Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


RAFIQ MO‘MIN

img

(1900–1951)

Bolaligi. Rafiq Moʻmin (Moʻminov Rafiq) 1900-yilning 7-fevralida Namanganda faqir va serfarzand oilada tavallud topgan. Uning otasi Mulla Moʻmin kosibchilik qilib nochor hayot kechirsa ham, ammo maʼnaviy sogʻlom, boy turmush kechirgan, desak xato boʻlmas. Nega deganda, u oʻz xonadonida qishning uzoq tunlarida hammaslak doʻstlari bilan sandal atrofida navoiyxonlik, fuzuliyxonlik, mashrabxonlik gashti bilan ochlik, nochorlikni ham unutib yashaganlar. Tabiatan iqtidorli, sezgir boʻlgan yosh Rafiq ana shu gʻazalxon muhitda tarbiya topdi.

Maʼlumoti. Qoʻqondagi “Dorul muallimin”da tahsil koʻrdi, xususiy mutolaaga berildi. Shu yoʻsinda u mumtoz adabiyotimiz namoyandalari ijodini oʻrgandi, ergashdi, baʼzan taqlid ham qildi. Ayniqsa, Mashrab ijodi uni oʻziga rom etdi. Mashrabning koʻpgina sheʼrlarini yodlab ulgurdi, yodlabgina qolmay, undagi asl maʼnolar magʻzini, sheʼriy shakllarni ham oʻzicha tahlildan oʻtkaza bordi. Oʻzi ham ijod bilan shugʻullangan dastlabki kezlarda “Mashrab” taxallusi bilan sheʼrlar ham yozdi.

Dunyoning past-balandini anglagan ota oʻgʻli Rafiqning kelajagini oʻylab rus-tuzem maktabida oʻqitadi. Shu bahona u Sharq mumtoz adabiyoti qatorida A.S.Pushkin, L. N. Tolstoy kabi rus adabiyoti namoyandalari ijodi bilan tanishish, oʻrganish imkoniyatiga ega boʻladi.

Mehnat faoliyati. Namanganlik taniqli jamoat arboblaridan biri Toji Rahmonovning tergovda bergan maʼlumotlariga qaraganda, Rafiq Moʻmin 20-yillarning boshlarida Bokuga borgan. “U Bokuga ikki marta borgan, degan T.Rahmonov. — Birinchi marta taxminan 1920 yoki 1921-yili borgan. Shu vaqtda Bokuda Sharq (xalqlari) vakillarining syezdi oʻtkazilayotgan va syezdga Namangandan “Milliy ittihod” aʼzolaridan Qori Zayniddin Nasriddinov va Hoji Bobo Rizayevlar borishgan. (Qurultoyda) Rafiq Moʻmin ham qatnashganmi bu menga maʼlum emas. Lekin u syezd oʻtayotgan vaqtda Bokuga borgan va u yerdan tilla tish qoʻydirib kelgan. Men taxminan 1922-yili u bilan uchrashganimda u menga tilla tishlarni goʻyo millatchilar sovgʻa qilganini aytgan edi…”.

Sharq xalqlari vakillarining 1920-yili Bokuda boʻlib oʻtgan syezdi bolsheviklar davlatini sarosimaga tushirib qoʻygan. Sharq xalqlari birlashib Rossiya tasarrufidan chiqib ketishlari mumkin boʻlganligi uchun shoʻro davlatining maxfiy xizmati syezdga kelgan vakillarning har bir qadamini nazoratga olib, ularning oʻzaro xoli uchrasha olmasliklari uchun barcha chora-tadbirlarni koʻrgan. Hatto 1937-yili ham Rafiq Moʻminning shu syezdda qatnashgan yoki qatnashmaganligi chekistlar uchun favqulodda muhim masala boʻlgan. Shuning uchun ular bundan 17-yil ilgari boʻlib oʻtgan voqea haqidagi haqiqatni bilishga uringanlar. Rafiq Moʻmin ularni qiziqtirgan bu masalaga oydinlik kiritib shunday degan: “Men tilla tishni 1922-yili Samarqandda qoʻydirganman. Bokuga 1922-yilning fevral oyida oʻqishga kirish maqsadida borganman, ammo maqsadga erisholmay qaytib kelganman. Sharq xalqlari syezdiga bormaganman”.

