Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


04.11.2025 | 10:10

img367

“O‘ZIMGA YAQINLASHYAPMAN”

O‘zFA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutining katta ilmiy xodimi, adabiyotshunos va shoir Abdusattor JUMANAZAR

– Hurmatli Abdusattor aka, avvalo, sizda ilmga, ijodga rag‘bat uyg‘otgan oilaviy muhit haqida gapirib bersangiz. Bilaman, oilada to‘qqiz farzand ulg‘aygan bo‘lsa, ularning besh nafari ijod bilan shug‘ullanib keladi. Akangiz Yo‘ldoshbek Kenjaning markaziy nashrlarda e’lon qilingan ta’sirchan maqola va esselarini ko‘pchilik yaxshi biladi. Shaxsan o‘zim ukangiz To‘raqobil akaning romantik she’rlarini sevib o‘qiyman. Yana bir ukangiz Sirojiddin ham fidoyi tarixchilardan, davra suhbatlariga g‘aroyib ruh olib kiradi, yozib ham turadi. Singlingiz Risolat muallimaning kitobi, bir qancha maqolalari chop etilgan, so‘nggi vaqtlarda “Vatanparvar” gazetasi va “Qalqon” jurnali bilan faol ijodiy hamkorlik qilib kelayotganidan xabarim bor. Bunda, albatta, oila – bobo-momolar, ota-ona tarbiyasi, so‘ngra maktab ta’limining ta’siri bo‘lsa kerak?
– Bobo-momolar, ota-ona… Har kimning umr yo‘li shu insonlardan boshlanadi, deb o‘ylayman. Maktabga o‘qish va sal-pal yozishni ham o‘rganib borganman. Bunda Bahor opamning katta xizmati bo‘lgan. Opam matematika, fizika, astronomiya fanlarida ayricha iste’dodli edi, shu sohalarda havas qilguday yutuqlarga ham erishdi. Maktabda yuzlab shogirdlar tayyorladi.
Bir kuni kutilmaganda uyimizdan ikki hovli naridagi pochtaxona o‘rniga katta kutubxona ko‘chib keldi. Pochtaxona bizni qishloq­dan tashqaridagi dunyolar bilan bog‘laydigan sevimli ko‘rfazimiz edi. Turli gazeta-jurnallar – “G‘uncha”, “Gulxan”, “Yoshlik”, “Sharq yulduzi”, “Fan va turmush”, “Guliston” nashr­lari, almanaxlar yoshligimizdayoq hayotimizda o‘zga bir olam paydo qilgan. Chanqoq kimsadek hamisha ularga intiq edi.
Kuzda kunning issig‘ida paxtazorda suv keltirilgan katta suvdon atrofiga to‘plangan bolalar va qizlarning sabrsiz holatini tasavvur qiling…
Uyda gazeta va jurnallarga obunani o‘zaro bo‘lishib olardik. Bunday imkonni bizga daladagi “oq oltin dengizi” berardi. Keyinchalik ular qatoriga kutubxona kitoblari qo‘shildi. Ular bilan tanishuv “Kuntug‘mish” yo “Go‘ro‘g‘lining tug‘ilishi” dostonidan boshlanganov…
Bu savolingiz bolalik degan ulkan bir olamning qapug‘ini ochib yubordi. Uni hayotning ikki yoritqichi – Oila va maktab quyoshi yog‘dular bilan to‘ldirib turardi. O‘ylab qarasam, hayotdagi birinchi muallimlarim – bobom mulla Tifli, otam Kenja Jumanazarboy o‘g‘li, onam Mengsuluv mulla Tifli qizi ekan.
Uyimiz uzoq yillar qishloqdagi eng zo‘r darsxona bo‘lganini ham bergan savolingizdan keyin tiniqroq anglayapman. Unda, ayniqsa, qahraton qish paytlari deyarli har kuni, xalq tilida aytganimizda, “yetti yoshdan yetmish yoshgacha” keksa-yu yosh yig‘ilib, uyni liq to‘ldirib “dars”da ishtirok etardi. Otamning yaqin qarindoshlari dongdor O‘roq polvon, mashhur Eshmamat, O‘roz va keksa Raim chavandozlar, afsonaviy Ahmad va Alisher polvonlar to‘y yo olishlarga kelsa, albatta, biznikiga qo‘noqqa tushardi. Bu “darsxona”da kechgan voqealardan “Mahabxorat”dek yirik, ko‘p qismli ajoyib film ishlasa bo‘ladi. Bu lof emas.
