Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


OTAULLA XO‘JAYEV

img

(1880–1937)

Bolaligi. Otaulla  Xo‘jayev buxorolik yirik savdogar Qori Po‘latxo‘ja oilasida 1880-yilda tugʻilgan.

Maʼlumoti. Eski maktabda, so‘ngra Buxoroda madrasa tahsilini olgach, akasi Usmon Xo‘ja, Fitrat va boshqalar bilan birgalikda Istanbulda 1909–1913-yillarda Voizin madrasasida tahsil olgan.

Faoliyati. 1913-yilning bahorida Turkiyadan Fitrat bilan birga Otaulla Xo‘jayev Buxoroga maorif va madaniy, ijtimoiy qurilish to‘gʻrisidagi yangi gʻoyalar bilan qurollanib qaytib kelganlar. 1914-yildan boshlab Fitrat va Otaulla Xo‘jalar boshchiligida jadidlar Gʻijduvon, Karmana, Nurota, Chorjo‘y, Karki kabi hududlarda yangi usul maktablarini ochishga muvaffaq bo‘lganlar.

1917-yil aprel oyida amir tomonidan islohot farmonini tayyorlash va eʼlon qilishda boshqa taraqqiyparvar ziyolilar qatori Otaulla Xo‘jayev ham faol qatnashgan. Namoyishda ko‘ngilsiz voqealar bo‘lmaganligi va u tinch o‘tganligi to‘gʻrisida qo‘shbegini xabardor qilish uchun uning huzuriga Markaziy Komitet aʼzolaridan Otaulla Xo‘jayev, Hoji Mirbobo Mirmuhsinov va Yusufzodalar vakil qilib yuborilgan. Ammo Arkka yetib kelgan vakillar hibsga olingan.

Otaulla Xo‘jayev va uning do‘stlari amirlikda konstitutsion monarxiya o‘rnatish hamda mehnatkashlar ommasining farovonligini va madaniyatini oshirish uchun Buxoroni iqtisodiy-siyosiy jihatdan mustahkamlash gʻoyasini ilgari surganlar. Shuning bilan bir qatorda, ular dehqonchilik va yer-suv masalalariga ham katta eʼtibor berganlar. Maʼrifatparvarlar qishloq xo‘jalik maktablarini ochish hamda agronomiya bilimlarini omma orasiga yoyish kabi ilgʻor fikrlarni ham ilgari sura boshladilar.

1918-yilning martida Kolesov bosqinidan keyin amir qirgʻindan qutulib qolgan Yosh buxoroliklarning 150-300 kishilik guruhi Turkiston ASSRga qochib borib, u yerda ikki siyosiy markaz tuzgan. Bu markazlarning biri Samarqandda, biri esa Toshkentda edi. Samarqand markaziga Otaulla Xo‘jayev va Rahmat Rafiq, Toshkent markaziga esa I.Akbarov, A.Burhonov va F.Xo‘jayevlar boshchilik qilganlar. Markazning asosiy vazifasi tashkilot aʼzolariga moddiy yordam berish, ularni ish bilan taʼminlash, mablagʻ to‘plash va uni taqsimlashdan iborat edi. Otaulla Xo‘jayev 1920-yilning sentabr oyigacha Yosh buxoroliklar partiyasining safida bo‘lgan.

1920-yil iyulida yosh buxoroliklarning Turkistondagi markaziy byurosi Otaulla Xo‘jayevni Moskvaga Kommunistik Internatsional kongressiga qatnashish uchun vakil qilib jo‘natadilar. Kongress yigʻilishida Otaulla Xo‘jayev shaxsan o‘zi Leninga Yosh buxoroliklarning dasturi va unga ilova sifatida o‘zining xatini topshirgan. Xatning mazmuni quyidagicha bo‘lgan:

“O‘rtoq V.I.Leninga

Yosh buxoroliklar partiyasi aʼzosi

 Otaulla Xo‘jayevdan ariza

Yosh buxoroliklar partiyasi Buxoroda eng kuchli va ommabop partiya hisoblanadi. U 1908-yilda tashkil topgan va bu partiya faollari ikki marta amirni taxtdan agʻdarib tashlashga urinib ko‘rdi. Partiya jangovar otryadlar tuzgan. Amir armiyasida ham yosh buxoroliklarga xayrixohlar ancha. Biz Rossiya kommunistik partiyasining yordamisiz gʻalabaga erisha olmaymiz. Shuning uchun bizni III Kommunistik Internatsional seksiyalaridan biriga qabul qilishingizni so‘raymiz. Qolgan barcha muammolarni tushuntirish uchun meni shaxsan qabul qilishingizni so‘rayman”.

