AHMADJON ABDUSAIDOV (HAMDIY)
(1875–1946)
Bolaligi. Ahmadjon Abdusaidov 1875-yili Buxoro shahrining “Muftizoda” mahallasida dunyoga kelgan.
Maʼlumoti. Buxoro maktab va madrasalarida tahsil olgan. Masjid qoshida yangi usul maktabi ochib bolalarga dars bergan. Mulla Ahmadjon tatar matbuoti orqali jadidchilik gʻoyalari bilan tanishgan. “Tarbiyayi atfol” jamiyatining ishlarida faol ishtirok etgan. “Hamdiy” taxallusi bilan sheʼrlar yozgan. 1911-1913-yillarda bir guruh yoshlarni olib Turkiyaga borgan va Istanbuldagi “Dor ul-voizin” maktabida o‘qib qaytgan.
Faoliyati. Buxoro Xalq Sovet Respublikasi tuzilgach, 1920–1921-yillari BXSR MIK raisi lavozimida ish olib borgan. Ahmadjon Abdusaidov Hamdiy Buxoro Xalq Sovet Respublikasi tugatilib, O‘zbekiston tashkil etilgach, sovet maʼmurlari tomonidan eski jadidlar vakili sifatida hukumat ishiga yaqinlashtirilmagan. Hamdiy Dushanbe shahrida Tojikiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi sifatida ish boshlagan. 1935-1937-yillari Tojikiston yozuvchilar uyushmasida adabiy maslahatchi vazifasini bajargan.
Oilasi. 3 nafar farzandi: 2 o‘gʻil va 1 qizi bo‘lgan. 1922-yil kuzida katta o‘gʻli Afzal Abdusaidni Germaniyada o‘qishga yuborgan. Afzal Abdusaid Berlinda Arxitektura sohasida oliy maʼlumot olgan. U o‘ziga pul berish evaziga yollanishini talab qilgan sovet chekisti Mixalkovning pulini pochta orqali qaytarib fosh etishi bilan Germaniya matbuotida juda mashhur bo‘lgan. Kichik o‘gʻli Anvar Leningraddagi ishchi fakultetida tahsil olgan. Qizi Hidoyat Ahmedovaning faoliyati haqida esa maʼlumot mavjud emas.
O‘limi. Ahmadjon Abdusaidov 1937-yil Toshkentga mehnat taʼtiliga chiqib qaytgan paytida shu yilning 8-sentyabrida “Milliy ittihod”ning rahbarlaridan deb qamoqqa olishga qaror chiqarilgan va 9-sentyabr kuni Toshkent shahri, “O‘tkir” mahallasi, 76-uyda hibsga olingan.
Ahmadjon Abusaidov 1937-yil 13-sentyabr so‘roqda: “1921-yil haqiqatan “Milliy ittihod” nomida tashkilotimiz bo‘lgan. Unga Usmon Xo‘jayev, Fayzulla Xo‘jayev, Abduqodir Muhiddinov, Muso Saidjonov, Muxtor Saidjonov, Muhiddin Hakimov – Ravkat, Rahmat Rafiq, Mukammil Burhonov, Ota Po‘latovich Xo‘jayev, Muinjon Aminjonov, Hoshim Shoyiq, Naimjon Yoqubzoda, Abdulhamid Oripov, Mirzo Izzatullo Amin, Shavkat Sulaymonov, Ismoil Sadriy, Saidahmadxo‘ja Eshonxo‘jayev va boshqalar ham aʼzo edi. Maqsadimiz yagona – Buxoro ozodligi edi. Shu yo‘lda Anvar poshsho va Zaki Validiylar bilan uchrashdik, qo‘rboshilarni qo‘llab-quvvatladik. Tashkilot ko‘rsatmasi men Ota Xo‘jayev bilan Sharqiy Buxoroga borib, istiqlolchilardan o‘zimizga milliy armiya ham yaratmoqchi bo‘ldik. Ammo harakatimiz o‘xshamadi… 1923-yildan magʻlubiyatimizni tan olib barcha harakatlarni to‘xtatdik”, deydi.
1937-yil 14-oktyabrda NKVD qoshidagi maxsus “uchlik” tomonidan Ahmadjon Abusaidov ham ”oliy jazo”ga hukm qilingan va otib o‘ldirilgan. Ammo o‘gʻli Anvar Ahmedovning 1956-yilda 29-iyulda Leningrad shahridan SSSR IIVga yozgan arizasiga Ahmadjon Hamdiyning 1937-yil 10 yilga mehnat tuzatish lageriga hukm qilinib, 1942-yil 14-oktyabr kuni yurak yetishmovchiligi xastaligidan vafot etgan deb javob berilgan. Qizi Hidoyat Ahmedovaning 1964-yil 23 martda TojSSR DHQga yozgan arizasiga esa Ahmadjon Hamdiy 1946-yil vafot etgan degan xabar kelgan.
Jadidlar.uz saytidan olindi.