Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


ABDUVOSIQ MUHAMMEDOV

img

(1905–1938)

Bolaligi. Abduvosiq Muhammedov 1905-yil Toshkent shahrining ko‘hna Shayxontohur dahasi, birinchi Mergancha mahallasida tavallud topgan. Otasi Abdushukur Toshmuhammad o‘g‘li bog‘bon oilasidan chiqqan. U 1900 – 1905-yillar Farg‘onada Jamurzakov savdo idorasida, 1906 – 1914-yillarda Toshkentda savdogar Abdurasul Mavlonqoriyevning savdo manifakturasida, 1914 – 1917-yillari esa yana Farg‘ona shahrida Ahmedovning savdo idorasida ish yurituvchi bo‘lib ishlagan. Abdushukur Muhammedov qozoq, tatar, tojik, rus tillarida erkin gaplasha olgan. Hatto, savdodagi yutuqlari uchun Polshaning Lozd kompaniyasi tomonidan oltin soat bilan ham taqdirlangan.

Uning anketasidan ma’lum bo‘lishicha, Otasi Abdushukur Muhammedov va onasi Oyimchabibilar kichik ukasi G‘anijon (1919) va Kimyoxon (1926) bilan Yer ishlari xalq komissarligiga qarashli mutaxassislar uyida yashaganlar.Ukasi Rauf (1908) va Sobir (1912, Moskva kinoakademiyasida aspirant) bu vaqtda Toshkentda bo‘lmagan.

Abdushukur Muhammedovning o‘zi madrasada ta’lim olgan, ayoli Oyimchabibi (1884) ham ziyoli inson edi. Bu ma’rifatli oilada Hofiz, Bedil, Fuzuliy, So‘fi Olloyor, Yassaviylar asarlari yoddan o‘qilgan. Ular ayni paytda o‘z farzandlarining zamonaviy ta’lim olishi uchun barcha sharoitlarni yaratib bergan.

Ma’lumoti. Abduvosiq Muhammedov 1917-yilgacha eski usul va jadid (yangi usul) maktablarida tahsil olgan. Shundan so‘ng, 1918 – 1919-yillari Toshkentdagi Munavvar qori Abdurashidxonovning mashhur “Namuna” maktabida o‘qishni davom ettirgan. Maktabda u A’zam Ayub, Iskandar Ikrom, No‘monbek Dolimov, Sayid G‘ani kabi iqtidorli yoshlar bilan birga ta’lim olgan. Abduvosiq o‘zining intiluvchanligi va o‘quvchilarni uyushtirish qobiliyati bilan guruhda yеtakchi bo‘lgan. Abduvosiq hali juda yoshligiga qaramay, taraqqiyparvar yoshlarning “Turon” to‘dasiga a’zo bo‘lib, uning rahbarligida “Namuna”ning birinchi bosqich o‘quvchilari “Yasha Turon”ni kuylagan holda Toshkent ko‘chalarida marshlar tashkil etgan.

Меhnat faoliyati. Abduvosiq Muhammedov tahsilni davom ettirish maqsadida Toshkent shahridagi ishchi fakultetiga o‘qishga kirgan. Biroq, o‘qish sharoitidan ko‘ngli to‘lmagan va o‘qishni tashlab, “Chig‘atoy gurungi”da faol harakat olib borgan hamda Turkbyuroning nashriyot bo‘limida musahhih bo‘lib ishlagan.

1921-yil oxirida Munavvar qori va Fitratlar tashabbusi bilan Toshkent ishchi fakulteti talabalari chet elda tahsilni davom ettirish uchun kurash harakatini boshlaydilar. Bunda Abduvosiq Muhammedov va Said Ahmad Naziriylar Moskva hamda Leningrad shaharlarida ta’limni davom ettirishga intiluvchi yoshlarni, To‘lagan Mo‘min esa Germaniyada tahsil olishni istovchi yoshlarni o‘z atrofiga to‘playdi.

Abduvosiq 1922-yil yuzaga kelgan “Ko‘mak” uyushmasining faollaridan biri bo‘lgan. U “Ko‘mak” uyushmasining talabi bilan boshqa yoshlar qatori Piskent tumaniga borib, aholidan pul yig‘ib keladi. Bu pullar turkistonlik yoshlarning Moskva, Peterburg, Boku shaharlari va Germaniya davlatiga borib ta’lim olishlariga sarflanadi.

Sverdlov nomidagi komuniversitet talabasi Akmal Ikromov, hukumat universiteti iqtisodiyot fakulteti talabasi Botu, Moskva tekstil instituti talabasi Said Ahmad Naziriy kabi iqtidorli yoshlar bilan bir qatorda Abduvosiq Muhammedov Moskvada Sharq mehnatkashlari kommunistik universitetida ta’lim oladi. Ular sovetlar mamlakatining markazida bilim olish bilan bir paytda turkistonlik talabalarni uyushtirish, barchaga Turkistonni, uning madaniy qadriyatlarini tanishtirishda mislsiz ishlarni amalga oshirdilar.

