Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 13°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


IS’HOQXON IBRAT

img

(1862–1937)

Bolaligi. Isʼhoqxon Ibrat 1862-yilda Namangan viloyati Toʻraqoʻrgʻon qishlogʻida tugʻilgan. Ibrat ajdodlari shajarasini bitgan boʻlib, uning bobolari asli turkistonlik, mashhur Xoja Ahmad Yassaviy avlodlaridan hisoblangan. Otasi Junaydulla xoʻja Sunnatilla xoʻja oʻgʻli, onasi Hurbibi otin xat-savodli kishilar boʻlib, maktabdorlik faoliyati bilan shugʻullanganlar. Isʼhoqxon ota-onasi qoʻlida savod chiqarib, keyin turli maktab va madrasalarda oʻqiydi. Otasining asl kasbi bogʻbonlik boʻlishiga qaramay, “Xodim” taxallusi ostida sheʼrlar bitgan. Bobosi Afsus taxallusi bilan elga tanilgan. Shoir Mulla Jamolxon Vasfiy (1862-1930) Isʼhoqxon Ibratning amakivachchasi boʻlgan

Maʼlumoti. Dastlabki maʼlumotni u eski maktabda, soʻngra onasining qoʻlida olgan. Bu haqda oʻzining “Mezon uz-zamon” asarida shunday yozgan: “Avvalgi vaqtdagi mahalla maktabida 5 yilda 3 adad muallimda oʻqub, oxiri savodim chiqmay, keyin qizlar maktabida, oʻz uyimizda volidayi marhumamdan oʻqub savod chiqardim. Ikki sana qiblagohimdan husnixat mashq etdim”.

1878-yilda Qoʻqondagi Muhammad Siddiq Tunqator madrasasiga oʻqishga kirgan. Bu yerda u madrasada beradigan ilmlar bilan cheklanmasdan, Qoʻqon adabiy muhiti namoyandalari, jumladan, Muqimiy, Furqat, Zavqiy, Haziniy va Nodim kabi shoirlar ijodi bilan yaqindan tanishish, oʻqib-oʻrganish imkoniyatiga ega boʻlgan. Badiiy soʻz tabiatiga oid Abu Nasr Forobiyning “Shoirlarning sheʼr yozish sanʼati qonunlari haqida”, Nizomiy Aruziy Samarqandiyning “Nodir hikoyatlar”, Abdurahmon Jomiyning “Silsilat-az-zahhob”, Alisher Navoiyning “Nazm-ul-javohir”, “Muhokamat-ul-lugʻatayn” va yana juda koʻp Sharq olimlari asarlarini mustaqil mutolaa qilgan. “Ibrat” taxallusi bilan sheʼrlar bitgan va Qoʻqonda tashkil etilgan adabiy mushoiralarda ishtirok etgan. U oʻzbek va rus tillarida nashr boʻlgan “Turkestanskie vedomosti” hamda Turkiston oʻlkasiga endi tarqalayotgan Ismoilbek Gʻaspiralining “Tarjimon” gazetasi bilan birinchi marta shu talabalik yillari tanishgan.

Mehnat faoliyati. 1886-yilda madrasada oʻqishni tugatib, oʻz qishlogʻi Toʻraqoʻrgʻonga qaytib kelgan. Isʼhoqxon Ibrat oʻz faoliyatini Toʻraqoʻrgʻonda yangi maktab ochib, dars berishdan boshlagan. Uning maktabi “usuli qadim” (“usuli tahajji”), yaʼni hijo metodiga asoslangan maktablardan birmuncha farq qilar edi. Isʼhoqxon oʻz maktabiga nisbatan ilgʻor boʻlgan tovush (savtiya) usulini tatbiq qilgan edi. Biroq bu maktab uzoq faoliyat olib bormagan. Oʻzgacha uslubdagi bu maktabni Namangandagi Rossiya imperiyasi amaldorlari tomonidan yopishga majbur qilingan.

