Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


17.11.2025 | 10:32

img450

DONISHMAND HUZURIDAGI TOLIB

Said Abdulhakim Sha’riy JUZJONIY, yuridik fanlar doktori, professor

Uzoq umrim mobaynida jahon siyosatining yirik arboblari bilan uchrashish, suhbatlashish nasib qildi. Ular orasida Sharof Rashidovday donishmand, millatparvar va kamtar rahbarni kam ko‘rdim. Menga taqdirning ulug‘ tuhfalaridan biri – o‘zbekning ana shunday buyuk farzandi bilan muloqot qilish imkoni berilgani edi. Voqea 1978-yilda Afg‘oniston hukumati topshirig‘ini bajarish asnosida yuz bergan. Ammo bu nom menga talabalik yillarimdan tanish edi.

Adashmasam, 1959-yili Moskva radiosi to‘lqinlari orqali katta bir majlis efirga uzatilgan. Unda Sharof Rashidov nutq so‘zlab, o‘sha paytda shov-shuvlarga sabab bo‘lgan yerning birinchi sun’iy yo‘ldoshiga oid muhim yangilikni e’lon qilgandi. Xushxabar gulduros qarsaklar bilan kutib olingan. Bungacha O‘zbekiston rahbarlari­dan faqat Fayzulla Xo‘jayev, Akmal Ikromov va Nuriddin Muhiddinov haqida birmuncha ma’lumotga ega edim. Yana bir katta lavozimda ish olib borayotgan o‘zbek arbobini o‘zim uchun kashf etganimdan ko‘p quvondim. Shu nuqtadan u kishiga nisbatan qalbimda chuqur hurmat va ixlos paydo bo‘ldi. Uning tarjimayi holiga qiziqib qoldim.
Ma’lum bo‘lishicha, Sharof Rashidov yetuk rahbar bo‘lishi bilan birga, yaxshi adib va shoir ekan. Ezgulik g‘oyalarini targ‘ib etuvchi nafis asar muallifning sezgir va latif ruhidan dalolat berib, uning sevgi kuychisi ekanini anglatardi.
Keyinroq uning yana bir dilbar asa­ri – “Ikki dil dostoni”ning asl matnini o‘qish va tarjima qilish fikri tug‘ildi. Lekin bu orzuga erishish uchun hech bir vosita topolmasdim. Chunki bizda O‘zbekiston bilan hech qanday madaniy aloqa yo‘q edi. Shunda matnshunoslik sohasida o‘qish uchun O‘zbekistonga yuboril­gan do‘stim Yoqub Vohidiy jonimga ora kirib, izlagan kitobimni jo‘natdi. Asarni necha marta qunt bilan o‘qib chiqdim.
Xullas, “Ikki dil dostoni”ning dariy tarjimasi murakkab sinovlardan o‘tib, 1974-yili “Jvandun” (“Hayot”) jurnalida to‘liq bosildi. Sahifalash uchun Sharof Rashidovning tarjimayi holi va sura­tini topishning o‘zi bir sarguzashtga aylanib ketdi. Quvonarlisi, asar o‘quv­chilar diqqatini o‘ziga jalb etdi. Jurnal varianti asosida Akram Usmon va Farida Usmon Anvariy ijrosi bilan radiospektakl yozildi.
Keyingi yillarda yozuvchining “Bo‘­ron­dan kuchli”, “Qudratli to‘lqin”, “G‘oliblar” romanlari, publitsistik maqola­lari va she’riy to‘plamlari bilan oshno bo‘lib, ulardan Afg‘oniston sharoitiga muvofiq keladiganlarini saralay boshladim.
* * *
1978-yil delegatsiya raisi sifatida Moskvaga otlandim. O‘shanda Afg‘o­niston Adliya vaziri, Bosh prokurori va Oliy sud raisi vazifasini bajaruvchi edim. Rasmiy safardan keyin ikki hafta O‘zbekistonda bo‘ldik. Dastur asosida bizga Toshkent, Samarqand, Buxoro, Termiz va Navoiy shaharlarini, ilg‘or xo‘jaliklarni ko‘rsatishdi.
O‘zbekiston rahbari bilan uchra­shish niyatim borligini Moskvada aytganimda, buni Toshkentning o‘zi hal qiladi, deyishgandi. Nihoyat, 1979-yil 24-mart kuni Sharof Rashidov va delegatsiyamizning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Muloqot rus tilida, pushtu tarjimasi bilan o‘tardi. Rasmiy qabul oxirlaganda, “Sharof aka, agar proto­kolga qarshi bo‘lmasa, men ona tilim – o‘zbek tilida gapirmoqchi edim”, dedim biroz hadik bilan. Negaki, safimizda Markazdan qo‘shib berilgan vakil-u yana boshqalar ham bor edi. Ammo Sharof Rashidov buni tabiiy holdek qabul qildi, hatto xursand bo‘lib, “buyuring, buyuring”, dedi.
Fursatdan foydalanib, o‘sha vaqt­dagi Afg‘oniston xalq demokratik partiyasi Bosh kotibi Nurmuhammad Taraqqiyning salomini yetkazdim. So‘ngra, O‘zbekiston safari hay’ati­mizda yaxshi taassurot qoldir­ganini aytib, o‘zbek xalqining mehmon­navozligi uchun tashakkur bildirdim.
