20.05.2026 | 16:30
271
BOSHDAN O‘TKAZGAN TABIB
Ha, meni ko‘rsang, tanga topgan tentakday iljayasan, Sattor Surob? Yo birorta yoshlikdagi hunarlarimdan ag‘da-bag‘da eshitganing bormi? Ularni barigayam ishonaverma, ustozing Usta Gulmat aytganday, o‘tmishimning yarmi ertak, yarmi mubolag‘a…

Ko‘zing erkak quyonnikiga o‘xshab qontalash turipti, quturib-puturib qoganing yo‘qmi? Kelinim tinchmi? Nabodosiga xo‘roz urishtirib, ulgurji dov ko‘targaning yo‘qmi? Ha, qo‘ltig‘imdagimi? Rostanam erta kunda ko‘zdan qopsan sen bola. To‘p, ha, sendaqa shahar ko‘rganlar koptok deydi. Qayoqqa bo‘lardi, guzarga, to‘p tepgani-da! Hech zamonda odamzod to‘p qo‘ltiqlab qaynotasinikiga mehmondorchilikka borganini ko‘rganmisan? He, mosov! Baharnav, tanijoning sog‘ emas sen bolani! Qo‘qonga o‘tib, Qobil tabibga bir ko‘rinib, et-betingni g‘ijimlatib ko‘r, zora-mora…
O‘zi, nimaga ko‘pchilik do‘xtir qolib tabibga qatnaydi? O‘ylab ko‘rganmisan? Bo‘pti, sen o‘ylab tur, men bo‘gan gapni aytaman. Tunov Jamol bo‘g‘irsoqni Misrni “Sharmanda Shayx”iga kuzatib, Baqachorsidagi “quyma piva”da picha salqinlashib qopmiz. Zarurat vajidan tahoratni butlab olay, degan ezgu niyatda Bachqirariqdan “pirim, madad” deb irg‘iganimni bilaman, narigi qirg‘oqqa yumshoq qo‘ndim-u, chap tizzamdan “chpoq” deganga o‘xshagan to‘mtoq tovush chiqti. Ha, tirjayma, aniq tizzamdan chiqti. Yo‘q, og‘riq yo‘g‘idi. Savoling haligi tabibnikiga o‘xshab ketdi: “Bormi og‘riq?” Qisqasi, uyga qaytib, so‘rida picha uzum g‘o‘rasini chamalab yotsam, oldin jimillab, keyin simillab og‘rib qoldi-yu. O‘tiraman, turaman, yonboshlayman, dumalayman, bir xil simillaydi qistalag‘ing. Xotin atrofimda birinchi marta arqonga tushgan echkiday aylanadi. Bir mahal tizza janavar chala pishgan Yusup pamildoriga o‘xshab bardamalab berdi. Qo‘lida qo‘ng‘irtop tuxum, xotin qaqag‘laydi: “Mana, turkana dori, sarig‘iga bir kap tuz qo‘shib surib, tang‘ib qo‘yay, sen ko‘r, men ko‘r bo‘p ketasiz, enamdan qolgan em” deydi. Men xo‘rozlanib, bor enangni em deb, tikka Ultarmaga jo‘nadim. Vey, sen bolada kalla-palla bormi? Tizza zirqillab turipti dedim-u, piyada yurib bo‘ladimi? Vali o‘risni shaytonaravasiga shoti bo‘lib yotvoldim. Qisqasi, o‘ris meni nos kaplab tupurgunimcha rangli pufakchalardan “Shirin jonim” deb bejalgan xususiy do‘xtirxonaga ag‘darib ketdi. Endi suhbatimizni eshit:
– Qayeringiz og‘riyapti?
– Tizzam.
– Iya-iya-iya! Buni tezda kesish kerak. Yaxshiyam vaqtida kepsiz. Agar besh minit kech qolsangiz, Yangiqo‘rg‘ondan qo‘ltiqtayoq qidirishga to‘g‘ri kelardi.
– Buni rengen-pengen qimaysizmi?
– Chiroq yo‘q. Lekin bizzi ko‘zimizam rengen bo‘p ketgan.
