VADUD MAHMUD
(1898–1976)
Mahmud Pirmuhammad oʻgʻli Vadud Mahmud 1898-yilda Samarqand viloyatining Yuqori Dargʻom tumani, Tayloq qishlogʻida tugʻilgan. Otasi qishloq imomi boʻlib, xalq xizmatida boʻlgan (1905-yili vafot etgan). Onasi Anbara (1934-yilda vafot etgan) uy bekasi boʻlib, bolalarni tarbiyalagan. V. Mahmud dastlab Samarqanddagi Abduqodir Shakuriy maktabida, keyin Ufadagi Oliya madrasasida (1917-1918-yillar), Samarqand pedagogika kurslarida (1918-yil), Oliy maktabda tahsil oldi. Bryusov nomidagi oliy adabiyot institutida tahsil olgan (1925-1926-yillar). Toshkentdagi SAGUning iqtisod fakultetiga (1923-yil) tekin talaba sifatida oʻqigan. Ayni paytda V. Mahmud ham 1919-1925-yillarda Samarqand va Jizzaxda maorif boshqaruvi sohasida ishlagan holda dars bergan. 1926-1927-yillarda “Maorif va oʻqituvchi” jurnalida muharrir yordamchisi, 1926-1929-yillarda TojGIZda tarjimon va darsliklar tuzuvchi boʻlib ishlagan.
U 1930-yili sho‘ro tuzumiga qarshi targ‘ibotchilikda ayblanib qamoqqa olinadi, uchlik qo‘mitasining qarori bilan uch yilga qamaladi. Qatag‘on davri tuhmatlariga duch kelgan V. Mahmud Arxangelsk viloyati Kargopollaga qamoqxonasida 1937-yil 18 avgustidan 1954-yil 26 yanvarigacha hibsda saqlanadi. 1960-yilda to‘la oqlanadi.
V. Mahmud faoliyatining ma’lum bir qismi Tojikiston Respublikasi FA Rudakiy nomidagi Til va adabiyot instituti bilan bog‘liq. Shu dargohda ilmiy xodim bo‘lib ishlagan V. Mahmud «Farhangi zaboni tojiki»ni tuzishda qatnashadi, mumtoz sharq she’riyati tadqiqi bilan shug‘ullanadi, xotiralar yozadi. 1976-yilda vafot etgan.
Adabiyot maydoniga Samarqand adabiy muhiti orqali 20-yillar arafasida kirib kelgan Vadud Mahmud bu jarayonga juda faol aralashadi. Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abduqodir Shakuriy, Vasliy, Siddiqiy Ajziy, Sadriddin Ayniy, Hoji Muin, Abdurauf Fitrat va Tamhid Samarqandiy singari muharrir, shoir va muallimlar muhitida tarbiya topadi, ta’lim oladi, shakllanadi. Uning adabiy-tanqidiy, publitsistik maqolalari «Kambag‘allar tovushi», «Zarafshon», «Turkiston», «Inqilob», «Maorif va o‘qitg‘uvchi», «Yer yuzi» kabi gazeta va jurnallarda «Vov», «V.M.», «Vadud Mahmudiy», «Vadud Mahmud o‘g‘li» kabi imzolar bilan muntazam nashr qilinib turgan. V. Mahmud mumtoz sharq adabiyoti namoyandalari, mavjud adabiy jarayon xususida «Cho‘lponning «Buloqlar»i» (1923), «Hind ixtilolchilari» (1923), «Turk shoiri Ajziy» (1924), «Adabiy tanqidga bir nazar» (1924), «Alisher Navoiy» (1925), «Fuzuliy Bag‘dodiy» (1925) kabi qator qimmatli maqolalar yozgan.
Vadud Mahmud bilimdonligi, teran fikrliligi uchun 1917-yilgi o‘zgarishdan so‘ng yangi hokimiyat muassasalariga jalb etiladi. Aniqrog‘i, Samarqand viloyati maorif bo‘limining mudiri vazifasida xizmat qiladi. Bu davrda u «Bolalar tarbiyasi», «Maorif ishlari», «Maktablarda ahvol», «Maorifimiz», «Majburiy o‘qish» singari o‘nlab maqolalar yozadi. Ayrim holatlarda uning muayyan e’tiqod zaminida shakllangan ijtimoiy-siyosiy qarashlari va adabiy-estetik tushunchalari sovet hukumati mafkurasiga to‘la mos kelmaydi. Ba’zan yon berib, murosa qiladi; ba’zida olqish eshitadi yoki tanqid qilinadi. 1927-yil 4-5 oktyabr kunlari Samarqandda bo‘lib o‘tgan O’zbekiston madaniyatchilarining ikkinchi qurultoyida majlis zalidan «teskarichi», «cho‘lponlar maddohi» sifatida haydab chiqariladi.
Vadud Mahmud xilma-xil janr va mavzularda asarlar yozgan bo‘lsa-da, 20-yillar adabiy jarayonida, asosan, munaqqid-adabiyotshunos sifatida tanilgan.
V. Mahmud 1925-yili «Alisher Navoiy» nomli maqola yozadi. Ushbu maqola «Muhiti», «Tarjimai holi va tarbiyasi», «Mutasavvufligi», «Ilmiy-adabiy shaxsiyati», «Navoiy bir mujiddir» degan asosiy bo‘limlar va kichkina «Ilova»dan iborat.
Jadidlar.uz saytidan olindi.