Isʼhoxon Ibrat oʻzining “Lugʻati sitta al-sina” (“Olti tilli lugʻat”) asarida yozishicha, 1887-yili onasi Huribibini xajga olib boradi. Biroq onasiga oʻz vataniga qaytib kelish nasib etmaydi. Jidda shahrida oʻpka shamollashi kasalidan vafot etgan. U onasini Jidda shahridagi qabristonlardan biriga dafn etib, oʻzi safarini davom ettirgan. Istanbul, Sofiya, Afina, Rim, Berlin, Parij kabi Yevropa shaharlarida boʻlgan. Soʻngra Makka shahriga qaytib kelib, bu yerdan Qizil va Arabiston dengizlari orqali Hindistonga kelgan. 1892-1896-yillarda Hindistonning eng yirik port shahri Bombeyda istiqomat qilgan. 1896-yilda Hindistondan Koshgʻarga oʻtib, soʻngra oʻz ona vatani Toʻraqoʻrgʻonga qaytib kelgan. U chet ellardan bir qancha noyob kitoblar, madaniyat ashyolari olib kelgan va ularni hamqishloqlariga namoyish qilgan. Ular orasida mashhur Yusuf xos Hojibning “Qutadgʻu bilig” asari ham bor edi. Bu noyob qoʻlyozma ilm ahli tomonidan “Namangan nusxasi” deb eʼtirof etilgan va Abdurauf Fitrat hamda Lutfulla Olimiy tomonidan XX asrning 30-yillarida Toshkent kutubxonasining Sharq boʻlimiga topshirilgan.

Isʼhoqxon Ibrat qariyb oʻn yil davom etgan xorij safaridan keyin xalqning ongini oʻstirish, ilm-maʼrifat nuridan bahramand qilish yoʻlida tinimsiz mehnat qilgan. 1898-yildan eʼtiboran Toʻraqoʻrgʻon xalq qozisi, Turkiston qozilar syezdining faol aʼzosi sifatida faoliyat koʻrsatgan. 1901-yilda arab, fors, hind, turk, oʻzbek, va rus tillari asosida “Lugʻati sitta al-sina”, yaʼni “Olti tilli lugʻat” asari bosmadan chiqarilgan. Bu lugʻatni boshqa lugʻatlardan farqi arab yozuvida ilk nashri hisoblangan. Oʻz davrida bu lugʻat jadid maktablari uchun bir qoʻllanma boʻlib xizmat qilgan. “Usuli savtiya” (“tovush usuli”) metodiga asoslangan maktablar ochgan, ular uchun darsliklar, qoʻllanmalar yozgan. 1907-yilda Toʻraqoʻrgʻonda ochgan maktabi toʻgʻrisida Ismoilbek Gʻaspirali shunday yozgan: “Namangan uyezdi Toʻraqoʻrgʻon qasabasi Isʼhoqxon toʻra iyun oyida “Maktabi Isʼhoqiya” ochdi. 50 nafar bola taʼlimga olindi. Bu maktab usuli savtiyada boʻlib, kunduzgi va kechki, kunduzi bolalar, kechki payt kattalar qiroatxonasi bor. Bu maktab viloyatdagi hamma maktablar uchun namuna”.

Isʼhoqxon Ibrat 1908-yilda Rossiyaning Peterburg va Moskva shaharlarida boʻlgan, oʻquv yurtlari, ayniqsa, zamonaviy maktablar, diqqatga sazovor joylar bilan tanishadi. Peterburg Ermitajida saqlanayotgan Mus‘hafi Usmoniyni koʻziga surtadi. Qaytishda Orenburgda Gafman degan matbaachidan pulini oʻn yil mobaynida toʻlash sharti bilan kreditga litografik mashina sotib olgan va uni butun anjomlari bilan juda katta mashaqqatlarga qaramay Orenburgdan Qoʻqongacha poyezdda, Qoʻqondan Toʻraqoʻrgʻongacha tuyalarda olib kelgan. 1908-yilning dekabr oyida bir necha yildan beri boʻsh yotgan hammom binosida bosmaxona tashkil qilgan va unga “Matbaa Isʼhoqiya” nomini bergan. Bu ishda unga yaqin doʻstlari Husayn Makayev va Abdulrauf Shahidiylar katta yordam bergan. Ushbu matbaa ochilishini tabriklab, “Tarjimon” va “Vaqt” gazetalarida bir necha tabrik-maqolalari eʼlon qilingan.

