ABDUVAHOB IBODIY
(1877–1942)
Bolaligi. Abduvahhob Ibodiy 1877-yili Qoʻqon shahrining Eski aravabozor mahallasida hunarmand kosib oilasida tavallud topgan. Otasi Ibodulla otameros kasbi kavushdoʻzlik bilan shugʻullanib, onasi Robiya otin mahalla qizlariga xat-savod oʻrgatgan.
Maʼlumoti. Abduvahhob avval onasining qoʻlida savod chiqarib, soʻng mahalla maktabida oʻqigan. U oʻn ikki yoshga kirmasidan otasi vafot etib, onasining qoʻllab-quvvatlashi bilan Qoʻqon va Buxoro madrasalarida tahsil oldi.
Abduvahhob Ibodiy 1898-yili Qoʻqonga qaytgach, shu yerda ochilgan mulla Shoazim noʻgʻoy domlaning maktabiga kirib, usuli savtiyani oʻrganadi.
Mehnat faoliyatini Naymancha mahallasi masjidi qoshidagi eski maktabda dars berishdan boshlab, koʻp oʻtmay, Qoʻqondagi yetuk muallimlardan biri sifatida tanilib ulguradi.
Abduvahhob Ibodiy 1901-yili Qoʻqonning Qalandarxona mahallasida “Maktabi voqiya” (“Hayot maktabi”) deb nomlangan yangi usul maktabini ochadi. Bu maktab ham tezda shuhrat qozonadi va oʻquvchilar uchun torlik qilib qoladi. Shundan soʻng, Qoʻqonning taraqqiyparvar insonlari – Soʻfi Badal eshon va uning ukasi Orifxonlar Abduvahhob Ibodiyga Galabaqqol mahallasidagi xonaqohi atrofidan yangi usul maktabi ochish uchun joy ajratib beradilar. 1905-yil ish boshlagan “Maktabi Vahhobiya”da bir vaqtda 200 nafardan ortiq bola taʼlim olardi.
1905–1917-yillar davomida faoliyat koʻrsatgan mazkur maktabda dastlab oʻquvchilar ozarbayjon, tatar, turk tillarida chop etilgan darslik va adabiyotlar asosida oʻqitilar edi. 1912-yil Abduvahhob Ibodiy Toshkent shahrida yangi usul maktablari uchun “Miftoh ul-alifbo” va “Tahsil-ul alifbo”, yaʼni “Alifbo oʻqishi” darsliklarini nashr etadi.
Abduvahhob Ibodiy 1914-yil Haj ziyoratiga otlanib, yoʻl-yoʻlakay Turkiya va boshqa Sharq mamlakatlarida maktab va maorif ishlari bilan ham qiziqadi. Shu maqsadda Orenburgga borib, Husayniya jadid madrasasi taʼlim tarbiya tizimini oʻrganadi. U oʻzining safar taassurotlari va tajribalari asosida ikkinchi bosqich maktabi tashkil etish ustida ish olib boradi va 1914-yili Qoʻqonda birinchi sonli namuna maktabini tashkil etadi. Keyinroq bu maktab Ashurali Zohiriy tavsiyasi bilan “Irfon” – “Ilm” deb ataldi.
Abduvahhob Ibodiy 1917-yili “Shoʻroyi islom” tashkilotining Qoʻqon boʻlimi “Taʼmimi maorif” jamiyati aʼzosi boʻldi. Shuningdek, Abbosxoʻja, Ibrohim Davron, Ahmadxon Mahmudxonovlar bilan birgalikda “Taʼmim maorif”ning Qoʻqon shahridagi “Gʻayrat” kitob doʻkoni va kutubxonasiga ham egalik qilar edilar.
Abduvahhob Ibodiy muallim va mudir boʻlgan 100 oʻrinli maktab-internatni 1919-yildan Birinchi “Namuna” xalq maktabiga aylantiriladi. Biroq, xususiy taʼlim bekor qilinishi bahonasi bilan Abduvahhob Ibodiy ishdan olinib, u 1921–1923-yillar davomida Qoʻshchi ittifoqi va oziq-ovqat tayyorlov punktlarida mudir boʻlib boʻlib ishlaydi.
Abduvahhob Ibodiy 1923-yili Qoʻqon shahar maorif boʻlimining topshirigʻi bilan ikki bosqichli oʻzbek maktabini tashkil etadi va shu maktabda mudir boʻlib ishlaydi. Yana koʻp oʻtmay ishdan olinadi. 1927-yildan internatlar qayta tashkil etilishi munosabati bilan 8-sonli bolalar internatiga ishga kiradi. Ibodiy 1930-yilga qadar mazkur internatda mudir va tarbiyachi boʻldi. 1930–1937-yillarda 1-sonli bolalar uyida mudirlik qildi.
Ilmiy-adabiy merosi. Ibodiy 1914-yili “Irfon” oʻquvchilari uchun toʻrt jilddan iborat “Eʼtiqodi islomiya”, yaʼni “Islom eʼtiqodi” kitobini chop ettiradi.
Oilasi. Abduvahhob Ibodiyev anketasiga binoan bu vaqtda oila aʼzolari – turmush oʻrtogʻi Oʻgʻil bibi, farzandlari 27 yoshli Abdulhay, 17 yoshli Nabijon va qizi 22 yoshli Solihadan iborat, deb koʻrsatilgan.
Oʻlimi. OʻzSSR Ichki ishlar xalq komissarligi Qoʻqon boʻlimi boshligʻi Praslovning 1937-yil 10-sentabrdagi qarori asosida, Abduvahhob Ibodiy “Milliy ittihod” aʼzosi sifatida qamoqqa olinadi.
Abduvahhob Ibodiy 1937-yil 27-noyabr kuni IIXK huzuridagi mashʼum “uchlik” tomonidan 10 yilga MTL (mehnat tuzatish lageri)ga hukm etiladi. U 1942-yil jazoni ijro etish jarayonida vafot etgan.
Jadidlar.uz saytidan olindi.