29.04.2025 | 17:56
385
YEMAKNI O‘YLASANG, TUPROQNI BOQ
Nanobiomaterial nima?
Yangi asr insoniyatni kutilgan va kutilmagan sinovlar bilan qarshiladi. Kutilgani nima-yu, kutilmagani nima? Iqlim o‘zgarishi, muzliklar erishi, sayyoramiz haroratining anomal o‘zgarishi, shu bilan birga oziq-ovqat xavfsizligi va tanqisligining kun tartibidan mustahkam joy olishi, qurg‘oqchilik kabi tabiiy ko‘rgiliklarning yuzaga kelishi avvaldan kutilgan dolzarb muammolar edi. Biroq bu jarayonlarning shahd olishi kutilmagan(da) bo‘ldi.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, har yili dunyo 4,7 million gektar o‘rmonni yo‘qotmoqda, 12 milliondan ortiq ekin yerlari esa jiddiy degradatsiyaga uchrayapti. Bu muammolar O‘zbekistonga ham begona emas.
Biz olim sifatida 2000-yillar boshlaridayoq mazkur xavf-xatarlar jamiyatimiz uchun dolzarb bo‘lishini anglaganimiz uchun ilmiy tadqiqotlarimizni asosan shunday muammolar yechimiga bag‘ishlab kelmoqdamiz. O‘zbekistondagi deyarli barcha ilmiy-tadqiqot institutlarida bu borada izlanishlar olib borilyapti.
Hozirda men mikrobiologiya, mikrob asosidagi biotexnologiyalar, nanotexnologiyalar va agrotexnologiyalar sohasidagi ilmiy loyihalarni boshqarib kelyapman. Aspiranturada o‘qigan vaqtlarimda mikrobiologiya sohasi bilan shug‘ullanganman. Xususan, foydali bakteriyalarni ajratish, ularni qishloq xo‘jaligida qo‘llash istiqbollarini tadqiq etganman. 2012–2018-yillarda Xitoy Fanlar akademiyasida mikrob biotexnologiyalari va nanobiotexnologiyalar bo‘yicha izlanishlar olib bordim. O‘zbekistonga qaytgach, olingan ilmiy natijalarni amaliyotga joriy qilishga, ya’ni qishloq xo‘jaligida organik turdagi mahsulotlarni yetishtirishga kirishdik.
Asosiy e’tiborimiz nanobiomateriallar olish, ularni fizik va kimyoviy jihatdan tasniflash hamda tibbiyot va qishloq xo‘jaligida qo‘llash masalalariga qaratilgan. Biomateriallarning o‘ziga xos, ajoyib xususiyatlari bor. Qishloq xo‘jaligida haddan tashqari ko‘p ishlatilayotgan, turli kasalliklarga, ayniqsa, xavfli o‘smalar, qon buzilishi, inson xromosomasi va irsiyati mutatsiyasiga sabab bo‘ladigan zaharli moddalar o‘rniga nanomahsulotlarni qo‘llash mumkin. Biz shu maqsadda xavfsiz, samarali va iqtisodiy jihatdan arzon nanomahsulotlar konsepsiyasini ilgari surmoqdamiz.
Aslida, ota-bobolarimiz o‘tmishda o‘zlari bilib-bilmay nanomateriallar va nanozarralardan foydalanib kelganlar. Masalan, odamlar kumush taqinchoqlar solingan giyohli damlamalarni ichishgan, chaqaloqlarni shu suvda yuvintirishgan, shuningdek, uni turli yara-chaqalarni davolashda qo‘llashgan. Bu amaliyotlar kumush nanozarralari hosil bo‘lishining tabiiy jarayoniga asoslangan. Kumush buyumlar suvda o‘zgacha zaryadlangan zarralarni ajratgan va giyohlardagi kimyoviy moddalar ta’sirida nanozarralar shakliga o‘tgan. Qadimgi yunon, hind tibbiyotida hamda turkiy xalqlar an’anasida kumushli suvdan foydalanish keng tarqalgan. Biz bu tajribalarni ilmiy asosda o‘rganib, ularni qishloq xo‘jaligiga tatbiq qilishga kirishdik.
Nanozarralarni qishloq xo‘jaligida qanday qo‘llash mumkin?
Hozirgi vaqtda qishloq xo‘jaligi sohasida virusli, bakteriyali va zamburug‘li kasalliklar ko‘paygan. Gʻo‘za endigina chinbarg chiqarayotganda qurib qoladi. Bu fanda fuzarioz qurish deyiladi. O‘simlikning ildizi chiriydi; bug‘doyga sariq zang tushadi, issiqxona ekinlari ham turli kasalliklardan aziyat chekyapti… Xullas, sanasak bunday muammolarning adog‘i yo‘q. Chunki vaqtida ularga qarshi kurashishda katta xatoga yo‘l qo‘yildi: biologik usulda emas, kimyoviy vositalar – agrozaharlar bilan yo‘qotish maqsad qilindi. Oradan yillar o‘tdi, muammolar hal bo‘ldimi? Aksincha, yangi muammolar yaraldi. Biz o‘z qo‘limiz bilan o‘simlik “o‘lati va vabosi”ning yangi-yangi avlodlarini dunyoga keltirdik. Negaki, virus va bakteriyalar kimyoviy moddalarga moslashib borish qobiliyatiga ega. Endi eski vositalar foyda bermayapti. Shu bois, bunday “o‘lat va vabo”ni nanozarralar bilan cheklash – muhim va istiqbolli usuldir. Bu usulni aniq me’yorlarda o‘rganib, joriy etish lozim.
“Bioazot” biopreparatining o‘zi nima?
