SHARIFJON MAXDUM SADR ZIYO
(1865–1932)
Bolaligi. Sadr Ziyo 1865-yili 24-fevral kuni Buxoroning Ziyovuddin tumanida tugʻilgan. Bu paytda otasi Abdurasul o‘gʻli Abdushukur (1817–1889) ushbu tuman qozisi bo‘lib, o‘z davrining ilgʻor ziyolilaridan hisoblangan. Amir Nasrulloxon (1825–1860) davrida Abdushukur madrasasini tugatib, Buxoro shahridagi Arab Avazboy, Bozori Go‘sfand, Mulla Ernazar, Miskin, Muhammad Sharif va Tursunjon kabi madrasalarda mudarrislik qilgan. Taxtga chiqish marosimi Samarqand Ko‘ksaroyida o‘tkazilgan so‘nggi o‘zbek hukmdori – amir Muzaffar (1860–1888) hokimiyat tepasiga kelgach, Abdushukurni qozilik lavozimiga tayinlaydi va u Chorjo‘y, Ziyovuddin va Qorako‘lda qozilik qiladi. 1879-yili qozikalon etib tayinlanadi va umrining oxirigacha (1889-yilgacha) shu lavozimda faoliyat ko‘rsatadi. Abdushukur “Oyat” taxallusi bilan sheʼrlar yozgan. Xattotlik bilan shugʻullanib, Abdurahmon Jomiyning “Haft avrang” masnaviysini ko‘chirgan. Shu bilan birga, katta kutubxona tashkil etgan va unda ko‘plab nodir asarlar saqlagan. Ushbu kutubxona keyinchalik Sadr Ziyoga meros bo‘lib o‘tgan. Abdushukurdagi iqtidor farzandlariga ham o‘tgan bo‘lib, o‘gʻillari ham uzoq yillar amirlikning turli hududlarida qozilik lavozimlarida faoliyat ko‘rsatganlar.
Maʼlumoti. Sadr Ziyoning otasi farzandidagi ilm olishga ishtiyoq va tirishqoqlikni ko‘rib, o‘zi uning xat-savodini chiqargan. Sadr Ziyo dastlab maktab, so‘ngra madrasa tahsil olgan.
Faoliyati. Sadr Ziyo 1893-yil may oyida amir Sayyid Abdulahad (1885–1910) tomonidan saroyga chaqirilgan va Xayrobod (hozirgi Jondor) tumaniga qozi etib tayinlangan. Xayrobodda olti oy qozilik qilgach, 1893-yilning oktabridan Yangiqo‘rgʻon bekligida qozilik qila boshlaydi. Bu vaqtda Yangiqo‘rgʻon raisi (muhtasibi) Hoji Abdulazim Sharʼiy bo‘lib, Buxoro ilmiy-adabiy muhitida muhim o‘rin tutgan ziyolilardan edi. U Hindistonda oliy taʼlim olgan. Tarix, lugʻatshunoslik va tarjima ishlarini juda yaxshi bilgan. Sadr Ziyo Hoji Abdulazim Sharʼiy bilan birga 19 oy faoliyat olib borgan va undan tarixiy kitoblar yozish, tarjima qilish va lugʻat tartib berish sirlarini o‘rgangan.
Sadr Ziyo 1895-yil sentabrda amir Abdulahad tomonidan Xutfarga (hozirgi Peshko‘) qozi etib tayinlangach, o‘z vakolati doirasida tumandagi qo‘riq va bo‘z yerlarga suv chiqartirib, aholining dehqonchilik bilan shugʻullanishi uchun imkoniyat yaratib beradi. 1897-yil fevralda amirning farmoniga binoan Xatirchi bekligi, 1902-yil mayda Karki bekligi qozisi etib tayinlanadi. Bekliklarda dehqonchilik, taʼlim, vaqf mulklari bilan bogʻliq masalalar va fuqarolik ishlarini tartibga soladi.
