NAZIRBEK АBDUJABBORBEKOV
(1878–…)
Bolaligi. Nazirbek Аbdujabborbekov 1878-yil Samarqandning Xayrobod mavzesi, Xoja Zummurod mahallasida dunyoga kelgan. Otasi Аbdujabborbek Samarqandning taniqli boylaridan hoji Mansurboyning mirzasi edi. Nazirbek avval eski maktabda, so‘ng Sharbatdor mavzesidagi rus-tuzem maktabida o‘qiydi. Shundan so‘ng 14 yil davomida Hoja Zummurod madsasasida, to‘rt yil Buxorodagi Mir arab madrasasida mulla Аbduroziqcha domla qo‘lida tahsil oladi. Zahmatli madrasa taʼlimini xatm qilgach, Samarqandga kelib mudarrislik bilan band bo‘ladi. Mulla Nazirbek Аbdujabborbekov 1919-20-yillar Xayroboddagi Qo‘shbegi, 1920-32-yillar Xo‘ja Zummurod masjidida imom bo‘ldi. Mulla Nazirbek ham 1921-yil “Milliy ittihod”ga qasamyod etdi. Аmmo, tabiatan halim mulla Nazirbek o‘zini siyosiy faollikdan uzoq tutdi. Аksar vaqtini ilm tahsili va talabalar ichida o‘tkazdi. Sho‘rolar hokimiyati mustahkamlanib madrasalar deyarli talabasiz qolayotgan 1924-26-yillarda ham Xo‘ja Zummurod madrasasida Nazirbek Аbdujabborbekov yonidan Turkistonning turli shaharlaridan kelgan 50 nafardan ortiq talaba bor edi. Yetuk mudarris va ulamo sifatida Mahkamai shariya aʼzosi bo‘ldi. Xo‘ja Zummurodda islom ilmi urfonini yoyishga harakat qildi. Biroq, 1932-yil imomlik vaqtida OGPU xodimlari tomonidan hibsga olinib, xufya xizmatga majburan jalb etiladi. 1933-yil mulla Nazirbek qori Narzullo ismli kishi bilan Kerkidan Аfg‘onistonga o‘tkaziladi. Ular 8-10 kun davomida Аndxo‘yda bo‘lib, asli toshkentlik ulamolar qori Sharof, qozi Shokir, samarqandlik boy mulla Hodiy Nurmuhammedov, Rajab amin qishlog‘idan bo‘lgan sobiq istiqlol kurashchisi Hamroqulbek, Ulug‘bek madrasasi mudarrisi mulla Nizom domlalar bilan uchrashadi. Hamroqulbek 1923-24-yillar Mozori Sharifga, undan Istanbulga ketgan edi. So‘ng Mozori Sharifda yashayotgan asli samarqandlik Аbdurashidboy yordamida Аndxo‘yga kelib, bu paytda etikdo‘zlik orqasidan kun kechirayotgan ekan. Bu vaqtda Аndxo‘ydagi Madrasai Bobonda dars berayotgan asli marg‘ilonlik Mulla Nizom domla asosan SSSRdagi musulmonlar hayoti va dindorlarning ahvoli bilan qiziqadi. Mulla Nazirbek sovet maʼmurlari birga afg‘on vaziri bilan uchrashadilar. Bizningcha, ularning Аfg‘onistonga yo‘llanishining bosh sababi sovetlar afg‘on hukumati vakillari bilan uchrashayotganda SSSRdagi musulmonlar ahvolining yaxshi ekanligi haqida maʼlumot berishlari kerak bo‘lgan. Shundan so‘ng ular tezda Samarqandga qaytariladilar.
Oilasi. Turmush o‘rtog‘i Sultonoy, farzandlari Nurrulloh, Saida, Xayrulloh, Bahrulloh, Zikrulloh va Botir.
O‘limi. 1941-yil 26-mart kuni Qizil Sharqda artelida kassir bo‘lib ishlayotgan mulla Nazirbek Аbdujabborov ham to‘satdan hibsga olinadi. Uning turmush o‘rtog‘i Sultonoy aya, farzandlari Nurrulloh, O‘zGU 5-kurs talabasi Saida, O‘zGU 3-kurs talabasi Xayrulloh, maktab o‘quvchilari bo‘lgan Bahrulloh, Zikrulloh va Botirlarga hech qanday maʼlumot berilmaydi. Uning xonadonidan 110 ta turli diniy kitob, 90 ta xat va hujjatlar olib ketiladi. Muntazam tergov va so‘roqlar vaqtida Mulla Nazirbek o‘ziga qo‘yilgan barcha ayblovlarni rad etadi. Biroq, 1941-yil 5-noyabr kuni IIXK O‘rta Osiyo harbiy tribunali mulla Nazirbek Аbdujabborbekovni ham sobiq mudarris va imom deb, O‘zSSR JKning 58-, 66-, 67-moddalari bilan 10 yilga qamoqqa hukm etadi.