Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 12°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


SHOKIRJON RAHIMIY

img

(1898–1938)

Bolaligi. Maʼrifatparvar jadid Shokirjon Rahimiy 1898-yilda Toshkentda tugʻilgan. Otasi Rahimjon ziyoli inson bo‘lib farzandlarining tarbiyasi va taʼlimiga jiddiy eʼtibor bergan. Ammo kasallik bois erta vafot etgan. Onasi Sharofatxon farzandlari Sobirjon, Shokirjon va Gʻofurjonni keyingi tarbiyasi bilan o‘zi shugʻullangan. Tikuvchilik qilib oila turmushini tebratgan.

Maʼlumoti. Dastlabki taʼlimni otasining maktabida olgan. U 1903–1909-yillarda madrasa tahsilini ko‘rgan. Shuningdek, kechki rus-tuzem maktabida o‘qigan. Shokirjon Rahimiy 1919-1921-yillarda Toshkentdagi maorif institutini tamomlagan.

Faoliyati. Shokirjon Rahimiy mehnat faoliyatini maktabda muallimlikdan boshlangan. Toshkentning Taxtapul mahallasida otasi ochgan “Rahimiya” maktabida 1909-1919-yillarda muallimlik qilgan. O‘quvchilarga o‘qish va yozishni o‘rgatar ekan, Shokirjon Rahimiy maktabdagi taʼlim jarayoni mohiyati haqida: “Maktab bolalarni faqatgina o‘qitib qolmay, ularning maʼnaviy dunyosini va jismoniy quvvatini rivojlantirishi, dunyoqarashini milliy qadriyatlar, tarixiy anʼanalar ruhida shakllantirishi, o‘z Vatanini yurakdan sevgan faol fuqarolarni tarbiyalab yetishtirishi zarur”, deb yozadi. Jadid namoyandalari bilan doimo aloqada bo‘lib maktablar uchun 1912-yilda o‘zining dastlabki darsligini yaratgan. Jadid ziyolilari tashabbusi bilan 1914-yilda tashkil etilgan “Turon” teatrida sahna asarlarini yaratish ishida ishtirok etgan. U teatrda suflyorlik vazifasini bajargan. Shu bilan birga, 1914–1915-yillarda Toshkentda nashr etilgan “Sadoyi Turkiston” gazetasining adabiy xodimi bo‘lgan. 1916-yil Rossiya imperiyasining mardikorlikka olish va unga qarshi xalqning norozilik chiqishida faol ishtirok etgan. 1917-yilda “Fuqaho” jamiyatining kotibi bo‘lgan. Jamiyat nashri afkori bo‘lgan “Izhor ul haq” jurnalida o‘zining maqolalari bilan ishtirok etgan.

Toshkentda 1918-yilda tashkil etilgan Musulmon Xalq dorilfununida ko‘plab jadid namoyandalari qatorida muallimlik qiladi. U 1919-yilda nashr etila boshlangan “Ishtirokiyun” gazetasi faoliyatida ham ishtirok etgan. Shuningdek, Abdurauf Fitrat tomonidan 1919-yilda tashkil etilgan “Chigʻatoy gurungi”ning aʼzosi bo‘lgan. Ammo bu jamiyatning faoliyatiga sovet hukumatining mustahkamlanib borish jarayonida to‘siq qo‘yilgan. Shunga qaramay Shokirjon Rahimiy jadid ziyolilari tomonidan 1923-yilda tuzilgan “Nashri maorif” jamiyatining tashkil etilishda faol ishtirok etgan. “Nashri maorif” jamiyatining raisi bo‘lib uning faoliyatini boshqargan. Shokirjon Rahimiy 1918-1923-yillarda Toshkentning eski shahar va 1924-yilda esa Toshkent viloyat xalq maorif bo‘limlarida mudir, ayni paytda birinchi bosqich maktablar, taʼlim va tarbiya bilim yurtlarida o‘qituvchi va mudir bo‘lib ishlagan.

O‘zbek osori-atiqalarining saqlash va ularni muzeylarini tashkil qilish, arxeologik tadqiqotlar olib borish masalasini targʻib qilgan. Fargʻona vodiysi bo‘ylab sayohat qilib tarixiy yodgorliklarni o‘rgangan. Maktablarda o‘lkashunoslik burchaklari tashkil etish taklifi bilan chiqqan. Milliy matbuotda o‘zining maqolalari bilan  madaniy merosni saqlash, o‘lkashunoslik muzeylari tashkil etishga doir o‘zining taklif va tavsiyalarini bergan. 