Shundan keyin Birinchi rahbar va diplomat emas, adib va kitobxon suhbati boshlandi. Joyi kelganidan foydalanib, u kishiga nisbatan yosh­lik­dan ixlos va muhabbatim borligini bildirib, asarlari borasida fikr-mulo­ha­zalarimni qisqacha bayon etdim. Ayniqsa, Sharof Rashidovni Oybekning “Navoiy” romani ham­da Sho­islom Shomuhammedovning “Amir Xusrav” kitobini tarjima qilganim ko‘p xushnud etdi. Gap o‘z-o‘zidan “Ikki dil dostoni”ga ulandi. Yaqinda ushbu asar Afg‘onistonda alohida kitob holida chiqishini eshitib, xursand bo‘lib ketdi. “Eng yaxshi ko‘rgan asarimni tarjima qilgan ekansiz”, deb minnatdorlik bildirdi. Iltimosimizga ko‘ra, to‘liq tarjimayi holi va suratlarini tayyorlab berish topshirig‘ini berdi. U kishi “six ham, kabob ham kuymasin” deganday, suhbatimiz mazmunini davra­dagilarga yuzlangan kishi bo‘lib, ruschaga tarjima qilib turardi.
Suhbat jarayonida meni nihoyatda qiziqtirgan bir savolni so‘rashga jazm etdim: “Sharof aka, so‘ramoqchi bo‘lganim shuki, ijod qilishga qanday qilib vaqt topasiz?” Sharof Rashidov kulimsirab javob berdi: “Hayotning og‘ir tajribalari meni intizomga o‘rgatgan”.
So‘zining davomida Ikkinchi jahon urushida ularning harbiy qismidan faqat do‘sti ikkisi tirik qolgani, og‘ir ahvol va chidab bo‘lmaydigan sharoitni boshdan kechirib, harbiy faoliyatni davom ettirganini esladi va xulosa yasadi: “Men har kuni soat oltida turib, sakkizgacha faqat o‘z ijodiy ishlarim bilan shug‘ullanaman. Siz aytib o‘tgan asarlar va boshqa adabiy-ijodiy ishlar har kungi mana shu ikki soatlik ijodiy mehnat mahsulidir. Bu tartibni hech qachon buzmaganman…”
Sharof aka o‘zi haqida gapirishni ham, gapirishlarini ham xushlamasdi, chamamda. Suhbatni kaminaning ijodiy faoliyatiga burib yubordi. O‘sha yili bir she’rim “Sovet O‘zbekistoni” va “Правда Востока” gazetalarida bosilib chiqqan edi. Afsuski, tahrir ko‘ngildagidek chiqmagan, she’rga ham shakl, ham mazmun va ham badiiy jihatdan putur yetkazilgan edi. Bu haqda ba’zi o‘rtoqlarga ma’lum qilganim ham bor gap. Shu sababli bo‘lsa kerak, Sharof Rashidov meni ko‘p she’r yozishga, ijod qilishga targ‘ib qilib, “O‘zbekistonning butun matbuoti she’r va maqolalaringizni chop etish uchun tayyor. Sizning she’rlaringiz tahrirsiz nashr etiladi”, deb marhamat qilgandi.
Menga ko‘rsatilgan ushbu lutf-u ­e’tibordan mamnun bo‘lganimni izhor etib, chin ko‘ngildan tashakkur bildirdim. Bu tashviq kelajakdagi ijodiy ishlarim uchun ilhom manbayi bo‘ldi. Uchrashuv jarayonida va xayrlashuv chog‘ida esdalik suratlari olindi. Sharof Rashidov nihoyatda ulug‘vorlik va kamtarlik bilan bizni qabulxona ostonasigacha kuzatib qo‘ydi.
Bu siymodan ko‘rgan davomli yaxshiliklarimdan birini aytib o‘tmasam bo‘lmas. Uchrashuvdan so‘ng shaxsan o‘rtoq Rashidov buyrug‘i asosida “Vatan jamiyati” raisi, akademik Vohid Zohidov O‘zbekistonda nashr bo‘lgan kitoblardan pochta orqali menga yuborib turadigan bo‘ldi.
* * *
Sharof Rashidov siymosida haqiqiy insonni ko‘rish mumkin edi. Uning har bir so‘zida, harakat va qarashlarida O‘zbekistonga, o‘zbeklarga, buning timsolida insoniyatga bo‘lgan mehr-u muhabbati to‘lqinlanib turardi. Tabiiy kamtarlik, har qanday sun’iylikdan uzoq bo‘lgan samimiylik, fan, adabiyot va san’atga shaydolik hamda boshqa fazilatlar har odamda u kishiga nisba­tan muhabbat va hurmat tuyg‘u­sini uyg‘otardi.
Sharof Rashidovning quvvayi hofi­zasi shu qadar kuchli ekanki, bir ko‘rgan kishisini esdan chiqarmas ekan. Bunga o‘zim ham guvoh bo‘lganman. Falakning gardishi bilan Afg‘onistondagi siyosiy jarayonlar orqasidan 1979-yilda qamoqqa tash­landim. Turmadan bir qog‘oz yozib, o‘rtoq Rashidovga holimni ma’lum qildim. O‘sha vaqtda biron sas-sado bo‘lmadi. Ammo ozodlikka chiqqanimdan keyin aniq bo‘ldiki, Sharof aka o‘sha vaqt Afg‘onistonning yangi rahbari bilan mening gunohsiz holda turmaga tushganim borasida so‘zlashib, ozod qilishni iltimos qilgan ekan. Bu murojaat rad etilibdi. Albatta, diplomatik etika Sharof Rashidovdan bundan ortig‘ini qilishga yo‘l qo‘ymasdi. Shu holatning o‘zi qalbimga cheksiz surur bag‘ishlagan, ko‘rgan qiyinchiliklarimga malham bo‘lgan. Hayot ekanman, ushbu insoniy xislat va ulug‘vor jonkuyarlik ifodasini unutmayman.
* * *
Sharof Rashidov Afg‘oniston xalqi­ning do‘sti sifatida o‘lkamizga turli sohalarda yordam ko‘rsatdi. O‘sha yillari Nangrahor viloyatida o‘ttiz ming gektar yerdan iborat sitrus mevalar yetishtiradigan fermalar vujudga kel­di. U yerdagi ko‘chatlarni samarali yetishtirish o‘zbek mutaxassislarining mashaqqatli mehnati va bilimdonligi tufayli amalga oshirildi. Yam-yashil bog‘lar cho‘lni jannatiy bog‘ga aylan­tirib, Jalolobodning chidab bo‘l­mas ekologiyasini mo‘tadil holatga keltirdi.
