IBROHIM DAVRON
(1874–1922)
Bolaligi. Ibrohim Davron 1874-yili Qoʻqonda tugʻilgan. Millat va ozodlik, maʼrifat hamda madaniyat gʻoyalarini olgʻa surgan.
Ibrohim Davron uning taxallusi, asl ism-sharifi – Mirzaaʼzam Ibrohim oʻgʻli. U shoir, maʼrifatparvar, dramaturg, publitsist hisoblanadi.
Maʼlumoti. Milliy va rus-tuzem maktablarida taʼlim olgan. 1899-yili Peterburgga sayohatda boʻlib imperiya madaniyati bilan tanishgan. Bundan koʻzlangan maqsad aholi bilan ish yuritishda oʻzlari uchun sadoqatli tarjimonlarni yetishtirish edi. Turkiston yoshlariga Rossiya imperiyasining “buyuk davlatchiligi”ni koʻrsatishga harakat qilishlariga qaramay, oʻzbek yoshlarida vatanga boʻlgan muhabbat kuchli boʻlgan. Turkiston taraqqiyoti uchun xizmat qilishni asosiy vazifalari deb bilgan.
Mehnat faoliyati. Sayohatdan Peterburg maorif nozirining xotira sovgʻasi – dastgohli fotoapparat bilan Qoʻqonga qaytgan. Qoʻqonning “Sharq” nomli koʻchasida 1904-yili suratxona tashkil etgan. Bu suratxona oʻsha vaqtlardagi yoshlarning norasmiy uchrashuv joyiga aylangan.
1912-yili “Modoro” nomlik kutubxona tashkil etgan. “Kengash” (1917) jurnalining musavviri boʻlib ishlagan.
Shuningdek, Hamza bilan hamkorlikda «Kengash», «Hurriyat» jurnallarini chiqargan, jurnalda rassomlik qilgan, yoshlar tarbiyasiga oid maqolalar yozgan. 1918-yildan boshlab maktablar ochish ishlarida faol ishtirok etgan.
Ilmiy-adabiy merosi. Ibrohim Davronning maqola va sheʼrlari “Turkiston viloyatining gazetasi”, “Sadoyi Fargʻona”, “Sadoyi Turkiston”, “Tirik soʻz” gazetalari, Oyna va Hurriyat jurnallarida nashr etilgan. “Ogʻir hollar” (1915), “Vatan ishqi” (1915), “Tengsiz uylanish” (1915), “Besh kunlik umr” (1915) pyesalari muallifi. U o‘z asarlarida vatan taqdiri uchun qayg‘urgan, ayollarning ahvoli, chor Rossiyasi zulmi ostidagi og‘ir hayotni tasvirlagan, xalqni bilim olishga chaqirgan.
U Ibn Sino asarlari ta’sirida tibbiyotga oid lug‘at tuzgan (nashr etilmagan).
Oʻlimi. Ibrohim Davron 1922-yili vafot etgan. Choʻlpon uning vafoti munosabati bilan “Qizil bayroq” gazetasida “Ikki yoʻqotish” nomli maqola yozgan.
Jadidlar.uz saytidan olindi.