Mahbusni bu masalada qarmoqqa ilintira olmagan chekistlar yana uni “Milliy ittihod” aksilinqilobiy tashkilotiga aʼzo boʻlganlikda ayblashga uringanlar. Lenin u bu safar uzil-kesil: “Men hech qachon “Milliy ittihod” tashkilotiga aʼzo boʻlmaganman”, — degan. Rafiq Moʻminning aytishicha, u 1922-1923-yillarda shahar maorif boʻlimining maktablar shoʻbasida mudir boʻlib ishlagan. Shu davrda u “Nashri maorif” jamiyati tashabbusi bilan oʻtkazilgan xayriya kechalarida qatnashgan. Bu kechalarda esa Moskva, Toshkent va boshqa shaharlarda tahsil olayotgan talabalarga moddiy yordam koʻrsatish masalasi muhokama qilinib, ionalar yigilgan… Rafiq Moʻmin dastlab Namangandagi bolalar uylarida tarbiyachi va “Namuna” maktabida oʻqituvchi boʻlib ishladi. “Jamiyati islomiya” tashkilotining tuzilishida qatnashgan. U ishlagan bolalar uyida tarbiyalangan, keyinchalik respublikada xizmat koʻrsatgan shifokor unvoniga sazovor boʻlgan A.Teshaboyevning xotirlashicha, u har safar bolalar qoshiga sovg‘a-salomlar bilan kelar, ularga oʻz hisobidan kiyim-kechak va poyabzal sotib olib berar ekan. Kunlarning birida bu uyga ikki yetim goʻdakni olib keladilar. Mehr-eʼtiborsiz qolib, haddan ziyod qiynalgan bolalar begona odamlardan qochib tinmay yigʻlaydilar. Ancha davom etgan bu yigʻi hammaning yurak-bagʻrini qon qilib yuboradi. Nihoyat, kutilmaganda ular yigʻidan toʻxtab, jajji qoʻllarini eshik tomon uzatadilar. Qarashsa, Rafiq domla endigina eshikdan kirib, bu baxtsiz bolalarni koʻrib, koʻz yoshlarini tutolmay moʻltirab turgan ekan. Bu hayajonli voqeadan mutaassir boʻlgan shoir keyinchalik ularga bagʻishlangan sheʼr yozib, uni oʻzi qoʻshiq qilib aytgan. Oradan bir necha kun oʻtgach bu qoʻshiq bolalar uyining norasmiy madhiyasi sifatida ijro etila boshlagan.

Yosh avlodni milliy odob-axloq ruhida tarbiyalashga intilgan shoir oʻzi tashkil etgan maktablarda “Koʻk koʻylak” toʻgaraklarini boshqarib, ular uchun deklomatsiyalar, sharqiyalar, pyesalar yozdi.

Ota-onasiz qolgan yetim-yesirlarning boshini siladi, oʻqitdi. Shulardan ayrimlari, jumladan Razzoq Hamroyev, Sanjar Tilla, Uchqun Rahmon va boshqalar oʻz ilmiy-ijodiy ishlari bilan xalqimiz orasida mashhur boʻlib ketishgan. Razzoq Hamroyevning keyinchalik eslashicha, “Rafiq Moʻmin faqat qalbdangina shoir boʻlmay, tashqi qiyofasi, xatti-harakati bilan ham shoirona odam edi. Rafiq akaning Navoiy, Lutfiy, Furqat ijodi haqidagi hikoyalari juda maroqli boʻlardi… Rafiq aka yaxshi xonanda va bastakor ham edi. U oʻz sheʼrlariga kuy bastalab, bolalarga oʻrgatar edi”.

Rafiq Moʻmin 1925-1927-yillarda Namanganning toʻrt dahasida hashar yoʻli bilan toʻrtta maktabning qurilishiga bosh-qosh boʻladi. Keyin shu maktablarning birida ilmiy boʻlim mudiri va ona tili oʻqituvchisi boʻlib ishlaydi.

