MO‘MINJON MUHAMMADJONOV
(1883–1964)
Bolaligi: Mo‘minjon Muhammadjonov 1883-yilda eski Toshkentning Pichoqchilik mahallasida tug‘ilgan.
Ma’lumoti: Dastlab mahallasidagi “Ko‘rpa maxdum” laqabli va Zohidxon qori ismli domlalardan ta’lim olgan. So‘ng Toshkentdagi “Sharofboy”, “Beklarbegi” va Ufadagi “Oliya” madrasalarida tahsil olgan.
Faoliyati: Jadidchilik harakatining namoyandasi sifatida Toshkent, Namangan, Qo‘qon, Andijon, O‘sh, Jalolobod, Xo‘jand, Shahrisabz va boshqa shaharlarda usuli jadid maktablari ochgan va o‘zi ochgan maktablarda muallimlik qilgan.
“Sadoyi Turkiston”, “Ishtirokiyun” gazetalari va “Maorif”, “Mushtum” jurnallarida ishlagan. 1920 – 1921 yillarda Xorazmda Maorif nozirligida xizmat qilgan. Ikkinchi jahon urushi va urushdan keyingi yillarda O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Sharqshunoslik institutida ishlagan.
Ilmiy-adabiy merosi: Mo‘minjon Muhammadjonov “Toshqin” tahallusi bilan ijod qilgan. Uning hajviy she’rlari “Mushtum” va boshqa davriy nashrlarda e’lon qilingan, shuningdek, u 1926-yilda Ziyo Said bilan hamkorlikda “Qonli tun” pesasini yozgan.
Oilasi: Otasi – Muhammadjon uzangisoz usta bo‘lgan 1890-yillarda Toshkentning Allon mahallasidagi masjidda imomlik qilgan. Kasallikdan vafot etgan. Chig‘atoy darvozasidagi qabristonga ko‘milgan. Onasi xafaqon kasalligidan vafot etgan. Ularning 4 o‘g‘li va 2 qizi bo‘lgan. Mo‘minjon Muhammadjon o‘g‘lining Hasan ismli ukasi, Muhtaram, Zuhra singillari bo‘lgan. U 1924-yilda uylanib Shayxontohur dahasidagi Degrez mahallasida yashagan.
Vafoti: Qatag‘onga uchramagan. 1964-yilda vafot etgan.