PORSO XO‘JAYEV
(1867–1937)
Bolaligi. Xo‘jayev Porso (Porso Xo‘ja Hasan) 1867-yil Buxoro shahrida tugʻilgan.
Maʼlumoti. Dastlab maktabda, so‘ngra madrasada tahsil olgan. Jadidchilik harakatining namoyandalaridan biri, davlat va jamoat arbobi.
Faoliyati. 1905-yildan Buxorodagi jadidchilik va Yosh buxoroliklar safida yangi usul maktablari ochish va jadid gazetalari chiqarish, ko‘plab qiroatxona va kutubxonalar tashkil etishda faol qatnashgan. 1918-yil mart voqealaridan keyin Toshkentda muhojirlikda yashagan.
Buxoro Xalq Sovet Respublikasi (BXSR) tuzilgach, 1920–1921-yillarda Xatirchi va Karmana viloyatlari inqilobiy qo‘mitasi raisi, 1921-yili BXSR dehqonchilik noziri va nozir o‘rinbosari, 1922-yili Buxoro markaziy kasabalar ittifoqi raisi, 1922-yil avgust – 1924-yil noyabr BXSR Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi raisi, 1925-yildan Buxoro shahri ijroiya qo‘mitasi raisining o‘rinbosari, Buxoro okrugida yer islohoti bo‘yicha komissiya raisi bo‘lib ishlagan. 1929-yildan Toshkentda yashagan.
O‘limi. BXSRning rahbar arboblari bilan birgalikda millatchilikda ayblanib, 1937-yil 14-oktyabrda otishga hukm qilingan.
Jadidlar.uz saytidan olindi.