ABDUSALOM AKRAMOV
(1908–1975)
Bolaligi. 1908 yilda Samarqand shahrining “Chorraha” mahallasida tug‘ilgan.
Ma’lumoti. Mahmudxо‘ja Behbudiy va Abduqodir Shakuriyning usuli jadid maktabida tahsil olgan. Maktabda boshlang‘ich ta’limni olgan Abdusalom Akramov Pedagogika bilim yurti maqomidagi internatda о‘qishini davom ettirgan. О‘qishni tamomlagach, о‘qituvchilik qila boshlagan. Saidrizo Alizoda, Abduqodir Shakuriy, Hamza Hakimzoda Niyoziylar maslahati bilan 1924 yilda Abdusalom va akasi Nasim savodsizlikni tugatish maktabi ochib, yoshlarni о‘qitgan.
Bir muddat о‘qituvchilik qilgach, о‘qishini davom ettirish uchun Moskvaga jо‘nab ketgan. О‘qish bilan birgalikda Tojik vakolatxonasida avval tarjimon, sо‘ngra maxfiy qism boshlig‘i va mas’ul kotibi lavozimlarida mehnat qilgan.
О‘qishni tamomlab о‘z yurtiga qaytgan Abdusalom Akramov 1930 yilda о‘qituvchilar malakasini oshirish institutida direktor о‘rinbosari sifatida faoliyat yuritgan. 1932 yilda “Narkompros”ning topshirig‘iga asosan Tojikiston pedogogika institutiga ishga jо‘natilgan. 1934 yil Samarqandga qaytgan Abdusalom Akramov 1937 yilgacha Samarqand shahar xalq ta’limi bо‘limi mudiri vazifasida ishlagan va bir paytning о‘zida pedagogika institutida kechki smenada tahsil oladigan talabalarga dars bergan.
1937 yilning 23 avgustda Abdusalom Akramov barcha jadid namoyandalari singari NKVD xodimlari tomonidan hibsga olingan. Uyidagi barcha kitob, qо‘lyozmalar, olib ketilgan va 10 oy qamoqda saqlangan. 1938 yilda О‘zbekiston SSR Oliy sudining maxsus kollegiyasi qarori bilan Abdusalom Akramov 10 yilga mehnat lagerlarida qamoq jazosiga hukm qilingan va jazoni о‘tash uchun Rossiyaning Kuybishev viloyatiga jо‘natilgan. Bu yerda “Bezimyanskaya TETS” qurilishida ishlagan.
1947 yilning avgustda Abdusalom jazoni о‘tab, vataniga qaytgan. 1964 yili shaxsiy hujjatlari tiklab berilgach, umrining oxirigacha Ulug‘bek rasadxonasida saqlovchi bо‘lib ishlagan.
О‘limi. Abdusalom Akramov og‘ir kasallikdan sо‘ng 1975 yil 23 aprelda vafot etgan.