1905-yilning avgustida Sadr Ziyo Komot (hozirgi Vobkent) tumani qozisi etib tayinlanadi. “Kundaligi”da yozishicha, o‘sha paytda bu tuman amirlik iqtisodiy hayotida muhim o‘rin tutgan bo‘lib, mazkur tegrada boy savdogarlar istiqomat qilganlar. Sadr Ziyo Komot tumani hududidagi “Hazrat Buzurg” deb ataluvchi yogʻoch ko‘prikni toshdan qayta qurish tashabbusi bilan chiqadi va uning tavsiyasiga ko‘ra, inshoot qurilishida qamoqda saqlanayotgan 100 dan ortiq kishi mehnatidan foydalaniladi. Ish jarayonida qo‘riqchilar bilan janjal chiqarib, tutqunlarning barchasi qochib ketadi. Sadr Ziyo ulardan uchtasini ushlab keltirishga muvaffaq bo‘ladi. Bu voqeadan so‘ng u 1906-yilning yanvarida egallab turgan lavozimidan bo‘shatiladi.
Sadr Ziyo 1906-yil noyabrda ikkinchi bor Xutfar tumani, 1909-yil fevralda Shahrisabz bekligi, 1910-yilning yanvarida esa Nasaf bekligi qoziligiga o‘tkaziladi. Shu yili Buxoro shahrida bo‘lib o‘tgan sunniylar va shialar o‘rtasidagi to‘qnashuvlar taʼsirida Nasafda ikki mazhab vakillari o‘rtasida sodir bo‘lgan qarama-qarshiliklar Sadr Ziyoning sa’y-harakatlari o‘laroq to‘xtatiladi.
1912-yil avgust oyida amir Olimxon (1910–1920) tomonidan Gʻijduvon tumaniga qozi etib tayinlangan Sadr Ziyo ishni qozixona qurdirishdan boshlaydi. Faoliyati davrida Abdulxoliq Gʻijduvoniy ziyoratgohi hududini kengaytirib, ziyoratchilarning ibodat qilishlari uchun sharoit yaratib beradi.
1913–1916-yillarda Chorjo‘y bekligi qozisi sifatida faoliyat yuritgan Sadr Ziyo dehqonchilik, vaqf va fuqarolik masalalarini tartibga soladi. Madrasa talabalarining hujra bilan taʼminlanishi va nafaqalari miqdorini oshirishga jiddiy eʼtibor qaratadi. 1916-yil fevral oyi oxirlaridan Qarshi bekligi qozisi lavozimiga o‘tkazilgan Sadr Ziyo bunyodkorlik ishlarini amalga oshirishda bosh-qosh bo‘lib, Qarshi Namozgohi va Jilovxona masjidini taʼmirlatadi.
1917-yil Rossiyadagi voqealar va birinchi jahon urushi oqibatlari Buxoro amirligidagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga o‘z taʼsirini ko‘rsatgan yaxshi maʼlum. Islohotlarga xayrixoh bo‘lgan ulamolar amir tomonidan yuqori lavozimlarga tayinlanar ekanlar, 1917-yilning 27-martida Sadr Ziyoga Buxoroning qozikaloni vazifasi topshiriladi.
Amir tomonidan 1917-yil 7-aprelda islohot farmoni imzolangach, “Yosh buxoroliklar”ning Abdurauf Fitrat, Fayzulla Xo‘jayev, Usmon Xo‘ja boshchiligidagi so‘l qanoti shu yilning 8 aprelida Buxoro shahrida katta namoyish uyushtiradilar. Namoyish amir maʼmuriyatining qarshiligiga uchraydi va “Yosh buxoroliklar” taʼqib ostiga olinadi. Ularni qo‘llab-quvvatlaganlikda ayblangan Sadr Ziyo 1917-yil 9-aprelida bor-yo‘gʻi 14 kun davom etgan qozikalonlik lavozimidan bo‘shatiladi. Bir muddat davlat lavozimlaridan chetlatilgan Sadri Ziyoni amir Olimxon 1917-yilning oktabrida Qarshi bekligi qozisi etib tayinlaydi.
1918-yil bahorida Turkiston Xalq Komissarlari Soveti raisi F.Kolesovning Buxoroga bosqini oqibatida amir Olimxon jadidlarni xoinlikda ayblab, jazolashni buyuradi. Qarshida qozilik qilayotgan Sadr Ziyo ham inqilobchilarga xayrixohlikda ayblanib, hibsga olinadi va qo‘lyozma asarlari yoqib yuboriladi. Ikki oy qamoqda yotgan Sadr Ziyo ozod qilinadi va Shahrisabz qozisi etib tayinlanadi. Uning faoliyatini nazorat qilish Shahrisabz begi, amir Olimxonnning amakisi Akramxon To‘ra zimmasiga yuklatiladi.