Ilmiy-adabiy merosi. Rafiq Moʻmin oʻqituvchi, shoir va publitsist sifatida 20-30-yillardayoq Gʻayratiy, Hamid Olimjon, Mirtemir kabi mashhur adiblar eʼtiboriga tushgan. U oʻz davrida lirik sheʼrlar qatori, siyosiy lirika namunalari hamda qilichdek keskir hajviy asarlari bilan ham mashhur boʻlgan. “Men 1920-yildan boshlab adabiy faoliyat bilan shugʻullana boshlaganman, — degan u tergovchining savollariga javoban. Avval sheʼrlar, qoʻshiqlar yozdim, keyin 1924-yildan boshlab dostonlar, pyesalar (teatr kitoblari) va inssenirovkalarni yozishga kirishdim. 1924-1925-yillarda “Mushtum” jurnali uchun 5 — 6 ta felyeton yozdim…”. Rafiq Moʻmin mashhur adib va hajvnavis Abdulla Qodiriy bilan yaqin aloqada boʻlib, chamasi, uning va boshqa “mushtumchi”larning takliflari bilan jurnalga tez-tez hajviy asarlarini yuborib turgan, ularni “Devona”, “Mashrab”, “Devonai Mashrab taxalluslari bilan imzolagan. Hajvnavislikda Abdulla Qodiriyga ergashish va uning darajasiga yetish orzusi bilan oʻziga “Julqunboy”ga hamohang “Jirqinboy”, “Jirqin” singari “ism”larni taxallus qilib tanlagan. U 20-yillarning boshlarida Fargʻona vodiysida roʻy bergan fojiali voqealar taʼsirida Oʻgʻuzxon (H. Yoʻldoshqoriyev) bilan hamkorlikda “Yosh qurbonlar”, shuningdek, “Gulyor” va “Yoriltosh” pesalarini yozgan (1921). Rafiq Moʻminning 1924-yili yozilgan sheʼriy ijodida “Qapchigʻay” dostoni alohida oʻrinni egallaydi. Shoir bu dostondan tashqari, koʻplab lirik sheʼrlar, “Bolaxoʻr”, “Qizil qiz”, “Zanglagan pichoq”, “Tyanshan qizi” singari dostonlar ham yozgan (1926-27).

Oʻzbek xalq ertaklari asosida “Yoriltosh”, fuqarolar urushi voqealariga bag‘ishlangan “Gulyor” dramasini yaratdi. Ularni oʻzi sahnaga qoʻydi. Uning yuqorida nomi tilga olingan “Yoriltosh” ertagi oʻsha vaqtda Fargʻona vodiysida keng tarqalgan boʻlib, uning Toshkent versiyasi “Ochilqamish” deb nomlangan ekan. Ammo oradan bir necha yil oʻtgach bolalar shoiri Shukur Saʼdulla shu ertak asosida pyesa yozganida uni Rafiq Moʻmin asari taʼsirida “Yoriltosh” deb atagan.

Rafiq Moʻminning xalq ertaklari bilan qiziqishi tasodifiy emas. Qalbida xalq ijodiga katta hurmat va ehtirom joʻsh urgan shoir 1922-yili vodiy aholisi oʻrtasida bir zamonlar “Yozi bilan Zebo” (“Zevak”) dostonining mashhur boʻlganidan xabar topadi va uni izlashga tushadi. Uch yil mobaynida bu dostonni aytuvchi fargʻonalik baxshilarni axtarib, axiyri Uchqoʻrg‘ondan Yormat baxshini topib, uning ogʻzidan oʻsha dostonni yozib oladi. Ushbu dostonni axtarish mashaqqatlarini eslab shunday yozgan edi: “Qiyinlikka kelganda biz qoʻlimizdagi eng ozi 350-yildan ziyod, balki undan ilgaridan beri soʻylanib kelib turgan “Zevak” dostonini axtarishda bosmachilar yoʻliga tushib, yomon azoblarni tortdik… Besh kishidan soʻradik, yetti kishi yetti xil soʻyladi… Eng oxirda uchqoʻrgʻonlik Yormat chol degan kishidan topdik. U chol ham qarib-qartayib qolganidan bizning yozib olganimiz yaxshi boʻlgan edi. Bugungi kunlarda tirikmi-oʻlikmi — maʼlum emas”.

Rafiq Moʻmin ana shunday mashaqqat bilan “Zevak” xalq dostonini tiklashga muvaffaq boʻladi.

