Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


16.04.2025 | 15:55

img548

ORZULARNI QAYCHILAMANG!

Atoqli rus adibi Anton Chexov bir hikoyasida yozganidek, ming yillar burun ham quyosh xuddi bugungidek tongda chiqib, shomda botar edi. Shunga o‘xshab, insoniyat yaralgandan to bugunga qadar an’anaviy yashab kelayotgan hunarlar bor. Gapni mavzuga bursak, ming yillar avval ham odamlar soch-soqolini kuzash uchun sartaroshga borgan, bugun ham shunday. Yovga zinhor bosh egmagan shohlar ham sartarosh oldida boshini quyi solgan.

Eslasangiz, Abdulla Orifning “Sohibqiron” dramasi saroyda Amir Temur va sartarosh suhbatidan boshlanadi:

Sohibqiron, boshingizni sal quyi eging,
Ustaramning tig‘i o‘tkir, dami ko‘p tezkor!

Ha, sartaroshlik avloddan-avlodga, ustozdan shogirdga o‘tib kelgan azaliy hunarlardan. Bunday otameros kasblarning o‘z qadriyati bor: tolib ustozidan duo olsagina ishidan baraka topadi. Men ham ko‘plarning tavsiyasi, maqtovi bilan usta Davronning dovrug‘ini eshitib, qidirib keldim.

O‘zining aytishicha, bolaligida bobosi yetovida mahalla guzaridagi sartaroshxonaga serqadam bo‘lishgan, har ikki kunning birida gurunglarga chiqqan. Bobosi o‘rtoqlari bilan suhbatni qizitar palla bizning bolakay bu yoqda sartarosh xizmatini obdan kuzatib, kasbga mehri tushgan. Maktabdan so‘ng tengqurlari kabi koptok quvmay, ustaxonaga boradigan odat chiqargan. Bora-bora uyidagilar ham Davronni izlab ovora bo‘lmas, qosh qoraygach, to‘g‘ri sartaroshxonaga borib, o‘sha yerdan topishar va uyiga birga olib qaytishar ekan. Sakkizinchi sinfga o‘tgandayoq kasbga qo‘li ancha kelishib, oldiniga bobosi, keyin mahalladagi chollarning soch-soqolini ola boshlabdi, qo‘lhaqini ham, albatta…

Ustaning ishxonasi hashamdor emas, biroq salqin, ozoda. O‘zimizning sharqona muhit: kattalar navbat kelguncha bemalol joylashib, achchiq choyni bosib-bosib ichib, o‘tgan-ketgandan so‘ylashib o‘tiradi.

Iftorga yaqin odam siyraklab, unga bir-ikki savol bergan bo‘ldim. Aslida, ustani ungacha tanib ulgurgandim, xuddi oldindan biladigandek. 

“Odam o‘zi sevgan ish bilan shug‘ullansa, qarimas ekan, – deydi usta Davron. – Turli fe’l-atvordagi odamlar bilan ish ustida suhbatlashaman. Birda shukr qilsam, birda fikr qilaman. Mundoq qarasangiz, har bir inson hayotini kitob qilsa bo‘ladi…

Mayli, qo‘ymadingiz, o‘zi aytadigan gap emas… uzoq-yaqindagi uyidan chiqolmaydigan keksalar, nogiron yoki to‘shakka mixlanib qolgan bemorlar uyiga borib, xolis xizmat ko‘rsatamiz. Ko‘ngil so‘raymiz…

Ha, yaxshilik qilish uchun insonga pul kerak emas, xohish bo‘lsa bas. Mana, bizgacha ham dunyoga milliardlab odam kelib-ketgan, biz ham shulardan birimiz. Nasib qilsa, ertaga qarishimiz bor, dunyoga kelib kimga qanday xayrim tegdi, nima qiloldim deb o‘z-o‘zimizni so‘roqlashimiz bor. O‘shanda mening ham oz bo‘lsa-da yaxshi amallarim bor-ku, deb qanoat tuysam deyman. Har kim o‘z sohasida insonlarga, jamiyatga nafi tegsa, mana bu men uchun yashalgan umr bo‘ladi…

