G‘OZI YUNUS
(1887–1942)
Bolaligi. Jurnalist, hikoyanavis va bir qator xalqona sheʼrlar muallifi, dramaturg, hajv ustasi hamda jamoat arbobi. Gʻozi Yunus 1887-yil Toshkent shahar 3-Oxundguzar mahallasida o‘ziga to‘q oilada tugʻilgan. Otasi Muhammad Yunus, onasi shoir “kotib” Pirmuhammad Aʼlam Tursunmuhammad o‘gʻlining singlisi Zulfiya otin bo‘lib, maktabdorlik qilgan. Gʻozi Yunus otasidan erta yetim qolgach farzandlar taʼlimi va tarbiyasi onasining zimmasiga tushgan.
Maʼlumoti. U dastlab onasidan xat-savodni o‘rgangan. So‘ng boshlangʻich maktabda o‘qigan. Bu to‘gʻrida uning o‘zi “Ibtidoiy tahsilim eski maktabda bo‘lub, yoshim 15 ga kirganda Baroqxon madrasasina tahsilga kirub, 8-yil istiqomatimda “Avvali ilm”dan boshlab, “Aqoid”ga yetdim”, deb yozadi. U arab, fors tillarini o‘rgangan, zamonasiga mos ilmlarni yaxshi o‘rgangan. Hattoki mustamlakachi hukumat tili (rus tili)ni ham yaxshi o‘zlashtirgan.
Faoliyati. Gʻozi Yunus Baroqxon madrasasining ilmli talabalaridan bo‘lgan. Madrasani tamomlagach bir muddat mudarrislik faoliyati bilan shugʻullangan, diniy ilmlarda zamonasining ilgʻor vakillaridan biri bo‘lgan. U 1916-yilda Rossiya imperiyasining siyosati bois, front ortiga ko‘plab turkistonlik yoshlar qatorida mardikorlikka olingan. Rus tilini yaxshi bilgani uchun imperiya qo‘shinining “7-sotnik tarjimon” harbiy unvonida tarjimonlik bilan shugʻullanadi. Mardikorlikda yurgan vaqtida dushman o‘qidan yaralangan va 3-guruh nogironi bo‘lib xizmatdan qaytib keladi. Mardikorlikdan qaytgach 1916-yilda ukasi Fayzi Yunus targʻiboti bilan jadid ziyolilari tomonidan tashkil qilingan “Turon” jamiyati ishlarida qatnashadi. Jamiyatning ziyolilari taʼsirida uning dunyoqarashi yanada o‘zgaradi. U 1917-yil mart oyida Toshkent uyezdi “Ochlarga yordam komiteti”da sarkotiblik qiladi. Biroq ishga mensheviklar aralashuvi oqibatida bir necha oy begunoh qamoqda o‘tirgan. Qamoqdan qutilgach ushbu tashkilot ishini tashlab, 1918-yil yanvarda Toshkentda nashr etilgan Hisomiddin Jaloliy masʼul muharrirligidagi “Ishchilar dunyosi” jurnalida bo‘lim mudiri sifatida ishlaydi. Mazkur jurnalning nashri to‘xtatilgach, 1920-yil yanvardan boshlab Chernyayev uyezdi, Sayram qishlogʻida hukumat ishida ishlaydi. Ko‘p vaqt o‘tmay u yerdan qaytib Toshkent shahrida “Nashriyoti Gʻozi Yunus” matbaasini tashkil qiladi. Bu nashriyotda ko‘plab taniqli ziyolilarning asarlarini nashr ettirgan.