Maktabda uy darsxonasi saboqlari ta’sirida matematika, fizika, kimyo, astronomiya darslarini ham adabiyotga aylantirib yuborardim. Raqamlar, tengla­malar, vodorod-u H2O, qaltiroq gazlar-u boshqalari ham tirik mavjudotday harakatlanib, shuurimizni kengaytirardi. Bu hodisa muallimlar va o‘quvchilarga ham yoqardi. Doston hikoya qilish va uning nazmiy matnlari ohangi menga otamdan ozroq o‘tgan. Faqat, uyimizda dostonlar do‘mbirasiz aytilardi. Akam Yo‘ldoshbek Kenja turli shoirlar va o‘zining she’rlarini viqor bilan ovoz chiqarib o‘qishini yoqtirardim, havasim kelardi.
Bu savolingizga baribir to‘liq javob berishni uddalay olmas ekanman. Maktab haqida gapiray desam, qarshimda Qo‘ziboy Eshmanov, Eshman To‘rayev, Abdivoy Rahim, Meyli Do‘sanov, Rahmat Jabborov, Musurmon Murodov, To‘xta tog‘a Bektemirov va yana bir qancha ustozlarning uzun safi paydo bo‘lyapti. Domla Abdivoy Rahim adabiyotdan saboq berardi. U kishining alohida e’tibori tufayli 6-sinflardayoq xalq og‘zaki ijodidan mayda ertak, laparlarni to‘plardim. “Yozi kal” dostonini uch kishidan yozib olgandim, 42 varaqlik qalin daftarning ikkitasi to‘lgandi. Keyinchalik uning kitobini ham topdim. Yozib olganlarimdan farq qilardi.
Oila va maktab – xotirada avaylab- asraladigan Hayot. Ular umrning birinchi Bosh bekatlari, inson o‘zligi sari xuddi shu yerdan yo‘lga chiqadi. – Maktabdan keyin hozirgi O‘zbe­kis­ton Milliy universiteti­ning Sharq­shunoslik fakultetida o‘qi­gan­siz-a? Bolalikdan badiiy ijodning oshuftasi bo‘lganingiz holda, qanday qilib bu yo‘nalishga kelib qoldingiz?
– Maktabni tugatganimning beshinchi yili edi, 1982-yilning kuzida Toshkentga keldim. Bir yilga yaqin Chkalov nomidagi uchoqsozlik korxonasida ishladim. Adashmasam, yuk tashuvchi ulkan “Il-76” uchog‘ini ishlab chiqarardik. Bu davr ham o‘zgacha sururli bo‘ldi, osmon-u falaklarda parvoz qiladigan uchoqlarni yasashda ishtirok etardim.
Oliy o‘quv yurtlariga hujjat topshirish vaqti kelganda, o‘sha vaqtdagi Toshkent davlat universitetiga bordim. Jurnalistika uchun maqolam kam edi, filologiyani mo‘ljalladim. Qaynab toshgan katta izdihomga duch keldim. Ishli odam, boshqalardek kunlab kuta olmayman. Sharqshunoslikka o‘tdim, u yerda ham navbat tirband edi. Bir payt: “Hind bo‘limiga topshiradiganlar bormi?” deb so‘rashdi. O‘ylab-netib o‘tirmay, birdan ichkariga kirdim va hujjatni oson topshirdim…
Balki o‘shanda meni “Kalila va Dimna”, Tarael va Neston Drijon, Rabin­­dranat Thakur yo Krishan Chandr chaqirgandir. Ular menga bolaligimdan qadrdon edi-da. Aslida bu… oila va maktabdan chiqqan yo‘lning davomi ekan. Meni boshqa bir olam kutib oldi va uning voqealari boshlandi. Bugun ham ular bilan birgaman, men qadim Turonni shu yerda topdim. Hindlar o‘zlari bilmagan holda, hozirgacha Turonni madh qilib yurishlarini ko‘rib, hayratlandim. Bu gaplarning davomi mavridi kelganda hikoya qilinadi.
O‘qish davrida bizga ta’lim bergan Tamara Alimova, Zohidilla Komilov, Tohir Nazarov, Rustam Qosimov, Majid Hamidov, Telman Sattorov kabi ustozlardan cheksiz minnatdorman.
– Tahsildan keyin, baribir, ijodiy sohalarda, gazeta-jurnallarda ishla­dingiz…
– Toshkentda ayni o‘zbek tiliga davlat tili maqomini berish uchun kurashlar qizg‘in tus olgan bir paytda, o‘tgan asrning 80-yillarida tasodifan, biz uchun afsonaviy shoir Rauf Parfi bilan tanishib qoldim. Juda yaqin bo‘lib ketdik. Oila va maktabda kitoblarda o‘qigan bo‘lsam, endi o‘zbek adabiyotining o‘zi bilan chinakam yuzlashgandim – “Abadiyat qonuni” tarjimoni Nizom Komil, rassom Isfandiyor Haydar, shoir Eshqobil Shukur, A’zam O‘ktam, Aziz Nesinni o‘zbekka aylantirgan Miad Hakim… bu qur to‘xtovsiz kengayib boraverdi. Ularning hammasi o‘sha davrning zabardast jadidlari, do‘stlarim edi.