“Matbaayi Isʼhoqiya” oʻz faoliyatini savod chiqarishga oid darsliklar, risolalar nashr etishdan boshlagan: uning birinchi mahsuloti “Sanʼati Ibrat, qalami Mirrajab Bandiy” asari Fargʻona vodiysi usuli jadid va usuli qadim maktablarida “Alifbo” darsligi sifatida qoʻllangan. Shuningdek, u Rossiya shaharlaridan sinematografiya (kinoapparat), fotografiya, grammafon, sovutkich (muzlatgich) kabi maishiy ashyolar ham olib kelgan va oʻz hamqishloqlariga namoyish qilgan.

Ilmiy-adabiy merosi. Isʼhoqxon Ibrat yirik tilshunos va tarixshunos olim sifatida “Lugʻati sitta al-sina” (“Olti tilli lugʻat”) (1901), “Fiqhiy Kaydoni tarjimasi” (1908), “Jomeʼ ul-xutut” (“Yozuvlar majmuasi”) (1912), “Tarixi Fargʻona” (1916), “Tarixi madaniyat” (1917), “Mezon uz-zamon” (“Zamon torozusi”) (1928), “Devoni Ibrat” kabi oʻn beshdan ortiq asarlar yozgan. “Tarixi madaniyat” asarining soʻnggi qismida Isʼhoqxon Ibrat oʻz asarlarini roʻyxatini keltirgan. Ular orasida hali topilmagan “Gulshani Roz turkiy”, “Tarjimai holim”, “Tarixi Hurriyat”, “Qoʻrboshilar zamoni”, “Mishkat ul-gʻaroyib”, “Muzabzab”, “Turkistonda turli mashaqqatlar”, “Barzah”, “Tazkirayi Suvaydo”, “Sayri jibol” kabi asarlari ham sanab oʻtilgan. Shuningdek, bizgacha yetib kelgan, biroq toʻliq boʻlmagan “Ilmi Ibrat”, “Turli marsiya va fikriyot masalalari” kabi asarlari ham mavjud.

Oilasi. Isʼhoqxon Ibratni Abbosxon, Rotifxon va Vaqqosxon ismli oʻgʻillari boʻlgan. 1919-yilda shoʻro harbiylari Isʼhoqxon Ibratning toʻngʻich oʻgʻli Abbosxonni “bosmachilar odami” sifatida gumon qilib, kaltaklab oʻldirganlar.

Oʻlimi. Sobiq sovet davlati hukumati Isʼhoqxon Ibratga oʻta salbiy munosabatda boʻlgan. 1918-yilda Ibrat tomonidan ochilgan kutubxonasi talon-taroj qilingan. 1937-yil 7 yanvarda Ibrat qamoqqa olingan. U toʻplagan barcha kitoblari, qoʻlyozma va toshbosma asarlari 4 ta qanor qopga solinib olib ketilgan. Uning qishlik uy-joyi, uy-roʻzgʻor buyumlari kim oshdi savdosiga qoʻyib sotib yuborilgan, oilasi va bolalari 3 sotixdan iborat quruq yerga chiqarib qoʻyilgan. Is‘hoqxon Ibrat Andijon turmasiga olib kelingach, sudi boʻlmay, 2 oydan soʻng 75 yoshida qamoqning jismoniy ham ruhiy qiynoqlariga dosh bera olmay vafot etgan. Uning qabri ham qayerdaligi nomaʼlum. Oʻgʻli Rotifxon Isʼhoqovning saʼy harakatlari bilan Ibrat 1959-yil 2-oktabrda Andijon viloyat prokuraturasining 3336 raqamlik hujjatiga koʻra toʻla oqlangan. 2016-yil 2 noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti  Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyati saylovchilari bilan uchrashuvida Isʼhoqxon Ibrat hayoti va faoliyatiga alohida toʻxtalib oʻtgan. 2017-yil 13-aprelida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Namangan viloyati Toʻraqoʻrgʻon tumanida atoqli maʼrifatparvar Isʼhoqxon Ibrat nomidagi yodgorlik majmuasini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilingan. Ushbu qaror asosida majmuada Ibratning mahobatli haykali, milliy uslubdagi ayvon, bosmaxona, musiqali favvora, xorijiy tillarni oʻqitishga ixtisoslashtirilgan 400 oʻrinli maktab-internat, maktabgacha taʼlim muassasasi va tarixiy-maʼrifiy muzey tashkil etildi.

Jadidlar.uz saytidan olindi.