Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


MIRZO АBDUVOHID BURHONOV – MUNZIM

img

(1875–1934)

Bolaligi. Buxoroda jadidchilikning vujudga kelishi va rivojlanib borishida taraqqiyparvar va maʼrifatparvar muallim, noshir, xattot va shoir Abduvohid Burhonzoda Buxoriyning (adabiy taxallusi Munzim) xizmatlari alohida ahamiyat kasb etadi.

Abduvohid Burhonzoda 1875-yili Buxoro shahrida tugʻilgan. Ota-onasidan erta yetim qolgach, uni Buxoro amirligida uzoq yillar qozilik qilgan Sadr Ziyo o‘z qaramogʻiga oladi.

Maʼlumoti. Sadr Ziyo Abduvohid Burhonzodaning maktab va madrasada tahsil olishiga moddiy va maʼnaviy jihatdan ko‘maklashadi. Shuningdek, unga xattotlik sirlarini o‘rgatib, ustozlik qiladi.

Faoliyati. Abduvohid madrasani tamomlagach, shahar qozixonasida mirzolik qila boshlaydi.  XIX asrning 90-yillaridan Munzim taxallusi bilan maʼrifiy mazmundagi sheʼrlar yoza boshlaydi. Sadr Ziyo uyida har hafta ziyolilar, shoirlar va adiblar ishtirokida bo‘lib turadigan maʼrifiy kechalarda ishtirok etadi. Shu bilan birga Turkiya, Eron va Afgʻonistonda nashr etilayotgan gazeta hamda jurnallar bilan muntazam tanishib boradi. Maʼrifiy kechalardagi ilgʻor fikrlar, matbuotda chop etilgan milliy ozodlik va islohotchilikka oid maqolalar Abduvohid dunyoqarashida burilish yasaydi va maslakdoshlari ko‘magida jadid maktabi ochishga kirishadi.

1908-yilning 23-oktabrida do‘sti Sadriddin Ayniy bilan Buxoro shahri Sallohxona guzarida joylashgan hovlisining mehmonxonasida yangi usul maktabi tashkil etadi. Bu maktabning ilk o‘quvchilari Abdurahmonbek Abdullabek  o‘gʻli va uning xizmatkori Abdugʻani, Ahmad maxdum Hamdiyning o‘gʻillari Afzal va Akram, Muhammadamin Saʼidjon maxdum o‘gʻli, Abduqayum Abdushukur o‘gʻli bo‘lib,  ikki oy ichida maktabda tahsil oluvchilar soni o‘n ikkitaga yetadi.

Bu paytda Buxoro shahrida Attor madrasasi qarshisida Xolid Burnashev uyida 1907-yili tashkil etilgan yangi usul maktabi faoliyat olib borayotgan bo‘lib, Abduvohid Munzim va Sadriddin Ayniylar bu maktab muallimlaridan uslubiy ko‘rsatmalar va maslahatlar oladilar.

Maktabning moddiy-texnik bazasini yaxshilash, darsliklar va o‘quv qo‘llanmalar bilan taʼminlash, yangi usulda tahsil beruvchi maktablar sonini ko‘paytirish, ularni muallimlar bilan taʼminlash uchun  jamiyat tuzish vazifasi turardi. Abduvohid Munzim 1909-yili “Shirkati Buxoroyi sharif”ga asos soladi va uning homiyligida Sadriddin Ayniyni Samarqand, Usmonxo‘ja hamda Homidxo‘jani Bogʻchasaroy hamda Istanbuldagi jadid maktablari faoliyatini o‘rganishlari uchun yuboradi. Sadriddin Ayniy Abduqodir Shakuriy maktabidagi dars jarayonlari bilan tanishadi. Usmonxo‘ja va Homidxo‘ja Bogʻchasaroy va Istanbuldagi yangi usul maktablari bilan tanishib, muallimlardan alifbo va darsliklar, uslubiy qo‘llanmalar olib, Buxoroga qaytadilar.

