SULAYMON XO‘JAYEV
(1892–1937)
Bolaligi. XX asr boshlaridagi dastlabki milliy kinooperator, kinorejissyor, kinodramaturg va aktyorlardan biri Sulaymon Xoʻjayev 1892-yili Toshkentda tugʻilgan.
Maʼlumoti. Sulaymon Xoʻjayev 1902–1912-yillari “Koʻkaldosh” va “Abulqosim” madrasalarida tahsil olgan. 1927–1932-yillari Moskvadagi Kinematografiya institutida oʻqigan.
Mehnat faoliyati. Sulaymon Xoʻjayev jadid ziyolilari bilan birga faoliyat olib borgan. 1916–1917-yillari “Turon” teatri faoliyatida ishtirok etgan. Sovet hokimiyati oʻrnatilgach, turmush tirikchiligi uchun mirshablik qilgan. Shu bilan birga muallimlik faoliyatini olib borib, oʻquvchilarga taʼlim ham bergan.
U ziyolilar tomonidan tuzilgan “Turk adam markaziyati” va “Milliy ittihod” tashkilotining aʼzosi boʻlgan.
1926–1930-yillari “Ravot qashqirlari”, “Chachvon”, “Soʻnggi bek”, “Avliyo qizi” kabi filmlarda aktyor sifatida rol ijro etgan. 1933-yili Jizzax qoʻzgʻoloniga bagʻishlangan “Tong oldidan” filmida kinodramaturg, kinorejissyor va artist sifatida ishtirok etgan.
Oʻlimi. Sovet hokimiyatining 30-yillardagi qatagʻon siyosati vaqtida Sulaymon Xoʻjayev ham 1934-yili hibsga olinadi. OGPUning qarori bilan 6-yilga mehnat tuzatuv lageriga surgun qilingan. U “Malik” mehnat tuzatuv lageriga yuborilgan. U 1937-yili aksilinqilobiy targʻibotda ayblanib, qayta sud qilingan va oʻsha yilning 20-avgustida otib tashlangan.
Jadidlar.uz saytidan olindi.