1918-yilda Shahrisabz aholisi soliqlardan norozi bo‘lib, Akramxon To‘raga qarshi bosh ko‘targan paytda, amir Olimxon qo‘shbegi Nizomiddinxo‘ja Urganjiy boshchiligidagi vakillarini yuboradi. Ammo ularning xatti-harakatlari zoye ketib, qo‘zgʻolon kengayib boraveradi. Natijada Sadr Ziyo 22 kun davomida qo‘zgʻolon rahbarlari bilan muzokara olib borib, gʻalayonni bostirishga muvaffaq bo‘ladi.
1919-yil sentabrida Qarshi bekligi qozisi etib tayinlangan Sadr Ziyo bu yerda 1920-yil sentabrgacha, yaʼni amirlik tugatilgunga qadar faoliyat olib boradi.
Buxoro Xalq Sovet Respublikasi tuzilgach, Sadr Ziyo yangi hukumatda Vaqf ishlari bo‘yicha masʼul, Shariat ishlari bo‘yicha boshqarma raisi o‘rinbosari, Respublika kutubxonasi kitobdori lavozimlarida ishlaydi.
Ilmiy-adabiy merosi. Sadr Ziyo davlat ishlari bilan band bo‘lishiga qaramay, sermahsul ijod qilib, bir qancha asarlar yaratgan. Bugungi kunda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutining qo‘lyozmalar xazinasida Sadr Ziyoning 9 ta jildga jamlangan 70 dan ortiq risolalari, tazkiralari va tarixiy asarlari saqlanmoqda. Bu kitoblarning tadqiqot doirasi keng bo‘lib, Sharqning musulmon mamlakatlari geografiyasi, Buxoro amirligining XIX asrning oxiri va XX asrning boshlaridagi tarixini o‘rganishda muhim manbalar bo‘lib hisoblanadi.
Sadr Ziyoning “Mashhur shaharlar va ularning atrofidagi joy nomlari va ularning alifbo tartibi haqida risola”, “Baland togʻlarning ajoyibotlari va vayrona tepaliklarning qiziq jihatlari bayoni”, “Jugʻrofiya va yer yuzidagi mamlakatlar aholisi to‘gʻrisida majmua”, “Yetti iqlim bayoni” kabi asarlarida XIX asr oxiri va XX asr boshlaridagi Sharq mamlakatlari tabiati, boyliklari va shaharlari haqida maʼlumotlar berilgan bo‘lsa, “Movarounnahrdagi mevalarning xususiyatlari haqida so‘z” asarida Turkistonda yetishtiriladigan mahalliy mevalarning turkiy, arab va fors tilidagi nomlari, xususiyatlari, isteʼmol qilish uchun foydali jihatlari haqida so‘z yuritiladi.
Sadr Ziyo Abu Nasr Forobiy, Abu Ali ibn Sino, Fariduddin Attor, Abduxoliq Gʻijduvoniy, Imom Buxoriy, Abdulvohid Sadri Sarir Balxiyning hayoti va faoliyatini yoritib beruvchi “Tarjimayi ahvoli imom Forobiy”, “Tarjimayi ahvoli shayx-ur-rais Abu Ali ibn Sino”, “Tarjimayi holi Attor”, “Tarjimayi holi Xoja Abduxoliq Gʻijduvoniy”, “Tarjimayi holi imom Hofiz al-din al-kabir al-Buxoriy”, “Mujmali tarjimayi holi manoqibi Ogʻoyi Buzurg”, “Tarjimayi ahvoli qozi Abdulvohid sadri Sariri Balxiy” kabi asarlar muallifi hamdir.
