QOBULZODA HOJI OLIM – HAZILKASH
(1895–…)
Bolaligi. 1895-yil Marg‘ilon shahrining Saytoq mahallasida o‘rtahol dehqon Qobul Mahmudov oilasida dunyoga kelgan. Otasi 1900-yilda vafot etgach, onasining qaramog‘ida qoladi. 1910-yilda onasi bilan Makkaga haj safariga chiqadi. Haj safaridan qaytgach, ma’lum muddat Turkiyada yashaydi. 1914-yilda Marg‘ilon shahriga qaytib keladi. Bu еrda ko‘p turmasdan, O‘zgand shahriga ko‘chib o‘tadi.
Ma’lumoti. Marg‘ilondagi Chorvoq mahalla masjidida Sariq mullo degan muallim qo‘lida xat-savod chiqaradi. Eski usul maktabida ta’lim olsa-da, jadid maktablarini qo’llab-quvvatlaydi.
Mehnat faoliyati. 1918-yilgacha onasining kasbi to‘n tikish bilan tirikchilik qiladi. O‘z ustida qat’iy ishlash tufayli 1922-yilda ayrim boshlang‘ich maktablarda o‘qituvchilik qiladi. 1923-yilgacha Marg‘ilon inqilobiy qo‘mitasida ishlaydi. 1924-yil Toshkentda uch oylik paxtachilik kursida o‘qiydi. O‘qishni tugatgach, Fedchenkodagi 20-sonli paxta zavodi mudiri o‘rinbosari, 1925-1926-yillarda 27-son va 21-son paxta zavodlarida mudir. 1927-yil “Yangi Farg‘ona” gazetasida bo‘lim mudiri sifatida ishga tayinlanadi va gazetaning hajviy “Chig‘iriq” ruknini tashkil qiladi va o‘zi boshqaradi. 1929-yil Samarqandga kelib “Mushtum” jurnalida mas’ul kotib vazifasida ishlaydi. 1936-yilda “Marg‘ilon haqiqati” gazetasida mas’ul kotib vazifasiga tayinlanadi.
Ilmiy-adabiy merosi. Hoji Olim Qobuliy ijoda matbuotda 1914-yildan boshlab ko’zga tashlanadi. “Sadoyi Turkiston” g’azetasining 1914-yil 12-noyabr sonida uning taraqqiyparvarlik ruhidagi “Muallimga shafqat qilingiz” nomli maqolasi va “Oyna” jurnalining 1915-yil 16-aprel sonida “Bugun” nomli she’ri nashr etiladi. Matbuotda bosilgan hajviy she’r va maqolalariga “Hazilkash”, “O.Qobulov”, “O.Qobuliy”, “O‘zgandlik” taxalluslarini qo‘llagan. Uning she’r va maqolalari “Yangi Farg‘ona”, “Marg‘ilon haqiqati”, “Mushtum”, “Kommuna” nashrlarida bosilgan. Hoji Olim Qobuliyning satirasi nihoyat achchiq tilligi va talablarining noo‘rinligi hamda keskinligi bilan ajralib turadi.
O’limi. 1937-yil 20-sentabrda NKVD tomonidan qamoqqa olinadi. Shoirga millatlar o‘rtasiga nifoq solish, Mirkomilboyni maqtash, 1500 ta xatga javob bermaslik, mushtumzo‘r va dindorlar faoliyatini yoritmaslik kabi ayblovlar hamda Fayzulla Xo‘jayevni maqtagan degan ayb qo‘yildi. NKVD uchlik komissiyasi 1938-yilda o‘n yil muddatga mehnat tuzatish lageriga hukm qilgan. Taqdiri noma’lum.
Manba: “Sadoyi Turkiston” gazetasi; “Oyna” jurnali
Adabiyot: Qizil mustamlaka: katta qirg‘in qomusi (1929-1950) / Sirojiddin Ahmad. Toshkent. 2022. 460-461-betlar.