Samarqanddagi Abduqodir Shakuriy va Bogʻchasaroydagi Ismoilbek Gʻaspirali maktabi, Istanbuldagi jadid maktablari andozasi asosida Abduvohid Munzim maktabi har tomonlama kuchaytirib boriladi. Samarqand, Bogʻchasaroy va Istanbuldan olib kelingan kitoblar, gazeta va jurnallar bilan maktab kutubxonasi boyitiladi. Darslarni tashkil etishda ham yangi tartiblar joriy etiladi. Jumladan, haftada 6 kun 5 soatdan dars o‘tish belgilab qo‘yiladi. Darsning davomiyligi 50 daqiqa bo‘lib, oraliqlarda 10 daqiqalik tanaffuslar joriy etiladi. Bolalarni yorugʻ xonalarda ko‘rgazmali qurollar, globus va xaritalar orqali o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi.

Abduvohid Munzim shu yilning o‘zida iqtidorli yoshlarni aniqlash hamda ularni xorijda o‘qishlariga moddiy va maʼnaviy jihatdan ko‘maklashish  maqsadida “Tarbiyayi atfol” (“Bolalar tarbiyasi”) jamiyatini tuzadi. Jamiyatning Termiz, Karki, Yangi Buxoro va Gʻijduvonda 28 ta bo‘linmasi bo‘lib, ular  amirlik hududidagi iqtidorli yoshlarni aniqlab,  Istanbul, Orenburg, Ufa, Qozon, Bogʻchasaroy kabi shaharlarga o‘qishga yuborganlar. Jamiyat tarkibi Buxoro jadidchiligining ko‘zga ko‘ringan yorqin namoyandalari Sadriddin Ayniy, Ahmadjon Hamdiy, Hamidxo‘ja Mehriy, Hoji Rofe, Mukammal Burhonovdan iborat edi. 

1909-yil bahoriga kelib, Abduvohid Munzim maktabi o‘quvchilari soni 30 dan ortadi. Maktabning shuhrat topgani va xalqning ragʻbatini ko‘rgan ayrim mullalarning unga qarshi harakat vujudga kela boshlaydi. Uning boshida qozonlik mudarris Qamariddin hamda uning sheriklari Abdurasul mulla va Abdurauf mulla turar edilar. Ular Mirzo Abduvohid maktabi haqida turli igʻvolar tarqatib, uni yoptirish uchun Burhoniddin raisga murojaat qiladilar. Shuningdek, mufti Abdurazzoq va Buxoro madrasalarida taʼlim berish uchun kelgan toshkentlik mudarris Xolmurod ham yangi maktabni yoptirishga jon-jahdlari bilan kirishadilar.

Maktab asoschilari 1909-yil oktabrda bir yillik tahsil yakunlanishi munosabati bilan o‘quvchilardan imtihon olishga qaror qiladilar. Imtihonning ochilish marosimida mufti Muhammad Ikrom Abdusalom o‘gʻli yangi maktab afzalliklari haqida shunday degan: “Birodarlar! Yosh bolalarning oz fursatda shuncha kerakli narsalarni o‘rganganlarini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rdik. Men bu maktabni shariatga muvofiq va musulmonlarga foydali deb bildim. Agar sizning nazaringizda, buzuq va xilofi sharʼiy yerlari bo‘lsa, so‘ylangiz! Toki maslahat bilan islohiga ko‘shish qilaylik”.

Yigʻilish qatnashchilaridan 80 yashar Bo‘riboy afandining so‘zlari ham diqqatga sazovor: “Men umidvormanki, o‘n yilgacha Buxoroda o‘zgarishlar voqe bo‘lur, vatan avlodi bugungi razolat va safolatlardan qutulur. Esizki, u kunni men ko‘ra olmayman, siz, yoshlar ko‘rarsiz. Ming qatla shukrki, ishning boshlanganini ko‘rdim”.

Amirlikda Ostonaqul qo‘shbegi  tomonidan har haftaning juma kunida o‘tkaziladigan yigʻilishlardan birida Burhoniddin rais Abduvohid Munzim maktabi masalasini muhokamaga qo‘yadi va: “Ushbu maktab bidʼat va haromdir, men muhtasibi sharʼiy bo‘lganim uchun bu maktabni bogʻlamoq mening vazifamdir. Lekin podshoning noyibi bo‘lganingiz uchun sizning amr va ijozatingiz kerakdir. Shuning uchun istaymankim, siz menga rasman bir qogʻoz yuboringiz, men ul qogʻozga suyanib ushbu maktabni bogʻlayin!” deydi.