Sharof Rashidov tashabbusi bi­lan Kobulda ijtimoiy fanlar instituti­ning go‘zal va ulkan binosi o‘zbek me’mor­chiligi asosida qurilib, Afg‘o­nis­ton xalqiga sovg‘a qilindi. Bu muhtasham uch qavatli bino uchta katta yotoqxona, katta darsxonalar, zamonaviy apparatlar bilan jihoz­langan keng ilmiy konferensiya zali va turli auditoriyalardan iborat bo‘lib, O‘zbekistonning rangli marmar toshlari bilan bezatilgan edi.
Tarixda birinchi marta Amudaryo qirg‘oqlarini bir-biriga bog‘lagan Hay­raton ko‘prigi ham Sharof Ra­shidov­ning tashabbusi va e’tibori bilan bunyod etilgan. Do‘stlik ramzi bo‘lgan inshootning ochilish marosimiga tashrif buyurgan Sharof akani Afg‘oniston xalqi ko‘p hurmat va ­e’zoz bilan kutib olgani hamon esimda.
* * *
Men 1991-yil avgust oyida rasmiy da’vat bilan O‘zbekistonga safar qilgan edim. Jarayonda Sharof Rashidovning rafiqasi Xursand G‘afurovna, qizlari Sayyora va Gulnora hamda boshqa oila a’zolari bilan uchrashib, u kishining yaqinlari bilan tanishdim.
Safardan so‘ng katta bir maqola yozgan edim. Unda Sharof aka haqida quyidagilarni o‘qish mumkin: ­“…Me­nim­cha, mexanizatsiyalashtirilgan qish­loq xo‘jaligi taraqqiyoti, sug‘orish siste­ma­sining takomillashuvi, o‘lkada saroylar, yuksak binolar va metropoliten qurish, ko‘hna Toshkentni zamonaviy va go‘zal shaharga aylantirish, yangi viloyatlar tashkil etish va turli sanoat tarmoqlari taraqqiyotini ta’minlash uning nomi bilan abadiy chambarchas bog‘langan”.
Sharof Rashidov iqtidorli shoir va yozuvchi bo‘lgani uchun madaniyat negizlarini, ijod, ilm-u fan sohalarini kengaytirish va milliy kadrlarni tar­biya­lash yo‘lida katta va unutilmas xizmatlar qildi.
Men u kishining olamdan o‘tgani­dan turmada xabar topib, nihoyatda g‘amgin bo‘ldim. Pok ruhiga duo o‘qib, do‘stlarimga uning ilmiy, adabiy va siyosiy shaxsiyati borasida gapirib berdim. U kishining vafotidan ko‘p o‘tmay “o‘zbek ishi” va “paxta ishi” baho­nasida Sharof Rashidov shaxsiga qarshi boshlangan sharafsiz hujumlar, ayniqsa, mo‘tabar zotning jasadini ko‘milgan joyidan chiqarib, boshqa yerga dafn qilish hodisasi yuragimni qonga to‘ldirdi. Arbob hayoti, ijodi va faoliyatiga oid bo‘hton maqola­lar matbuot sahifalarida yomg‘irdan keyingi qo‘ziqorinlarday bodrab chiqdi.
Bu tuhmatlar u kishiga bo‘lgan ixlos va hurmatimni zarracha kamaytirgani yo‘q. Chunki men Sharof akaning o‘zi bilangina emas, balki uning yuksak ruhi, buyuk shaxsiyati va insoniy mehr-u muhabbatga to‘la qalbi bilan ham oshno bo‘lgan edim. Mening bu ishonchim uning jozibali insoniyligidan, o‘z Vataniga va xalqiga nisbatan cheksiz sevgisidan hosil bo‘lgan edi. O‘sha kunlarda yuragim to‘rida o‘zbeklar qachondir o‘z farzandini oqlashi, yoqlashiga ishonch yashardi.
O‘zbekiston milliy mustaqilligini qo‘lga kiritgach, Sharof Rashidovning nuroniy siymosini qamrab olgan bo‘hton bulutlari birin-ketin tarqab ketdi.
* * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 27-mart kuni imzolagan “Atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi qarori Respublikani juda murakkab va og‘ir yillarda boshqarib, yurt taraqqiyoti yo‘lida fidokorona xizmat qilgan, ijtimoiy va ijodiy faoliyati bilan o‘zbek milliy adabiyoti va madaniyati rivojiga katta hissa qo‘shgan Sharof Rashidovning yorqin xotirasini ulug‘lash yo‘lidagi muhim burilish nuqtasi bo‘ldi. Shuningdek, Shavkat Mirziyoyevning Sharof Rashi­dov tavalludining 100 yilligiga bag‘ishlangan xotira kechasi va konsert dasturida ishtirok etishini inson xotirasi muqaddasligi, Vatan uchun xizmat qilgan fidoyilar nomi hech qachon unutilmasligining hayotiy isboti o‘laroq qabul qilmoq kerak.
Oradan salkam yarim asr o‘tdi. Bu vaqt ichida men hech qachon bu ulug‘vor insonni unutgan emasman. Undan qolgan yodgorlik tasvirlari men uchun unutilmas xotiralar bo‘lib qolaveradi. Kamina har gal Sharof Rashidov bilan tushgan suratimga boqar ekanman, unda donishmand huzuridagi tolib aksini ko‘raveraman.