Bir mijozimni yoshligida yuk bosib, oyoqdan qolgan. O‘zi yetmish yoshlar atrofida. Ishonsangiz, shu odam mashina minib, kira qiladi. Bechoraman deb nolish yo‘q. Shuni yozsangiz bo‘larkan…

Ertaga nima bo‘lishini bilmaysan ekan odam. 2021-yili palakatga uchradim. Sinmagan joyim qolmadi, ikki oy qimirlamasdan shiftga ko‘z qadab yotdim. O‘sha kunlari uyimizga tumonat odam yo‘qlab kelardi: qarindosh-urug‘, yor-u do‘st, mijozlar… Avvalo Xudo, o‘z vaqtida ko‘rsatilgan yordam, keyin yaqinlarning duolari bilan ham oyoqqa turdimmi deyman…

O‘ziga shukr, hozir ko‘rib turganingizdek otdayman. Ustozlarim Husan aka, Tohir aka, adashim Davron aka, yonimdagi hamkasb bolalar – ikkalasining ham ismi Muhammad. O‘tgan kunlarimga qaray turib shogirdlarga ko‘p-da aytib turaman, orzu qil, yaxshilik qil, o‘zingni savobdan tiyma, odamlarga xayring tegsin… Bu xulosalar menga ish davomida keladi. Bilasizmi, qaychilashdan to‘xtasam, ba’zan o‘y bosadi: mana, biz qaychilaymiz, so‘ng odamning yuz-ko‘zi, chiroyi ochiladi, qog‘ozlarni qaychilab san’at asarlari yaraladi… ammo orzularni qaychilab bo‘lmas ekan. E’tibor bermang, shunday xayollar keladi ba’zan. Xullas, shunaqa…”

“Endi soch unganda kelamiz”. Kulishib xayr-xo‘shlashdik. Mabodo siz ham kelmoqchi bo‘lsangiz, Qo‘yliq bozoridan shundoq o‘tib, ko‘prikdan tushishda guruch bozoriga burilamiz-ku, uch-to‘rt qadam narida, chap tomonda. Topishga qiynalsangiz, shu atrofdagilardan “usta Davron kerak”, deb so‘rang, katta-yu kichik yaxshi taniydi…

* * *

Darvoqe, Abdulla Orifning “Sohibqiron” pyesasida Amir Temur sartaroshning tiloviga shunday javob beradi:

Sartaroshga bosh egar, ha, jahongirlar ham,
Boshqalarga egilishdan asrasin Xudo!

Jamoliddin BADAL

“Jadid” gazetasining 2025-yil 4-apreldagi 14-sonida


“JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“

Özbekistonda xizmat körsatgan yoşlar murabbiysi, yuridik fanlar doktori, yozuvçi Komil SINDOROV bilan suhbat – Assalomu alaykum, ustoz. Sizni ham bobo, ham Özbekiston şaxmat federatsiyasi rais örinbosari sifatida Javohir Sindorovning Sent Luis (AQŞ) şaxmat klubida bölib ötgan “Clutç Çess: Çampions Şowdown 2026” xalqaro turnirdagi ğalabasi bilan muborakbod etamiz! – Rahmat! Jahon çempionligi bahslari oldidan sönggi muhim […]

16.11.2026 | 16:15

img110

ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

MILLIY YUKSALIŞ SARI

Joriy yilning 10-14-noyabr kunlari Qoraqalpoğiston Respublikasi, viloyatlar va Toşkent şahrida mustaqil Özbekiston tarixida ilk marotaba “Özbekiston ziyolilari kengaşi”ning hududiy yiğilişlari bölib ötmoqda. Mazkur muloqotlar dunyoda yuz berayotgan madaniy, siyosiy va texnologik özgarişlar, şuningdek, qadriyatlar transformatsiyasi şaroitida milliy özlikni saqlaş, Uçinçi Renessans poydevorini barpo etiş, Yangi Özbekistonni quriş va Milliy yuksaliş davri sari dadil qadam taşlaş […]

16.11.2026 | 09:00

img142