Majlisda qatnashayotgan Buxoro bosh mirshabi Mirza Sahbo unga qarshi chiqadi: “Ushbu maktab musulmon bolalari uchun lozim va foydalidir. Buni yopmoq, islomga xiyonat va musulmon bolalari haqida jinoyatdir. Men umid qilamankim, bu ishga jasorat qilmasangiz kerak”. Amaldorlarning yangi usul maktablari borasidagi qarama-qarshi fikrlari natijasi o‘laroq, Ostonaqul qo‘shbegi bu masalani hal etishni amir saroyida yuqori mavqeda turuvchi aʼlam va o‘n ikki mufti hukmiga havola etadi.

Burhoniddin rais boshchiligida Qamariddin, Xolmurod, Abdurasul va Abdurauf muftilarga murojaat qilib, maktabni yopish uchun oldindan tayyorlab qo‘yilgan fatvoni muhrlatadilar. Faqat Muhammad Ikrom va Doniyol Xo‘jasadr muftilar maktabning halolligiga fatvo yozib muhrlaydilar. Qo‘shbegi ikki xil mazmundagi fatvoni olgach, ularni qozi Baqoxo‘jaga yo‘naltiradi. Qozi Baqoxo‘ja fatvolardan birini tasdiqlashdan oldin yangi maktabdagi taʼlim tartiblarini o‘rganishga qaror qiladi va mirzo Abduvohiddan darsliklar hamda maktab o‘quvchilaridan bir-ikkitasini imtihon qilishi uchun olib kelishini so‘raydi. Qozikalon maktabda o‘qitiladigan darsliklarni ko‘zdan kechirib, ular shariatga xilof ravishda yozilmagani; o‘qish, hisob va yozuvdan bolalarni imtihon qilganida ular burro javob berganini; amirlikdagi barcha maktablar faoliyatini shu tartibga yo‘lga qo‘yish kerakligini  taʼkidlab,  maktabni qo‘llab-quvvatlaydi. Muhammad Ikrom va Doniyol Xo‘jasadr muftilarning fatvolarini tasdiqlab beradi.

Bu hukmdan xabar topgan Burhoniddin rais maslakdoshlari bilan birgalikda Muhammad Ikrom va Doniyol Xo‘jasadr muftilar hamda Abduvohid Munzimni o‘ldirishga, maktab o‘quvchilarining uylarini talon-taroj qilib, otalarini musulmonlikdan chiqarishga qaror qiladilar. Vaziyat qaltis tus olgach, 1909-yil 25 sentabrda Ostonaqul qo‘shbegi va Baqoxo‘ja qozikalon maktabni yopish  uchun yozilgan fatvoga muhr bosadilar va Mirzo Abduvohidni Arki oliyga chaqirib maktabning yopilganini rasman o‘qib eshittiradilar.

Abdulvohid Munzim ushbu voqeani keyinchalik o‘zi yozgan “Arzi hol”ida: “1908-yil Buxoroda yangi usuli jadid maktabini ochdim. Maktab bir yil faoliyat ko‘rsatib, ulamolarning tazyiqi va hasadiga uchradi. Yangi maktabning tarafdorlari ko‘p bo‘lsa-da, ammo gʻalaba mutaassib ruhoniylar tomonida bo‘ldi va ulamolar bu maktabni yopdilar”,  deb xotirlaydi.

Maktab yopilgach, musulmon matbuot, ayniqsa, “Mulla Nasriddin” hajviy jurnalida Buxoro muftilari qattiq tanqid ostiga olinadi. Bundan xabar topgan Qamariddin va Xolmurod mudarrislar bu ishlarning boshida Mirzo Abduvohid turibdi deb o‘ylab, uni o‘ldirishga qaror qiladilar. Natijada Abduvohid Munzim Buxoro shahridan chiqib ketadi va bir oy muddat Qarshida yashaydi.