Shokirjon Rahimiy 1924-1927-yillarda Moskvada o‘zbek o‘quvchilari uchun ochilgan ishchilar fakultetiga mudirlik qilgan. U 1927-yilda Toshkentga qaytib maorif sohasidagi faoliyatini davom ettirgan. Maktablar uchun darsliklar yozgan. Sovet hukumatining qatagʻon siyosati avjiga chiqib unga ham o‘z sirtmogʻini tashlash arafasida yaʼni 1937-yilda Toshkentdagi ko‘zi ojizlar maktabida o‘qituvchi va uslubchi bo‘lib faoliyat yuritgan.

Ilmiy-adabiy merosi. Maorif sohasida faoliyati bilan birga maktablar va taʼlim muassasalari uchun darsliklar yozgan. U yangicha taʼlimiy asarlar yaratish jarayonida maʼrifatparvarlik gʻoyalarini ilgari surishga, milliy tilni yuksaltirishga, milliy madaniyat va dunyoqarashni, qadimiy anʼanalarni saqlashga har doim katta ahamiyat bergan edi. Bunday kitoblarning soni esa o‘ntadan ortiq. Bolaning milliy ongini uygʻotish va uni milliy anʼanalar ruhida tarbiyalashni birinchi sinfdan boshlab amalga oshirish zarur deb hisoblagan Shokirjon Rahimiyning “Sovgʻa”lar takomil qiladir” maqolasida shunday yozadi: “Bolalarning ongida milliy ruh alifbo orqali singdirilishi kerak”. O‘sha davr bolalarining tayyorgarligi va tasavvurlarini hisobga olgan holda u qishloq va shahar bolalariga alohida alohida “Sovgʻa” (1919), “Alifbo darsligi” (1922) kabi alifbo darsliklarini yaratdi. Shuningdek, kattalar uchun “Kattalarga o‘qish” (1920), katta yoshdagi kishilar uchun 1924-yilda “Markaz savodsizlikni bitiruv favqulodda komissiyasi” tomonidan 15 ming dona bosilgan “Kattalar yo‘ldoshi” nomli alifbosini tuzadi. “Kattalar yo‘ldoshi” ikki yil ichida tuzatilib, to‘rt marotaba nashrdan chiqadi. Bundan tashqari, “Kattalar alifbosi”(1927), “Savod” (1930), “O‘zbek tili. Ish kitobi” (1932), “O‘zbek tili darsligi, “Grammatika ham imlo” (1934), “O‘zbek maorifi” (1923) kabi maxsus darsliklar va o‘quv qo‘llanmalar ham yaratadi. ”Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1928-yil 28 avgust sonidagi yangi asarlar nomli sahifasida Rahimiyning “Jonli tovushlar” nomli yana bir yangi alifbo kitobi nashrdan chiqqanligi haqida eʼlon qilinadi. Unga ko‘ra Shokirjon Rahimiy muallifligida nashrga tayyorlangan bu mo‘jaz kitobcha bolalar uchun mo‘ljallangan kichik hajmli kitobcha ekanligi haqida maʼlumot beriladi. Ammo bu kitobchaning bugungacha yetib kelganligi yoki yetib kelmaganligi haqida hech qanday maʼlumot uchramaydi. Uning bu kitoblari imlodan imloga o‘tish yillarida keng xalq ommasiga xizmat qilgan.

Oilasi. Shokirjon Rahimiy Toshkent shahrining Qahramon ko‘chasi 35 uyda istiqomat qilgan. Uning turmush o‘rtogʻi Solihaxon va ularning Lola ismli qizlari bo‘lgan.

O‘limi. Shokirjon Rahimiy 1937-yil 5-avgustda “Milliy ittihod” tashkilotining aʼzosi sifatida qamoqqa olingan. “Aksilinqilobiy” tashkilot faoliyatida qatnashganlikda ayblanib bir yil davomida tergovda bo‘lgan maʼrifatparvar 1938-yil 4-oktyabrda otib tashlangan. Uning ustidan chiqarilgan hukmning sudi shu yilning 5-oktyabrida bo‘lib, 25 daqiqa (15:20–15:45) davom etgan va “oliy jazo” belgilangan.

Jadidlar.uz saytidan olindi.