“1920-yili 2 komsomol Omon polvon shaykasi tomonidan oʻldirilgandan soʻng “Fargʻona” degan qoʻshiq-sheʼr yozdim”. Voqea bunday boʻlgan. Mahbus aytganidek, 1920-yili emas, balki 1921-yili Peshqoʻrgʻonda bir necha komsomol yoshlar vahshiyona oʻldiriladi. Ogʻzaki manbalarga qaraganda, ular “bosmachilar” tomonidan oʻldirilgan. Lekin soʻnggi yillarda matbuot yuzini koʻrgan xotiralarga koʻra, Shoʻro davlati xalqda “bosmachilar”ga qarshi nafrat uygʻotish maqsadida qishloq ahlini talash va qirishda “bosmachilarcha” kiyintirilgan qizil askarlardan foydalangan… Xullas, hali “oʻn gulidan bir gul ochilmagan” yigitlar kim tomonidan oʻldirilganidan qatʼi nazar, jasadlari aravaga solinib shaharga yuborilgan. Motam aravasi qishloqdan qishloqqa oʻtib, shaharga yetib kelgunicha bu yovuzlikni koʻrib, dahshatga tushgan kishilar soni tobora koʻpaygan. Rafiq Moʻmin shu “motam karvoni”ning oldiga tushib badiha yoʻli bilan sheʼr-marsiya aytib borgan. Oradan birmuncha vaqt oʻtgach Hamoyiddin Yoʻldoshqoriyev bilan birga shu fojiali voqeaga bag‘ishlangan “Yosh qurbonlar” pyesasini yozib sahnalashtirgan. “1924-yilda, — davom etgan mahbus tergovchining savollariga javob berib, — “Qapchigʻay” sarlavhali doston yozdim. 1926-yilda “Onalar” qoʻshigʻim dunyo yuzini koʻrdi. 1927-yilda ayrim kimsalarning xotin-qizlar ozodligiga qarshilik koʻrsatganlari munosabati bilan “Yigʻlama, singlim” degan qoʻshiqni yozdim. Bundan tashqari, 1920-yilda bir kitobni 3 turk tilidan oʻzbek tiliga tarjima qildim. 1926-yildan boshlab faqat sinfiy jihatdan yaroqli sheʼrlar, qoʻshiqlar va dostonlarni yozayotgan edim. 1920—1924-yillarda yozgan asarlarim 1924-yilda Moskvaga ketayotganimda oʻgʻirlanganligi sababli ularning nusxalari saqlanib qolmagan”.

Istiqlol yillarida Rafiq Moʻminning “Qapchigʻay” (1998) nomli sheʼrlar va dostonlar kitobi bosilib chiqdi.

Oilasi. Rafiq Moʻmin qamoqqa olinganda otasi Moʻmin ota 65 yoshda, onasi Jahon aya 47 yoshda boʻlishgan. Xotini Komila aya maktabda maktabda muallim boʻlib ishlagan. Ularning Tavfiq, Shafiq, Hakim nomli oʻgʻillari hamda Lola ismli qizi boʻlgan. Otasining merosini toʻplashda shoirning oʻgʻli Hakimjon Moʻminov koʻp mehnat qildi. Hatto otasi tutqunlikda boʻlgan joylarga borib, bir “daftar” olib keldi. “Rafiq Moʻmin – deya xotirlaydi Razzoq Hamroyev, – oʻsha kezlarda “Qalandar” degan roman ustida ishlab, yarim-yortisini yozib boʻlganligini ham aytgan edi. Afsus, bu asar taqdiri nima boʻlganidan xabarim yoʻq”. Ehtimol, oʻsha “daftar” “Qalandar” romanidir.

Hakimjon Moʻminov otasining (169,5 sahifa) merosini toʻplab (Kuybishevdan olib kelgan “daftar”ini ham) 1971-yil 25-yanvarda Oʻzbekiston Yozuvchilar soyuziga topshirdi. Biroq u otasining asarlarini chop ettirolmay, 1987-yil olamdan oʻtdi. Qizi Zohida Moʻminova shifokor.

