MUTRIB XONAXAROBIY
(1865-1925)
Mutrib Xonaxarobiy taxallusida ijod qilgan shoir. Asl ismi Muhammad Hasan Hoji Tabib o‘g‘li bo‘lgan. Mutrib Xonaxarobiy 1865-yil Xivada tug‘ilgan. Xivadagi Muhammad Aminxon madrasasida tahsil olgan. Maqomchi bastakor sifatida ham mashhur bo‘lgan. Mutrib – “sozanda” taxallusi shundan kelib chiqqan. Uning serqirra iqtidorini yuqori baholagan Feruz uni saroyga jalb etib, devonbegilik vazifasiga tayinlagan. Bu yillarda yozgan g‘azal va muxammaslar ko‘plab bayoz majmualardan o‘rin olgan, jumladan, Tabibiy tuzgan ikkala tazkirada shoir asarlaridan ko‘plab namunalar uchraydi. Mutrib Xonaxarobiy XX asrning 20-yillarida saroy tugatilgach, Xorazmda paydo bo‘lgan mahalliy matbuotda faol ishtirok etadi. “Xorazm xabarlari”, “Inqilob quyoshi” gazetalarida adabiy xodim lavozimida xizmat qiladi.
Ilk sheʼrlarini 1890-yilda yoza boshlagan. Uning bayoz, devon va majmualar orqali 14 ming misraga yaqin g‘azal, muxammas, musaddas, qasidalardan iborat adabiy merosi yetib kelgan.
Mutrib Xonaxarobiy qoldirgan ijodiy meros asosini ishq-muhabbat mavzuida bitilgan g‘azal, murabba, masnaviy, muxammas, musaddas va ruboiylar tashkil etadi. Uning xon va shoir Feruz shaʼniga bag‘ishlangan qasidalari ham mavjud. Mutrib Xonaxarobiyning ilm-maʼrifatga daʼvat, hurriyat mavzularida yozilgan sheʼrlari mahalliy matbuot sahifalarida, shuningdek, Xivada 1924-yilda nashr etilgan “Yug‘urmiya” to‘plamida chop etilgan. Bu turkum sheʼrlarida (“Ko‘rung emdi xaloyiqqa…”, “Bilinglar, ey xaloyiq”, “Ko‘ngluma bir turfa so‘z keldi ravon” va b.) targ‘ibiy-tashviqiy ruh, xitob, daʼvat ohanglari hukmronlik qiladi. Laffasiyning Feruz davridagi xorazmlik ijodkorlarga bag‘ishlangan tazkirasida Mutrib Xonaxarobiyning “Shoh Komron” sheʼriy asari borligi haqida ham maʼlumot berilgan.