Bir muddat o‘tib Buxoroga qaytgan Abduvohid Munzim Yangi Buxoroda bosmaxona ochadi va muharrirlik bilan shugʻullanadi. 1912-yili bosmaxonasida Muhammad Ikrom muftining xalq orasida “Mashhur bidʼatlar” nomi bilan tanilgan asarini nashr qiladi. Shuningdek, Qurʼoni Karimning “Abduvohid Qurʼoni” deb atalgan maxsus nashrini chop etadi.  Xattotlik bilan ham shugʻullanib, Sadr Ziyoning topshirigʻiga binoan Ahmad Donishning “Navodir ul-vaqoye” asarini ko‘chirib beradi.

1917-yil fevral oyida Rossiyada sodir bo‘lgan voqealar Buxorodagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga taʼsir ko‘rsatishi tabiiy edi. Buxorodagi taraqqiyparvarlik harakati ikki guruhga: Abduvohid Munzim boshchiligidagi eski jadidlarga, Fayzulla Xo‘ja va Abdurauf Fitrat boshliq yangi jadidlarga bo‘linadi. Birinchi guruhning asosiy faoliyati maʼrifatparvarlik bo‘lsa, ikkinchi guruh keng islohotlar tarafdori edi. Keyinchalik bu ikki guruhning birlashuvi natijasida “Yosh buxoroliklar” partiyasi tuziladi.

1917-yilning 15-martida “Yosh buxoroliklar” tashkilotining Abduvohid Munzim (rais), Abdurauf Fitrat (kotib), Ubaydulla Xo‘jayev (xazinachi), Otaulla Xo‘jayev, Musa Saʼidjonov, Fayzulla Ubaydullaxo‘ja, Ahmadjon Hamdiy, Hamidxo‘ja Mehridan iborat markaziy qo‘mitasi tuziladi. Ular shu kuni Buxoro amirligida islohotlar amalga oshirishni so‘rab, fevral inqilobidan so‘ng Rossiya imperiyasida hokimiyatni qo‘lga olgan Muvaqqat hukumat hamda ishchi va soldat deputatlari Petrograd kengashiga telegraf orqali murojaatnoma matnini ishlab chiqadilar. Tez orada u yerdan rus rezidenti Miller va Amir Sayyid Olimxon nomiga islohotlarni amalga oshirishga daʼvat etilgan telegramma keladi.

1917-yil 19 va 23-mart kunlari Miller bilan uchrashgan jadidlar uning oldiga quyidagi to‘rt talabni qo‘yganlar:

amir huzurida markaziy vakillik, bekliklarda esa mahalliy vakillikni joriy etish;

shariat tomonidan belgilangan soliqlardan tashqari barcha soliqlarni bekor qilish;

maktab va matbuot erkinligi;

amir atrofidagi mutaassib maʼmurlarni almashtirish.

Ammo Miller bu talablarning “xayoliy” ekanini taʼkidlab, Abduvohid Burhonovga Yosh buxoroliklar tashkilotining barcha aʼzolari ism-sharifi yozilgan ro‘yxatini bergan. Bu tashkilot aʼzolari orasida xoin borligini anglatar edi.

1917-yil 7-aprel kuni qo‘shbegi topshirigʻiga binoan, arki oliyda 200 ga yaqin kishi, jumladan, qozikalon mirza Sharif Sadr, rais, 12 mufti, ulamolar, shayxulislom, saroyning barcha amaldorlari, 15 ga yaqin savdogarlar, Rossiyaning Buxorodagi vakili Miller, yordamchilari Shulga va Vvedenskiy, Kogon va Samarqand ishchi, askar deputatlari kengashlaridan vakillar hamda Yosh buxoroliklar yigʻiladilar. Qozikalon mirza Sharif Sadr amirning islohotlar bo‘yicha farmonini o‘qib eshittiradi.