– Hech yo‘q ushlab ham ko‘rmadingiz-u…
– Nima balo siz bu yerga ushlatgani kelganmisiz yo davolanishgami? Lazer bilan shunday kesamiz, iziyam qomaydi, ikki soatdan keyin futbol o‘ynaydigan bo‘lasiz.
– Xizmat haqi qanaqa?
– Istarasi issiq yigit ekansiz, sizga o‘n milyon.
– Voybo‘! O‘n milyon? Bu pulga bo‘g‘oz g‘o‘najin beradi-yu!
– Balki… Lekin siz bir umr g‘o‘najinni minib yurolmaysiz-u. Mayli, og‘zingizni yeli… Ulpat yigitga o‘xshaysiz, yettisini naqd bering-u qolganini bo‘lib-bo‘lib tashlab ketarsiz. Ie, qayoqqa? Mayli, beshini bering-u, uchini bo‘lib-bo‘lib…
Qisqasi, bir tiynimam yo‘q deb, siltanib, saltanglanib chiqib ketdim. Orqamdan ovchini itiday ergashib chiqdi:
– Uchini bering-u, qolganini…
Daf bo‘l dedim, hozir uchini ko‘rsataman, enangni ko‘rasan dedim, g‘udrangancha chiqqan joyiga kirib ketdi. Qisqasi, ta’bim tirriq, kayp kasod bo‘lib, yo‘lovchi skuterda bir oyoq turib, haydovchini beliga tirmashib uyga kevoldim.
Xotinga sir boy bermay, qora tovuqni tuxumini sopol kosa labiga chekib, sarig‘ini ajratdim-u, unga bir otim tuz aralashtirib tizzamga tortdim. Shu bo‘yi mudragancha, Vali o‘risni tirillog‘ini ovozidan uyg‘onibman. Og‘riq yo‘q. Ruh yengil. Ishtaha soz. Kayfiyat vajang. O‘ris xavotir olib kirgan joyi ekan, do‘xtirni “aperatsiyadan keyin futbol o‘ynaysiz” degan gapini eshitib, ha, bir umr futbol o‘ynarding, faqat kompyuterda, sholchada o‘tirvolib, Xudo asrapti, Mulla, deb burnini tortib qo‘ydi.
Men bu gapim bilan do‘xtirlarni yomonlamoqchimasman. Avvalamboshi, o‘zingga ehtiyot bo‘l, sog‘liq qimmatbaho matoh degani bugunga to‘g‘ri kep qoldi. Yaxshisi, chog‘ing kelmasa, irg‘ishlama, ilojini topsang, kasal bo‘lma demoqchiman, xolos. Ko‘p iljayma, Sattor Surob!
Mulla XUNOB
“Jadid” gazetasining 2026-yil 15-maydagi 20-sonida
“JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“
Özbekistonda xizmat körsatgan yoşlar murabbiysi, yuridik fanlar doktori, yozuvçi Komil SINDOROV bilan suhbat – Assalomu alaykum, ustoz. Sizni ham bobo, ham Özbekiston şaxmat federatsiyasi rais örinbosari sifatida Javohir Sindorovning Sent Luis (AQŞ) şaxmat klubida bölib ötgan “Clutç Çess: Çampions Şowdown 2026” xalqaro turnirdagi ğalabasi bilan muborakbod etamiz! – Rahmat! Jahon çempionligi bahslari oldidan sönggi muhim […]
16.11.2026 | 16:15
104
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
87
MILLIY YUKSALIŞ SARI
Joriy yilning 10-14-noyabr kunlari Qoraqalpoğiston Respublikasi, viloyatlar va Toşkent şahrida mustaqil Özbekiston tarixida ilk marotaba “Özbekiston ziyolilari kengaşi”ning hududiy yiğilişlari bölib ötmoqda. Mazkur muloqotlar dunyoda yuz berayotgan madaniy, siyosiy va texnologik özgarişlar, şuningdek, qadriyatlar transformatsiyasi şaroitida milliy özlikni saqlaş, Uçinçi Renessans poydevorini barpo etiş, Yangi Özbekistonni quriş va Milliy yuksaliş davri sari dadil qadam taşlaş […]
16.11.2026 | 09:00
139
