Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


ABDUVAHOB MURODIY

img

(1901–1937)

Bolaligi. Jadidchilik harakatining aʼzosi. Germaniyada taʼlim olgan oliy maʼlumotli ziroatchi (agronom). U 1901-yil 29-mayda Toshkent shahrining Shayxontohur dahasi birinchi Egarchi mahallasida, ishchi oilada tugʻilgan. Uning bolaligi ushbu mahallada o‘tgan.

Otasi oddiy oilaning boshligʻi bo‘lgan. U haqida ko‘p maʼlumot mavjud emas.

Onasi Xayriniso 1875-yilda tugʻilgan.

Ukasi Abduqodir 1908-yilda tugʻilgan. Abduvahob Murodiy qamoqqa olingan vaqtda ukasini “ishchi” ekanligi haqida maʼlumot beradi.

Singlisi Sohiba 1917-yilda tugʻilgan. Murodiyning 1930-yilda to‘ldirgan so‘roq qogʻozida maktab o‘quvchisi deb yozgan.

Maʼlumoti. Dastlab Eshonxo‘ja Xoniyning  “Xoniy” maktabida boshlangʻich taʼlimni olgan. So‘ng 1914-yilda Munavvarqori Abdurashidxonovning “Namuna” maktabida o‘qigan. U taʼlim olish bilan birga milliy ziyolilarning islohotchilik gʻoyalari bilan tanishib, maorif ishlarida ishtirok etgan. 1915-yil Namangan shahriga borib bir yil davomida muallimlik qiladi. 1916-yilda Toshkentga qaytib “Hayot”  nomli maktabda muallimlik qilgan. 1917-yilda Bokudagi pedagogik texnikumning ziroat bo‘limida o‘qiydi. U Toshkentga qaytgach 1918-1919-yillar mobaynida o‘quvchilarga taʼlim berish bilan mashgʻul bo‘lgan. Toshkentdagi “Mashrab” nomli maktabda dastlab muallim so‘ng mudirlik qilgan. “Muallimlar jamiyati” faoliyatida ishtirok etgan. O‘z ilmini oshirish maqsadida 1919-yil Turkistondan jo‘nab ketadi. U 1921-yil 15-iyulda Germaniyaga boradi. Berlin shahrida yashab dastlab xususiy taʼlim asosida nemis tilini o‘rgangan va 1922-yilning yozida “Berlin oliy ziroat akademiyasi”ga o‘qishga kiradi. 1926-yilda  u to‘rt oy Misrda bo‘lib, paxtachilik bo‘yicha amaliyotda bo‘ladi. U 1927-yilning aprelida Toshkentga qaytadi.

Faoliyati. Germaniyadan O‘zbekistonga qaytgach R. Shreder rahbarligidagi qishloq xo‘jalik tajriba stansiyasida direktor muovini bo‘lib ishga olinadi. Bu tajriba stansiyasida urugʻ-aymoqchilik juda kuchli bo‘lib, faqatgina Yevropa millatiga mansub, o‘zlariga tanish kishilarnigina ishga qabul qilar edilar. Mahalliy aholini stansiyada ishlashga imkon bermagan. Abduvahob Murodiy bir yarim yil mobaynida shtatdan tashqarida deb bir necha bor ishdan bo‘shatildi. Faqatgina Yer ishlari komissari almashgach stansiyadagi bir qator o‘zgarishlar qilinadi. Tajriba stansiyasidagi “Dehqon xo‘jaligini iqtisodiy va texnik tomondan tekshirish” (“Селхоз экономики и применение”) sho‘basi mudirini ishdan olinishi natijasida ushbu bo‘limga mudir qilib tayinlanadi. Murodiy tajriba stansiyasidagi faoliyatida o‘zbek dehqonlariga yordam berish va ularning ish jarayonini o‘rgangan holda sharoitga mos agroko‘mak metodlarini ishlab chiqishga intildi. U to‘garak tashkil qilib dehqonlarga yangi usulda ekin yetishtirish nazariyasi hamda amaliyotini o‘rgatib bordi. “Qizil Namuna” nomlik jamoa xo‘jaligi tuzib ijobiy natijalarga erishdi. Shuningdek, 1928-1929-yillarda O‘rta Osiyo Davlat universitetining qishloq xo‘jalik fakultetida ilmiy xodim bo‘lib ishlagan.

Ilmiy-adabiy merosi. Abduvahob Murodiy 1914-yildan boshlab milliy matbuot sahifalarida o‘zining maqolalari bilan ishtirok eta boshlagan. Uning maqolalari “Sadoyi Turkiston” (1914), “Qizil bayroq” (1922), “Qizil O‘zbekiston” (1925) gazetalarida nashr etilgan. Jumladan, “Germaniyadan xat”, “Ovrupo va biz II (Germaniyadan xat)”, “Germaniyada o‘qish va o‘qitish (Germaniyadan xat) III”, “Butun dunyo paxtachiligi”, “Tarjimai hol” kabi maqolalar shular jumlasidan.

Oilasi. U Germaniyadan qaytish chogʻida Marta ismli qiz bilan oila qurgan. Ular Oʻzbekistonga birga keladilar. O‘zbek tilini yaxshi o‘rgangan. 1932-yilga qadar Toshkentda istiqomat qiladi. Turmush o‘rtogʻi qamalib nom-nishonsiz ketgach,  tazyiqlar sabab O‘zbekistondan chiqib ketishga majbur bo‘lgan. Pote ismli qizi bo‘lgan. Ushbu qizchaga oʻzbekcha Maryam ismini qo‘yishgan edi. Abduvahob Murodiy qamoqqa olingan vaqtida Maryam 2 yoshda bo‘lgan.

O‘limi. Sovet hokimiyatining XX asrning 20-yillari oxirlarida “Milliy ittihod” tashkilotining ustidan olib borgan tergov jarayonida Abduvahob Murodiy ham aybdor qilinib, 1930-yil 25-mayda “Milliy ittihod” tashkiloti aʼzosi sifatida qamoqqa olingan va oradan bir yil o‘tgach, BDSB kollegiyasi qarori bilan 10-yilga mehnat tuzatish lageriga surgun qilingan. U surgunni Solovets lagerida o‘taydi. 1937-yilda esa  Solovets lageridan olib kelinib shu yil 9-oktabrda Leningrad Ichki Ishlar Xalq Komissarligi uchligi tomonidan sud qilindi va oliy jazoga hukm etilgan.  Abduvahob Murodiy Kareliya ASSRning Sandarmox o‘rmonida 1937-yil 27-oktyabrida otilgan.

Jadidlar.uz saytidan olindi.