Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


NAZIR TO‘RAQULOV

img

(1892 – 1937)

Nazir To‘raqulov 1892-yil oktyabr oyida Qo‘qon shahrining Kalvak mahallasida dunyoga kelgan. U arab, fors, rus tillarini o‘z otasidan o‘rgandi. 10 yoshidan Abduvahhob Ibodiyning “yangi usul” – jadid maktabida o‘qib, otasining do‘sti Ashurali Zohiriyga shogird sifatida qatnay boshladi. Nazir To‘raqulov 1905-1909 yillarda rus tuzem maktabida tahsil oldi. Qo‘qondagi sakkiz sinfli bilim yurtini tugatib, 1913-yildan oliy ta’limni Moskvada kommertsiya institutida davom ettiradi.

U 1916-yil birinchi jahon urushi tufayli uchinchi kursdan boshqa talabalar qatorida G‘arbiy frontga yo‘llanadi. Aynan shu jarayonda Nazir To‘raqulov siyosiy kurash maydoniga tortiladi. Bu esa uning 1917yil fevral oyida eserlar partiyasiga kirishiga sabab bo‘lgan. 1917-yil Moskvada kommertsiya institutini imtiyozli diplom bilan tugatib, Qo‘qonga qaytgan yosh Nazir 1917-yildan Qo‘qon shahar ijroqo‘mida kotib va so‘l eserlar partiyasi rayosati a’zosi sifatida ish olib bora boshlaydi.

NazirTo‘raqulov Turkiston Muxtoriyati vaqtida aynan Qo‘qonda bo‘lgan va u tor-mor etilganidan so‘ng Qo‘qonni tark etgan. 1918yil boshida Toshkentga kelgan Nazir To‘raqulov dastlab maorif sohasida ish boshlagan. Toshkent Maorif sho‘rosi sarkotibi Salimxon Tillaxonov rahbarligida Munavvar qori, Fitrat, Murodxo‘ja Solihxo‘ja o‘g‘li, Tuzel Jonboyevlar bilan birga u ham o‘lkada milliy ta’limni rivojlantirish ishiga jalb etiladi.

Nazir To‘raqulov 1918-yil oktyabrida kompartiyaga kiradi va Farg‘ona muzofotiga maorif masalasi bo‘yicha mas’ul etib yuboriladi. 1918 – 1920 yillarda u Qo‘qonda inqilobiy qo‘mita kotibi, Farg‘ona muzofoti inqilobiy qo‘mitasi a’zosi, Qo‘qon shahar ijroqo‘mi kotibi vazifalarida ishlaydi.

1919-yildan Turkkomissiya tarkibida Turkistonda maorif masalalarini o‘rganish guruhida a’zo, 1920-yil 19-apreldan Turkiston maorif xalq komissari etib tayinlandi. 1920 yil 19 iyuldan TKP MQ mas’ul kotibi, 1920-yil 8-sentyabrdan esa Turkiston MIK Prezidiumi raisi lavozimlariga tayinlanadi. 1920-1922 yillarda Butunittifoq MIK va RSFSR XKS va RKP (b) MK Turkiston byurosi a’zosi bo‘ldi.

Nazir To‘raqulov 1918-yil Qo‘qonda “Xalq gazeti”, 1919-yil “Yangi Sharq” jurnallarining chiqishida rahbarlik qildi. 1920-yildan “Ishtrokiyun” gazetasining, 1922-yildan “Inqilob” jurnalining muharriri bo‘ldi. “Haqiqat”, “Bilim o‘chog‘i” jurnallarining nashr etilishiga ko‘makdosh bo‘ldi. Ayni paytda uning o‘zi ham vaqtli matbuotda Darvesh imzosi bilan ijod qilgan.

Nazir To‘raqulov 1922-yil 8-oktyabrdan Moskvada ishlay boshladi. U 1922-1928 yillarda Sharq xalqlari Markaziy nashriyotida boshqaruv raisi, Butunittifoq Sharqshunoslar ilmiy assotsiatsiyasi Prezidiumi a’zosi, Sharq xalqlari Instituti rektori o‘rinbosari vazifalarini bajaradi. U o‘zini yetakchi ma’rifatparvar, noshir, muharrir va tilshunos olim sifatida namoyon etdi. Uning rahbarligida 50 dan ortiq millatlar tilida Markaznashr 60 milliondan ortiq adadda o‘quv, ilmiy-ommabop, siyosiy, badiiy adabiyotlar, publitsistika, uslubiy qo‘llanmalar chiqarildi.

1928-yilga kelib Markaznashr 12 tilda 21 ta davriy nashrni doimiy bosishni yo‘lga qo‘ydi. Darhaqiqat, Nazir To‘raqulov mahalliy o‘zbek, qozoq, qirg‘iz, turkman, tatar, ozarbayjon, qoraqalpoq,tojik tillaridan tashqari arab, fors, rus, ingliz, nemis, frantsuz, xitoy, yahudiy tillarida erkin suhbatlasha olar edi. U 1923-1928 yillarda butunittifoq Yangi turk alifbosi komissiyasining raisi bo‘lib, 1926-yil Bokuda o‘tkazilgan birinchi Butunittifoq turkologiya s’ezdida ishtirok etdi. Imloni arab alifbosidan lotin alifbosiga o‘tkazishda tilshunos olim sifatida juda katta hissa qo‘shdi. 1925-1927 yillarda Moskvada Markaziy nashriyotda rais bo‘ldi. Uning yonida Fotih Karimiy, Alixon Bukeyxonov kabi tajribali insonlar bilan birga, Nabi Rasulev, Shokir Sulaymon, Naim Saiddek Moskvaga tahsil olish maqsadida borgan ko‘pgina o‘zbek yoshlari to‘plangan edi.

1928-yil 36 yoshida Nazir To‘raqulov diplomat sifatida tanlandi. O‘sha yillar uchun bu yoshda bunaqa mas’uliyatli lavozimga yoshlarni qo‘yish kamdan kam hollardagina amalga oshirilar edi. U rus, arab, fors, frantsuz, nemis tillarini mukammal bilar edi. 1928-1936 yillarda SSSRning Saudiya Arabistoni Qirolligidagi muxtor elchisi bo‘ldi. 1936-yil boshida Nazir To‘raqulov Moskvaga chaqirib olinadi va bir yil davomida SSSR MIK millatlar Soveti qoshidagi Til va imlo institutida ish olib bordi.