O‘qishni tugatib, ish izlashimga hech hojat qolmadi. Bir kuni Rauf aka: “Ish qidirib yurmang, ana, Miad akaning oldiga boring”, dedi. Shu tariqa, bolaligimizda bizni gazeta-jurnallar bilan ta’minlab turgan matbuot eshigidan ichkariga qadam qo‘ydim. Chet eldagi vatandoshlar uchun chop qilinadigan “Oydin” gazetasida ish boshladim. Hayotimning bu pallasida Dehlidagi mashhur Chandichauk bozoriga kirib qolgandek bo‘ldim.
O‘zbek tiliga davlat tili maqomini berish uchun kechgan qizg‘in kurashlar izidan mustaqillik gurunglari boshlanib ketdi. U ham uzoq kuttirmadi.
– Uzoq yillardan buyon bir tash­­kilotda – O‘zbekiston Fanlar aka­demiyasi Sharqshunoslik instituti­da sadoqat bilan ishlab kelasiz. Sizni tarixga qanday qiziqish boshlab kelgan va bu yo‘nalishda nima ushlab turadi?
– 1998-yillar edi, asta-sekin matbuot bilan “chiqisha” olmay qoldik. Maqola yozish uchun bir nechta mashhur korxonaga kirib chiqdim. Boshliqlari birdan qochib ketardi. O‘rinbosarlaridan birortasi korxona yangilanishga urinayotgani, hozircha qozon, qoshiq, kosa, tog‘ora, yelim obdasta, piyola singari mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgani, ishchilarning ko‘pchiligiga o‘zlarining hisobidan yarim yillik ta’til berilgani haqida xijolat bo‘lib gapirishardi. Men ko‘rayot­gan hayot matbuotda yozilayotganlarga teskari edi. Hayotdagi haqiqiy ahvol yoki ilmiy yangiliklar haqida yozilganlarni matbuot qabul qilmay qo‘ygandi. Taqdir chizig‘i bor ekan… Odatdagi­day, mamlakatda amalga oshirilayotgan taraqqiyotni qidirib yurgandim. Xuddi shu kunlari sharqshunos, bir nechta qo‘l­yozma asar tarjimoni bo‘lgan domla Ismoil Bekjon bilan ko‘rishib qoldik. Nima bilan mashg‘ulligimni surishtirdi. Bilgach, jilmaydi va: “Falonchi, matbuot endi sening joying emas. U davrlar o‘tib ketdi. Hozir shu yerdan to‘g‘ri Sharqshunoslik institutiga bor, qo‘lyozmalar kutib turibdi seni. Oylik bermasa ham ishlayver. O‘sha joy sening peshonangga yozilgan. Boshqa hech qayerga boshingni urib yurma”, dedi. Aytganiday qildim.
Bu yerda meni 27 ming jildga yaqin qo‘l­yozma, 45 ming atrofida toshbosma, 10 mingdan ortiq tarixiy hujjat… kutib oldi. Men millatning haqiqiy ma’naviy xazinasiga kirib qolgandim. Dunyodagi biror boylikni unga qiyoslab bo‘lmaydi. Vatanning ko‘p ming yillik yoshdagi Buxoro, Samarqand, Nasaf, Xiva, Kesh, Termiz… barcha qadimiy kentlari, bu tabarruk tuproqda kechgan ulug‘ voqealarga olib boradigan yo‘l shu yerdan boshlanar ekan. Bu yo‘l – yurt haqida yozilgan, bizga o‘qitilgan yolg‘on­lar changalzorini oralab, ulardan omon o‘tishimga ko‘maklashdi. Ruh ozodligini his qildirdi. O‘n ming yil naridagi shonli bobolar-u momolar huzurigacha olib bordi. Bu yo‘ldan qanday chiqib ketay?
Bu… sadoqat bilan mehnat qilish emas. Odamday yashashga urinish. Tiriklik uchun havo qanday kerak bo‘lsa, o‘zlikni anglash ham yashash uchun shunday ehtiyojdir. Meni bu qutlug‘ dargohdan qo‘yib yubormayotgan narsa shu bo‘lsa kerak.
– Qo‘lyozmalarni qaysi tillar va imlolarda o‘qiysiz? Bugungacha taxmi­nan qancha qo‘lyozma bilan tanishgansiz?
– Qo‘lyozmalarning deyarli barchasi arab imlosida turkiy, arabiy va forsiyda yozilgan. O‘qiganlarim… qo‘lyozmalar ro‘yxati (kartoteka) nazarda tutilsa, o‘qilmaganlari kam qolgan. Bir sidra ko‘rib chiqqanman. Tez varaqlab o‘qiganlarim – hujjatlarni ham qo‘shsak, ikki-uch mingdan oshib ketadi. Shoshil­may o‘qiganlarim mingdan ko‘proqdir. Anig‘ini ayta olmayman, taxminan shunday.
