KOMILBEK NORBEKOV
(1881–1943)
Bolaligi. O‘zbek maʼrifatparvarlaridan. U 1881-yilda Toshkentda Muhammadaminbek xonadonida tugʻilgan. Muhammadaminbekning dastlabki ayoli Marziyabibi Mo‘minboy qizidan Dolimbek ismlik farzandi bo‘lgan. Ushbu ayoli vafot etgach, Umriniso ismlik ayolga uylangan va undan uch o‘gʻil va bir qiz ko‘rgan. Ular Komilbek, Tojixon, Karimbek, Abdurahmonbek.
Maʼlumoti. Dastlab mahalladagi maktabda taʼlim oladi. So‘ng otasining tashabbusi bilan Sayidkarimboy Sayidazimboy o‘gʻli uyida ochilgan rus-tuzem maktabida davom ettiradi. Rus-tuzem maktabini tamomlab bir necha yil “Beklarbegi” madrasasida tahsil oladi. Bu madrasada yangi fikrli yoshlar bilan suhbatda bo‘ladi. O‘sha davrda nashr etilgan va xorijdan kirib kelayotgan gazeta va jurnallar bilan tanishadi. Shu bilan birga otasining ishlarida yordam bergan.
Faoliyati. Ukasi Karimbek (1884–1970) bilan birga charm ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan. Avstriya va Germaniya firmalari bilan teri-charm savdo aloqasini o‘rnatgan. Munavvarqori Abdurashidxonov, Abdulla Avloniy, Usmonxo‘ja Asadullaxo‘jayev, Orifxo‘jaboylar bilan birga 1909-yilda “Imdodiya” (“Xayriya”) jamiyatini, 1913-yil oxirlarida “Turon” jamiyati va shu nomli truppani tashkil etgan. 1909-1911-yillarda 35 nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan usuli jadid maktabini qurib bergan va maktabning iqtisodiy taʼminotini o‘z zimmasiga olgan. 1914-yilning 4-apreldan boshlab Toshkentda “Sadoyi Turkiston” gazetasi Karimbek Norbekovning yaqin do‘sti, birinchi o‘zbek zamonaviy yuristi Ubaydullaxo‘ja Asadullaxo‘jayev (1885-1938) muharrirligida Norbekovlar matbaasida nashr etila boshlandi. Gazetani tashkil qilish, uni iqtisodiy jihatdan: katta hajmda qogʻoz, bo‘yoq, harflar va boshqa anjomlar bilan taʼminlash Komilbek va Karimbek Norbekovlar zimmasida bo‘lgan, 1914-yil 30-avgustda Komilbek Norbekov jadid maʼrifatparvarlari bilan (12 kishi) “Nashriyot” shirkatini ochadilar. 1919-1924-yillarda “Milliy ittihod” tashkiloti aʼzosi bo‘lib jadidlar faoliyatida ishtirok etgan. Ular tomonidan tuzilgan uyushmalar va tadbirlarni moddiy va maʼnaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlagan. Taraqqiyparvar va ziyolilar tomonidan tuzilgan “Ko‘mak” (1922), “Nashri Maorif” (1923) jamiyatlarida ishtirok etib moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlagan.
Oilasi. Komilbek Norbekov amakisi Yo‘ldoshbekning qizi Karomatxon (1890–1955)ga uylangan. Ularning uch farzandi qizi Kimyoxon (1913-yil tugʻilgan), o‘gʻli Muhiddin (1916) O‘rta Osiyo Temir yo‘l transporti institutida o‘qigan va yana bir o‘gʻli Faxriddin (1921) bor edi.
O‘limi. 1930-yil 3-noyabrda Komilbek Norbekovni Toshkent shahar 2-Sagʻbon mahalla 4-uyda yashab turgan paytda qamoqqa olinadi. “Milliy ittihod” ishi bo‘yicha uning ishi ko‘riladi va 1931-yil 3-noyabrdagi sud hukmiga ko‘ra 3 yilga Gʻarbiy Sibirga surgun qilinadi. Novosibirsk o‘lkasida jazoni ijro etadi. Surgunni o‘tab Sharqiy Turkistondagi Gʻulja shahrida bir muddat yashaydi. Savdo ishi bilan shugʻullanadi. U 1935-yilning yozida Toshkentga qaytadi. Uyga qaytganining ikkinchi kuni yaʼni 10-iyul kuni uni Sagʻbon mahallasidagi 2-uydan ikkinchi bor qamoqqa olinadi. Bu gal uni yana “aksilinqilobiy” harakatda ayblab 1935-yil 10-oktyabrdagi sud hukmi bilan 2-yilga qamoq jazosi beriladi. Uning hovli-joylari tortib olinadi. Komilbek Norbekov hovlisiga Kalinin rayon partiya komiteti ijroiya komiteti joylashtirilgan. Sarson-sargardonlik, mehnat lageridagi ogʻir qiyinchilikdan sogʻlig‘ini yo‘qotib, 1943-yil vafot etgan.
Jadidlar.uz saytidan olindi.