2025-yil 7-noyabrdagi 45-soni


“JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“

Özbekistonda xizmat körsatgan yoşlar murabbiysi, yuridik fanlar doktori, yozuvçi Komil SINDOROV bilan suhbat – Assalomu alaykum, ustoz. Sizni ham bobo, ham Özbekiston şaxmat federatsiyasi rais örinbosari sifatida Javohir Sindorovning Sent Luis (AQŞ) şaxmat klubida bölib ötgan “Clutç Çess: Çampions Şowdown 2026” xalqaro turnirdagi ğalabasi bilan muborakbod etamiz! – Rahmat! Jahon çempionligi bahslari oldidan sönggi muhim […]

16.11.2026 | 16:15

img99

ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img86

MILLIY YUKSALIŞ SARI

Joriy yilning 10-14-noyabr kunlari Qoraqalpoğiston Respublikasi, viloyatlar va Toşkent şahrida mustaqil Özbekiston tarixida ilk marotaba “Özbekiston ziyolilari kengaşi”ning hududiy yiğilişlari bölib ötmoqda. Mazkur muloqotlar dunyoda yuz berayotgan madaniy, siyosiy va texnologik özgarişlar, şuningdek, qadriyatlar transformatsiyasi şaroitida milliy özlikni saqlaş, Uçinçi Renessans poydevorini barpo etiş, Yangi Özbekistonni quriş va Milliy yuksaliş davri sari dadil qadam taşlaş […]

16.11.2026 | 09:00

img136