BEKJON RAHMONOV
(1887–1929)
Bolaligi. Mulla Bekjon 1887-yil Xiva xonligining markaziy shahri Xivada tug‘ilgan.
Ma’lumoti. Xonlikdagi boshlang‘ich maktab va madrasada tahsil olgan. 1912-yil 26 yoshga to‘lgan Bekjon Eron orqali Usmoniylar imperiyasining poytaxtiga boradi. U 1913-yil Istanbul universitetiga o‘qishga kiradi va 1918-yilgacha ta’lim oladi. Jadidchilik g‘oyalari va zamonaviy taraqqiyotga bo‘lgan qarashlari yanada boyib Xivaga qaytadi.
Mehnat faoliyati. U turkman, fors, turk hamda rus tillarini yaxshi bilgan. Turkiyada tahsil olib qaytgach, Xorazmning mashhur maorif isloxotchisi, jadidlar mafkurasining tarafdori sifatida faoliyat yuritadi. “Yosh xivaliklar” partiyasining faol a’zosi bo‘lib faoliyat yuritadi. Bekjon Rahmon Xorazm Sho‘rolar Jumhuriyati tashkil etilgach 1920–1921-yillarda maorif vaziri, 1921-yildan Markaziy Ijroiya Komiteti ish boshqaruvchisi bo‘lib ishlagan. Xorazmda 1920-yildan nashr etilgan “Inqilob quyoshi” gazetasining muharriri bo‘lib ishlagan. Uning tashabbusi bilan Xorazmda ko‘plab maktablar (o‘zbek va turkman tillarida) ochilgan, 1921-yil sentyabrda Xivada xalq universiteti tashkil qilingan. U Xorazm viloyati maorif bo‘limining mudiri bo‘lib ishlagan (1925–1926-yillar).
Ilmiy-adabiy merosi. Xorazmda birinchi bo‘lib, 1924-yili lotin alifbosida darslik yaratadi. Bekjon Rahmon Xorazm o‘zbeklarining musiqa tarixiga oid tadqiqotlar va turli darsliklar muallifi edi.
O‘limi. Sovet hukumati uning faoliyatiga nisbatan shubha bilan qaradi. Chunki u ta’lim tizimi va boshqa sohalarda milliylikni yoqlab chiqib kurash olib bordi. Shu bois ham 1929-yili OGPUning josuslari tomonidan Urganchdan uncha uzoqda bo‘lmagan hududda Amudaryoda paraxod ichida maxfiy ravishda o‘ldiriladi.
Jadidlar.uz saytidan olindi.