Lenin bu xatni Sharq xalqlari kommunistik tashkilotining rahbari I.Stalinga yo‘llaydi. Maʼlumki, bu paytda Moskva Buxoro ustiga “yurish”ga qattiq tayyorgarlik ko‘rib, bu jarayon yaqin kunlarda amalga oshirish uchun shoshilinch choralar ko‘rayotgan edi. Natijada Otaulla Xo‘jayevning xati eʼtiborsiz qoldirilgan.

Buxoroda amirlik tuzumi agʻdarib tashlangach, 1920-yil 6-oktabrda Sitorayi Mohi Xosa saroyida ikki mingga yaqin delegat ishtirokida qurultoy o‘tkazilib, unda Otaulla Xo‘jayev Ichki ishlar noziri lavozimiga tayinlangan. Oradan ozgina fursat o‘tgach, Otaulla Xo‘jayev Qarshi viloyati inqilobiy qo‘mitasi (revkomi) raisi vazifasiga ishga yuborilgan. 1921-yilda Fayzulla Xo‘jayevning topshirigʻi bilan Sharqiy Buxoro – Dushanbega istiqlolchilik harakatini o‘rganish va “chora” ko‘rish uchun Otaulla Xo‘jayev boshchiligida Sodiq Muhammadiyev va Naimjon Yoqubzodalardan iborat komissiya yuborilgan. Komissiya aʼzolari u yerdagi qizil armiya qismlari qo‘mondonligi bilan “kelishib”, Ko‘lob viloyatining Baljuvon tumanida harakat qilayotgan istiqlolchi guruhlarining qo‘rboshilari Davlatmandbek, Sulton Eshon, Komilboy va Qayum To‘qsabolar bilan uchrashgan.

Sharqiy Buxoroda Otaulla Xo‘jayev qizil armiyaning bosqinchilik harakatini, bolsheviklarning qishloq masjidlarini otxonalarga aylantirib, mahalliy aholini talayotganliklarini ko‘rib, vatandoshlarni bu muhim hodisalardan qutqarishga ko‘p harakatlar qilgan. Otaulla Xo‘jayevning bu ishlarini ko‘rgan Turkiston armiyasi qo‘mondonligi Buxoro hukumatidan uni chaqirib olishni so‘raganlar. Fayzulla Xo‘jayev uni Buxoroga chaqirib olishga majbur bo‘lgan va Buxoro hukumatining Moskvadagi vakolatxonasiga rahbar qilib yuborgan.

1922-yilning yanvar-may oylarida Otaulla Xo‘jayev Rossiya davlatida BXSRning muxtor vakili bo‘lib xizmat qilgan. Shu davrda Buxoro va Rossiya o‘rtasidagi iqtisodiy, madaniy aloqalarini kuchaytirishga harakat qilgan. Buxorodan Abduvohid Munzim boshchiligida Germaniyaga o‘qishga ketayotgan yoshlarni Moskvada tantanalar bilan kutib olib, Germaniyaga kuzatgan.

1922-yil 21-avgustda F.Xo‘jayev o‘z kasalligi to‘gʻrisida ariza yozib, Rossiya yoki Germaniyada davolanish uchun uch oyga ruxsat berishlarini so‘raydi. Shu davrda Otaulla Xo‘jayev Xalq Nozirlar Kengashi raisi vazifasini bajaruvchi sifatida faoliyat olib borgan.

1922-yilning 8-noyabrida Sitorayi Mohi Xosada Buxoroning birinchi muzeyi ochiladi. Bu tantanalarda hukumat rahbarlari ishtirok etadilar. BXSR Nozir sho‘rosi raisi vazifasini bajaruvchi Otaulla Xo‘jayev Buxoro muzeyining ochilishi munosabatida yigʻilgan tantanada katta nutq so‘zlab, muzeyning tarixiy o‘rniga to‘xtalib o‘tadi.