– Bugungi kungacha “Xilvat ahli”, “O‘rgimchak kitobi”, “Nasaf”, “Mashrab”, “Vaxshivor”, “Buxoro ta’lim tizimi tarixi”, “Yakkabog‘” (“Sohibqiron kamol topgan yurt”), “Tug‘li hikoyalar burji”, “Samarqand ta’lim tizimi va madrasalari tarixi”, “Qoratosh”, “Bulung‘ur” kabi yana bir qancha tarixiy, ilmiy-badiiy asarlaringiz, yuzdan oshiq ilmiy maqolalaringiz, turkum she’rlaringiz matbuotda e’lon qilingan. O‘zim ham ularning aksariyatini o‘qib, ijodiy bahramand bo‘lganman. Siz haqingizda “bir institutning ishini qiladigan olim” degan ta’riflarni ham eshitganman. Bugun qanday izlanishlar bilan mashg‘ulsiz?
– Ilmiy izlanishlarni qay darajada uddalayapman, o‘zimga baho berol­may­man. Biroq ko‘p narsaga ulgurmayot­ganimni bilaman. Odamning 30-60 yosh­lari orasi – umrning gurkiragan, unda barcha imkoniyatlarning ochilgan davri ekan. Vujud charchoqni tan olmaydi, unga bo‘ysunmaydi. Davlat, jamiyat bundan juda oqilona, ustomonlik bilan foydalanib qolishi kerak.
Siz ta’kidlagan kitoblarning ko‘pchiligi oddiy sharoitlarda yozilgan. “Xilvat ahli” kitobi (monografiya) bir do‘kon­ning qorovulxonasida dunyoga kelgan. Tong otguncha yozuv uskunasi toshlari tinmay “shaq-shaq”lab chiqardi. U mening so‘zlar ohangini qog‘oz sahifa­lariga joylovchi pianinam edi. O‘sha paytlarda ayrim tanishlarim Fanlar akademiyasining Sharqshunoslik institu­tida ishlayotganimga ishonmasdi. Ular uchun men qo‘shimcha ishim – oddiy do‘kon qorovuli edim. Bu ancha vaqtgacha davom etgan.
Hozir “Xorazm ta’lim tizimi va madrasalari tarixi” mavzusida izlanishlar olib boryapman. U “Nasaf”, “Buxoro ta’lim tizimi”, “Samarqand ta’lim tizimi va madrasalari tarixi” yo‘nalishida davom ettirilmoqda. Qiziq-da, milodiy 800 yillar boshlarida Buxoroda hozirgi shakl va mazmundagi bir necha rasmiy univer­sitet tashkil etilgan paytda, dunyo­ning biz bilgan bir qancha rivojlan­gan davlatlarining hali tarixda nomlari ham bo‘lmagan ekan. Xalifa Ma’mun Bag‘dodda IX asrning birinchi chora­gida tuzgan “Bayt ul-hikma” – “Fanlar akademiyasi”ning birinchi prezidenti buyuk yurtdoshimiz Muhammad Muso Xorazmiy bo‘lgan.
O‘tgan ming yil davomida bizda dunyo ilm-fani taraqqiyotida ulkan yuksalishlarni yuzaga keltirgan bir necha ming olim yashab o‘tgan, ming­lab jildlarda ulkan ilmiy-ma’naviy meros qoldirgan. Ularning salmoqli qismi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti hamda yurti­miz va jahonning turli qo‘lyozmalar xazinalarida saqlanmoqda. Bu jahon­shumul rivojlanishlar asosida Turon­ning tarixi 1200–1250-yilga borib taqaladigan ta’lim tizimi va universitetlari (madrasalar) faoliyati turgani aniqlandi. Hozir bu mavzu Xorazm ma’rifati tarixi bilan to‘ldirilmoqda. Bu shonli tarixning barcha so‘qmoqlari hayratli voqealar, g‘aroyib manzaralarga to‘lib-toshib yotibdi. Ular to‘g‘risida o‘tgan istibdod davrlarida lom-mim deyilmaganiga men allaqachon sira ajablanmay qo‘yganman.
– Siz baribir ijodkorsiz-da, ilmiy asarlaringizda ham So‘zga alohida e’tibor bilan yondashasiz. “O‘rgimchak kitobi” nomli asaringizni o‘qiganimda, madrasalarning odatda bir qolipda keladigan tarixini g‘oyat qiziqarli tarzda, xuddi badiiy asarday bayon etib berganingizdan hayratlangan­man. Mashhur joy nomlari-yu atamalar­ning lug‘aviy ma’nosini ham, milliy tariximizni xorijiy manbalar orqali o‘rganishga odatlangan olimlardan farqli ravishda, milliy tilimizdan izlaysiz…
