan. Sо‘ng 1921-1923-yillarda Sharq xalqlari kommunistik universitetida о‘qigan. U 1926-1928-yillarda Samarqand okrug partiya komitetida inspektor, sо‘ngra kotib vazifasida ishlagan. Mirmuslimning 1930 yillardan keyingi faoliyati О‘zbekiston kompartiyasi MKning qishloq xо‘jalik bо‘limida ishchi sо‘ng esa mudir lavozimlarida ishlagan. U “Milliy ittihod” tashkilotining a’zosi bо‘lganlik va “xalq dushmanlari” bilan hamkorlik qilganlikda ayblanib, 1938 yilda otib tashlangan.
Ma’lumoti. Mirmuhsin dastlab maktabda savod chiqardi. 1915-1917-yillarda Ufadagi “Oliya” madrasasida tahsil oladi. Ufadagi tahsil chog‘ida (1917 yil) “Turkistonlik о‘quvchilar jamiyati”ni tuzgan. Turkistonga qaytib matbuot sahifalarida ishtirok eta boshlaydi.
Faoliyati. Ta’limdan sо‘ng faoliyatini Turkiston jadidlari tomonidan tashkil etilgan gazeta va jurnallarda faoliyat olib boradi. Sо‘ng taqibga uchrab Ufa shahriga ketadi. 1918 yil oxirlarida Ufadan Sharqiy frontga kо‘ngilli bо‘lib urushga ketadi. Bu davrda Sharqiy frontdagi 1-5-armiyalar siyosiy bо‘limida jangchi-jurnalist sifatida harbiy gazetalarda muharrirlik qilgan. 1920-yil Turkistonga qaytib “Ishtirokiyun” gazetasini boshqargan. Sо‘ng “Qizil bayroq”, “Turkiston” gazetalarida muharrirlik qilgan.
Ilmiy-adabiy merosi. She’riyatga qiziqib 1913-yilda “Tavsifi Xislat eshon” nomlangan ilk she’ri “Turkiston viloyatining gazetasi”da nashr etiladi. U 1913-1915-yillarda yozgan she’rlari 700 misrani tashkil etgan. Dastlab “Muhsiniy”, sо‘ng 1914 yildan “Fikriy” tahalluslari bilan ijod qilgan. Uning maqolalari “Turkiston viloyatining gazetasi”, “Yurt” (1917. 3-son.) jurnalida, “Turon”, “Hurriyat” (1917) gazetasida “Shо‘ro”, jurnallarida nashr etilgan. Uning “Befarzand Ochildiboy” (1914) nomli hikoyasi birinchi о‘zbek romani sifatida e’tirof etilgan. Shuningdek, “Yigirmanchi asrda Turkiston boboy”, “Zindon” (1914) hikoyalari orqali taraqqiyotdan ortda qolgan Turkistondagi hayotni tasvirlab beradi. Uning 1917-yil “Turon” gazetasida nashr etilgan “Tarixiy ikki voqea” maqolasi uchun dindorlar tomonidan sazoyi qilinib о‘limga hukm qilinadi. Biroq bu hukm qayta kо‘rilib 18 oylik qamoq jazosiga almashtirilgan. Kо‘p о‘tmay Mirmuhsin bu jazodan qutilib Ufa shahriga ketadi.
О‘limi. Mirmuhsin Shermuhammedov 1929-yilda baxtsiz tasodif tufayli ya’ni uy bolaxonasining tomidan yiqilib vafot etgan.