1924-yil noyabrda Abduvosiq Muhammedov o‘qishni muvaffaqiyatli tugatib, Toshkentga qaytadi. U 1925-yilning mart oyigacha Toshkent viloyati komsomolida tashkilotchi, so‘ng 1926-yil 15-iyunigacha mas’ul kotib lavozimida ish olib boradi.

Abduvosiq Muhammedov 1927-yil iyul oyida partiya yo‘llanmasi bilan Andijon viloyatiga yuboriladi. U Oyim tumanida yеr islohotlarini o‘tkazish ishiga jalb etildi. 1928-yil sentyabrda Abduvosiq Muhammedov Leningrad Arxitektura institutining arxitektor-muhandis yo‘nalishiga o‘qishga kiradi. U to‘rt yillik tahsildan so‘ng Toshkentga qaytib, VKP (b) O‘rta Osiyo byurosi qarori bilan O‘zbekiston Davlat plan qo‘mitasi Prezidiumi a’zosi etib tayinlanadi.

Abduvosiq Muhammedov 1933 – 1934-yillari Xalq komissarlar soveti qurilish komissiyasiga rais bo‘ldi. Yosh kadr o‘zining iqtidori va salohiyati bilan qisqa muddatda barchaning ishonchini qozondi. Shu bois unga 1934-yil respublikaning o‘ta muhim inshooti bo‘lgan akademik teatr binosini qurish mas’uliyati topshiriladi.

Abduvosiq Muhammedov 1934 – 1937-yillar davomida Toshkent akademik teatri qurilishiga boshchilik qildi. U 1937-yil 3-maydan O‘zbekiston Mahalliy ishlab chiqarish xalq komissari o‘rinbosari lavozimiga tayinlanadi.

Ilmiy-аdаbiy merosi. U tashkiliy ishlar bilan bir paytda bolalar gazeta va jurnallarida ham faol ishtirok etadi. Abduvosiq Muhammedov 1926 – 1927 yillarda O‘zSSR komsomol tashkilotida taqsimot bo‘limi mudiri va komsomol tashkilotining nashri afkori bo‘lgan “Yosh leninchi” gazetasining ham mas’ul muharriri bo‘lib ishladi. Bu davrda uning publitsistik iqtidori namoyon bo‘ldi. Uning mamlakatimiz xalq xo‘jaligini izga qo‘yishdagi o‘tkir muammolarga bag‘ishlangan qator maqolalari nashr etildi.

Oilasi. Abduvosiq Muhammedovning xotini, 1911-yili tug‘ilgan Matluba Muhammedova ham ayanchli taqdir sohibalaridan. U farg‘onalik jadid muallimi Nurmuhammad Dadamuhammedovning qizi bo‘lib, 1926-yilgacha Qo‘qonda o‘qigan.

O‘limi. 1937-yil 21-oktyabr kuni u hech bir qancha ayblovlar bilan ishdan olinadi. 1937-yil 31-oktyabr kuni esa Toshkent shahar Kuybishev tuman partiya qo‘mitasida uni partiyadan o‘chirishadi. 1937-yil 17-dekabr kuni uni qamoqqa olish uchun order yozildi va shu kuni kechasi Toshkent shahri, Oktyabr tumani, 1-Mergancha mahallasi, 54-uyda tintuv o‘tkazildi.

1938-yil 5-mart kuni Abduvosiq Muhammedovga teatr qurilishida katta miqdordagi davlat pulini o‘marish aybi qo‘yilgan qaror chiqariladi. Vaholanki, akademik teatr uchun qurilish rejasi va xarajatlari akademik Shusev tomonidan ishlab chiqilgan va 1934-yil 8-dekabr kuni tasdiqlangan edi. O‘zSSR Xalq Komissarlari Soveti va moliya xalq komissarliklari tomonidan tasdiqlangan barcha xarajatlar har bir tiyinigacha to‘g‘ri sarflanishiga qaramay, adolatsiz tuzum Abduvosiq Muhammedovni aybdor deb topdi.

Abduvosiq Muhammedov ishi 1938-yil 4-oktyabr kuni “uchlik” sudi ixtiyoriga topshirildi. 5-oktyabr kuni soat 9:00 dan 9:15 gacha Alekseyev, Zaysev, Boldirevlar ishtirokida o‘tkazilgan sud Abduvosiq Muhammedovni oliy jazoga hukm qiladi. Hukm shu kunning o‘zida ijro etilgan.