– So‘z… u bizni hayotda millat sifati bilan asrab turgan yagona Kuch. Milliy ma’naviyatni usiz yaratib, asrab bo‘lmaydi. So‘z… ularning har biri aslo xiyonat qilishni bilmaydigan bahodir Jangchi. Ularga nisbatan faqat biz xiyonat qilib, har kuni hech bo‘lmaganda ulardan birini halok etyapmiz. Yana, ayovsiz.
Vatanimizning sharafli tarixi, afsonaviy sirli o‘tmishiga faqat tirik so‘zlarimiz bilan to‘g‘riroq va osonroq kirib boriladi. Lekin biz, deylik, biror mashhur nomning lug‘aviy ma’nosini izlar ekanmiz, negadir, uni boshqa tillardan qidirishga odatlanganmiz. Masalan, “Samarqand” atamasini ko‘p asrlardan beri fors, arab, sanskrit tillari orqali izohlashga harakat qilib kelishmoqda. Ammo hozirgacha bironta qoniqarli natijaga erishilmadi.
Samarqand o‘zbekning qadimiy “suv” va “bug‘doy” so‘zlari tufayli dunyoga kelgani haqidagi maqola shu kunlarda “Til va adabiyot ta’limi” jurnalida chop qilinmoqda. Unda o‘zbek tilidagi So‘zning qudratini ko‘rasiz, hayratlanasiz. 
Ba’zi taniqli olimlar: “Yigirma yildan beri “Onaqut, Onaqut” deyaverasiz”, deb qo‘l siltab, hatto ustimdan kulganday bo‘ladi. Yo‘q, do‘stim, adashasiz, yigirma emas, o‘ttiz olti yildan beri aytaman bu So‘zni, deyman. “Onaqut” voqeasi 1990-yili “Avesto”ning Steblin-Kamenskiy rus tiliga o‘girgan nashr nusxasi qo‘limga tushganda boshlangan. Bir kuni dunyo forscha Naxidga emas, o‘zbekning bosh momosi Onaqutga ko‘proq ehtirom ko‘rsatishiga men ishonaman.   
Yurtimizning o‘n ming yilliklarda yastanib yotgan madaniy-ma’rifiy tarixini hanuz ko‘ksida asrab kelayotgan So‘zga men yozayotgan har sahifamda ta’zim qilaman. So‘z bo‘lmaganida, siz sanab o‘tgan kitoblarning birortasi yozilmasdi. O‘zbek tili bilan Turonning istalgan hududida 100-150 asr narida kechgan tarixiy voqealarni ham ko‘rishning iloji bor. Na fors, na arab, na sanskrit tili sizni Turonga u kabi keng ko‘lamda va chuqur olib kira olmaydi.
So‘z odamning kimligini ham fosh qiladi. Hurmatga loyiq bo‘lmagan odam­ning birinchi belgisi – millati va davlati tilini mensimasligi, hurmat qilmasligida ko‘rinadi.
– Tadqiqotlaringizda yurtimiz ta’lim tizimi tarixi bilan bir qatorda, shon­li ajdodimiz Boborahim Mashrab me­ro­sini ham jiddiy o‘rganib kelasiz. O‘zbe­kistondagi Islom sivilizatsiyasi mar­kazining Mashrab davri ekspo­zitsiyasini tuzishda ham faol qatnashib kelyapsiz…
Atoqli olim Abdurauf Fitrat “Mashrab” nomli maqolasida: “O‘zbek qishloqlarida va yaqin kunlargacha o‘zbek shaharlarida, yo‘qsa, qish kechalarida “mashrabxonlik” atal­­g‘an o‘turishlar bo‘lar edi. Xalq bir choyxonada yo birining mehmon­xonasida yig‘ilishar, eng yaxshi va baland tovushli bir hofiz (mashrabxon) Mashrabning g‘azallarini “Savt”, “Talqin”, “Munojot” kabi kuylarda o‘qur edi. Uning atrofida o‘turg‘an kishilar qimirlamay, nafas chiqarmay, buyuk bir diniy hayajon bilan tinglar edilar. Qizig‘i shundaki, mashrabxonlik kechalarini idora qilg‘uchi mashrabxonlarning o‘zlari din bilan oz aloqali kishilar edi. Nasha chekar, qumor o‘ynar edilar…
Qalandarlarning o‘z boshliqlarini “bobo” atag‘anlari ma’lum. Mash­rabning Bobo Rahim – Rahim bobo atal­g‘ani(dan) uning bir vaqtlar qalandar boshlig‘i bo‘lg‘anini ham gumon qilish mumkin… Baxtga qarshu, bizning tariximizning hech tekshirilmag‘an yoxud oz tekshirilgan sahifalaridan biri shul qalandarliqdir”, deb yozadi. 