Gʻozi Yunus 1919-yilda “Ishtirokiyun” gazetasida adabiy muharrir vazifasida ishlaydi. Shuningdek, 1919-1920-yillarda “TurkROSTA” devoriy gazetasida tarjimon, bo‘lim mudiri, muharrir vazifalarini bajargan. 1921-yilda “Qizil bayroq” gazetasining masʼul muharriri, 1922-yil boshida esa “Inqilob” jurnali hayʼati tahririyat aʼzosi etib tayinlangan. 1922-yil sentabr oyidan Samarqandda chiqarilgan “Kambagʻallar tovushi” gazetasini rivojlantirish uchun yuboriladi va uning muharriri bo‘ladi. Shu yili Samarqandda “Zarafshon” gazetasini tashkil etadi. Uning faoliyatini yo‘lga qo‘ygach, Toshkentga qaytadi. U 1923-yilda “Turkiston” gazetasida bo‘lim mudiri va masʼul muharriri vazifalarini bajargan. 1924-yil dekabr oyidan “Qizil O‘zbekiston” gazetasida bo‘lim mudiri vazifasida ish olib boradi. 1923-yil gazetaning muharriri Komiljon Alimov taklifi bilan “Mushtum” jurnali ta’sischilaridan biri bo‘ldi. Unga bosh muharrir bo‘ladi. 1927-yil 2-yanvardan O‘zbekiston davlat nashriyotida nashr bo‘limining vakili sifatida ish boshlagan. Gʻozi Yunus 1929-yil aprel-mart oylarida “Sharq haqiqati” gazetasida texnik redaktor, 1929-1936-yillarda “Qishloq xo‘jaligi turmushi” jurnalida musahhih lavozimida ishlagan. Sovet hukumatining qatagʻon siyosati kuchayib borayotgan bir davrda uning faoliyati ham kuzatuvga olinadi. Matbuotdagi faol, jonkuyar xodimligiga qaramay 1936-yil iyun oyida sababsiz ishdan bo‘shatilgan.
Ilmiy-adabiy merosi. Gʻozi Yunus maqolanavis sifatida o‘z ijodini boshlagan. Matbuotda “Gʻozi Yunus”, “Ishchi”, “Bogʻbon”, “Mashrab”, “Gʻis”, “Gʻurt”, “Nis”, “Shiq”, “Shapoq mahzum”, “Baroqxon talabasi”, “Baroqxon tartaragi”, “Tayoq”, “Shapoq”, “Shapaloq”, “Otto‘rva soqol”, “Yo‘qsul”, “Oqpadar”, “Cho‘qmor”, “Cho‘qich”, “Qo‘rqoq avliyo”, “Sir”, “Dilgir” kabi o‘ttizga yaqin taxalluslarda maqolalar nashr qilgan. Uning yuzdan ortiq ijtimoiy-siyosiy, milliy madaniyat, milliy maʼnaviyat, teatrga bagʻishlangan maqolalari matbuotda nashr etilgan. Gʻozi Yunusning “Kasalimiz va aning dorusi”, “Al ulamou vorisat ul anbiyo” (“Ulamolar nabiylarning vorisidirlar”) “Hurriyatmi yoki istibdod?”, “Yerlilashtirish tevaragidagi lo‘ttibozliklar”, “Din nomidan igʻvo tarqatuvchilar”, “Siyosat maydonlarida” kabi maqolalari shular jumlasidan.
Shoir sifatida “Eski maktablar haqida”, “Poraxo‘r tilidan”, “Savdogar tilidan”, “Bir munofiq tilidan”, “Ramazon aytguvchi tilidan” kabi ko‘plab sheʼrlarni yaratgan.
Dramaturg sifatida esa “Luqmoni hakim”, “Yo‘lbosar Alim”, “Jaholat qurboni”, “Islomiyat uyi”, “Farzand duosi”, “Savodsizlik balosi” “Zahhoki moron” (Zahhokning ilonlari) kabi o‘ttizdan ortiq pyesalar yozgan.
O‘limi. Gʻozi Yunus 1937-yil 6-avgustda qamoqqa olinadi. U 1938-yilda Rossiyaning Vologda shahriga surgun qilingan. Shu yerda 1942-yil 5-mayda ochlikdan vafot etadi.
Jadidlar.uz saytidan olindi.