SOLIH MUHАMMАD
(1902 – 1938)
Bolaligi. Solih Muhammad 1902-yilda Toshkentda tug‘ilgan. Avval shu yerdagi eski maktabda, so‘ng “Ko‘kaldosh: madrasasida va rus-tuzem maktablarida o‘qidi. 1918-1919-yillarda o‘qituvchilar kursini bitirib, dastlab shahardagi “Forobiy” nomidagi maktabda muallim, keyinroq Yangi kalon ko‘chasida ochilgan yangi maktabning mudiri bo‘lib ishlay boshlaydi.
Ma’lumoti. 1922-yilda Turkiston Sho‘rolar jumhuriyati Markaziy Ijroiya Komiteti raisi Аbdulla Rahimboyev uni o‘z huzuriga chaqirib, bir guruh talabalar bilan Germaniyaga o‘qishga borishga, Yevropaning ilg‘or fan-texnika sirlari, maorif va madaniyat sohasida erishgan yutuqlarini o‘rganib, Turkistonning kelgusidagi taraqqiyotiga kamarbasta bo‘lishini maslahat beradi. Solih Muhammad bu taklifni jon-dilidan qabul qiladi va Germaniyaga o‘qishga jo‘nab ketadi. U Germaniyaning Shtutgart shahrida joylashgan Ziroat akademiyasiga kirib o‘qiydi, ekinchilik, urug‘chilik, o‘simlik va hayvonot dunyosi, paxtachilikni rivojlantirish bo‘yicha fan-texnika erishgan nazariy-amaliy bilimlarni puxta egallashga harakat qiladi.
Mehnat faoliyati. Solih Muhammad 1927-yil bir guruh o‘rtoqlari qatori Toshkentga yozgi taʼtilga keladi. Kuzda Germaniyaga o‘qishning oxirgi kursini tugatishga qaytishga ruxsat berishmaydi. Shundan so‘ng Samarqandga borib, u yerda F. Xo‘jayev, А. Ikromov, Y. Oxunboboyevlar huzurida bo‘lib, Kattaqo‘rg‘on shahri yaqinidagi urug‘chilik ilmiy-tajriba stantsiyasiga ishga yuboriladi. U yerda biroz ishlagach, 1928-yil o‘rtalaridan boshlab, Samarqanddagi jumhuriyat urug‘chilik boshqarmasiga boshchilik qiladi. 1931-yil jumhuriyat markazi Toshkentga ko‘chgandan keyin Solih Muhammad ham shu yerda ishlab, O‘zbekiston paxtachilik trestida paxta urug‘chiligi bo‘yicha amaliy va nazariy ishlar olib boradi.
Solih Muhammad o‘sha davrning ilg‘or ziyolilari, olimlari, yozuvchilari va shoirlari Otajon Hoshimov, Fitrat, Cho‘lpon, А. Qodiriy, Oybek, Botu, Sattor Jabbor va boshqalar bilan ham yaqin aloqada bo‘lgan. Do‘stlari, shogirdlari, qarindosh-urug‘larining maʼlumotli va maʼrifatli kishilar bo‘lishiga mehribonlik ko‘rsatgan.
Oilasi. Solih Muhammadning aka-ukalari, qarindosh-urug‘lari, ota-onasi, xotini, farzandlari ham stalinizm davrining beboshliklari va bedodliklarini boshdan kechiradilar. Xotini Zebo, qizi Nafisa, ukalari Mansur, Muhammadamin va boshqalarni xalq dushmani, xoinning qarindosh-urug‘lari degan tavqi-laʼnat bilan tahqirlaydilar.
O‘limi. Solih Muhammad bilan bir davrda Germaniyada o‘qib, keyinchalik O‘zbekistonga ne-ne yaxshi umid va orzular bilan qaytgan kimyogar olim Sattor Jabbor, genetik Rauf Rasuliy, elektr injener To‘lagan Mo‘min, tibbiyot mutaxassisi Xayriniso Majidxonova, irrigator Fuzayl Sherahmad o‘g‘li va boshqalar 1938-yil 9-oktyabrida SSSR harbiy kollegiyasi qarori bilan begunoh otib tashlanadi.