Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


BOTU (MAHMUD MAQSUDOVICH XODIYEV)

img

(1904 – 1938)

Bolaligi. 1904 yil 5 mayda Toshkent shahri Shayxontohur dahasining “Qatorterak” mahallasida tug‘ilgan. Oldiniga maxsidо‘zlik, keyinchalik bо‘zchilik bilan shug‘ullangan, zamonining oydinlaridan bо‘lgan otasi Maqsud Hodiyev (1873 – 1945) bolalarining о‘qish va tarbiyasiga alohida e’tibor qaratgan. Adabiyotga bо‘lgan mehr Mahmudga xalq ijodiyotiga qiziqqan va uni yod olishga kо‘maklashgan onasi Zayniddin qizi Tо‘xtaxondan (1888 – 1952) о‘tgan.

Oilada tо‘rt о‘g‘il va bir qiz bо‘lib, Siddiq Maqsudovich Hodiyev (1909 – 1987) О‘rta Osiyo Davlat universitetining fizika-matematika fakultetini tugatgan va shu yerda matematikadan dars bergan. Keyinchalik «xalq dushmani»ning ukasi aybi bilan universitetdan ketgazilgan. 1956 yili Moskvadagi Savdo institutida bitiruv imtihonlarini topshirib, umrining oxirigacha savdo vazirligida ishlagan.

Homid Maqsudovich Hodiyev (1912 – 1968) Moskvada Arxitektura institutini tugatib, 1936 yildan Toshkent shahar ijroiya qо‘mitasining loyiha bо‘limida ishlagan. Urush yillari Kiyevga borib, о‘sha yerda yashagan. Farzandlari hozir ham Kiyevda istiqomat qiladilar.

Yunus Maqsudovich Hodiyev (1915 – 1972) Toshkent tibbiyot institutini tugatib, terapevt bо‘lib ishlagan.

Hayrioy (Hayri) Maqsudovna Hodiyeva (1920) О‘rta Osiyo Industriya institutining arxitektura fakultetini tugatgan.

Ma’lumoti. Mahmud besh yoshida xalq ijodida mashhur bо‘lgan “Tohir va Zuhra”ni yoddan bilgan. Olti yoshga tо‘lganda, Toshkentdagi eski usul maktablaridan birida tahsil ola boshlagan. 1914 – 1917 yillari shahardagi rus-tuzem maktabida о‘qishini davom ettirgan. Mahmud Hodiyev о‘z xotiralarida bu maktabda kambag‘allarning farzandlari о‘qimagani, otasi borini sarflab, uning ta’lim olishiga sharoit yaratib berganini yozadi.

1918 yili maktabni tamomlab, 14 yoshida о‘qituvchilarni tayyorlash kurslariga о‘qishga kirgan Mahmud bir vaqtning о‘zida yosh shoir о‘laroq jadidchilik yetakchilari Munavvarqori Abdurashidxonov va Abdurauf Fitratdan adabiyot va milliy uyg‘onish g‘oyalari bо‘yicha tahsil oladi. Shu yili “Vatan” maktabi qoshida Sa’id Ahroriy tashabbusi bilan tashkil etilgan “Izchi” guruhi, 1920 yili ta’lim va adabiyot islohoti yо‘lida ochilgan “Chig‘atoy gurungi”ga a’zo bо‘lib kiradi. 1921 – 1923 yillari Moskvadagi Pokrovskiy nomidagi ishchilar fakultetida о‘qiydi.

Mehnat faoliyatini 1920 yili Abdurauf Fitrat muharrirlik qilgan “Tong” jurnalining kotibligidan boshlagan. 1923 yili «Krasnaya Premya» fabrikasida siyosiy savodxonlik tо‘garagi hamda Leningrad temir yо‘li bо‘yidagi qishloqlardan birida savodsizlikni tugatish maktablariga rahbarlik qiladi. 1927 yili Moskva Davlat universitetini a’lo baholarda bitirgan yosh iqtisodchi Mahmud Hodiyev Moskvadagi Bosh paxtachilik qо‘mitasi boshliqligiga tayinlanganiga qaramay, Akmal Ikromov murojaatiga kо‘ra, u О‘zbekiston SSRga qaytarib yuboriladi.