Sadr Ziyoning “Buxoroyi sharif ichkarisidagi madrasalar atalishi to‘gʻrisida” va “Buxoroyi sharif ichkarisidagi masjidlar atalishi to‘gʻrisida” kabi asarlari Buxoro shahri guzarlarida joylashgan madrasa va masjidlar haqida maʼlumot beruvchi muhim manba bo‘lib, unda shahardagi 204 ta madrasa va 223 ta masjid haqida so‘z ketadi. Chunonchi eng katta madrasaning hujralari soni 147 ta (Ko‘kaldosh madrasasi) va eng kichigidagi hujralar 2 ta (Mehtari Orif madrasasi) ekanligi ko‘rsatilgan. Shuningdek, asarda hujralar soni yigirmadan ortiq bo‘lgan madrasalar soni 60 ta, ellikdan ortiq hujrasi bor madrasalar 20 tani tashkil qilgani qayd qilingan. Izohlarda madrasaning qaysi hukmdor davrida, kim tomonidan, qachon barpo etilganligi ko‘rsatib o‘tilgan.
Sadr Ziyo o‘z zamonasining mohir xattoti ham bo‘lgan. U zamondoshlaridan Inoyatullo Shayxning “Oxund Shayx bar tahzib”, Najmiddin Umar ibn Ali Qazviniyning “Xoniya”, Kamoliddin Xo‘jandiyning “Devoni Shayx Kamoli Xo‘jandiy”, Mir Muhammad Siddiq Hashmatning “Nomayi Xusravon” nomli asarlarni nastaliq xatida ko‘chirib bergan. Shuningdek, xattotlik sanʼati bo‘yicha Mirzo Azim, Abdurahim Peshkuhiy, Abdulloh Mirzo Hisoriy, Mirzo Abdurahmon, Mirzo Abdulvohid, Mirzo Abdulqayum, Mirzo Qori Olimxon, Mirzo Qobil, Mirzo Murod, Muhammad Amin Qori, Abdulmo‘min, Qori Nazrulloh o‘roq, Qozi Hoji Neʼmatulloh, Mirzo Safar, Mir Yahyo qorovulbegi kabilarga ustozlik qilgan.
Sadr Ziyoning yana bir eʼtiborga molik jihati kitobdorlik faoliyatidir. XX asr boshlarida Buxoro shahrida uchta yirik shaxsiy kutubxona bo‘lib, ular Burhoniddin Sadr qozikalon kutubxonasi, Siddiqxon Hashmat kutubxonasi va Sharifjon Sadr Ziyo kutubxonasi edi. Bugungi kunda Sadr Ziyodan juda katta, bebaho kutubxona meros bo‘lib qolgan bo‘lib, undagi nodir asarlar Turkiston tarixi, adabiyoti va madaniyatini o‘rganishda qimmatli manba bo‘lib hisoblanadi. Sovet hokimiyati tomonidan bir necha marta Sadr Ziyo kutubxonasidagi kitoblar davlat ixtiyoriga o‘tkazishga harakat qilingan va har safar alloma qarshiligiga uchragan. Sadr Ziyo qamoqxonada vafot etgach, uning kutubxonasi musodara qilingan va 350 dan ortiq kitob Buxoro Xalq Sovet Respublikasi kutubxonasiga topshirilgan. 1936-yilda Sadr Ziyoning barcha kitoblari Toshkentga olib ketilgan va hozirda O‘zbekiston Respublikasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutining qo‘lyozmalar to‘plamida saqlanmoqda.
Oilasi. Turmush o‘rtogʻi Ibodulla maxdumning qizi Musahhiba Shukurova bo‘lib, 1889-yili 3 yashar qizi vabo kasalidan vafot etgan. Muhammad Shakuriy (1925 – 2012) ismli o‘gʻli ham bo‘lib, Tojikiston ilm-fani rivojiga munosib hissa qo‘shgan adabiyotshunos va tilshunos edi.
O‘limi. Sadr Ziyo ilk bor 1924-yilda sovetlarga qarshi targʻibot olib borganlikda ayblanib, fevrali oyida hibsga olingan va 35 kun qamoqda saqlangan. Ikkinchi marta 1931–1932-yillarda sovetlar tomonidan aholidan tilla va tilla buyumlar yigʻish jarayonida Sadri Ziyo mulkini yashirganlikda ayblanib, hibsga olingan. Qamoqxonada tif kasalini yuqtirib, vafot etgan.
Jadidlar.uz saytidan olindi.