Yana: “Qalandarg‘a “ko‘chamiz” dedi­lar, to‘shakini yelkasiga tash­ladi”, degan noyob maqolni ham keltirib o‘tadi. “Bizning hali yaxshi tekshirilmagan, tartibka kirmagan, hatto keraklik materiallari, ma’xazlari to‘planmag‘an bir adabiyot tariximiz bor”, deya urg‘ulaydi.
Buyuk olim “yaxshi tekshiril­magan”, “oz tekshirilgan” degan tarix sahifalarida, ya’ni Mashrab olamida bugun qanday yangiliklar bor? – Boborahim Mashrab o‘zbek mumtoz adabiyotining yorqin vakili, Turon elining sharafli darvesh farzandi. Shu yilning aprel-may oylarida Islom sivilizatsiyasi markazidan “Boborahim Mashrab hayoti va ijodiy merosi” mavzusida tadqiqot matni tayyorlab berishni taklif qilishdi. Avvaliga ikkilandim, yurtimizda bir qancha mashrabshunoslar borligi, bu ishni ular bajargani durustroqligini aytdim. So‘ngra uch kun to‘rtarmoq – internetdan Mashrab haqidagi yangi tadqiqotlarni topib, ko‘zdan kechirdim. Ular ko‘p ekan, ayniqsa, qardosh turk og‘aynilarimiz bu borada zalvorli ishlarni amalga oshiribdi. Tadqiqotlar salmog‘i ancha ortgan… Biroq barchasi 2010-yilga qadar bajarilgan ishlar yo‘lagida va saviyasi ham o‘sha davr holatida turibdi, chalkashlik yanada kuchaytirilgan. Boborahim Mashrab hayoti va ijodiga oid “ilmiy” ma’lumotlar hanuz ayanchli ahvolda ekan.
Deyarli barcha tadqiqotlarda, turk olimlari ishlarida ham shoir 1640, 1653 yoki 1657-yilda tug‘ilgani ko‘rsatilgan. 1640-yilda shoirning otasi ham tug‘il­magan bo‘lsa kerak. Keltirilgan bu uch sana atrofida hatto Mashrabning ustozi Bozor oxund ham dunyoga kelmagan edi, bu aniq. Ko‘rilgan ishlarning hech biri­da birlamchi tarixiy manbalar tadqi­qot­ga tortilmagan yoki negadir chetlab o‘til­gan. Badiiy asarlar turkumiga kiruvchi “Qissai Mashrab” ma’lumotlari asosiy birlamchi manbaga aylangan.
Achinarlisi, Mashrab hayoti bilan bog‘liq tadqiqotlardagi bu sanalar­ning birortasi to‘g‘ri emas. Shoirning qachon yashagani, kimligini bilmasdan turib, uning hayoti va ijodi to‘g‘risida gapirish, nomidan devonlar tuzib chop qilish, jild-jild monografiyalar yozish mumkinmi? Bu sanalarning birortasi to‘g‘ri bo‘lganda, haligacha hamma gangib, hayron qolib yurmasdi.
Fitrat domla aytgan “mashrabxonlik”,  aslida, oddiy odamlar orasida bo‘lmagan. U qadimdan tasavvuf ahlining xos suhbati, Boborahim Mashrabdan bir necha yuz yil oldin ham “mashrabxonlik” eng qizg‘in, suluk ahli orziqib kutadigan yig‘in edi. Unda ko‘proq she’rlar o‘qilgan. “Mashrab” aslida tasavvufiy atama, tariqatda yuksak maqomga yetishgan kishilarga nisbatan aytilgan.
Abdurauf Fitrat zamoni o‘lkamizning tanazzul payti edi. Uning yozganlari aynan shuni tasdiqlab turibdi. Sovetlar davrida jamiyatda tasavvuf olami g‘oyib bo‘ldi, mumtoz adabiyot talqinlari (nihoyatda ko‘pchiligi!) islom dini va tasavvufdan yiroq olimlar hukmiga topshirildi. Qadimiy mashhur “mashrabxonlik” atamasiga sovet­lar to‘ni kiydirildi. Bu atamani faqat Boborahim Mashrab nomi bilan bog‘lab talqin qilish o‘zbek adabiyotshunosligida urfga kirdi. U o‘zining choponini topol­may, hanuz o‘sha to‘ni bilan tentirab yuribdi. Biror olim shu paytgacha “mashrabxonlik” qadimdan davom etib kelayotgan so‘fiylar orasidagi an’anaviy xos yig‘in va tasavvufiy atama ekani, uning ajoyib tarixi borligi haqida bir og‘iz ham aytmabdi.
Boborahim Mashrabni yaqinroqdan bilish uchun birlamchi tarixiy manbalarda ma’lumotlar yetarli, oddiy o‘quvchi ham ulardan to‘g‘ri va aniq xulosa chiqara oladi. Buning uchun adabiyot yoki tarix sohasi mutaxassisi bo‘lish shart emas… Bunday qismat tarix va mumtoz adabiyotimizdagi yana boshqalarda ham bor, Mashrab yolg‘iz emas.
