Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 11°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


OBIDJON MAHMUDOV

img

(1871–1936)

Bolaligi. Obidjon Abdulxoliq oʻgʻli Mahmudov 1871-yili Margʻilonda tugʻilgan. Otasi Buxoro amirligi qoʻshinida toʻpchiboshi boʻlib xizmat qilgan kishilardan biri Abduxoliq Abduqodirbek oʻgʻli edi. U falakning gardishi bilan fargʻonalik doʻstining taklifiga binoan Margʻilonga mehmonga borganida, ittifoqo otdan yiqilib, oyogʻi singan va shifo topguniga qadar uning uyida yashashga majbur boʻlgan. U xastalik kezlarida doʻsti Mirzayunusning Robiya degan yaqin qarindoshiga koʻngil qoʻyib, unga uylangan. Yuqorida nomi zikr qilingan Obidjon Mahmudov Margʻilonda ana shu ota-onadan dunyoga kelgan.

Bibi Robiyaning toʻngʻich oʻgʻli Mirodil Qoʻqonning Shayxon mahallasidan uy-joy sotib olgach, Obidjon ham onasi va akasi bilan birga Qoʻqonga koʻchib keladi va shu yerda yashab, eski maktabda oʻqiydi. U darsdan boʻsh paytlarida moʻmchilik bilan shugʻullangan akasiga yordam berib, undan moʻmchilik hunarini, pochchasi Mirzakarim zargardan esa savdo-sotiqning sir-asrorlarini qunt bilan oʻrganadi.

Mehnat faoliyati. Obidjon 1894-1895-yillarda boʻlsa kerak, arzimas bir masalada akasi bilan aytishib qolib, Qoʻqondan bosh olib chiqib ketadi. U Kaspiy dengizi boʻylarida joylashgan Chelekan yarimoroliga borib, toʻrt-besh yil mobaynida turli ishlar bilan mashgʻul boʻladi. Omadni qarangki, sherikchilikda sotib olgan yeridan neft daryosi vulqondek otilib chiqadi. Chelekanga sariq chaqasiz kelgan yigit 1901-yili ona yurtiga Qoʻqonning yirik sarmoyador boylaridan biri boʻlib qaytadi. Bor-yoʻgʻi boshlangʻich maʼlumotni olgan yigitning ishlari yurishib ketib, u Fargʻona vodiysining bir necha joylaridagi neft, oltingugurt va moʻm konlarini sotib oladi.

Qoʻqonga qaytgach, togʻ-kon sanoati bilan shugʻullanib, Fargʻona vodiysida bir necha neft konlarini ochishda ishtirok etgan. Shoʻrsuvdagi oltingugurt konini sotib olgan.

Obidjon Mahmudovga qarashli konlarda xizmat qilgan nemis injenerining dimogʻi koʻtarilib, hatto uni, ya’ni bu konlarning egasini ham nazar-pisand qilmay qoʻyadi. Shundan keyin Obidjon Mahmudov Neva boʻylariga borib, Peterburg universiteti togʻ-kon fakultetining sirtqi boʻlimiga oʻqishga kirgan va qisqa muddatda barcha imtihonlarni muvaffaqiyat bilan topshirib, oʻqishni aʼlo natija bilan tugatgan. U oʻrta Osiyodan yetishib chiqqan va Rossiyada ham katta obroʻ-eʼtibor qozongan birinchi oʻzbek togʻ-kon muhandisi edi.

Obidjon Mahmudov 1911-yilda Haydarbek mahallasida yangi usuldagi maktabni ochadi. Qoʻshnisi adabiyotshunos olim Aziz Qayumovning otasi Poʻlatjon domla Qayumovni shu maktabga mudir etib tayinlaydi. Maktab yangi davr talablariga mos boʻlishi uchun barcha zamonaviy oʻquv anjomlarini sotib olib beradi. Ayni paytda u Qoʻqondagi boshqa jadid maktablaridan ham mehr-muruvvatini darigʻ tutmaydi.

Tadbirkorlik ishlari kundan kunga gurkirab borayotgan Obidjon Mahmudov Rossiyadan tegishli asbob-uskunalarni sotib olib, Qoʻqonda bosmaxona tashkil qiladi hamda 1914-yil 3-apreldan eʼtiboran Fargʻona vodiysidagi birinchi milliy nashr – “Sadoyi Fargʻona” gazetasini chiqara boshlaydi. Bu ulugʻ tarixiy voqea edi. Obidjon Mahmudov gazetani sotib, yana ham boyish uchun emas, balki vodiy ahlini mudroq ijtimoiy va madaniy holatdan uygʻotish, unga bu yorugʻ dunyoda Ilm-Maʼrifat, Erk va Hurriyat, Baxt va Saodat degan buyuk qadriyatlar ham borligini anglatish, elni shu qutlugʻ qadriyatlar bilan tanishtirish maqsadida gazeta nashr etib, uni bepul tarqatadi. Ayniqsa, uning “Dardimiz bir, kasalimiz ham bir, davo va darmonimiz ham birdur. Bas, ondoq boʻlsa, ey himmatli birodarlar, chiqinglar maydonga…” soʻzlari yozilgan “Maslak va maqsad” maqolasi vodiy yoshlariga taʼsir koʻrsatmay qolmaydi. Birinchi soni shohi matoga bosilgan gazeta yoshlar va keksa ziyolilar tomonidan katta quvonch bilan qarshi olinadi.

1917-yil Fevral inqilobining gʻalaba qozonishi bilan jadidlar ozodlik va hurriyat taronalarini ochiqdan-ochiq kuylashga kirishdilar.