Fayzulla Xo‘jayev davolanishda bo‘lgan 4 oy davomida Najim Husainov boshchiligidagi bir guruh so‘l kommunistlar hokimiyatni egallash uchun kurash boshlaydilar. Natijada RKP (b) MK Buxoro masalasi bilan jiddiy shugʻullanishga kirishadi.  

1923-yil 12-iyunda RKP (b) MK siyosiy byurosi “Buxoro masalasi”ni ko‘rib chiqib, Buxoro hukumatini sovetlashtirish chora-tadbirlarini yanada kuchaytirish to‘gʻrisida qaror qabul qilgan. Qarorga Stalinning Buxoro Nozirlar SHo‘rosining tarkibi haqidagi “Buxoro hukumati nomi ostida ish ko‘rayotganlarning xalq va sovet hukumatiga hech bir aloqadorligi yo‘q” degan fikr asos qilib olinib, Buxoro Respublikasida hokimiyatga boylar, savdogarlar tortilgan, birorta ham dehqon yo‘q, uning ustiga hammayoq qarindoshchilik degan ayb qo‘yilgan.

Sovet hukumati BXSRdagi siyosiy vaziyatni nazorat qilish va o‘z buyruqlarini so‘zsiz amalga oshirish uchun RKP (b) MK kotibi, RKP (b) MK O‘rta Osiyo byurosining raisi Y.YE.Rudzutakni 1923-yil 20-iyunda Buxoroga jo‘natgan. 1923-yil 22-23-iyunda Buxoro kommunistlarining kengashi chaqirilib, ikki kun Y.YE.Rudzutak raisligida o‘tgan yigʻilishda Buxoro kommunistlarining oldiga qatʼiy talablar qo‘yilgan. Buxoro hukumati aʼzolarining faoliyatini tekshirish uchun Abdulla Rahimboyev, Ustonur Saidmurodov, Pozdnishevdan iborat komissiya tuzilgan. Fayzulla Xo‘jayevning eng yaqin safdoshlari bo‘lgan sobiq Yosh buxorolik jadidlarning deyarli barchasiga turli asossiz ayblar qo‘yilib, ular Buxoro hukumati tarkibidan chiqarildilar. BXSR hukumati aʼzolaridan 5 kishi – Otaulla Xo‘jayev (Nozirlar SHo‘rosi raisining birinchi o‘rinbosari, kasaba uyushmasi raisi), Abdurauf Fitrat (Maorif noziri), Naimjon Yoqubzoda (Nazorat komissiyasi raisi), Sattor Xo‘jayev (Moliya noziri), Muinjon Aminov (Buxoro iqtisodiy kengashi raisi), Muxtorjon Saidjonov (Ichki ishlari noziri) o‘z vazifalaridan chetlashtirilib, Buxorodan chiqib ketishlari talabi qo‘yilgan.

Otaulla Xo‘jayev O‘rta Osiyoda milliy-hududiy chegaralanish o‘tkazilgandan so‘ng nogironlarning Butun o‘zbek uyushmasi (Vseuzbeksoyuz) raisi o‘rinbosari (1925), 1930–1933-yillarda Xorazm okrugi va Tojikiston ASSRda turli lavozimlarda ishlagan. Keyinchalik Kislovodskdagi “O‘zbekiston” sanatoriysi direktori, “O‘zbekbirlashuv” tizimida masʼul xodim (1935– 1936), Buxoroning Labi hovuzida joylashgan birinchi gastronomning tashkilotchisi va direktori (1935–1937) lavozimlarida ishlab el-yurtga munosib xizmat qilib kelgan.

Oilasi. Xotini va yolgʻiz Inoyatxo‘ja ismli o‘gʻli bo‘lgan.

O‘limi. Otaulla Xo‘jayev 1937-yil 17-yanvarida Buxoroda qamoqqa olingan. O‘sha davrning o‘lim mashinasi hisoblangan “uchlik”ning qarori bilan Otaulla Xo‘jayev BXSRning 17 rahbarlari qatori 14-oktabrda otuvga hukm qilingan. Toshkentda 1937-yilning 25-oktabrida hukm ijro etilgan.

Jadidlar.uz saytidan olindi.