– O‘zbek xalqining tarixini lo‘nda qilib aytib bera olasizmi?
– Uning madaniy-ma’rifiy, davlatchilik tarixi ushbu suhbatimizdan kamida yetti ming yil narigacha masofani hayratomuz voqealari bilan to‘ldirib turibdi.
– Ilm sohasi yoki institut, umuman, bir tashkilot ishini rivojlantirish uchun qanday aniq takliflar bildira olasiz?
– Bugun yurtimizda, o‘zbek jami­yatida yirik ijobiy o‘zgarishlar bosh­lanib ketganiga barchamiz guvohmiz. Bir­dan masalaga o‘tib, ilmiy tadqiqotlar bilan shug‘ullanuvchi institutlar bo‘yi­cha bir taklif aytay. U “Ish ko‘zgusi” deb ataladi. Respublika Fanlar akade­miyasi, institutlar rahbariyati va ilmiy xodimlarni hisobotlardan to‘liq ozod qiladi. Qog‘ozbozlik, ortiqcha xarajat­lardan qutqaradi, tadqiqotchiga hami­sha yetishmaydigan oltindan ham qimmat vaqt behuda sarflanishiga yo‘l qo‘ymaydi. U havo qo‘nalg‘asi binosida doim uchoqlar qo‘nish-uchishini ko‘rsatib tura­digan zamonaviy yirik raqamli ko‘zgu singari ishlab turadi. Unda institut xodimining maqola, kitob, risolalari, ilmiy anjumanlardagi ishtiroklari va bajargan boshqa ishlari jadvali har kuni to‘ldirilgan holatda berib boriladi. Jamoa va xodim ishlari natijalari hammaga har kuni ko‘rinib turadi. Ish natijalariga qarab, xodim yashil, sariq, qizil toifalar chegarasiga kiritiladi. U har jihatdan qancha sermahsul bo‘lsa, toifalardagi o‘rni o‘zgarib turadi.
Bu “Ish ko‘zgusi”da eng oddiy xodim professor yo akademikdan ham o‘zib, jadvalning eng tepasini egallashiga imkoniyat bor. Unda boshliqdan izlanuvchi tadqiqotchigacha o‘zini ko‘rib boradi. U hatto, oylik maoshning to‘g‘ri hamda adolatli taqsimlanishiga ham ta’sir ko‘rsatadi. Bu “Ish ko‘zgusi”dan maqola yo kitoblar haqidagi ma’lumotdan tashqari, ularning matnlarini ham olish mumkin bo‘ladi. U to‘rtarmoqqa ulab qo‘yiladi va institutdagi ilmiy jarayonni O‘zbekiston xalqi, rahbariyati hamda butun jahon kuzatib borishi uchun ham cheklanmagan imkoniyat yaratiladi.
Bunday “Ish ko‘zgusi”ni Respublikadagi boshqa idoralar va tashkilotlarda ham joriy qilsa bo‘ladi, deb o‘ylayman. Bugungi tezkor zamon uchun u juda kerak! Xarajat ham ko‘p talab qilinmaydi.
– O‘zingizga qaraganda, kimni ko‘ra­siz?
– Bir necha marta o‘zim haqimda alohida ko‘rsatuv yo film ishlashni taklif qilishdi. Juda xijolat bo‘ldim. Kimdir mening hayotimga qarasa, aniq, o‘ta zerikarli kartinaga duch keladi. U faqat bir-biridan deyarli farq qilmaydigan kunlardan iborat bo‘ladi. Uzoq yillardan beri bir xil voqea qayta-qayta takrorlanaveradi. Ertalabdan kompyuter uskunam yoqiladi. U bilan rostakamiga jo‘ra bo‘lib ketganmiz. Tungi bir-ikkilarda o‘chiriladi. Unga rahmim keladi. Bu qiynoqlardan buzilib qolmasin-da, ishqilib, deyman. Bu ko‘p yillik manzaradan devordagi soat ham zerikib, ensasi qotayotgandek, gohida chiqillamay qo‘ygandek tuyuladi. Bunday hayot tarzini birov ko‘rmagani ma’qulroq. Eng og‘ir ish o‘zing bilan tanishish ekan. Buning uchun menga bir umr kerak bo‘lyapti.
– Kelgusi rejalaringiz haqida ham qisqacha to‘xtalib o‘ta olasizmi?
– Rejam… Uni “maqsad” deylik. Hayotda o‘zim ko‘rgan-kechirgan voqea­larni qanday bilsam, ulgurganimcha ko‘hna Turon, bugungi O‘zbekistonni ham shunday bilishni istayman. Har kuni qurbim yetganicha shu niyat so‘qmog‘ida bir qadam tashlashga harakat qilyapman. Shu tariqa asta-sekin O‘zimga yaqinlashib boryapman. Qani, men kim ekanman?

