HOSHIM SHOYIQ
(1886 – 1935)
Bolaligi. Mahmud Yoqub Muxlis o‘gʻli Hoshim 1886-yil Fargʻona viloyatining Margʻilon shahrida tugʻilgan. Hoshim Shoyiq oilasi Buxoro shahriga ko‘chib kelgan.
Maʼlumoti. Hoshim Shoyiq Mir Arab madrasasida tahsil olgan. 1911-yilda “Tarbiyayi atfol” jamiyati homiyligida Istanbulga o‘qishga yuborilgan va u yerda Pedagogika institutida aʼlo baholarda tahsil olgan. 1919-yil Buxoroga qaytib kelgan.
Faoliyati. Buxoroda amirlik hokimiyati agʻdarilgach, qisqa muddat Buxoro Xalq Sho‘rolar Jumhuriyatining Tashqi ishlar noziri va Harbiy ishlar nozirining muovini (1921–1922) lavozimlarida ishlagan. 1922-yildan Buxoro Respublikasining Afgʻonistondagi elchisi lavozimida faoliyat yuritgan. Buxoro Xalq Sho‘rolar Jumhuriyati vakolatxonasining mustaqil ish yuritishi Qobuldagi RSFSR elchixonasi rahbarlari F.F.Rasolnikov, keyinchalik Surits kabilarga maʼqul kelmaydi. Sovet Rossiyasining tazyiqi bilan 1923-yil 18-iyunda Qobuldagi Buxoro elchixonasi tugatilgach, Afgʻonistonda qolib, maorif vaziri lavozimida faoliyat yuritgan.
Sovetlarning O‘zbekistondagi madaniyat, adabiyot va sanʼat sohasida olib borgan siyosatiga qarshi chiqqan. O‘zbek mumtoz adabiyoti, jumladan, Alisher Navoiy gʻazallarining buzib talqin qilinishini qoralab chiqqan.
Ilmiy-adabiy merosi. Mahmud Yoqub Muxlis o‘gʻli Hoshim — Hoshim Shoyiq taxallusi bilan fors va o‘zbek tillarida sheʼrlar yozgan.
Oilasi. Fotima ismli ayolga uylanib, undan 5 qiz va 1 o‘gʻil farzand ko‘rgan. O‘gʻli yoshligidayoq vafot etgan. Qizi Nafisa otasining izidan borib, ilm bilan shugʻullangan. Ayollar huquqi masalalari bilan shugʻullanib, ularning haq-huquqlarini targʻib etuvchi “Ayol” nomli jurnalga asos solgan va uzoq yillar jurnalga masʼul muharrirlik qilgan.
O‘limi. Mahmud Yoqub Muxlis o‘gʻli Hoshim 1935-yilda Afgʻonistonning Qobul shahrida vafot etgan.
Jadidlar.uz saytidan olindi.