ABDULQODIR MUHIDDINOV
(1892–1934)
Bolaligi. Buxorodagi jadidchilik harakati namoyandasi, siyosat arbobi. 1892 yili Buxoro shahrida tug‘ilgan.
Ma’lumoti. Boshlang‘ich ta’limni Buxoroda olgach, Istanbul madrasasida о‘qiydi.
Faoliyati. Otasi yirik savdogar Mirza Muhiddin Mansurov (Muhiddin Mansurzoda) ilk jadid gazetasi “Buxoroyi sharif”ni moddiy jihatdan ta’minlab turgan, yangi usul maktablariga homiylik qilgan. Abduqodir Muhiddinovning ilk maqolalari “Buxoro” imzosi ostida 1910 yilda Orenburgdagi “Vaqt” gazetasida e’lon qilingan.
1917 yil aprel voqealaridan keyin Abdulqodir Muhiddinov Toshkentga kо‘chib о‘tadi. 1919 – 1920 yillarda Turkiston musulmonlari byurosi a’zosi bо‘lgan. 1920 yilda “Qutulish” gazetasiga muharrirlik qilgan.
Buxoro amirligi tugatilgach, 1920-yil 4 sentabrda Inqilobiy qо‘mita raisi (davlat rahbari) etib tayinlandi. U о‘z faoliyatini Buxorodan qizil armiyani olib chiqib ketish va milliy armiya tuzishni talab qilishdan boshladi. Shuningdek, Toshkentdan yuborilgan rus va tatar kommunistlarini ham Buxorodan chiqarishni talab qildi, chunki ularning xatti-harakatida Buxoroni tо‘liq Rossiya sovetlari tasarrufiga о‘tkazish holatlari sezilib turdi.
Abdulqodir Muhiddinov Buxoro Respublikasining tо‘la mustaqil bо‘lishini xohlardi. U Rossiya vositachiligisiz Buxoro Sovet Xalq Respublikasi yaqin va uzoq davlatlar, jumladan, Eron, Afg‘oniston, Turkiya, shuningdek, Angliya, Germaniya va boshqa davlatlar bilan mustaqil siyosiy, iqtisodiy va madaniy aloqalarga ega bо‘lishi kerakligi masalasini kо‘tardi. Ammo Abdulqodir Muhiddinovning bu takliflari qabul qilinmadi.
Abdulqodir Muhiddinov BXSRning dastlabki Konstitusiyasini ishlab chiqishda qatnashgan, Buxoroda yer-suv islohoti о‘tkazilishi tashkilotchilaridan biri bо‘lgan. U 1921 – 1924 yillarda BXSR savdo va sanoat vaziri, Buxoro Xalq xо‘jaligi Oliy kengashi raisi, Buxoro Iqtisodiy kengashi raisi, BXSR nozirlar shо‘rosi raisining 2-muovini lavozimlarida ishlagan.
О‘rta Osiyoda milliy hududiy chegaralanish о‘tkazilib, О‘zbekiston SSR tarkibida Tojikiston ASSR tashkil qilingach, Abdulqodir Muhiddinov Tojikiston ASSR Xalq Komissarlari Soveti raisi qilib tayinlangan (1925 – 1929). Tojikiston SSR tuzilgach esa, u О‘zbekiston SSR ta’minot Xalq Komissarligida ishladi.
О‘limi. 1933 yil 21 avgustda sovet rejimi tomonidan Abdulqodir Muhiddinov qamoqqa olinib, millatchilik hamda Xо‘jand va Dushanbe shaharlari nomini Leninobod va Stalinobod deb о‘zgartirilishiga qarshi chiqqanlikda ayblangan. 1934 yil 1 iyunda otib tashlangan.