Ikrom ISKANDAR suhbatlashdi.

“Jadid” gazetasining 2025-yil 31-oktyabrdagi 44-soni


“JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“

Özbekistonda xizmat körsatgan yoşlar murabbiysi, yuridik fanlar doktori, yozuvçi Komil SINDOROV bilan suhbat – Assalomu alaykum, ustoz. Sizni ham bobo, ham Özbekiston şaxmat federatsiyasi rais örinbosari sifatida Javohir Sindorovning Sent Luis (AQŞ) şaxmat klubida bölib ötgan “Clutç Çess: Çampions Şowdown 2026” xalqaro turnirdagi ğalabasi bilan muborakbod etamiz! – Rahmat! Jahon çempionligi bahslari oldidan sönggi muhim […]

16.11.2026 | 16:15

img118

ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img98

MILLIY YUKSALIŞ SARI

Joriy yilning 10-14-noyabr kunlari Qoraqalpoğiston Respublikasi, viloyatlar va Toşkent şahrida mustaqil Özbekiston tarixida ilk marotaba “Özbekiston ziyolilari kengaşi”ning hududiy yiğilişlari bölib ötmoqda. Mazkur muloqotlar dunyoda yuz berayotgan madaniy, siyosiy va texnologik özgarişlar, şuningdek, qadriyatlar transformatsiyasi şaroitida milliy özlikni saqlaş, Uçinçi Renessans poydevorini barpo etiş, Yangi Özbekistonni quriş va Milliy yuksaliş davri sari dadil qadam taşlaş […]

16.11.2026 | 09:00

img145