Ilmni xoslar uchun deyish mumkin. Uning murakkabligini bor bo‘yicha tushungani uchun ham olim olim-da. Biroq olimning vazifasi faqat ilm qilish emas, balki ijtimoiy va iqtisodiy muammolarni hal qilishga hissa qo‘shishda ham ko‘rinadi. Masalan, bizning laboratoriyadagi yo‘nalishlardan biri – qishloq xo‘jaligida mineral o‘g‘itlar sarfini kamaytirish, hatto ulardan voz kechib, yangi turdagi biologik o‘g‘itlarni joriy qilishdan iborat. Shu maqsadda biz “Bioazot” biopreparatini taklif qildik. Bu preparat joriy yilda ham sinovdan muvaffaqiyatli o‘tdi va mineral azot o‘rnini to‘liq bosdi. U tuproqda ko‘payib, o‘simlikka biologik holdagi azotni yetkazib beradi.
Xo‘sh, “Bioazot” biopreparatining o‘zi nima?
Uning asosini tirik hujayra – havo azotini o‘zlashtiruvchi Azotobacter chroococcum bakteriyasi va o‘simlik uchun foydali tabiiy birikmalari – polisaxaridlar, vitaminlar, aminokislotalar tashkil etadi. Bakteriya o‘simlik ildizida ko‘payib, havodagi 78 foiz azotni o‘zlashtirib, biologik azot – oqsil, polipeptid, aminokislota ko‘rinishida o‘zlashtiriladigan moddaga aylantiradi. Sodda qilib aytganda, havodagi azot bilan dehqonchilik qilish imkoni yaratiladi. Bu azot tirik modda bo‘lib, o‘simlik ham tirik organizm sifatida undan ko‘proq foyda ko‘radi.
Bir narsani alohida ta’kidlash lozim, hozirgi qishloq xo‘jaligida mineral o‘g‘itlardan samarali foydalanishning aniq tizimi yo‘q. 100 kilogramm mineral azot tuproqqa berilgach, uning teng yarmi havoga uchib ketadi. Faqat 15 foiznigina o‘simlik o‘zlashtiradi. Bu esa ulkan isrof demakdir. Shu bois ham ushbu muammoga barham berish uchun biopreparatlar joriy etilmoqda.
Yana savol tug‘iladi: biologik o‘g‘itlar nega kerak? Mineral o‘g‘itlar yetarli emasmi? Albatta, mineral o‘g‘itlar bor, lekin ular yillar davomida atrof-muhitni ifloslantirmoqda, sug‘orishga suv ham tortilib bormoqda. Mineral o‘g‘it suvda erimas ekan, o‘simlikka singishmaydi. Ilgarilari g‘o‘za to‘rt-besh martalab sug‘orilardi, hozir ayrim viloyatlarda bir-ikki marta suv ichadi, vassalom. Demak, g‘o‘za butun umri davomida faqat bir-ikki bor oziqlanmoqda. Hosildorlik va daromad shunga yarasha tushib ketyapti. Nima qilish kerak? Yangi, samarali va arzon usullarga o‘tish darkor. Bu – zamon taqozosi. Qisqasi, yemakni o‘ylasang, avvalo, tuproqni boqishing kerak. Bu talabga moslashmasak, qishloq xo‘jaligi samarasiz, faqat xarajatli sohaga aylanadi. Shu bois biologik o‘g‘itlar bugun juda muhim.
Shu bilan birga, qishloq xo‘jaligi ekinlarini kasalliklardan himoya qilish uchun ishlatilayotgan zaharlarning ham miqdori, ham salbiy ta’sirini biologik vositalar bilan kamaytirish mumkin. Menimcha, bolalarda ko‘payib borayotgan og‘ir kasalliklar sababi ham aynan ana shu zaharlar bilan bog‘liq.
Xullas, hozirgi ahvolimiz haqida yaxlit tasavvur hosil bo‘ldi deb o‘ylayman. Biz tanqidiy fikrlashimiz, o‘z ishimizga baho berishni o‘rganishimiz va zarur islohotlarni amalga oshirishimiz kerak. Aks holda, kelajakda ishlab chiqaruvchi emas, sotib oluvchiga aylanamiz. Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash uchun esa, albatta, faol ishlab chiqaruvchiga aylanishimiz lozim.
Baxtiyor RASULOV,
biologiya fanlari doktori
“Jadid” gazetasining 2025-yil 25-apreldagi 17-sonida
“JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“
Özbekistonda xizmat körsatgan yoşlar murabbiysi, yuridik fanlar doktori, yozuvçi Komil SINDOROV bilan suhbat – Assalomu alaykum, ustoz. Sizni ham bobo, ham Özbekiston şaxmat federatsiyasi rais örinbosari sifatida Javohir Sindorovning Sent Luis (AQŞ) şaxmat klubida bölib ötgan “Clutç Çess: Çampions Şowdown 2026” xalqaro turnirdagi ğalabasi bilan muborakbod etamiz! – Rahmat! Jahon çempionligi bahslari oldidan sönggi muhim […]
16.11.2026 | 16:15
99
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
86
MILLIY YUKSALIŞ SARI
Joriy yilning 10-14-noyabr kunlari Qoraqalpoğiston Respublikasi, viloyatlar va Toşkent şahrida mustaqil Özbekiston tarixida ilk marotaba “Özbekiston ziyolilari kengaşi”ning hududiy yiğilişlari bölib ötmoqda. Mazkur muloqotlar dunyoda yuz berayotgan madaniy, siyosiy va texnologik özgarişlar, şuningdek, qadriyatlar transformatsiyasi şaroitida milliy özlikni saqlaş, Uçinçi Renessans poydevorini barpo etiş, Yangi Özbekistonni quriş va Milliy yuksaliş davri sari dadil qadam taşlaş […]
16.11.2026 | 09:00
136