Oʻlimi. Rafiq Moʻmin ikki marta qamalgan. OGPU xodimlari uni birinchi marta 1932-yil 27-dekabrda qamoqqa olganlar. U shu vaqtda Namangandagi Roza Lyuksembrug koʻchasidagi 6-uyda yashagan. Qamalgunga qadar tibbiyot xodimlarini tayyorlovchi ishchilar fakultetida muallim boʻlib ishlagan. Odatda, qatagʻon tarixning avj nuqtalari sifatida 1929—1930, 1937—1938 va 1951—1952-yillarnigina qayd etiladi. Holbuki, masalan, 1929-1930-yillarda Munavvarqori Abdurashidxonov boshchligidagi “Milliy ittihod” va “Milliy istiqlol” tashkiloti aʼzolari qamoqqa olinganidan keyin ham bu tashkilotlarga aloqasi boʻlgan va boʻlmagan ziyolilarni “milliy ittihodchilar” sifatida qamoqqa olish kampaniyasi shiddat bilan davom etgan. Rafiq Moʻmin 1932-yili ana shu siyosiy kampaniyaning qurboni boʻlgan. U yuqorida zikr qilingan “soʻroqnoma”da shu haqda soʻzlab bunday degan: “Men 1923-yilda mavjud boʻlgan aksilinqilobiy “Milliy ittihod” tashkilotiga aʼzo boʻlganlikda oʻzimni aybdor deb bilaman. Mening bu tashkilotdagi amaliy ishim aksilinqilobiy yoʻnalishdagi sheʼrlar va dostonlarni tuzish va tarqatishda boʻlgan”. Mahbus shoirning bu eʼtirofini oʻqigan kishi uni, chindan ham, aksilinqilobiy mazmundagi sheʼrlar yozgan va shu sababli qamalgan deb oʻylashi mumkin. Vaholanki, uning bu “eʼtirof soʻzlari” tergovchi tomonidan yozilgan va mahbus kaltak ostida uni oʻz imzosi bilan tasdiqlashga majbur boʻlgan. Bu fikrni uning 1937-yilda aytgan “1933-(mahbus adashgan—1932) yilda millatchilik faoliyatim uchun qamalganman. Sudsiz qamoqdan ozod etilganman” degan soʻzlari ham tasdiqlaydi.

NKVD organlarining 1937-1938-yillarda oʻn minglab begunoh yurtdoshlarimizni qisqa muddatda qamoqqa olib ulgurishining asosiy sababi shundaki, ular ixtiyorida VCHK davridan boshlab qamoqqa olingan kishilar- ning roʻyxatlari boʻlgan. 1937-yilgacha boʻlgan davrda kimki hibsga olingan boʻlsa, u haq yoki nohaq qamoqqa olinganmi, qamoqda bor-yoʻgʻi bir-ikki kun yoki bir yil-yarim yil yotganmi, bundan qatʼi nazar, chekistlar shu mashʼum roʻyxat asosida ularning barchasini qamoqqa olaverganlar. 1932-yili hibsga olinib, bir necha kun qamoq “tuz”ini totgan Rafiq Moʻmin ham ana shu roʻyxat asosida qatagʻon tegirmoniga tushgan.

Namanganlik chekistlar 1937-yil 27-may kuni — hali Toshkentda Choʻlpon boshliq shoir va yozuvchilar qoʻliga kishan solinmasidan ikki oy oldin c “aksilinqilobiy yoʻnalishdagi sheʼrlar va dostonlar tuzgan va tarqatgan” shoirni oilasi bagʻridan yulib olib ketadilar. Rafiq Moʻmin shu vaqtda oilasi bilan, avvalgidek, Roza Luksemburg koʻchasida emas, balki 2-Chexov koʻchasida istiqomat qilayotgan va shahardagi 5 — hamda 32-maktablarda ona tilidan dars berayotgan edi (U qamalish arafasida har ikki maktabdan haydalgan). Shu vaqtda Bolida (Valya) degan (keyin tugʻilgan) qizi 5 yoshga kirgan, xotini Komila aya maktabdan tashqari shahar maorif boʻlimida ham ishlayotgan edi. Ota-onasi esa yorugʻ dunyoni tark etishgan boʻlsa kerak, ular nomi 1937-yil anketasida qayd etilmagan. Anketadan yana ayon boʻlishicha, Rafiq Moʻminning 2-Chexov koʻchasidagi uyida Oysha Hasanova ism-sharifli buvisi ham yashagan.

Rafiq Moʻmin Kuybishevdagi qamoq lageriga surgun qilindi. Oʻn yillik qiynoqlardan soʻng 1947-yilning yozida oʻz vataniga qaytib keldi. U 1947-yilgacha Kuybishevda tutqunlikda yashadi. Uyiga qaytgach, oilasining parokandaligini koʻrib qattiq iztirob chekdi. Nohaq azoblar shoirning tinkasini quritib, sogʻligʻiga ziyon yetkazgandi. 1951-yil 5-martda Rafiq Moʻmin oʻpka sili xastaligidan bevaqt vafot etdi.

Jadidlar.uz saytidan olindi.