Shu kunning o‘zida “Yosh buxoroliklar” Ahmad Naim uyida yigʻilish o‘tkazib, yuzaga kelgan yangi holatni muhokama qildilar. Yigʻilganlar aholiga amir farmonining mazmunini tushuntirish uchun yigʻilishlar o‘tkazish zarurligini taʼkidlaydilar. Ammo maxsus inqilobiy namoyish o‘tkazish gʻoyasi birday qabul qilinmaydi. Abdulvohid Burxonov boshchiligidagi bir guruh islohotlarni asta-sekinlik bilan o‘tkazish tarafdori bo‘lsalar, tashkilotning ikkinchi guruhi namoyish o‘tkazishni yoqlab chiqadi. Abdurauf Fitrat  va uning tarafdorlari amirga tashakkur izhor etish maqsadida 8-aprelda namoyish uyushtiradilar. Shaharda “Yosh buxoroliklar” va uning muxoliflari o‘rtasida to‘qnashuvlar boshlanib, u yerga jo‘natilgan amir askarlari islohotni qo‘llab-quvvatlovchilarga nisbatan juda shafqatsiz munosabatda bo‘lganlar.

9 aprelda jadidlar harakatining faol ishtirokchilari bo‘lgan Hoji Mirbobo, Mirzo Nazrullo, Abdurahim Yusufzoda, Ahmad Naim, Mirzo Abdulfayozov, Mirzo Ahmad, Mirzo Abdurasul va yana ko‘plab taraqqiyparvar kishilar, shu jumladan, ayrim amaldorlar ham zindonga tashlanadilar. Miller Abdulvohid Burxonovga ko‘rsatgan ro‘yxatdagi jadidlarni yo‘qotish boshlanadi.

Ushbu sharoitda Abduvohid Munzim Toshkentga ko‘chib o‘tadi  va 1920-yilning sentabriga qadar Buxoroga qaytmaydi. 1920-yil apreldan sentabrgacha “Uchqun” gazetasining nashr qilish ishlarida ishtirok etadi.  Buxoro Xalq Sovet Respublikasi tuzilgach, Buxoroga keladi va 1920-1924-yillar davomida Markaziy ijroiya qo‘mitasi raisining o‘rinbosari, Xalq maorifi noziri, Sogʻliqni saqlash noziri lavozimlarida ishlaydi.

Xalq maorifi noziri bo‘lgan davrida BXSR hukumatining milliy mutaxassislar, xususan, muhandislar tayyorlash maqsadida bir guruh buxorolik yoshlarni Germaniyaga yuborish to‘gʻrisidagi qarorining qabul qilinishiga katta hissa qo‘shadi. Unga asosan, Abduvohid Munzim mazkur ishni tashkil etish bo‘yicha guruh raisi etib tayinlanadi. 1922-yil iyunida uning shaxsan o‘zi buxorolik 44 isteʼdodli yoshni Germaniyaga olib borib, Berlindagi o‘quv yurtlariga joylashtiradi. Shu yili Germaniyada Sadriddin Ayniyning “Xolida yoki qiz bola” asarini o‘zbek tilida, lotin alifbosida nashr ettiradi.

O‘zbekiston SSR tashkil etilgach, Abduvohid Munzim O‘zbekiston Maorif xalq komissarligi vaqf bo‘limi boshligʻi etib tayinlanadi. 1928-yili sovet hukumati tomonidan vaqf mulklarining butunlay tugatilishi natijasida bo‘lim yopiladi va shu tariqa Abduvohid Munzim davlat idoralaridagi faoliyatini to‘xtatib, ijodiy faoliyat bilan shugʻullanadi. 1930-yildan “Tojikistoni surx” gazetasida ishlaydi.

Oilasi. Abduvohid Munzimning 3 o‘gʻli bo‘lib, kenjasi 5 yoshida suvga cho‘kib vafot etgan. Ikki katta o‘gʻli Germaniya va Rossiyaning maktab va universitetlarda tahsil olganlar. Bugungi kunda uning avlodlari Rossiya va Tojikistonda istiqomat qilmoqdalar.

O‘limi. 1932-yili nafaqaga chiqadi va ko‘p ham o‘tmay, ya’ni 1934-yil 5-martda Dushanbeda kasaldan vafot etadi.

Jadidlar.uz saytidan olindi.