MUINJON AMINJONOV
(1890–1937)
Bolaligi. Muinjon Aminjonov 1890-yil Buxoro shahrida yirik ulamo qozi va mufti xonadonida dunyoga kelgan.
Maʼlumoti. Dastlab maktab, so‘ngra madrasada tahsil olgan.
Faoliyati. Madrasani bitirgan Muinjon ham o‘z faoliyatini qozilikdan boshlagan. Shu yillarda shakllanib kelayotgan Buxoro jadidchilik harakatiga aʼzo bo‘lib, amirlikda jadid maktablarini ko‘paytirish, iqtidorli yoshlarni chet ellarda o‘qitish hamda hukumat boshqaruvida zamonaviy islohotlarni joriy qilish yo‘lida kurashga kirishdi.
1918-yil mart voqealari tufayli amirlikda jazo va tazyiqlar avj olishi ortidan uning oila aʼzolari ham qamoqqa tashlangan. Muinjon Aminjonov vatandan qochib chiqishga majbur bo‘lgan.
1922-yil sentabr oyida BXSR hukumati o‘zining yetuk milliy kadrlarga bo‘lgan ehtiyojini inobatga olib 70 dan ortiq turkistonlik yoshlarni Germaniya taʼlim dargohlariga o‘qishga yo‘llaydi. Biroq, Buxoroga kelgan Kuybishev Fayzulla Xo‘jayevdan Germaniyaga o‘qishga yuborilgan yoshlarni Moskvaga qaytarishini so‘raydi. Fayzulla Xo‘jayev uni qatʼiyan rad etadi, davolanish bahonasida o‘zi ham Germaniyaga yo‘l oldi. 1922-yil qishida Germaniyadan Fayzulla Xo‘jayevni kutib olish maqsadida Buxoro hukumatidan Muinjon Aminov, Umar Faxriyev, tilmoch Yunus Shokirovlar Moskvaga boradilar va birgalikda Buxoroga qaytadilar. Muinjon Aminov ertasi kuniyoq Umar Faxriyevni chaqirib olib, Germaniyadagi Buxoro talabalari uchun o‘z hisobidan 18000 so‘m miqdorida pul, hukumatning Germaniyadagi talabalar komissiyasiga maxsus xati, shuningdek, ota-onalarning farzandlariga jo‘natmalari va 40 ga yaqin xatlarini topshiradi. Shundan so‘ng Umar Faxriyev BXSR Maorif noziri Qori Yo‘ldosh Po‘latov, Porso Xo‘jayevlar bilan yana Moskvaga yo‘l oladilar. Bir oyga yaqin vaqtda Buxoroning Moskvadagi konsuli Abdurashid Mukamilov yordamida xorij pasporti olgan Umar Faxriyev Berlinga borib, Buxoro hukumatining Berlindagi tashqi savdo vakili Yusufboy Muqumboyevning xonadoniga joylashadi. U Olimjon Idrisiy va Badri Sayfulmulklarga hukumat tomonidan yo‘llangan xatlarni topshiradi. Xatda F.Xo‘jayev Olimjon Idrisiyga avvalo bolalarga yaxshi qarashni hamda har qanday holatda ularni diplomsiz qaytarmasligini tayinlaydi. “O‘qishni bitirmaguncha biror yigitni ham qaytarmang” deb yozadi.
1923-yil aprelda Muinjon Aminov do‘stlari Umar Faxriyev, Xalil Karimov, BXSR Maorif noziri Qori Yo‘ldosh Po‘latov hamda Savdo noziri Mustafo Sayfulmulklar bilan Kislovodskda dam olish bahonasida Tiflisga borib, “Oreanda” mehmonxonasiga joylashadilar. Shu yerda BXSR konsuli Muqimiddinbek Hamzabekov bilan uchrashadi. Bu gal Buxoro hukumati vakillari Usmon Xo‘ja orqali Turkiyadan yordam olishga erishmoqchi bo‘lgan. Muinjon Aminov Turkiyaning Anvar poshoning qasosi va boshqa posholarining Kavkazda o‘ldirilishi tufayli Buxoroga yordam berishiga ishongan edi. Biroq, Muinjon Aminov va Qori Yo‘ldosh Po‘latovlar Moskvaga chaqirib olindi. Ko‘p o‘tmay Rudzutak buyrugʻi bilan Buxoro hukumatidagi sobiq Yosh buxoroliklarning Fitrat, Ota Xo‘jayev, Sattor Xo‘jayev kabi qator yetakchilari ham hukumatdan chetlashtirildi. Ular ham zudlik bilan Moskvaga chaqirib olindi. Sobiq Buxoro hukumati rahbarlariga Moskvada ham ko‘p turishga ruxsat berilmasdan Qozonga yuborildi. Ular 1923 avgustdan 1924-yil avgustigacha Qozonda deyarli uy qamogʻi sharoitida yashashga majbur etildi. Ular 1924-yilning o‘rtalarigacha Qozon ulamolari Toib Hazrat, Qosim Hazrat, Ibrohim Hazratlar bilan tanishib sho‘rolar sharoitida islom arkonlarini saqlab qolish maqsadida doimiy suhbatlar o‘tkazib turishar edi. Buxoroda esa hukumat amalda Abbos Aliyev boshchiligidagi so‘llarning qo‘liga o‘tdi.
1925-yil surgundan Buxoroga qaytib kelgan Muinjon Aminjonov ko‘p vaqt o‘ziga ish topa olmadi. Shundan so‘ng Moskvaga borib turli vazifalarda ishlab yurdi. Faqat 1934-yilga kelibgina Muinjon Aminjonov Toshkentga qaytishga muvaffaq bo‘ldi.
Oilasi. Turmush o‘rtogʻi Fotimaxon, o‘gʻli Muhammadjon, qizlari Xolida va Muniralar bo‘lgan.
O‘limi. 1937-yil 17-yanvar kuni O‘zbekbirlashuvning sut-yogʻ bo‘limida boshligʻi sifatida ishlab kelayotgan Muinjon Aminjonov Toshkent shahri, 2-Oqqo‘rgʻon mahallasi, 15-uyda hibsga olingan. 1937-yil 14-oktabrda otuvga hukm qilingan. Hukm 1937-yil 25-oktabrda ijro etilgan.
Jadidlar.uz saytidan olindi.