О‘zbekistonga kelgach, 1927 yil yanvar oyidan boshlab О‘zbekiston Kompartiyasi markaziy qо‘mitasining matbuot bо‘limida yо‘riqchi, Samarqand shahridagi markaziy partiya maktabida ma’ruzachi va boshliq vazifalarini bajargan. Bir yildan sо‘ng Samarqand tumani partiya qо‘mitasiga saylanib, u yerda tashviqot va targ‘ibot bо‘limini boshqaradi. “Alanga” yoshlar jurnalini tashkil etib, uning birinchi muharriri, “Qizil qalam” adabiy uyushmasining tashkilotchisi va yetakchisi sifatida adabiy jarayonlarda qatnashadi. 1929 yil 21 avgustda О‘zbekiston SSR Maorif Xalq komissariatining komissar о‘rinbosari etib tayinlanadi. 

Ilmiy-adabiy merosi. 1919 yili u о‘zining ilk she’ri – “Ishchilar bayrami”ni yozib, ustozlariga kо‘rsatadi. Shundan sо‘ng, Abdurauf Fitrat shogirdiga “Botu” adabiy taxallusini beradi. 1925 yili Toshkentda uning «Umid uchqunlari» she’riy tо‘plami nashr etiladi. Keyingi tо‘plami esa, 1929 yili «Tо‘lqin uchqunlari» nomi bilan nashrdan chiqadi. Shoirning she’rlarida millatni rivojlanish, ilm olish, ma’rifatga undash g‘oyalari ustuvorlik qilgan. О‘sha davrda о‘z ustozi Munavvarqoriga bag‘ishlab yozgan “Gulyor” she’riga kuy bastalanib, qо‘shiq sifatida xalq orasida ommalashib ketgani ma’lum.

Oilasi. 1924 yili Moskvada Valentina Petrovna Vasileva (1904 – 1980) bilan turmush quradi. 1941 yili Valentina Vasileva “aksilqilobchining qizi” va “millatchining xotini” о‘laroq qamoqqa olinib, о‘n yilga Magadanga surgun qilinadi.

О‘g‘li – Erkli Xodiyev (1926 – 1996) Toshkentda tug‘ilgan, tibbiyot fanlari doktori. 1942 yili “xalq dushmani”ning о‘g‘li о‘laroq 10 yilga О‘rta Ovuldagi kamoqxonaga tashlanadi. 1946 yili ozod qilinadi.

Qizi Naima Xodiyeva  (1928 – 2017) tibbiyot fanlari doktori. 

О‘limi. О‘zbekiston SSR Kompartiyasining IV qurultoyida (1929 yil 17 fevral – 2 mart) boshqalar qatori Botu ham “millatchilik”da ayblanadi. Xuddi shu yili sovet hokimiyati Munavvarqori Abdurashidxonov tomonidan tuzilgan “Milliy istiqlol” tashkilotini fosh qilgan va uni qamoqqa olgan. Mahmud Hodiyev ham shu tashkilot a’zoligida ayblangan va unga “millatchi” tamg‘asi bosilgan. Ammo yetarli dalillar bо‘lmagani bois, bu safar u ozodlikda qolgan.

XX asrning 30-yillari boshida Mahmud Hodiyev va uning tarafdorlari sovet hokimiyatining navbatdagi ta’qibiga uchraydilar. “Xalq maorifchilari jinoiy ishi” deb ochilgan tergov bir guruh maorifchilarning qatag‘on qilinishiga sabab bо‘ladi. Mahmud Hodiyev bilan birga Xalq maorif komissarligi tizimidagi 30 kishidan iborat guruh qamoqqa olinib, Moskvaga olib ketilganlar va uch yil Butirka qamoqxonasida sо‘roq qilinganlar. 1933 yil 31 martda Mahmud Hodiyevga chiqarilgan о‘lim hukmi keyinroq 10 yillik qamoq jazosi bilan almashtiriladi va Solovets orollaridagi о‘lim jamlog‘iga yuboriladi. U yerda iqtisodchi bо‘lib ishlaydi. U umrining yetti yilini Toshkent va Moskva hibsxonalari hamda Solovets orollarida о‘tkazadi.

1938 yil 9 mayda sovet hokimiyati tomonidan qayta tergov qilinib, yashirin ravishda otib tashlangan.