Obidjon Mahmudov chor hokimiyati tomonidan taqiqlangan “Sadoyi Fargʻona” gazetasi oʻrniga 1917-yil 2-aprelda “Tirik soʻz” gazetasini nashr etib, Mahmudxoʻja Behbudiy, Zaki Validiy, Vadim Chaykin singari maslakdoshlari bilan birga yurtimiz ozod va mustaqil boʻlsin degan orzu-oʻy, ulugʻ maqsad ila yashadi. Shu gʻoyani roʻyobga chiqarish maqsadida u “Turk adam markaziyat” partiyasining maromnomasi va nizomini tuzishda yaqindan ishtirok etdi.

U 1918-yil boshlarida muxtoriyat noziri sifatida Kavkazga borib, u yerdan bugʻdoy olib kelmoqchi boʻladi. Ammo 1918-yilning 19-20-fevral kunlarida Muxtoriyat hukumatining zoʻravonlik bilan agʻdarilishi uning rejalarini chippakka chiqaradi. Bolsheviklar taʼqibidan qochgan Nosirxon toʻra Namanganda, Gertsfeld Samarqandda, Obidjon Mahmudov esa Buxoroda qoʻlga olinadi.

Shu yillarda sovet davlati uchun mamlakatning iqtisodiy bazasini tiklab olish birlamchi ahamiyatga molik masala edi. Oʻzbekiston chor Rossiyasi davrida ham asosiy paxta bazasi boʻlgani uchun bolsheviklar 1918-yildanoq paxta tayyorlash masalasiga katta eʼtibor berib, Moskvada Paxta boʻlimini tashkil etadilar. Obidjon Mahmudov oʻtgan asr boshlarida Nijniy Novgoroddagi savdo yarmarkalariga Turkistonda yetishtirilgan qishloq xoʻjalik mahsulotlari qatorida paxtani ham olib borgan edi, shu tufayli uni sovet xodimi sifatida Moskvaga, paxta boʻlimiga ishga yuboradilar. U ushbu boʻlimda bir yil ishlaganidan keyin Turkiston Markaziy Ijroiya qoʻmitasining Moskvadagi doimiy vakolatxonasida matbuot boʻlimini boshqaradi. 1920-yil aprelida esa Turkistonga Tashqi aloqalar boʻlimining Fargʻona vodiysidagi informator agenti etib yuboriladi. U ushbu lavozimda xizmat qilar ekan, suv muammosi va boshqa turli masalalar boʻyicha yuzaga kelgan masalalarni bartaraf etishda bosh-qosh boʻldi.

Shu yili Bokuda Sharq xalqlari qurultoyi boʻlib oʻtadi. Obidjon Mahmudov Munavvar qori Abdurashidxonov, Choʻlpon kabi erksevar vatandoshlari bilan birga qurultoy ishida faol ishtirok etadi. Bolsheviklar “tizgin”ni oʻz qoʻllariga olganlariga qaramay, qurultoy Sharq ozodlik ittifoqini tuzish lozim, degan qarorga keladi. Obidjon Mahmudov Bokudan qaytgach, Sharq ozodlik ittifoqining Toshkent hamda Qoʻqon shahar boʻlimlarini tashkil etadi.

Obidjon Mahmudov 1922-yil may oyida Moskvadan maxsus topshiriq bilan kelgan Orjonikidze va Eliava sharafiga Qibrayda yozilgan dasturxon paytida ham oʻzi va doʻstlarining shoʻro davlati muxoliflari safida boʻlganini yashirmagan. Ana shunday kishining hokimiyat bilan murosayi madorada yashashi mahol edi. Shuning uchun ham u bir necha marotaba xorijga chiqib ketish yoʻllarini axtaradi. Ammo buning ilojini topa olmaydi.

Shoʻro davlati Obidjon Mahmudovga Fargʻona vodiysidagi neft, ozokerit, oltingugurt va moʻm konlarini milliylashtirib, unga bu konlardan ijarachi sifatidagina foydalanish imkonini berdi. U 1926-yili uchinchi marta qamoqqa olinib, 5-yilga ozodlikdan mahrum etiladi. Sud jazo muddatini Solovets orollarida oʻtash haqida hukm chiqardi. Ammo bu “oʻtda kuymas, suvga botmas” inson 8 oy deganda ozodlikka erishadi. Obidjon Mahmudov nafaqat oʻzining haq-huquqini, balki el-yurt manfaatini ham himoya qila oluvchi isteʼdodli kishilardan edi.

Obidjon Mahmudovning ijtimoiy faoliyatiga aloqador va bizga maʼlum boʻlgan eng soʻnggi maʼlumot shuki, u 1933-yili Moskvada boʻlib oʻtgan Butunittifoq qishloq xoʻjalik koʻrgazmasida Fargʻona viloyatidan topilgan togʻ qazilmalari namunalari bilan ishtirok etgan. Demak, u hayotining soʻnggi yillarida yana togʻ injeneri sifatida izlanishlar olib bormoqchi va Oʻzbekistonning iqtisodiy mustaqillikka erishishi uchun yetarli salohiyatga ega ekanini avlodlarga aytmoqchi boʻlgan.

Oʻlimi. Bolsheviklar bilan kurashda salomatligini yoʻqotgan Obidjon Mahmudov 1937-yilgi qatagʻondan bir yil avval, 1936-yil 21-noyabrda bandalikni bajo keltiradi.

Jadidlar.uz saytidan olindi.